Yuridik shaxslar mol-mulki solig‘i kamaytirildi
“O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–741-son, 29.12.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi
Qonun bilan foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘i joriy etildi.
Qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarni, nodir elementlarni va nodir yer elementlarini qazib oluvchi va ularni texnogen mineral hosilalardan ajratib oluvchi, uglevodorod xomashyosini qazib oluvchi yuridik shaxslar foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘ini to‘lovchilar hisoblanadi.
Mazkur soliq stavkasi soliq bazasiga nisbatan 25 foiz miqdorida belgilanadi.
Mazkur soliq to‘lovchisi bo‘lgan chet el investorlari soliq hisobini AQSH dollarida yuritishi mumkin.
Soliq imtiyozlarini hisobga olish axborot tizimlari orqali va maxsus identifikatsiya kodini bergan holda amalga oshiriladi.
Tamaki va alkogol mahsulotlariga nisbatan yangi soliq stavkalari belgilanadi.
Jumladan, filtrli, filtrsiz sigaretalar, papiroslar, sigarillalar (sigaritlar), bidi, kreteklar:
- import qilinganda – 360 000 so‘m/1000 dona + 10 foiz (ilgari 400 000 so‘m/1000 dona + 10 foiz edi);
- ishlab chiqariladigan – 2022 yil 1 yanvardan: 185 000 so‘m/1000 dona + 10 foiz, 2022 yil 1 iyundan: 203 500 so‘m/1000 dona + 10 foiz (ilgari 2021 yil 1 oktyabrdan: 185 000 so‘m/1000 dona + 10 foiz edi).
Aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlari uchun:
- import qilinganda 45 000 so‘m/1 litr uchun (ilgari 50 000 so‘m/1 litr uchun);
- ishlab chiqarilganda (1 dal tayyor mahsulot uchun) 2022 yil 1 yanvardan 125 100 so‘m, 2022 yil 1 iyundan 138 000 so‘m (ilgari 2021 yil 1 oktyabrdan 125 100 so‘m).
Mobil aloqa xizmatlari va shakar uchun aksiz solig‘i o‘zgartirishsiz qoldirildi (15 va 20 foiz).
Soliq imtiyozlarida quyidagilar soliqqa tortilmasligi belgilandi:
- soliq to‘lovchining professional va oliy taʼlim muassasalarida o‘qish uchun banklardan olingan taʼlim kreditlariga yo‘naltirilgan daromadlari, ish haqi;
- talabalarga ijaraga berilgan uy-joylardan olingan daromad;
soliq to‘lovchining quyidagilarni to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, BHMning 8 baravarigacha bo‘lgan ish haqi summalari va boshqa daromadlari:
- xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallari;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga to‘lovlar.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 2 foizdan 1,5 foizga, qurilishi normativ muddatda tugallanmagan obyektlarga nisbatan 4 foizdan 3 foizga kamaytirildi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod etiladi.
Respublika tumanlarida (bundan Toshkent shahri mustasno) faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar BHMning 50 foizi miqdorida qo‘llaniladi.