February 28

Darkness and despair

Part-1

POV: Yujin


Quloqchinlarimda yangrayotgan sevimli taronamni tinglab, katta uy yonida to'xtagan taksidan tushdim. Haydovchi bilan xushmuomalalik bilan xayrlashib, uyga tomon shoshildim.


β€” Oh, hammasi hali ham o'sha-o'sha. Hech narsa o'zgarmabdi ham xatto, β€” deb yengil tin oldim men, uyni ko'zdan qochirmaslikka harakat qilgancha atrofni kuzatarkanman. Dadam ko'chib ketmaganidan xursand edim. Bu uy shunchalik ko'p xotiralarni bag'rida saqlaydiki... Agar u endi bizniki bo'lmaganida, bu shunchaki dahshat bo'lardi.
G'ildirakli og'ir chamadonimni zo'rg'a sudrab, darvoza tomon yurdim. Domofon tugmasini bosdim, lekin hech kim javob bermadi. Atrofda o'lik sukunat...


β€” Hammasi tushunarli. Hech kim yo'q... β€” darrov angladim men. Keyin amallab og'ir chamadonimni hovliga oshirib tushirdim-da, otamning mobil telefoniga qo'ng'iroq qila boshladim. Albatta, u ko'tarmadi. Shundan so'ng Chongukning raqamini terishga majbur bo'ldim. Ammo bizning Β«to'daΒ»mizning oltin qoidasi bor: agar bittasi band bo'lsa, demak, ikkinchisi ham albatta band bo'ladi.


β€” Eh, qayerlarga g'oyib bo'ldingiz-a... Mayli, mayli. O'zim borishimga to'g'ri keladi!
Yarim soat o'tmay manzilga yetib keldim. Qarshimda mahobatli ko'p qavatli bino qad rostlab turardi. Bu dadamning kompaniyasi edi

Bu dadamning kompaniyasi edi. Ular bu yerga juda uzoq vaqtdan beri rahbarlik qiladilar va hali ham direktorlik lavozimini qo'ldan bermay kelmoqdalar. Ishlari har qachongidan ham a'lo, xodimlari esa uni juda hurmat qilishadi. Aslida bunga shubham ham yo'q edi. Hozir meni o'ylantirayotgan yagona narsa β€” mening kelganimni ko'rganlaridagi dadamning reaksiyasi. Axir dadajonim mening Koreyada ekanligimdan bexabarlar-da. Mana haqiqiy syurpriz...


β€” Assalomu alaykum, menga direktor kerak edilar, β€” dedim kirish qismidagi stolda o'tirgan yoshgina qizga yuzlanib. Shu bilan birga zalni ko'zdan kechirib, og'zimda tinmay saqich chaynardim. Qiz menga diqqat bilan tikilib qoldi va so'radi:


β€” Ro'yxatga yozilganmisiz?

Men unga tushunmagannamo qarab qoldim.

β€” Nima? Qanaqa ro'yxat, nimalar deyapsiz? Men Yujinman, ularning qizlariman, tanimadingizmi? β€” dedim go'yo bu hammaga ma'lum haqiqatdek. Ammo qiz kiyimimga qarab, menga ishonchsizlik bilan ko'z qisdi. To'g'ri, men yirik tadbirkorning qiziga unchalik ham o'xshamasdim. Ustida yirtiq jinsi kurtka tashlangan krop-top, xuddi shunday yirtiq tor jinsi shim va konvers krossovkalari.

Yuzimda ancha yorqin makiyaj, og'zimda esa baland ovozda chaynashni yaxshi ko'radigan saqichim. Quloqlarimda bir nechta zirak o'rni, sochlarim esa yoyilgan va tartibsiz turmaklangan (mening doimiy stilim).


β€” Uzr so'rayman, lekin janobning qabullariga faqat ro'yxat asosida kiriladi, β€” deb qaytardi haligi qiz muloyimlik bilan jilmayib va yana kompyuter ekraniga termuldi. Men norozi qiyofada qoshimni uchirdim va saqichimdan qarsillatib pufak chiqardim
Bu keskin ovozdan boyagi qiz hatto sapchib tushdi, bu esa meni kuldirdi.


β€” Ey, menga qarang... Shunchaki kirgazib yubora olmaysizmi? Nima familiyamiz bir xilligiga ishonishingiz uchun pasportimni ko'rsatishim kerakmi? Yoki xodimlari bilan tartib o'rnatib qo'yishi uchun ularning o'zlariga qo'ng'iroq qilaymi? β€” men telefonimni chiqarib, qo'limda aylantirgancha hazillashmayotganimni ko'rsatdim. Lekin bu qizga zarracha ta'sir qilmadi. U meni e'tiborsiz qoldirishda davom etdi. Shu payt atrofga alanglab, go'yo dadamning borligini his qilgandek bo'ldim. Mana ular! Qo'llaridagi bir talay qog'ozlarga termulgancha koridordan o'tib boryaptilar.

β€” Dada! β€” deb butun zalni boshimga ko'tarib baqirdim va ular tomon otildim. Shok holatiga tushgan dadam ularni quchoqlab olishimni kutmagan edilar, hatto qo'llarini tepaga ko'tarib qotib qoldilar. β€” Sizga nima bo'ldi? Nima siz ham tanimadingizmi? β€” boshimni ko'tarib, ularga qarab jilmaydim. Dadamning yuz ifodasi asta-sekin, ammo aniq o'zgara boshladi. β€” Nahotki shunchalik o'zgarib ketgan bo'lsam? Chiroyli bo'lib ketibmanmi, a?

β€” Yu... Yujin?! β€” deyarli nafaslari ichlariga tushib ketdi. Yelkamdan tutib, yaxshilab ko'zdan kechirishlari uchun o'zlaridan meni biroz uzoqlashtirdilar. β€” Bu yerda nima qilyapsan?!

β€” Sizning oldingizga keldim, dadajon! β€” boyagi yoqimsiz reaksiyalarini oldini olish uchun o'zimni juda quvnoq va shirin ko'rsatib jilmayishdan to'xtamasdim.

β€” Keldingmi? Bruklindan-a?! β€” ular hali ham o'zlariiga kelolmasdilar.

β€” To'g'rirog'i uchib keldim, dadajon. Hatto sizga sovg'a ham sotib oldim, β€” cho'ntagimdan quyon oyog'i shaklidagi brelokni chiqarib, ularning yuzlari oldida aylantirdim. Dadam bir muddat o'zini bosib olishga harakat qildilar, keyin qo'limdan tutdilarda, atrofga alanglab, orqasidan ergashib kelayotgan xodimlariga nimanidir tayinlab, meni qayergadir yetaklab ketdilar.

β€” Qani, buyoqqa yura-chi.

Dadam tezda qandaydir xonaga olib kirdilar. Adashmasam bu ularning ish xonalari edi. Dadam meni ish stoli yonidagi kresloga o'tqazib o'zlari esa o'z o'rinlariga o'tirib, qo'llarini doimgidek bir-biriga qovushtirdilar-da, menga gapirishimni kutib turgandek tikildilar. Bu qarash meni birinchi bo'lib gapirishga majbur qildi:


β€” Menga unday qaramang dadajon, β€” dedim aybdordek boyagi brelokni o'ynab, β€” sizni judayam sog'indim-da. Siz va Chon bilan ko'rishmaganimga ham ancha bo'ldi. Uyga judayam qaytgim keldi, β€” men dadamni raxmlarini keltirish uchun ularning ko'zlariga mo'ltiragancha qaradim, lekin ular bunday qarashimga erimadilar.

β€” O'qishing-chi? Esingni yedingmi? Axir sen bilan gaplashgan edik-ku. Endi dars qoldirganing uchun seni haydab yuborishlari mumkin! β€” dedilar qat'iy ohangda.


β€” Adashmasam hozir ta'til vaqti ham emas...

Men boshimni egib jim bo'lib qoldim, bu esa dadamga shubhali tuyuldi. U meni ich-ichimdagilarni sezib turardi.

β€” Haydashmaydi, dada, β€” dedim juda past ovozda, yelkamni qisib va dadamning qarashlari ostida stulga borgan sari cho'kib borardim.

β€” Xo'sh, mendan nimani yashiryapsan? Yana biror nima qilib qo'ydingmi?

β€” Meni haydashdi, dadajon, β€” aybdorona jilmayib aytdim. Dadam esa qotib qoldi, keyin ko'zlari kosasidan chiqqudek bo'lib, o'rnilaridan turib ketdilar.

β€” Qanaqasiga haydashdi?! Seni yana yotoqxonadan haydashdimi?! β€” uning ovozida g'azab emas, ko'proq kuchli hayrat bor edi.

β€” Yo'q, dadajon, β€” yana past ovozda aytdim, ko'zlarimni olib qochib, β€” yotoqxonadan emas. Maktabdan, dadajon.

β€” Nima-a?!

Keyingi yarim soat davomida otamning men qanchalik muammoli o'smir qiz ekanligim va men bilan unga qanchalik qiyinligi haqidagi barcha noroziliklari va o'gitlarini eshitdim. Men esa shunchaki super-qulay kresloga suyanib, goh-gohida esnab qo'ygancha otamning xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib gapirayotgan noroziliklarini tingladim.

β€” Yujin! Seni haydashgan bo'lsa ham, menga qo'ng'iroq qilib xabar berishing kerak edi, darrov Koreyaga uchib kelmasdan. Men senga yana yangi, yaxshiroq maktab topib bergan bo'lardim.

β€” Lekin, dada! Men xohlamayman. Bu Amerikada yashashdan charchadim! Oradan ikki yil o'tdi ahir! Siz yonimga enagalarni qo'yib o'zingiz bo'lsa Koreyada ish bilan band bo'lib yuribsiz. Nima deb o'ylaysiz? sizni sog'inmadimmi? Qaytishni xohlamadimmi? Ha, xohladim! Va shuning uchun men qaytdim, chunki men allaqachon katta va mustaqil bo'lganman!

β€” Sen endigina o'n yetti yoshga to'lasan!

β€” Menga allaqachon o'n yettiga to'ldim dada!

β€” Gap qaytarma! β€” deb baqirdilar. Men esa qattiq nafas olib chiqardimda qo'llarimni ko'ksimda qovushtirib, kresloga qayta o'tirdim va norozi nigoh bilan atrofga qaradim. Shu bilan bahsimiz deyarli tugadi. To'g'rirog'i... qanday tugadi desam ekan...

β€” Sen aynan eng noqulay vaqtda qaytib kelding, β€” deb charchagan holda davom etdi otam, burun kataklarini uqalagancha β€” Ishimda juda ko'p muammolar bor, va...

β€” Ko'ryapsizmi? Yana o'sha sevimli ishingiz haqida gapiryapsiz... β€” deb pichirladim o'zimcha, lekin dadam baribir eshitdi.

β€” Yujin, tushun, aynan mening ishim tufayli senga hozir Koreyada va mening yonimda bo'lish xavfli. Hammasini senga aytib berolmayman, lekin bu yerda haqiqatan ham xavfsiz bo'lmaysan, β€” ular menga nimanidir isbotlashga harakat qilardilar.

β€” Hech qisi yo'q. Meni Chonguk himoya qiladi, β€” deb darrov javob topdim. Otam biroz jim qoldi, keyin yana uff tortdi.

β€” Chonguk hozir butunlay boshqa ishlar bilan band.

β€” To'xtang uyog'ini o'zim topaman, u sizga yordamchi bo'lgan shundaymi? Sizning o'ng qo'linggizga aylanganmi? β€” qiziqib so'radim, garchi javobni bilsam ham. β€” U necha yoshda edi o'zi? O'n to'qqizdami? Yigirmadami? Bunday ishlar uchun u allaqachon katta bo'lib qolgandir, shundaymi?

β€” Bas qil! , β€” yana qat'iy ohangda menga yuzlandi dadam. Men esa labimni tishlab, teskari qarab oldim. Bugun janjalsiz o'tmasligini bilgandim o'zi.

Dadam ikki yil oldin, men o'n to'rt yoshimda Amerikaga o'qishga yuborib, mendan qutulgandilar. Shu vaqt davomida ularsiz yashadim, faqat ba'zida ular o'zimning otamning yuzini unutib qo'ymasligim uchun meni ko'rgani kelib turardilar. Chonguk men uchun kim edi? Amerikaga ketishimdan oldin u biz bilan yashar va dadamga ishlardi. O'shanda u bor-yo'g'i o'n sakkizda edi, lekin shu yoshida uyimizda muhim vazifani bajarardi. U menga go'yo soqchi kabi edi. Nima uchun shunday? Hammasi dadamning ishlari tufayli. Ularning har doim raqiblari va dushmanlari yetarlicha bo'lgan. Albatta, dadam hamma tafsilotlarni aytmasdilar, lekin u yerda nima ishlar bo'layotganini va nega bularning hammasi shunchalik xavfli ekanligini taxmin qilishim mumkin edi. Axir ular meni shunchalik himoya qilardilarki, hatto menga yosh yigitni shaxsiy tansoqchi qilib biriktirib qo'ygandi. Baxtimga, Chonning mahorati menga hecham kerak bo'lmadi, lekin shu vaqt ichida biz u bilan juda yaqin do'st bo'lib qolgandik, to dadam meni shtatlarga yuborishga qaror qilmagunlariga qadar deyarli aka-singildek edik. Chon bilan xayrlashgan kunimiz hali ham yodimda.

O'n to'rt yoshli kichkina Yujinning Chonning qo'llarida yig'laganlari, u esa tez orada yana ko'rishishimizni aytib, meni ovutishga harakat qilishi... Ammo ikki yil o'tdi, begona yurtda o'tgan ikki uzoq yil. Butunlay yolg'iz qolgan Yujin bu "yaramas"ning qiyofasini ham deyarli unutib yuborgandi. Ba'zida telefon orqali gaplashib turardik, lekin Chon dadamning ishlarida sodiq yordamchisiga aylangani va ish grafigi tig'izlashgani sababli bu juda kam sodir bo'lardi. Men uni ayblamasdim, chunki uning dadam bilan munosabatlari qanchalik yaxshi ekanini bilardim. Ular juda yaqin edilar. Xuddi ishchi va xo'jayin kabi emas, balki ota va o'g'il kabi. Ularni chetdan kuzatib, bir-birlariga qanchalik yaqin ekanliklarini ko'rganimda, hatto dadamni undan rashk qilardim. Albatta, dadamga erkak kishi sifatida o'zining tug'ishgan qizidan ko'ra "o'g'li" bilan til topishish osonroq edi, lekin shunga qaramay, men baribir u uchun suyukli va yagona erkatoy bo'lib qolaverardim, ular esa men uchun dunyodagi eng yaxshi dada edilar.

β€” Umuman olganda, bu qanaqa kiyinish bo'ldi?! Qanaqadir sektaga a'zo bo'lganmisan? β€” kutilmaganda dadam o'zlarining jizzaki nutqlarini davom ettirdilar. Men esa bunday gaplarni eshitib, ularga hech narsaga tushunmagan qo'ydek qarab qoldim.

β€” Nimalar deyapsiz? Qanaqa sekta yana dadajon? β€” kulib yubordim men.

β€” To'xta, men hozir... β€” ular gaplarini tugatishga ulgurmadilar hamki, kutilmaganda xona eshigi taqilladi. Dadamning baland ovozdagi Β«kiringΒ» degan ruxsatidan so'ng, ostonada ko'zoynak taqqan, baland bo'yli, kelishgan yigit ko'rindi.

β€” Janob Chxve, sizga Β«Jell CommunityΒ»dan qo'ng'iroq qilishyapti, β€” yigitning ovozi past, lekin juda salobatli edi. U dadamga telefon go'shagini uzatarkan, hatto shu vaziyatda ham menga qisqa, ammo unchalik ham qiziqish bildirmagan nigoh tashladi. Men indamay unga orqamni o'girib oldim, birozdan so'ng esa dadam u bilan birga xonani tark etishdi.

β€” Qiziq, bu uning shaxsiy kotibimidi? β€” deb pichirladim o'zimcha o'yga tolarkanman. β€” Unda Chonguk qayerda? U qanaqa lavozimda ishlarkin? β€” o'rnimdan turib, qiziqish bilan atrofga alangladim. Devordagi katta tokchada ko'plab buyumlar, jumladan ramkadagi bir nechta suratlarni ko'rib, ular tomon yurdim va ko'zdan kechira boshladim. Mana, dadamning yolg'iz o'zi tushgan surati. Mana, u hamkasblari bilan. Mana bu esa... Bu...

β€” Chonguk?! β€” yengil shokdan qo'lim bilan og'zimni yopib qoldim. Suratda allaqachon ulg'ayib qolgan yigit β€” eski qadrdon do'stimga termilib qoldim. U... butunlay o'zgarib ketibdi. Shunchalik ulg'ayibdiki! Uning gavdasi.... yanada kelishgan bo'lib ketibti.
Suratga qarab turib, Chonni tezroq ko'rishni istayotganimni angladim. Dadamning stulida osig'liq turgan kostyumlari cho'ntaklarini kovlab, uy kalitini topdim (sezgim meni hech qachon aldamaydi). Dadam kutib turishimni so'ragan bo'lsalar-da, xonadan chiqib ketdim. Ularning bu muzokaralari hali uzoq davom etadi, men esa yo'ldan charchaganman, o'z xonamda dam olgim kelyapti.

β€” Voy Xudoyim, mening xonam! β€” deb qichqirib yubordim o'z xonamga kirishim bilan. Hamma narsa shunchalik qadrdonki... Har bir buyum mening baxtli bolaligimni (imkon qadar) eslatardi. Chidab turolmay, go'yo yosh boladek yumshoq karavotimga o'zimni otdim va ko'zlarimni yumdim.

β€” Oh, naqadar yaxshi...

Hatto o'rindan turishga ham holim yo'q, ammo dush qabul qilishim kerak. Ichki dangasaligimni yengib, amallab turdim va issiq dush ostida turishni, so'ng yumshoq xalatimga o'ranishni orzu qilib, vannaxonaga yugurdim.
Dushdan chiqib, ho'l sochlarimni sochiq bilan artgancha xonaga qaytdim. Tashqarida allaqachon kech tushgan, telefonimda esa dadamdan o'n bitta o'tkazib yuborilgan qo'ng'iroq turardi. Gaplashishga eringanim, ayniqsa kalitlarni o'g'irlab, ogohlantirmasdan uyga ketib qolganim uchun navbatdagi dakkilarni eshitishni xohlamaganim sababli, shunchaki Β«hammasi joyidaΒ» deb xabar yubordim. Sochlarimni artishda davom etarkanman, pastdan qandaydir shovqin eshitildi. Men shoshilmasdan zinalardan tushdim. Dahlizdan chiqib kelayotgan tanish qiyofani ko'rib, yuragim hapqirib ketdi, ich-ichimdan quvonib ketdim. Nihoyat!

β€” CHONGUK! β€” deb chinqirgancha, hayratdan qotib qolgan yigitning bo'yniga yugurib tushib osildim. Voy-bo', u rosa o'sib ketibdi-ku! Gavdasi ham baquvvatlashibdi. Aniq Β«kachalkaΒ»ga boradi-yov.

β€” Yujin?! β€” u ham xuddi dadamdek zo'rg'a o'zini quchog'imdan bo'shatib, menga hayron bo'lib qaradi.

β€” Syurpriz! β€” men go'yo sovg'adek uning qarshisida sakradim.

β€” Sen qanaqasiga... β€” u ensasini qashlab, mening uyda nima qilib yurganimni tushunolmay qoshlarini chimirdi.

β€” Men qaytdim! Oh, bilsang edi, u Amerikada zerikishdan o'lish mumkin. Dushmaningga ham ravo ko'rmaysan! Endi men shu yerdaman, sizlar bilan! Endi birga mazza qilamiz, xo'pmi?! β€” quvongan va sakragancha gapimda davom etdim. Chon nihoyat o'ziga keldi, shirin jilmayib, meni o'ziga tortdi va ohista quchoqlab, boshimdan silab qo'ydi.

β€” Seni sog'inibman, mittiginam, β€” dedi u o'ta mayin ovozda. Yuragim beixtiyor entikib ketdi. Men hayajondan yig'ilib qolgan so'lagimni yutib, asta undan uzoqlashdim va men juda sog'ingan o'tkir ko'zlarga tikildim.

β€” Men ham....

Bir soatdan keyin biz allaqachon oshxonada vaqtni chog' o'tkazayotgan edik. To'g'rirog'i... Chonguk stolni shirinliklar bilan to'ldirdi, men esa chet elda boshimdan o'tgan hamma narsani gapirib berdim. Chon esa ovqatlanishdan to'xtamay, diqqat bilan eshitib, tinmay bosh silkib turardi.

β€” Demak, seni mushtlashuv sababli haydashdimi? β€” u hatto ajablanmay so'radi. Bunday yangiliklar u uchun odatiy hol edi.

β€” Shunga o'xshash. Shunchaki u Β«tovuqlarΒ»... β€” eski maktabimdagi ayrim kibrli qizlarni eslab, qo'limdagi shokoladni siqib qo'ydim. β€” Lekin hozir buning ahamiyati yo'q! Endi
Koreyada yuqori maktabning so'nggi sinfini tinchgina tugataman va shu yerdan yaxshi universitet topaman, to'g'rimi? β€” men Chonga qarab jilmaydim, u esa indamay ovqatlanishda davom etdi.

β€” Men senga mendan qochib ketma degandim-ku! Nega hecham gapga kirmaysan? β€” xonaga kutilmaganda dadam kirib keldilar.

β€” Omo, dadajon? Keldinggizmi? Voy, bu nima? β€” dadamning yuzida, yangigina yaradan sizib chiqayotgan qon tomchisini ko'rib qoldim. Bu qayerdan paydo bo'ldi ekan?

β€” To'xtang, tozalab qo'yay, β€” men dadamning oldiga borib, jarohatlarini yaqinroqdan ko'rmoqchi bo'lganimda, Chonguk yo'limni to'sib, meni chetga surdi va o'zi ko'zdan kechira boshladi.

β€” Hm, hech narsa yo'q ekan, β€” deb javob berdi u dadamdan uzoqlashib. Endi qaraganimda yara haqiqatan ham yo'q ekan, lekin bir soniya oldin men uni aniq ko'rgandim.

β€” Qiziq... β€” qandaydir g'alati hissiyot meni tark etmasdi, lekin darrov bu fikrdan voz kechdim.

β€” Mayli, madomiki endi shu yerda ekansan, kelajaging haqida gaplashamiz, β€” deb e'lon qildi dadam xona ichkarisiga o'tib. Chonguk uhh tortib, yana ovqatlanishda va ehtimol yana janjal bilan tugaydigan suhbatimizni tinglashda davom etish uchun joyiga o'tirdi.
Va haqiqatan ham shunday bo'ldi. Butun bir soat davomida men dadamni Amerikaga qaytmasligimga ko'ndirishga harakat qildim, ular esa u yer men uchun eng yaxshi joy ekanini isbotlamoqchi bo'ldilar. Va bu cheksiz davom etdi... To'g'risi, hatto Chongukga rahmim keldi. U bularning hammasini birinchi marta eshitmayapti, lekin bahsimizga juda kamdan-kam holatlarda aralashadi. Faqat vaziyat nazoratdan chiqib ketgandagina. Masalan, men yig'lay boshlaganimda yoki dadam g'azab otiga minganlarida. Ana o'shanda u bizni ulkan janjaldan qutqarib qoladi.

β€” Men uchun eng yaxshi joy β€” shu yer! Sizning va Chongukning yoningizda! β€” go'yo xafa qilingan boladek qoshlarimni chimirdim. β€” Shuni tushunish shunchalik qiyinmi?!

β€” Biz seni tushunib turibmiz, mittiginam, lekin sen ham tushun, β€” deb aralashishga qaror qildi Chon. β€” Ishimizda muammolar bor ekan, bu yerda bo'lishing xavfli bo'lishi mumkin.

β€” Sizlarda har doim muammolar bo'lgan! Doim qanaqadir muammolarni deb dadajonimning, o'z qizi bilan muloqotlari chegaralanib qoladi! Balki sezmagandirsiz, lekin biz bir necha yildan beri ko'rishmadik! Men sizlarni sog'indim, β€” dedim ovozimni pasaytirib, yuzimda g'amgin ifoda paydo bo'ldi.

β€” Unday emas. O'tgan ta'tilda borgan edim-ku, β€” deb past ovozda javob berdilar dadam, nigohlarini chetga olib qochgancha.

β€” Nahotki? Xo'sh, nima bo'libdi? Bor-yo'g'i besh kun turdingiz, shundan uch kunida yonimda bo'lmadingiz ham. Siz u yerga men uchun emas, ishingiz bilan borgandingiz. Menga har doim befarq bo'lgansiz...

β€” Yujin, tinchlan, β€” deb so'radi Chonguk, ko'z yoshlarim kelayotganini sezib. Uning mayin va xotirjam ovozi ta'sirida men tinchlanib, indamay stulga o'tirdim.
β€” Sizlar nima... qanaqadir banditlarga aralashib qolganmisizlar? Mendan nimadir yashirayotganingizni bilaman... Aytinglar...

Dadam va Chon bir-birlariga g'alati qarab olishdi, lekin men hech kim menga hech narsa aytib bermasligini bilardim.

β€” Hech narsani yashirayotganimiz yo'q. Mayli, borib uxlashga yot. Ertaga vaxli turishing kerak, yangi maktabga hujjat topshiramiz, β€” dedilar dadam yuqoriga ishora qilib. Men uning nihoyat rozi bo'lganlarini tushunib yetdim.

β€” Urra! Dadajon, qanchalik xursandligimni tasavvur ham qilolmaysiz! Keling, bir o'pib qo'yay! β€” men dadamning oldilariga uchib borib, har ikki yuzlaridan o'pib qo'ydim.

β€” Seni ham! β€” o'ylamasdan Chongukning ham yoniga yugurib borib, uni mahkam quchoqladim va oxirida yuzidan o'pib qo'ydim. Nima qilganimni anglagach, seskanib tushdim va xijolatli jilmayib, Β«Xayrli tun!Β» deb baqirgancha qochib xonamga chiqib ketdim.

Pov: Avtor

Yigit xonaning eshigini ohista ochib, ortiqcha shovqin chiqarmaslikka harakat qilib ichkariga kirdi va uxlayotgan qizning yoniga, krovat chetiga o'tirdi. U qizga termilib, nigohini uzolmasdi.

β€” Haqiqatan ham juda o'zgaribsan, β€” deb pichirladi u jilmayib. β€” Seni sog'ingan edim...

U qo'lining yengil harakati bilan qizning yuzidagi itoatsiz soch tolasini chetga surdi, so'ng peshonasidan o'pib, xonadan chiqdi va pastga tushdi. U boshlig'i o'tirgan mehmonxonaga kirdi.

β€” Yana o'shalar, shundaymi? β€” deb so'radi Chon erkakning yoniga tezda o'tirarkan. β€” Nima qilamiz? β€” yigit charchagan holda ko'zlarini uqaladi va uff tortib divan suyanchig'iga suyandi.

β€” Yujin uxlab qoldimi? β€” so'radi erkak birinchi bo'lib.

β€” Ha, allaqachon. Yo'lda charchagan.

β€” Yaxshi, β€” deb bosh silkidi erkak horg'in. β€” Chonguk, men endi uni xohishiga qarshi boshqa shaharda ortiq ushlab tura olmayman. Lekin bu yer ham u uchun xavfli. Men sendan yana yordamingni iltimos qilmoqchiman...

β€” Bilaman, β€” deb yigit darrov uning gapini bo'ldi va jilmayib bosh silkidi, β€” buyrug'ingizsiz ham uni himoya qilaman. Shubha qilmasangiz ham bo'ladi.

β€” Yaxshi, senga ishonaman, β€” erkak yengil tin oldi. β€” Yana bir gap... Sen band bo'lganingda, maktabda ham o'z odamlarimiz bo'lishi kerak.

β€” Muammo yo'q. Men kengashdagi bir maktab o'quvchisini taniyman. Unga ishonsa bo'ladi, β€” dedi Chon ishonch bilan.
β€” Ajoyib, buni hal qilsang bo'ldi, β€” bir daqiqalik sukutdan so'ng erkak stoldagi stakandan viski ho'pladi va yigitga diqqat bilan qaradi. β€” Chonguk, nima deb o'ylaysan... Unga shaharda qolishga ruxsat berib, xatoga yo'l qo'ymayabmanmi? β€” Chonguk erkakning gaplari ustida o'yga toldi.

β€” Men sizga maslahat bera olmayman. Men bor-yo'g'i xodimingizman... Va uning do'stiman, β€” u yelkalarini qisdi, erkak esa iliq jilmaydi.

β€” Sen nafaqat mening xodimimsan, Chonguk. Sen ancha vaqtdan beri mening sodiq safdoshimsan. Senga o'zimga ishongandek ishonaman va har doim maslahatlaringga quloq tutganman. Aytaver.

β€” Unday bo'lsa... β€” yigit yana pauza qildi. β€” O'ylaymanki, u bilan muloqot qilish siz uchun ham juda muhim. Siz oilasisiz. U hozir sizga muhtoj.

Erkak indamay yigitga tikildi, keyin bosh silkib qo'ydi.

β€” Shunday... Shunday... β€” deb o'ychan takrorladi u, chuqur nafas olib yana ichimlikdan ho'plarkan. β€” Mayli, Chon, borib damingni ol. Ertaga qolgan hamma ishlar bilan shug'ullanamiz.
Chonguk erkakning hozirgi holatini ko'rib, ortiqcha savol bermaslikka qaror qildi va ta'zim qilib, indamay o'z xonasiga ketdi.

***

Pov: Yujin.

β€” Chonguk-i, borasan-a? Borasanmi? β€” deb Chonni savollar bilan bezor qilardim, uni men bilan do'konlarga borishga ko'ndirishga harakat qilayotgandim.

β€” Ha, ha, boraman, faqat meni turtishni bas qil, β€” jilmaydi u, qo'limni o'z tirsagidan bo'shatib, ko'chani ko'zdan kechirarkan.

β€” Urra! Okey, umid qilamanki, bugun yangi sinfdoshlarim bilan ham do'stlashib olaman...

β€” Koreyadagi odob-axloq qoidalarini unutmagandirsan? mmm?

β€” Albatta yo'q. Ta'zim qilish kerak. Va... ha, aytgandek, yaxshi baho olish uchun o'qituvchilarga doimo rahmat aytish va ular bilan xushmuomala bo'lish kerak.

β€” Ha-ha, ammo baholar xushmuomalalik bilan emas, aql bilan olinadi.

β€” Voy-bo', xuddi o'zing hech qachon laganbardorlik qilmagandek, β€” deb yelkamdagi ryukzakni to'g'riladim. β€” Umuman olganda, bu forma unchalik qulay emas ekan. Pidjakim qisib turganga o'xshaydi.

β€” Balki ko'krak qismi kichkinadir? Kattaroq o'lcham olish kerak edi, β€” deb o'ylay boshladi Chon, pidjagimga diqqat bilan qarab. Bunday gaplardan yuzim biroz qizarib ketdi, chunki yigit o'zi bilmagan holda oxirgi uchrashuvimizdan beri ko'kragim o'sganini payqab qolganini tan olgandi.

β€” Mayli, keyinroq esimga sol, bir o'lcham kattasiga buyurtma beramiz, xo'pmi? β€” dedi u va yashil chiroq yonishi bilan piyodalar yo'lagidan o'ta boshladik.

β€” Bilasanmi, sen juda o'zgarib ketibsan, β€” deb gap boshladim unga qarab sho'xlik bilan jilmaygancha. U menga diqqat bilan qaradi va u ham tabassumini yashirolmadi.

β€” Xo'sh, aynan nimalarim?

β€” Deyarli hamma narsang. Sochlaring, yuzing, gavdang... Hatto ovozing ham boshqacha bo'lib qolibdi.

β€” Sendagi ko'p narsalar ham o'zgargan.

β€” Nimalar? Sen ham sanab ber-chi!

β€” Sochlaringni kestiribsan... Quloqlaringda ko'p ziraklar o'rni bor... Sochlaring bo'yalgan.., doim qulupnayli saqich chaynaysan, haddan tashqari ko'p bo'yangansan, yana... sening ichingda bir vagon o'zboshimchalik va isyonkorlik bor.

β€” Voy Rahmat-da... β€” uning gapi oxirida xafa bo'lgandek lablarimni burishtirib, jimib qoldim. Chon esa shunchaki kulib yubordi va yelkamdan quchoqlab, qadamini tezlatdi.

β€” Agar maktabda ham shunaqa bo'lsang, birinchi kuniyoq haydashadi.

β€” Aysh, bilaman. Shuning uchun ham hamma aytganingni qildim. Bo'yoqlarimni yuvdim, kosmetikani artdim, taqinchoqlarni yechdim va saqich chaynashni ham tashladim.

β€” Oh, Koreya maktabida o'qish uchun qanaqa qurbonliklarga borish kerak-a, to'g'rimi? β€” deb makkorona jilmaydi Chon.

β€” Voy, gapirma... β€” yuzimni bujmaytirib to'xtadim va qarshimdagi binoga qaradim.

β€” Mana yetib keldik, β€” Chonguk shu paytgacha o'z yelkasida ko'tarib kelgan ryukzakimni taqishga yordam berdi. β€” Agar gapga kirsang va birinchi kuniyoq haydalmasang, juda-a xursand bo'lardim, β€” deb masxaraomuz ohangda sochlarimdan silab qo'ydi Chon.

β€” Ya! Bu endi oshib tushdi! Men u darajada yomon emasman!

β€” Fayting! (Omad!)

β€” Ya! Bugun menga muzqaymoq olib berasan, tushundingmi?! β€” deb ketayotgan Chongukning ortidan norozi baqirdim, u burilishdan o'tib ko'zdan yo'qolgach esa jilmayib qo'ydim. β€” Xo'sh, bugun jadvalda nimalar bor ekan.., β€” qog'ozni ochib, koridor bo'ylab shoshilmasdan yurarkanman, diqqat bilan o'qiy boshladim. To kutilmaganda baland ovozdagi qichqiriqni eshitmagunimcha:

β€” Chon Xosok! Men seni o'ldiraman! β€” deb baqirardi notanish bir qiz. U qaysidir yigitning ortidan quvib yonimdan yugurib o'tdi. Men ularga bir qarab qo'ydim-da, chuqur nafas olib yo'limda davom etdim.

β€” Kimnidir qidiryapsanmi? β€” deraza yonida bir necha yigitlar davrasida turgan qaysidir bola meni chaqirdi. Hammasi menga g'alati qarashardi.

β€” O'zim topaman kerakmas, β€” deb javob berdim, yana nigohimni qog'ozga qaratib.

β€” Men yordam bermoqchiman, yotib ber demoqchi emasman-ku. Nega bunchalik o'zingni olib qochasan? β€” dedi u kutilmaganda qo'pol ravishda va iljaydi. Shu zahoti uning bu xunuk va yasama "shirin" basharasiga musht tushirgim keldi, lekin bu maktabda o'zimni tiyishga va'da bergandim. Shuning uchun ham o'sha zahoti zo'rma-zo'raki jilmaydim.

β€” Yo'q dedim-ku. Iltimos, nari tur.

β€” Oho, menga hali hech kim bir gapda ham Β«nari turΒ», ham Β«iltimosΒ» degan so'zlarni ishlatmagandi, β€” dedi u va do'stlari bilan xoxolab kulib yuborishdi. β€” Qiziqarli nusxa ekan, β€” deb qo'shib qo'ydi meni nazarda tutib.

β€” Meni esa hali hech kim Β«nusxaΒ» deb atamagandi. Buni kulgili deb o'ylaysanmi? Axmoq... β€” yuzimni burishtirdim va shu yerda bu ma'nosiz muloqotni tugatishga qaror qildim. Ammo u tentak yana yaqinroq kelib, meni to'xtatdi.

β€” O'zi sen kimsan?

Men o'girilib, boshimni mag'rur ko'tardim.
β€” Chxve Yujinman. Sen-chi sen kimsan? β€” orqadagi do'stlari indamay bir-birlariga qarab jilmayib qo'yishdi.

β€” Menmi? Tushunarli, sen yangisan. shekilli, bu maktabda kim-kimligini bilmaysan. Shunday ekan...

β€” E, bo'ldi, faqat qanaqadir o'zicha "maktab qiroli" ekanligingni aytma. Xudoyim, hozir bu yerdagi pafosdan portlab ketsam kerak, shuning uchun "gudbay", sen bilan gap talashishga vaqtim yo'q, β€” deb tez-tez gapirdim-da, xayrlashgandek qo'limni siltab, u yigitni aylanib o'tib yo'limda davom etmoqchi bo'ldim. Lekin u, muloqotni u uchun noqulay yakunlanishiga yo'l qo'ymaslikka qaror qildi shekilli menga chalmoqchi bo'ldi. Bu juda ahmoqona edi, albatta. U o'zini xuddi birinchi sinf bolasidek tutayotgandi, lekin nima bo'lganda ham, agar kimdir meni ushlab qolmaganida, hozir yerga yuzim bilan yiqilayotgan bo'lardim. Boshimni ko'tardim va qarshimda, to'g'rirog'i ustimda kelishgan, chiroyli yuzli yigitni ko'rdim.

β€” Xosok, senici... β€” deb boyagi bezori yigit g'azabdan baqgirganini eshitdim, u o'z rejasi barbod bo'lganidan norozi edi. Meni ushlab turgan yigit esa belimni qo'yib yubormasdan boshini ko'tardi va unga qarab porlagancha jilmaydi.

β€” Yana hangi qurbonmi, Tayeon? Uzr, rejalaringni buzdim shekilli. Ahhhh afsuski, hayotda shunaqasi ham bovladi... β€” u boshini chayqab qo'ydi, keyin yana menga qarab β€” Ups, uzoq ushlab yubordim shekilli, Kechirasiz, β€” u meni ehtiyotkorlik bilan turg'azib, qo'llarini tortdi. β€” Ruxsat bering, o'zimni tanishtirsam, mening ismim...

β€” Sening isming endi "tamomsan", β€” dedi haligi maktab bezorisi uning gapini bo'lib. Xosok unga bir qarab qo'ydi-da, hech narsa demadi.

β€” Mening ismim Ch...

β€” CHON XOSOK! β€” kimdir yana baqirdi va bu yigit qochishga tushdi. β€” Seni baribir yerning tagidan bo'lsa ham topaman!

Haligi qiz yonimdan yugurib, to'g'rirog'i uchib o'tib ketdi, men esa yana uff tortdim. Bu maktabda meni nimalar kutayotganini allaqachon tushunib bo'lgandim.

β€” Tinch hayotni orzu han qilma, β€” deb Tayeon makkorona iljaydi, boyagi to'qnashuvimizning oqibatlariga ishora qilayotgandi.

β€” Men uni shundoq ham kutayotganim yo'q, β€” yelkalarimni qisib, men ham jilmaydim va uning reaksiyasini kuzatdim. β€” Hozirdanoq qiziq bo'lishini sezyapman.

Ha, hammasi endi boshlanyapti. Shunday emasmi?

To be continued....