April 1

Darkness and despair

Part-5

Yudjinning yigitlaga birma bir asabiy qaradi. Havotirlangan Chonguk, o‘ta xotirjam Yungi va sodir bo‘layotgan voqealarga qiziqish bilan qarab turgan Taehyung. Qizning o‘zi esa Gukga qayta qarashga botinolmasdi. Ha, g‘alati bo‘lsa-da, u shunchaki yigitga quloq solmay, mashinadan qochib ketgani uchun uyalayotgan edi. U Chonguk uchun juda xavotirda edi, shuning uchun ham mashinada o‘zini qo’yishga joy topolmagandi. Hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qilish uchun barga bildirmay kirmoqchi bo‘lgan edi, biroq uni darhol payqab, tutib olishdi.

— Xo‘sh, mendan aynan nima xohlaysizlar?

— Aytyabman-ku: xatoyingni tuzat, — deb takrorladi Chonguk, sariq sochli yigitga g‘azab bilan tikilib. Taehyung esa jilmaydi.

— Men buni nima uchun qilishim kerak ekan? — u yelkalarini qisdi, bu esa Gukni yanada qattiqroq g‘azablantirdi, ammo u bor kuchi bilan xotirjamlikni saqlashga harakat qilardi. Bunday vaziyatda janjal ko‘tarish maqsadga muvofiq emasdi.

— Prezident Chxve bilan muammolaring bo‘lishini xohlamasang kerak, deb o‘ylayman, — Chongukning o‘rniga Yungi javob berdi. Uning ko‘zlari makkorona chaqnardi, Taehyunh esa bu ismni eshitgach, yuz ifodasi sezilarli darajada o‘zgardi. Min Taehyungning zaif nuqtalarini biladigan sanoqli odamlardan biri edi va bu Kimning undan nafratlanishining sabablaridan biri edi.

— Buning unga nima aloqasi bor? — biroz jimlikdan so‘ng javob qaytardi blondin, tushunmay qoshlarini chimirib.

— Bilmaydiganlar uchun, bu uning qizi bo’ladi, — deb tushuntirdi Min, boshi bilan Yujin tomonga ishora qilib.

— Endi tushunarli bo’ldimi?

Xonadagi hamma kabi Taehyung ham nigohini qizga qaratdi, qiz esa noqulaylikdan boshini egib, zo‘rg‘a yutindi.

— Ouuu, shunaqami? Qiziq bo’ldiku, — Taehyung yirtqichlarga xos tabassum bilan qizga o‘ta qiziqqan holda tikildi. So‘ngra Chxvedan biroz uzoqlashdi va ortiga burilib, qo‘llarini xotirjamlik bilan shimining cho‘ntaklariga soldi va yigitlarga beparvo tikildi.

— Xo‘sh? Bossingiz meni qo‘rqitadi deb o‘ylaysizlarmi? — u chuqur nafas chiqarib yelkalarini qisdi.

— Balki qo‘rqitmas, lekin otang o‘g‘lining bunday muhim shaxsni o‘g‘irlab ketganidan mamnun bo‘lmasa kerak, shundaymi? Unda muammolar tug‘ilishi mumkin, — endi navbat Chongukning kesatiqli gapiga kelgan edi. Taehyungning yuzidagi jirkanch tabassum yo‘qoldi, ko‘zlarida esa asta-sekin g‘azab uyg‘ondi. U qilt etmay turgancha, Chongukni nigohi bilan teshib yuborgudek tikilib, miyasida vaziyatdan chiqishning oqilona yo‘lini qidirardi. Ammo birozdan so‘ng, hech narsa bo‘lmagandek yana jilmayib nafas chiqardi.

— Bugun kayfiyatim yaxshiligi uchun, mayli, sizlarni xursand qilaman, — go‘yo minnat qilayotgandek javob berdi u.

— O, tashakkur, — deb kinoya bilan ta’zim qildi Yungi.

— Xo‘sh, — Kim Chxve tomonga burildi, qiz esa sezilarli darajada taranglashdi, blondin yaqinlashib kelganida esa butunlay vahimaga tusha boshladi.

— Nima bo‘lyapti? Chonguk?

— Qo‘rqma. Shunchaki o’zingni bo‘sh qo’y. Keyin senga hammasini tushuntirib beraman, — deb javob qaytardi Chon va asabiylashib labini tishlagancha, hamma kabi bo‘layotgan manzarani kuzatdi. Taehyung xotirjamlik bilan qo‘llarini Chxvening yelkasiga qo‘ydi va uni o‘ziga yanada yaqinroq tortdi. Qiz esa Kimning yuzidan imkon qadar uzoqlashish uchun orqaga egildi.

— Nima qilyapti u? Hey, qo‘yib yubor! — u qarshilik ko‘rsatib yigitni turta boshladi, lekin Kim uni juda mahkam ushlab olgan edi.

— Agar hammasi silliq o‘tishini xohlasang, qimirilamay tursang yaxshi bo‘lardi, qo‘g‘irchoq, — Taehyung labi chetida jilmayib, Yudjinning boshini ikki qo‘li bilan ushladi va uni qo‘zg‘almas qilib o‘zining ro‘parasiga mahkamlanadi. Chxvening ko‘zlarida dahshat va qo‘rquv aks etardi. Taehyung uning lablariga juda yaqin kelib to‘xtadi. Chonguk yanada qattiqroq taranglashayotgandi. Qora tutun yana o‘z egasiga qayta boshladi. U vaqtinchalik egasidan haqiqiy egasiga sekin va ravon "oqib o‘tardi".

— Mana bo‘ldi, — ishini tugatib e’lon qildi Taehyung va qizni sekin qo‘yib yubordi. Yudjin ko‘zlari yumiq holda, kuch-quvvati g‘ayritabiiy darajada tez tanasini tark etayotganini sezib, joyida turib qoldi. Go‘yo undan hayotni "so‘rib olishgandek" edi. Uning oyoqlari qaltirab, gavdasi oldinga og‘ib ketdi, biroq Taehyung bunday bo‘lishini oldindan sezgandek, chaqqonlik bilan uni belidan tutib qoldi va yana jilmaydi.

— Yudjin? Yudjin! — Chonguk uni ushlab turgan erkaklardan qutulishga harakat qilardi. — Qo‘yib yubor meni! Unga nima bo‘ldi?! Kim Taehyung! Gapir, unga nima qilding, iflos! — deb baqirdi yigit, mushtlarini tugib. Taehyung Yudjinning yuziga sinchiklab qaradi, so‘ngra nigohini Chongukga qaratib, yana yirtqichlarcha jilmaydi.

— Unga nima qilding deysanmi? — u hayron bo‘lgandek qoshlarini ko‘tarib, savolni takrorladi.
— Men sen so‘ragan narsani qildim, — u go‘yoki aybsizdek yelkalarini qisdi.

— Unda unga nima bo‘ldi? Nega u hushidan ketdi?! — Nihoyat Chongukni qo‘yib yuborishdi va u qizga qarab otildi. Uni demonning quchog‘idan tortib olib, o‘z tizzalariga yotqizdi.

— Nega deysanmi? — Chamasi, bo‘layotgan voqealar Taehyungni faqatgina ko‘nglini chog‘ qilayotgan edi.
— O‘zing o‘ylab ko‘r.

Chonguk Kimga tushunmovchilik bilan qaradi.
— U o‘lyapti, — Taehyung soxta g‘amginlik bilan xo‘rsinib, yelkalarini qisib qo‘ydi.

— Qanaqasiga?! Nega?! — Chongukning g‘azabi portlab ketdi. U qo‘llarida Yudjinning titrayotganini, so‘ngra xuddi og‘ziga qon kelayotgandek xirillab nafas ola boshlaganini his qildi.

— Xo‘sh, qara, senga tushuntirishga harakat qilaman, — Taehyung qo‘llarini shimining cho‘ntagiga solib, bo‘shashgancha gap boshladi. — Sening "erkatoy‘ing" o‘layotgan edi, men uni keraksiz hayotini saqlab qolishga qaror qildim. Keyin esa sen mendan "xatoyimni tuzatishni" so‘rading va mana, u yana o‘lyapti, lekin endi sening aybing bilan, — Chongukning hali ham tushunmayotganini ko‘rib, Taehying asabiylashib uff tortdi. — “Zulmat” uni hayotini ushlab turgan yagona narsa edi. Endi zulmat yo‘q, demak hayot ham yo‘q. Endi gaplarim yetib bordimi? Bo‘ldi, so‘ragan narsangizni bajardim, endi esa yo‘qoling, — Taehyungning yana kayfiyati buzildi. U qo‘l siltab, bo‘layotgan ishlardan karaxt bo‘lib qolgan Jinning yoniga, divanga o‘tirdi va uning qo‘lidagi ichimlik to‘la stakanni tortib oldi.

Chonguk hozir har qachongidan ham og’ir vaziyatda edi. Taehyung uni aldadi. Juda jirkanch tarzda laqillatdi. Shunchaki qizni hayotini barmog‘ida qog’irchoqnikidek o‘ynatdi.

— Uni qutqar, — uzoq o‘ylab o’tirmay so‘radi Chonguk.

Vaqt oz, tezroq harakat qilish kerak edi. Hozir unga o‘z g‘ururi, demonning qarshisida tizzalab yolvorishga tayyorligi mutlaqo ahamiyatsiz edi. Agar bu uning Yudjinini qutqarsa, u har qanday xo‘rlikka tayyor edi. Taehyung stakandan ko‘zini uzib, uff tortdi.

— Shunday bo‘lishini bilgandim. Xo‘sh, endi menga buni evaziga menga nima berasizlar?

— La’nat bo‘lsin, Taehyung, u o‘lib qolmasidan oldin hammasini joyiga qaytar, qolganini keyin kelishamiz, — deb aralashdi Yungi, o‘zi ham asabiylasha boshlab. Taehyung mamnunlik bilan ko‘zlarini qisib, Chongukning qo‘lida bo‘g‘ilayotgan Yudjinga qaradi.

— Bo‘laqol! Tezroq! — deb baqirdi Chon. Bu Taehyungni og‘ir xo‘rsinishga va baribir o‘rnidan turishga majbur qildi. U Chxvening tanasini shartta qo‘liga ko‘tardi va boyagi harakatlarini takrorlab, qora zulmat bo‘lagini yana uning tanasiga qaytardi.

Chonguk nihoyat yengil nafas oldi. Bu bir necha daqiqalar go‘yoki bir abadiyatdek tuyuldi va unga xuddi yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Agar u bugun qizni yo‘qotganida, o‘zini hech qachon kechira olmasdi.

— Muncha ham mijg’ov bo’lmasa bu odam zoti— Taehyung yuzini burishtirib, Chxvening tanasini qo‘yib yubordi, uni esa darhol Chonguk tutib oldi. — Mening barimga bostirib kirasizlar, titkilaysizlar, tahdid qilasizlar, shantaj qilasizlar... S-s-s, sizlarni o‘ldirishim uchun menda sabablar yetarli, shunday emasmi? — Taehyung yana yumshoq divanga o‘tirib, yigitlarga hukmron nigoh bilan qaradi.

— U buni qila oladi, — deb qo‘shib qo‘ydi Jin "u bilan hazillashmagan ma'qul" degan ma'noda.

— Buning oxiri nima bilan tugashini darhol aytsang bo‘lardi-ku, — deb tishlari orasidan vishilladi Chonguk. Taehyung esa jilmaydi.

— Nima uchun? Axir hozirgisi qiziqroq bo’ldi-ku, — u yelkalarini qisdi. — Endi esa bugungi meni tinchligimni buzganingiz uchun to‘lovingiz haqida gaplashaylik.


******


Ko‘chaga allaqachon qorong‘u tushgan. Yo‘lning notekisligi sababli mashina biroz silkinardi, bu esa qizning asta-sekin o‘ziga kelishiga sabab bo‘ldi. Yudjin Yungining mashinasi orqa o‘rindig‘ida yotardi va uyg‘onishi bilan darhol boshida yoqimsiz og‘riqni his qildi. U chakkalarini uqaladi, so‘ngra o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, biroq ovozni eshitib, qotib qoldi.

—Ahvoling yaxshimi? — u rulda o‘tirgan Yungini ko‘rdi. Yungi boshini oldingi o‘rindiqda o‘tirgan Chonguk tomonga burgan edi.

— O‘zing nima deb o‘ylaysan? — asabiy javob berdi Chon, derazaga va uning ortidagi qop-qorong‘u zulmatga g‘amgin tikilib. — U endi bizni shantaj qilishi meni unchalik quvontirmayapti, lekin Yudjinni ham uning changaliga berib qo‘ymoqchi emasman.
Yungi yana yo‘lga qarab, kulib qo‘ydi.

— Nima kutgan eding? Bu Kim Taehyung axir. U bilan kelishib bo‘lmaydi. Uning qo‘llari tirsagigacha qonga belangan. U rahm-shafqat nimaligini bilmaydi, — Minning qo‘llari rulni qattiq siqdi, oldinga qadalgan nigohi esa kuchayib borayotgan g‘azabdan qorayib ketdi.

— Ey, yaxshimisan? — Chon do‘stining ovozidagi ohang qanday o‘zgarganini sezmasligi mumkin emas edi.

Yungi bir soniyaga ko‘zlarini yumdi, chuqur nafas olib-chiqardi va asta-sekin tinchlanib, boshini burgancha Chongukga jilmayib qarab qo‘ydi.

— Bir daqiqa oldin xuddi shu savolni senga bergandim.

— Ba’zida bir-birimizga qanday g‘amxo‘rlik qilayotganimizni o‘zim ham sezmay qolaman, — Chonguk Yungining yelkasiga urib, samimiy jilmaydi.

— Obbo, bas qilsangchi, hozir mehringdan ko‘nglim aynib ketadi, — Yungi yuzini burishtirib, teskari burildi va mushtini og‘ziga yaqinlashtirdi.

— Mayli, mayli. Kechir, seni bunaqa narsalarga o‘ta ta’sirchanligingni unutibman, — Chonguk kutilmaganda orqaga o‘girildi. Ularning suhbatini diqqat bilan tinglab turgan Yudjin, Guk uning uyg‘onganini ko‘rib qolmasidan oldin ulgurib ko‘zlarini yumdi.

— U qalay? Hali ham o‘ziga kelmadimi? — so‘radi Min.

— Uning organizmi bir kunda juda katta zarba qabul qildi. O‘ylaymanki, unga yana biroz vaqt kerak, mayli, uxlasin, — xo‘rsinib javob berdi Chonguk.

— Ha, avval o‘layotgan edi, keyin tuzaldi, so‘ngra yana o‘layotgan edi va yana tuzaldi. Oh, hatto men ham bunaqa zo‘riqishga bardosh berolmasdim, — dedi Yungi soxta xavotir bilan.

Yudjin eshitganlariga ishonolmasdi. Bugun sodir bo‘lgan hamma narsa tush ham, tasavvur ham, shunchaki ko‘rinish ham emasdi. Bularning hammasi achchiq haqiqat ekanligiga u endi butunlay amin bo‘ldi.

— Hazilni bas qil. Yaxshisi, endi nima qilishimiz haqida o‘yla, — dedi Chonguk do‘stiga g‘azab bilan qarab. Yungi uff tortdi.

— Nimani o‘ylayman? Avval boss bilan gaplashish kerak, keyin ko‘ramiz. Qolaversa, unga nima ham qila olishardi? Qara, qanday ishonchli qo‘riqchisi bor, — Min boshi bilan Chon tomonga ishora qilib qo‘ydi.

— Uni himoya qila olishimga o‘zim ham amin emasman. Ayniqsa bugungidan keyin…

Mashina to‘xtadi va yigitlar tashqariga chiqishdi. Chonguk orqa eshikni ochishi bilan Yudjin boshini ushlaganicha darhol o‘tirgan holatga o‘tdi.

— Jin-a, yaxshimisan? Biror joying og‘rimayabtimi? — Guk qizni obdon so‘roq qilishga ulgurmay, Chxve mashinadan tushib uning yonida turdi va yigitga jiddiy nigoh bilan qaradi.

— Yo‘q, hech narsa. Endi esa menga tushuntirib ber, iltimos, bugun qanaqa balolar sodir bo‘ldi, — Chon nigohini olib qochib, uzoqlarga tikildi. Yudjin u barbir hech narsa aytmasligini tushundi. — Sen nima… rostdan ham menga hech narsani tushuntirmoqchi emasmisan? — dedi qiz.

— Yudjin, men…

— Chonguk, bugun men bilan qandaydir dahshatli ishlar sodir bo‘ldi va men bunga aralashib qolganman! Ko‘rganlarim va eshitganlarimga ishonchim komil, shuning uchun menga bularning hammasi tuyulgan deb aytishga jur’at ham qilma! — Chxve barmog‘i bilan Gukga ishora qildi va biror so‘z kutib, jim qarab turdi.

— Axir sen hammasini bilasan-ku! Menga ayt!

— Kechir, lekin senga aytadigan gapim yo‘q, — past ovozda gapirdi yigit. Bu gap Yudjinni hayratdan nafasini ichiga yutib yuborishga majbur qildi.

— Ha, demak shunaqa ekan-da… — u boshini chayqadi.

— Hey! — u mashina kapotiga suyanib turgan Yungiga yuzlandi. — Sening ham menga aytadigan gaping yo‘qmi?!

— Uzr, men oilaviy ishlarga aralashmayman, — u og‘zidan oq tamaki tutunini chiqarib, yelkalarini qisdi.

— Juda soz! — deb baqirdi u baland ovozda qarsak chalib. — Shunchaki ajoyib! Hech kim menga hech narsa aytishni xohlamaydi! Unday bo‘lsa, men ham sen bilan, Chon Chonguk, endi gaplashmayman! Shuni bilib qo‘y! — deb zaharini sochdi Yudjin va asabiy qadamlar bilan uy tomon yurib ketdi. Chon boshini egib, ko‘zlarini yumgancha uf tortdi.

— Muncha injiq bo‘lmasa bu qizing, — qizning ortidan qarab turib ta’kidladi Min.

— Ovozingni o‘chir, Yungi! — asabiylashib baqirdi Chon va burilib Chxvening ortidan ketdi. Yungi tamakisini chekib bo‘lib, qoldig‘ini tashladi-da, do‘stining ortidan yurdi.

Eshikning qattiq yopilganini eshitib, janob Chxve mehmonxonaga chiqdi va darhol qizi bilan to‘qnash keldi.

— Yudjin? Chonguk qani? Nega bunchalik kech qaytdingiz? — erkak xavotir bilan qizini ko‘zdan kechirdi, nigohi uning yuzida to‘xtadi.

— Siz ham mendan hamma narsani yashirasiz, shundaymi? To‘g‘ri, hammangiz bir xilsiz… — Yudjin xafa bo‘lib yuzini burishtirdi, so‘ngra qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib, asabiy nafas oldi.

— Nima haqida gapiryabsan? — hech narsaga tushunmagan otasining qoshlari chimirildi. — Chonguk qani? — deb yana so‘radi u. Shu payt kirish eshigi yana bir bor qattiq yopildi va xonaga yigitlar kirib kelishdi.

— Mana sizning Chongukingiz! — deb kesatdi Chxve. U ortiga burilib, yigitga o‘ta norozi nigoh bilan tikildi, so‘ngra yana otasiga yuzlandi.

— Bugun men qandaydir dahshatli voqealarga boy jangari filmda ishtirok etdim, lekin menga hech narsa aytishmoqchi emas! Hozir o‘zimni qanday his qilayotganimni tasavvur qilyabsizmi? — qiz g‘azabdan portlab ketdi. Janob Chxve nigohini qoshlari chimirilgan yigitlarga qaratdi va ular faqatgina yuz ifodalari orqali nimanidir juda yomon bo‘lganini tushuntirib berishdi.
— Shunday qilib, Yudjin, — erkak tomoq qirib, avval nigohini yerga qaratdi, so‘ngra asabiylashgan qiziga qaradi. — Sen hozircha o‘z xonangga borib tur. Keyin gaplashamiz.
Otasi qisqa va tushunarli gapirardi. Yudjin otasining ovoz ohangi yoki intonatsiyasi nimalarni anglatishini yaxshi tushunardi. Shuning uchun Chxve shunchaki shovqin bilan nafas chiqardi va ortiqcha so‘zsiz, itoatkorlik bilan o‘z xonasiga ketdi. U xonasiga qamalib, har daqiqa o‘zini kuchliroq qiynay boshlagan o‘ylar girdobiga sho‘ng‘idi.

— Qani, gapiringlar, — Yungi eshikni yopgach, erkak o‘z kursisiga o‘tirib, ishora qildi. — Uni topdinglarmi?

— Topdik, — deb gap boshladi Guk, ko‘zlarini qo‘llariga qaratib. — Kim Taehyung ko‘ringanichalik oddiy emas. U hamma ta’riflaganchalik yaramas demon ekan. U bizning bilimsizligimizdan foydalanib, bizni aldadi. Agar zulmatni qaytarib olsa, organizm zulmat paydo bo‘lishidan oldingi holatiga qaytishidan bexabar edik.
Chonguk gapini tugatdi, janob esa ko‘zlarini yumib, uf tortdi va ko‘zoynagini yechib, charchoq bilan ko‘zlarini uqaladi.

— Nima qilmoqchisizlar? Uni o‘ldirasizlarmi? — shu paytgacha jim o‘tirgan Yungi qiziqib so‘radi.
— Bir tomondan u tirik qoldirib bo‘lmaydigan maxluq, lekin ikkinchi tomondan... U qizimni qutqardi. Sizningcha, nima qilishim kerak? — erkak o‘rnidan turib, deraza yoniga bordi va uzoqdagi nur sochayotgan osmono‘par binolarga tikildi.

— U toshni so‘radi, — sukunatni Chonning past ovozi buzdi, shundan so‘ng erkak darhol unga o‘girildi.

— Nima deding? — quloqlariga ishonmay so‘radi erkak.

— U to‘lov evaziga o‘ziga va o‘z irqiga toshni qaytarib berishimizni xohlashini aytdi, — tomog‘idagi achchiq tumanini yutib, Chon nigohini bossiga qaratdi va yana yerga tushirdi.

— Toshni? Yo‘q. Hech qachon! Bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman! — erkak kishi darhol ovozini ko‘tarib, g‘azab bilan boshini chayqadi va og‘ir nafas ola boshladi.

— Ular so‘ragan narsani qilsak, buning oxiri nima bilan tugashini o‘zingiz bilasiz-ku?! Ular cheksiz kuch va hokimiyatga ega bo‘lishadi! Tosh — bizning ularga qarshi yagona qurolimiz! Bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas! — deb o‘shqirdi erkak va yana derazaga o‘girildi. Chonguk va Yungi bir-biriga qarashdi va ikkinchisi ovozsiz nimalardir deb pichirlab, boss tomonga ishora qildi. Guk bosh irg‘adi va o‘rnidan turdi.

— Agar uning shartlarini bajarmasak... U... Yudjin orqali bizni shantaj qiladi, — bu so‘zlarni eshitgan erkak yana o‘girildi va qotib qoldi va Chongukga ko‘zlar katta ochgancha tikildi. — U xohlagan paytda uni o‘ldirishi mumkin, prezident, — dedi Yungi, — axir bunga yo‘l qo‘ymasangiz kerak. Xo‘sh, nima qilamiz?

— Kutamiz. Albatta, biror narsa o‘ylab topamiz, — deb bosh irg‘adi erkak, o‘zi ham hozircha o‘z so‘zlariga unchalik ishonmay turgan bo‘lsa-da.

****

POV Yudjin:

Erta tongda men uzoq harakatlar qilmay tezda tayyorlandim va pastga tushdim, chunki vaziyatni o’rganishim kerak edi. Oshxona eshigi yoniga kelib to‘xtadim va otam bilan Chongukning ovozini eshitib, ichkariga kirdim.

— Mana bu qog‘ozlarga imzo chekish kerak, — Chonguk nonushta qilayotgan otamga bir necha varaqni ko‘rsatdi. Otam ko‘zlarini qisib, ularni o‘qib chiqdi va bosh irg‘adi.

— Yaxshi, buni ofisda hal qilaman. O, Yudjin! Kel, nonushta qil! — ikki juft ko‘z menga tikildi, ikkalasi ham o‘zini xuddi kechagi telbaliklarning hech biri sodir bo‘lmagandek va hamma hammasini unutgandek juda erkin va xotirjam tutishardi.
Xafa ekanligimni tushuntirish uchun men ikkalasini ham e’tiborsiz qoldirdim va muzlatgich tomonga yo‘l oldim. Undan sutni olib, stakanga quydim va biroz ichdim.

— Qorning och emasmi? Maktabga nonushta qilmay ketasanmi?

Yana mening tomonimdan sukunat.

— Men ustun bilan gaplashyapmanmi? Menga javob berasanmi yo‘qmi? — otam ovozini ko‘tardi. Men stakanni stol ustiga taqillatib qo‘ydim va keskin o‘girildim.

— Siz-chi? Siz menga aytib berishni xohlaysizmi? — otam jim bo‘lib qoldi, boshini egib, qo‘lidagi taomlanish cho‘plarni asabiy qisdi. Chon ham dovdirab qoldi.
— Mana, men ham aytmoqchi emasman! Yoqimli ishtaha. Men maktabga ketdim.

****


— Bugun qandaydir xayolparast bo‘lib qolibsan. Balki, uyda yana biroz qolishing kerakmidi? — so‘radi Bomi, yana bir tarelka go‘shtli chuchvarani paqqos tushirarkan. Men tarelkamdagi ovqatni titkilardim-u, lekin hech narsa yemagandim. Nimagadir tomog‘imdan ovqat o‘tmasdi.

— Yo‘q, gap bunda emas. Men allaqachon tuzalib ketdim, — dedim xo‘rsinib.

— Unda gap nimada? — so‘radi dugonam og‘zi to‘la ovqat bilan.

— Chon va otam mendan nimalarni yashirayotganini aniqlamoqchiman, — dedim qat’iyat bilan ko‘zlarimni qisib.

— Xo‘sh, ular sendan nimani yashirishlari mumkin?

— Meni qanday tuzalganimni. Senga aytib bergandim-ku, ishonmayabsanmi? — qoshlarimni chimirdim, hammasini unga aytganimdan allaqachon pushaymon bo‘la boshlagandim. Bunday safsataga kim ham ishonardi.

— Ha, ishonaman. Lekin... Qanday qilib odamning ko‘zlari qop-qora bo‘lishi mumkin? Bularning hammasi juda g‘alati... — Bomi barmog‘iga soch tolalarini o‘rab, ovqat qoldiqlarini sekin chaynab, xayolga toldi.

— Men ham shuni aytyabman-da! Shuning uchun hammasini bilishim kerak. Mana sen, — barmog‘im bilan unga ishora qildim, — bu haqda nima deb o‘ylaysan?

— Xo‘sh, qora ko‘zlar, qora ko‘zlar... — Bomi o‘ylari ichiga g‘arq bo‘lib, qaytarardi. — Qora ko‘zlar deganda hayolimga faqat demonlar keladi, — u yelkalarini qisdi va og‘ziga yana bir chuchvarani soldi.

— Eeee qo‘ysang-chi. Men jiddiy aytyapman, — kulib yubordim va qizning yelkasiga hazillashib turtib qo‘ydim.

— Men ham jiddiy!

— Kimdir "G‘ayritabiiy" serialini ko‘p ko‘rib yuborgan shekilli, — bir qoshimni ko‘tarib, uning kallasiga bunday bema’ni o‘ylar qayerdan kelganiga ishora qildim. — Demonlar mavjud emas, xuddi farishtalar kabi.

— Shunchalik aminmisan? Unda ko‘rganlaringni qanday tushuntirasan? Agar o‘sha yigit yana sening oldingga kelsa-chi? Unda nima qilasan?

— Meni Chonguk himoya qiladi, — deb tezda bahona topdim va boshimni mag‘rur ko‘tardim.

— Agar sening Chonguking yoningda bo‘lmasa-chi? Hm? Unda-chi? — Bomi savolga tutishda davom etardi.

— Sen o’zi gaplaringni eshityabsanmi, nima shu mistik safsatalarga ishonasanmi? — mavzuni ustalik bilan burdim. Bomi esa yelkalarini qisib, tarelkasidagi qolgan ovqatni cho‘plari bilan titkilashda davom etdi. — Mayli, omadimni internetdan qidirib ko‘raman, — dedim qat’iyat bilan o‘rnimdan turib.

— Qayerga ketyabsan? — Bomi qoshini chimirib, menga qaradi.

— Tanaffus tugaguncha kutubxonaga boraman. Tezda qaytaman, — qo‘l siltab, oshxonadan tezda chiqdim va ikkinchi qavatga yo‘l oldim. Lekin maktabni hali unchalik yaxshi bilmaganim uchun, menga yordam berishmaguncha u yoqdan-bu yoqqa sargardon bo‘lib yurishimga to‘g‘ri keldi.

Men atrofga qarab turganimda, kimdir orqamdan urilib ketdi, o‘ziyam ancha og‘riqli bo‘ldi. Men "ishsh" deb qo‘ydim, yelkamni uqalab ortimga o‘girildim.

— Hey, qayerga qarab yuryab... — qarshimda o‘zimga tanish shaxs turganini ko‘rib, gapim og‘zimda qoldi.

— Salom! — Xosok quyoshdek jilmayib qo‘l siltadi, ikkinchi qo‘lida esa telefonini ushlab turardi. — Kechir, o‘yinga shunchalik berilib ketibman-ki, seni darhol payqamabman.

— Hechqisi yo‘q, — ortiqcha janjallashmaslikka qaror qilib, bosh irg‘adim va kerakli xonani qidirishda davom etdim. Lekin bir daqiqa o‘tgach, yigit ketish niyatida emasligini tushundim. Buning o‘rniga u menga g‘alati qarab turardi. — Nima? — yarim burilib, unga shubhali qaradim, uning haqiqatan ham g‘alati ekanligini ichimda qayd etib qo‘ydim.

— Shunchaki, nimadir qidirayabsan shekilli.

— Ha, kutubxonani, lekin xavotir olma, o‘zim topaman, — men soxta xushmuomalalik bilan jilmayib, ortimga o‘girildim va uning uff tortganini eshitdim.

— Juda hayolparast ekansan.

— Nima demoqchisan? — yana unga o‘girildim, qoshimni savolomuz chimirib. Xosok shunchaki yana bir bor jilmaydi, telefonini cho‘ntagiga soldi va ro‘paramda turgan, ustiga "Kutubxona" deb yozilgan eshikni ochdi. E’tiborsizligim uchun o‘zimni ichimda urishib berdim. Qanday qilib kerakli eshik tagida turib, buni ko‘rmasligim mumkin?

— Marhamat, — Xosok chetga o‘tdi. Men esa xo‘rsinib, asabiy "rahmat" deb qo‘ydim-da, tezda ichkariga kirdim.
Xonadan eski kitoblar, namlik va ayollar atiri hidi kelardi. Bu yerda qachondir derazalarni ochib shamollatishganmikin o‘zi? Begona hidlarga ko‘nikib, chekkadagi stolga o‘tdim va darhol kompyuterni yoqdim. Tushlik vaqtida kutubxonada hech kim yo‘qligi mening foydamga ishladi. Shunda diqqatimni yaxshiroq jamlayman.

Brauzer yuklanib, butun ekranda "Google" yozuvi chiqqanida, hayolimda qidiruvning barcha variantlarini ko‘rib chiqqunimcha qariyb besh daqiqa shunchaki ekranga tikilib turdim. Ularning hammasi bema’nilikdek tuyulardi, lekin nimadan bo‘lsa ham boshlash kerak-ku, har holda.

Va men birinchi so‘rovni kiritdim.

«Demonlar»

Oddiy va sodda, balki biror foydali narsa chiqar. Yo‘q, adashibman. Hech narsa chiqmadi. Shoxlar bilan tushirilgan shaytonchalarning ahmoqona rasmlari, qandaydir multfilmlar, fantastik filmlardagi demonlar...

Mening holatimga o‘xshash hech narsa yo‘q. Keyingi so‘rov. Aniqroq ta’rif kerak. Barmoqlarim klaviatura bo‘ylab tez harakatlanib, ekranga yozuvni chiqardi:

«Mifologiyadagi demonlar»

Bu safar ancha yaxshi. Odamlarni yo‘ldan uradigan va gunohga yetaklaydigan shaytonlarning ko‘plab suratlari chiqdi. Ikonalarga o‘xshash narsalar va yana rasmlar. Ammo birorta ham demonning ko‘zlari o‘sha tunda ko‘rganimdek qop-qora emasdi. Qizil, sariq, hatto yashil ko‘zlilar bor edi, lekin qorasi xuddi atay qilgandek yo‘q edi.

— Mayli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri urinib ko‘ramiz, — shovqinli nafas olib pichirladim va yana yoza boshladim.

«Qora demonik ko‘zlar»

— Bo‘rilar. Ko‘z tegishi. Qarg‘ish. Kasallik... Bu nima ekan... — yuzimni burishtirdim, — men qidirayotgan narsa umuman bu emas-ku, la’nat... — Men so‘rovimga aloqasi bo‘lmagan bema’ni maqolalarni tez-tez pastga o‘tkazib yuboraverdim, lekin kutilmaganda bir suratda to‘xtadim. Bu ko‘zlari butunlay qora bo‘lgan kelishgan bir yigitning eski fotosurati edi. — Mana shu! — Ko‘zlarim porlab ketdi va darhol surat ostidagi maqolani o‘qishga kirishdim.
«Bu 90-yillarda amaldorlardan birining vayron bo‘lgan uyidagi xarobalar ostidan topilgan noma’lum rassomning surati. Surat juda noyob, chunki bu mutlaqo montaj yoki fotoshop emas. Tarixchilar hali ham suratdagi odamning ko‘zlari qanday qilib bunday g‘ayritabiiy rangda bo‘lishi mumkinligi ustida bosh qotirishmoqda...»

— Tavba... — past ovozda pichirladim. Tarix haqiqatdan ham aldamas ekan, agar surat haqiqiy bo‘lsa, demak, bu yerda chindan ham g‘alati ishlar bo‘lyapti. Qo‘ng‘iroq chalingani sababli, men bu suratni printerdan tezda chiqarib olishga majbur bo‘ldim, bunga atigi bir daqiqa vaqtim ketdi. Shundan so‘ng hamma sahifalarni yopib, darsga shoshildim.

Pov:Avtor

Qiz kutubxonadan chiqqanidan so‘ng, eshiklar yana ochildi va o‘sha kompyuter yoniga bir yigit yaqinlashdi. U stolga o‘tirdi va brauzer tarixini ochdi. 15 daqiqa oldin kirilgan oxirgi sahifani topib, hammasini oxirigacha ko‘zdan kechirdi va jilmaydi.

— Izlarni yaxshiroq yashirishing kerak edi, Yudjin-a.

To be continued….

(Malumot uchun bosh roldagi Yudjin roliga Ive Liz persiga almashtirildi)