June 7, 2022

254 ta sport maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi

“Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–268-son, 06.06.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etildi:

  • Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 ta sport maktabi;
  • Vazirlik tasarrufidagi 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari negizida 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi.

Sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar qabul qilinadi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, 4-6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib dastlab sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash bo‘yicha 8 oygacha bepul shug‘ullanadi.

Sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish va boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan o‘tgan, professional sportga salohiyati bor o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yo‘nalishiga (sportning o‘yin turlari va yengil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) o‘qishga qabul qilinadi.

2022/2023-o‘quv yilidan:

  • aholisi 200 mingdan yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 mingdan 200 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar tayyorlanadi.

Sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno) sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi.

Sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari bo‘yicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga o‘ta olmagan o‘quvchilar uchun olimpiya sport turlari bo‘yicha pullik asosda to‘garaklar tashkil etishga ruxsat beriladi.

Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashg‘ulotlar bepul o‘tkaziladi.

Qaror bilan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etildi.

Mazkur markazlarda o‘qish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda 5–11-sinflar uchun Olimpiya maktablari;
  • ikkinchi bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 2022-yil 1-sentyabrdan o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.

2023-yil 1-yanvardan O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari musobaqalari sport turlari xususiyatlariga muvofiq, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan, xalqaro sport tashkilotlarining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari (kichik o‘smirlar, o‘smirlar, yoshlar, U-23 va kattalar) o‘rtasida yilda bir marta o‘tkaziladi, bunda musobaqalarni tug‘ilgan yillar kesimida o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2023-yildan har yili qo‘shimcha ravishda:

  • sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga – 10 milliard so‘m;
  • sport maktablari uchun zamonaviy o‘quv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga – 2 milliard so‘m;
  • viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shug‘ullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan ta’minlashga – 23 milliard so‘m ajratiladi.

2022/2023-o‘quv yilidan Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.