March 4, 2022

Tovarlarni hudud bo'yicha identifikatsiyalash tartibi belgilandi

“Geografik ko'rsatkichlar to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–757-son, 03.03.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi

Qonunga ko'ra, geografik ko'rsatkich tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgidir.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi geografik ko'rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Geografik ko'rsatkich muayyan geografik obyektda joylashgan va ushbu obyektning nomidan o'zi ishlab chiqarayotgan tovarni belgilash uchun foydalanayotgan bir necha yuridik yoki jismoniy shaxsning talabnomasiga ko'ra ro'yxatdan o'tkazilishi mumkin.

O'zbekistondan tashqarida doimiy yashaydigan jismoniy shaxslar va chet el yuridik shaxslari geografik ko'rsatkichlarni ro'yxatdan o'tkazishga hamda geografik ko'rsatkichdan foydalanish huquqi to'g'risidagi guvohnomani berishga doir ishlarni Agentlikda ro'yxatdan o'tkazilgan patent vakillari orqali amalga oshiradi.

Talabnomaning davlat ekspertizasi Agentlik tomonidan amalga oshiriladi hamda u rasmiy ekspertizani va talabnomada ifodalangan belgining ekspertizasini o'z ichiga oladi.

Talabnomaning rasmiy ekspertizasi talabnoma Agentlikka berilgan sanadan e'tiboran 15 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Talabnomada ifodalangan belgining ekspertizasi talabnoma ko'rib chiqish uchun qabul qilinganligi to'g'risidagi qaror qabul qilinganidan keyin 1 oy ichida o'tkaziladi.

Davlat ekspertizasi natijalari asosida Agentlik geografik ko'rsatkichni yoki geografik ko'rsatkichdan foydalanish huquqini reyestrda ro'yxatdan o'tkazishni patent boji to'langanligi haqidagi hujjat olingan sanadan e'tiboran 3 ish kunida amalga oshiradi.

Qonunga ko'ra, geografik ko'rsatkichdan foydalanish huquqi to'g'risidagi guvohnoma uning egasining geografik ko'rsatkichdan guvohnomada ko'rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini tasdiqlaydi.

Guvohnoma geografik ko'rsatkichdan foydalanish huquqi reyestrda ro'yxatdan o'tkazilganidan keyin 3 ish kuni ichida Agentlik tomonidan beriladi.

Guvohnoma talabnoma berilgan sanadan e'tiboran 10 yil davomida amal qiladi.

Geografik ko'rsatkichlarni yoki geografik ko'rsatkichdan foydalanish huquqini ro'yxatdan o'tkazish uchun patent bojlari olinadi.

Yuridik va jismoniy shaxslar geografik ko'rsatkichni boshqa davlatlarda ro'yxatdan o'tkazishga haqli.

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.