Darkness and despair
Boshimda qandaydir shovqin, ko‘z oldim hamon tinmas, butun vujudim shunday qaqshab og‘rirdiki, tanamni deyarli his qilmasdim. Boshimni keskin og‘riq teshib o‘tganda ixtiyorsiz ravishda inqillab qo‘ydim va qayerdaligimni bilish uchun qaddimni ko‘tarishga urindim. Bir narsaga amin edim — uyda emasman.
— Turma, — yaqinroqdan erkak kishining xotirjam baritoni eshitildi.
Ovoz kelgan tomonga burildim. Deraza yonida yoshi taxminan yigirma-yigirma beshlardagi notanish yigit turardi. Qop-qora sochlari tartibsiz ravishda peshonasiga tushgan, rangi oqarib ketgan, yuz tuzilishi esa yoqimli edi. U menga go‘yo yuz yildan beri tanigandek tikilardi, ammo yuzidagi ifoda ham, buyruq ohangidagi gaplari ham o‘ta jiddiy edi.
— Qayerdaman? Nima bo‘ldi? — xirillab so‘radim va holsiz tanamni qayta karavotga tashlab, kaftimni peshonamga bosdim.
— Kasalxonadasan. Otang tez orada shu yerda bo‘ladi, — dedi yigit. So‘ng deraza tokchasidan uzilib, telefonini oldi-da, qulog‘iga tutdi. — Allo, janob, u o‘ziga keldi. Ha... Yaxshi, shu yerda kutaman, xavotir olmang.
U go‘shakni qo‘ydi-da, karavot yonidagi pufikka o‘tirdi. Oyoqlarini chalishtirib, menga hech qanday hissiz nazar soldi. Men yutunib qo‘ydim, unga qayta qaradim-u, lekin biror narsa deyishga botinolmadim. To‘g‘risi, birinchi bo‘lib nima haqida so‘rashni ham bilmasdim.
— Senga nima bo‘lganini bilmoqchimisan? — u xayolimdagini topib, savolga tutdi. Men ojizgina bosh silkidim. — Sen ko‘ngil ochayotgan bino portlatib yuborildi. Bir o’limdan qolding. Bunday javob seni qoniqtiradimi? — dedi u ancha qo‘pol tarzda. — Otangga tushuntirish berishingga to‘g‘ri keladi. Axir u qizini bunday joylarda izg‘ib yurishiga ruxsat bermasdi, shunday emasmi? U hech narsani bilmagan-a? — yigit yana bir bor gapni nishonga urib, zaharxanda jilmaydi.
— Sening ishing bo‘lmasin, — dedim o‘zimni zo‘rg‘a bosib.
U bilan kelajakda til topisha olmasligimiz aniq edi. Nega kelajakda? Chunki bu oxirgi uchrashuvimiz emasligiga amin edim. U otamning qo‘lida ishlashini tushunib ulgurganman. Faqat bunga o‘xshashlar bunday yirik kompaniyada kim bo‘lib ishlashi mumkin?
— Sen nima ? dadamga haydovchilik qilasanmi? — ko‘zlarimni qisib so‘radim.
Yigit qo‘lidagi temir qobiqli zajigalkani aylantirar, uni tinmay ochib-yopib, o‘ziga xos qirsillagan ovoz chiqarardi. Savolimni eshitgach, u harakatdan to‘xtadi va menga shunday qaradiki, nimalardir etimni junjitib yubordi.
— Topolmading, — dedi u juda past ovozda menga tikilib va zajigalkani baland ovoz bilan qirsillatib yopdi.
— Men uning shaxsiy killeriman, — qo‘shib qo‘ydi u o‘ta jiddiylik bilan.
Killer? Bu nima degani? Hazillashyaptimi? Hazillari ham bir g‘alati ekan. Umuman olganda, unga qarab jiddiy gapiryaptimi yoki yo‘qligini bilib bo‘lmasdi. G‘alati tip. Dadam buni qayerdan topgan ekan...
— Kxm, juda qiziq, — piching qildim va yana tirsaklarimga tayanib turishga urindim, ammo og‘riqdan baqirib yubordim.
— Jin ursin seni tentak, tinch yot dedm-ku, — yigit o‘rnidan turib, yonimga keldi va yelkalarimdan qo‘pol ravishda bosib, meni qayta yotqizdi.
— O‘zi kimsan sen? — norozi bo‘lib g‘uldiradim.
— Buni bilishing shart emas, — u yana pufikka qaytib o‘tirdi.
— Dadam qani? Chonguk-chi? — undan shaxsiy ma’lumot olib bo‘lmasligini tushunib, boshqa savolga o‘tdim.
— Aytdim-ku, otang hozir keladi. Ortiqcha ahmoqona savollar berma.
— Ahmoqona savollar? Unda nima qilishim kerak? O‘sha klubda nima bo‘lganini bilmayman, hozir esa qimirlay olmay bu yerda yotibman. Mening o‘rnimda bo‘lganingda, senga ham qiziq bo‘larmidi? Mantiqan o‘ylab ko‘r va har bir gapimga osilaverma, — chidolmasdan ovozimni ko‘tardim, lekin u qanday xotirjam bo‘lsa, shundayligicha qolaverdi. Bunday to‘satdan paydo bo‘lgan qahrimdan o‘zim ham hayratda edim.
— Qovurg‘alaring singan, oyog‘ing ham, yana miyang chayqalgan, — to‘satdan yigit bir ohangda sanashni boshladi. Mening ko‘zlarim esa har bir so‘zdan keyin kattalashib borardi. — Shuningdek, miyangga qon quyilgan va yana bir dunyo narsalar.
— Seningcha... bu kulgili holatmi?! — ovozim titrab ketdi, u esa shunchaki tirayib qo‘ydi.
Yo‘q, shunchaki aql bovar qilmaydi! U hali bu yerda hazil ham qilyaptimi? Shunaqayam asabga tegadiki... Bu ahmoq bilan boshqa gaplashmaslikka qaror qilib, shunchaki teskari o‘girilib oldim va qo‘llarimni ko‘ksimda qovushtirib, u bilan ortiq suhbatlashmoqchi emasligimni ko‘rsatdim.
— Muncha tez arazlamasak, — u masxara qilish imkoniyatini boy bermadi, ammo men uni e’tiborsiz qoldirishda davom etdim. — Baribir yosh bolasan-da. Bossning qizi aqlliroq bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim... — gapining oxiriga borib ovozi hatto hafsalasi pir bo‘lgandek eshitildi.
Chidolmay unga qaradim, u esa zerikkan qiyofada boyagi bechora zajigalkasini azoblashda davom etardi.
— Yujin! — palataga Chonguk kirib keldi va shu zahoti yonimga otildi. — Qalaysan? Biror yering og‘rimayaptimi? Shifokorni chaqirdingizmi? — u yigitni savollarga ko‘mib tashladi, shu asno yelkalarimdan tutib, meni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi.
— Xayriyat-ey, kelganing. Buning bilan o‘tiraverib tinkam quridi, — yigit o‘rnidan turib xo‘rsinib qo‘ydi. — Men ketdim. Ishlar qalanib yotibdi.
— Mayli, rahmat, Yungi. Ertagacha, — Chonguk bosh silkidi.
— Aha, — Yungi hatto qayrilib ham qaramay javob berdi-yu, chiqib ketdi.
Chonguk menga yuzlandi, men esa chidolmasdan uni mahkam quchoqlab oldim.
— Gukiiii u yer shunaqangi qo‘rqinchli edi-ki... O‘lib ketaman deb o‘ylagandim, — ko‘z yoshlarimni tiyolmay yig’lab yubordim.
— Hammasi ortda qoldi. Tinchlan, — u boshimni muloyimlik bilan silab, meni bag’riga qattiqroq bosdi.
— Hozir senga qimirlash mumkin emas.
— Lekin men... seni qo‘yib yuborgim kelmayapti, — deb g‘o‘ldiradim uning ko‘ksiga boshimni qo‘ygancha, qo‘llarim bilan bo‘ynidan mahkamroq quchdim.
— Mayli, unda men sen bilan birga yotaman, — buni eshitib, hatto hayratga tushdim. U rostdan ham yonimga yotmoqchimi?
Men ortga tisarilib, hayratdan ko‘zlarimni pirpiratgancha Gukning choyshab ostiga kirib, menga yuzlanib yotishini kuzatib turdim. Endi yuzlarimiz bir-biriga qarama-qarshi edi. Men ajib bir iliqlik va... bolalik damlarimni sog‘inganimni his qildim. Ilgari ham Guk xuddi shunday yonimda yotib, yaxshilik va yomonlik haqidagi qiziqarli bolalar kitoblarini o‘qib berar, men esa uxlab qolardim. Shundagina u tungi chiroqni yoqib qo‘yishni unutmasdan chiqib ketardi, chunki men chiroqsiz uxlashga qo‘rqardim.
Bu xotiralardan yuzimga tabassum yugurdi. Chonguk kulganimni ko‘rib, o‘zi ham jilmaydi.
— Hech narsa. Shunchaki menga ertaklar o‘qib berganingni esladim. Esingdami?
— Shunaqa narsalarni ham unutib bo‘larkanmi, — deb kulib yubordi u. — Dadang doim ertalab maktabga borishing kerak deb, kechgacha o‘tirganimizga urishardi, sen bo‘lsang baribir qolishimni so‘rarding. Chiroqni o‘chirib, berkinib kitob o‘qishda davom etardik.
— Aha-ha, shunaqa. Kichkina Yujinning "jinoiy" bolaligi, — choyshabga o‘ranib jilmaydim.
Oramizda bir muddat sukunat cho‘kdi, ammo bu noqulay sukunat emasdi. Umuman, oramizda noqulaylik juda kam bo‘lardi. Ishonchim komilki, hozir Guk ham men kabi bolalikni va birga o‘tkazgan baxtli damlarimizni eslayapti. Qiziq, u mening ketganimdan afsuslanarmikin?
— Ammo, Chonguk... — sekin gap boshladim.
— Aha-ha, Yungimi? Uni haqorat qilma. U mening do‘stim.
— Do‘sting? — chin dildan hayratlandim. — Sen shunaqa odam bilan do‘stlashasanmi?!
— Nima qipti? — Chonguk bir oz dovdirab qoldi.
— Senga qo‘pollik qildimi? E’tibor berma. U har doim shunaqa, aslida u yaxshi yigit, — u meni go‘yo Yungini yuz yildan beri tanigandek ishontirishga urindi.
— Demak, men yo‘qligimda mana kimlar bilan muloqot qilgan ekansan-da, — arazlagan ohangda gapirib, nigohimni olib qochdim.
— Qo‘ysang-chi, — Guk yana jilmayib, meni o‘ziga tortdi va sochlarimni to‘zitib qo‘ydi.
Unga qanday ta’sir qilishni yaxshi bilardim. Biror narsa istasam, shunchaki shirin qarashimdan qilsam yoki uni e’tiborini 100 foiz o‘zimga qaratish uchun o‘ta xafa bo‘lgandek ko‘rinishim kifoya edi. Bu har doim ish berardi. Xuddi hozirgidek. Dadamga esa bunaqa o‘yinlar o‘tmaydi.
— Oh, dadang keldilar shekilli, — Chonguk krovatdan darrov turib ketdi. Axir dadam bizni bitta krovatda ko‘rsa, noto‘g‘ri tushunishi tayin edi.
— Yujin! — eshiklar tezda ochilib, doimgidek o‘ta qat’iy ovoz yangradi. — Eshitishim bilan men kompaniyadan shu yerga qarab uchib keldim! Yaxshimisan?
Dadam unchalik ham xavotirda ko‘rinmasdi.
— Men yaxshiman, — sekin javob berdim.
— Janob, meni kechiring. Hammasiga men aybdorman. Unga ko‘z-quloq bo‘la olmadim, — Chonguk boshini ko‘tarmay, past egilib ta’zim qildi.
Men hayratdan bir yigitga, bir dadamga qarardim. Dadam esa Gukka har qachongidan ham qattiqqo‘llik bilan tikilib turardi.
— Mayli, bo‘lgan voqeada ikkoving ham aybdorsan. Sen, Yujin — qayerga borishingni aytmaganing va Chongukni shunchaki aldab ketganing uchun; sen esa, Chonguk — unga ko‘r-ko‘rona ishonganing uchun. Yujin tulkidek ayyor va sichqondek chaqqon, — u menga ta’na bilan qaradi.
— Kechiring... — boshimni egib pichirladim, lekin keyin yana darhol boshimni ko‘tardim.
— Aytgancha, dada, o‘sha klubda nima bo‘ldi o‘zi?
Mening savolimdan dadam bir oz dovdirab qolgandek bo‘ldi.
— Shunchaki... bino juda eski edi shekilli. Bardosh berolmay, qulab tushibdi.
— Lekin men portlash ovozlarini eshitganimni aniq eslayman, — o‘sha oqshom voqealarini eslashga urinib, shubha bilan piching qildim.
— Boshingni qotirma. Hech qanday portlash bo‘lgani yo‘q, xavotirlanma, — dadam meni tinchlantirdi.
— Mayli, men hali shifokor bilan gaplashishim kerak. Yur, Chonguk, tashqariga chiqaylik, — dadam eshikka ishora qildi va yigit uning ortidan ergashdi.
Yigit va erkak palatadan chiqib, eshikdan bir oz uzoqlashdilar.
— Bu rostmi? — darhol so‘radi Chonguk. Erkak og‘ir xo‘rsindi. Uning juda bezovta ekani ko‘rinib turardi.
— Ha… Klubga "Demonlar" hujum qilgan. Egasini hali topisha olmayapti. Balki uni o‘ldirib ketishgandir. Lekin hozir bu Yudjinga nima bo‘lganichalik muhim emas. Shifokor menga shaxsan aytdiki, uni bu yerga olib kelishganda o‘lim holatida bo‘lgan, — bu gapdan so‘ng Chonguk ishongisi kelmay, qotib qoldi.
— Qanaqasiga o‘lim holatida? — pichirladi u nafasini ichiga yutib.
— Nima bo‘lganini o‘zim ham tushunmayapman, lekin bunga kimdir juda kuchli odam aralashgani aniq. Chonguk, u portlash paytida derazadan uchib ketgan va deyarli parchalanib o‘lishi kerak edi. U halok bo‘lishi mumkin edi, lekin qanday qilib tirik qolganiga aqlim yetmayapti, — erkak o’rindiqqa o‘tirdi-da, ko‘zoynagini yechib, charchagan ko‘zlarini ishqaladi.
— Balki... bu Yungi bo‘lgandir? — taxmin qildi Chonguk, garchi o‘zi ham bu fikr xom ekanini tushunsa-da. Yungiga Yudjinni qutqarishning nima keragi bor? Ustiga-ustak, u xohlasa ham buni qilolmasdi.
— Yo‘q, u bo‘lishi mumkin emas, — davom etdi Chon.
— Hammasi juda g‘alati. Lekin... nima bo‘lganda ham, o‘sha "kimdir" uni qutqarib qoldi. Biz esa bu kimligini aniqlashimiz shart.
Palata eshigi ortida turgan va hamma gapni eshitgan Yudjin shok holatidan chiqolmasdi. U o‘layotganmidi? Undan nimalarni yashirishyapti o‘zi?!
— Men bilan nima sodir bo‘ldi...
[Oradan bir necha kun o‘tgach]
— Ehtiyot bo‘l, — Chonguk Yudjinning mashinadan tushishiga yordam berdi, baquvvat qo‘riqchilar esa qizning buyumlarini uyga tashidilar. — Hammasi joyidami? — Guk Yudjinning hali ham oqarib turgan yuziga sinchiklab qaradi.
— Yo‘q, joyida emas, — dedi u arazlagan ohangda. — Sen ketyabsan, dadam bo‘lsa kech qaytadi. Seningcha, men bu yerda yolg‘iz nima qilishim kerak, mmm? — u go‘dakdek chimirilib oldi. Chonguk bu holatni ko‘rib, beixtiyor jilmaydi.
— Bo‘ldi-da, kichkintoyim xafa bo‘lma. O‘zingga ko‘pikli vanna tayyorla-da, mazza qilib dam ol, — yigit qizning sochlarini muloyimlik bilan siladi, ammo Yudjin arazchi rolini o‘ynashda davom etdi.
— Yo‘q, yonimda qolishingni xohlayman, — qoshlarini jiddiy chimirdi u.
— Muncha o‘jar bo‘lmasang, — oxiri xo‘rsinib qo‘ydi yigit.
U tushunardi: qiz hali ham Chonguk o‘sha o‘n sakkiz yashar, u bilan bitta uyda yashaydigan bola emasligiga ko‘nikolmayotgan edi. Endi uning o‘z uyi bor edi, biroq qizni hozirgi holatida yolg‘iz tashlab ketolmasdi ham. Rostdan ham, janob Chxve qachon qaytishini kim biladi deysiz.
— Mayli, qolaman, — rozi bo‘ldi yigit va Yudjinning chehrasi darrov yorishib ketdi.
— Lekin evaziga menga mazali biror narsa qilib berishing kerak, — qo‘shib qo‘ydi Chon.
— Hozir muhayyo qilaman Guki! — qiz sho‘xlik bilan kulib, uyga qarab yugurdi. Chonguk uning ortidan qarab, kulib qo‘ydi.
— Eh, zarracha ham o‘zgarmabdi...
Chonguk uning ortidan yurmoqchi edi, kutilmaganda telefoniga xabar keldi va u to‘xtashga majbur bo‘ldi.
📱"Ular pistirma qurishibdi. Beshta odamimizdan ayrildik. Bazada keraksan."
Bu Yungidan kelgan xabar edi. Buni o‘qishi bilan Chongukning kayfiyati nolga tushib ketdi.
📱"Bugun borolmayman. Yudjinga qarab turishim kerak. Prezidentga xabar berdingmi?"
📱"Ha. U allaqachon shu yerda. Chonguk, tantiq qizlar bilan o‘tirgandan ko‘ra, ish bilan shug‘ullansang yaxshi bo‘lardi..."
Chon bu gapga javob bermaslikka qaror qildi, chunki Yungining hozir ham kayfiyati yomonligini bilardi.
— Qayerda qolding? — plita atrofida aylanib, dahlizga qaradim, u yerda Chonguk poyabzalini yechayotgan edi.
— Kechir, chalg‘ib qoldim. Nima muncha mazali hid taralyapti? Nahotki sen ovqat pishiryapsan? — oshxonaga kirib, yigit baland stulga o‘tirdi.
— Albatta-da. Pishira olaman aslida, — professionallardek aqlli qiyofa bilan likopchani uning oldiga qo‘ydim.
— Hm, ishtahani ochar darajada ko‘rinyapti, — u ovqatlanishga kirishdi. — Mmm, mazali, — deb u tezroq yeyishni boshladi.
— Aha, — mamnun jilmayib, uning ro‘parasiga o‘tirdim va iyagimni qo‘llarimga tirab, unga tikilib qoldim.
— Kel, bugun kino ko‘ramiz? Kecha noutbukimga bir dunyo doramalar yuklab olgandim, birortasini tanlaymiz, — o‘tirdim deganimcha hayajon bilan qimirlab qo‘ydim, Chon esa kulimsiradi.
Kutilmaganda eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi, bu bizni bir oz hayron qoldirdi.
— Birortasini kutayotganmiding? — so‘radi Guk.
— Mayli, o‘zim ochaman, — o‘rnimdan turdim.
— To‘xta, men ham sen bilan, — u ortimdan shoshildi, lekin men allaqachon eshikni ochib bo‘lgandim. Ostonada Bomi turardi. Meni ko‘rishi bilan o‘zini quchog‘imga otdi.
— Xudoyim, Yudjin! Seni qaytib ko‘rmayman deb o‘ylagandim!
— Omo, omo, muncha mehr-muhabbat, — asabiy qiqırlab qo‘ydim va qiz mendan uzoqlashdi.
— Kechir, shunchaki rostdan ham boshqa ko‘rishmasak kerak deb qo‘rqqandim...
— Hozircha o‘lish niyatim yo‘q, — yana kulib yubordim.
— Seni ko‘rganimdan xursandman.
— Men ham. O, salom, — Bomi Gukka qarab qo‘l silkidi va iymanibgina jilmaydi.
— Salom, — deb past ovozda javob berdi Guk ko‘zini dugonamdan uzmay. Bu qarash Bomini sezilarli darajada xijolatga solardi. Noqulaylikni his qilib, dugonamning qo‘lidan tutdim-da, yuqoriga sudrab ketdim. Ketishda Gukka pishirgan ovqatimni oxirigacha yeb qo‘yishni tayinlashga ham ulgurdim.
— Ha, hammasi daxshatli bo‘ldi. Shuncha odam jabrlandi, — krovatimda chipslarni qirsillatib chaynayotgancha gapirar edi Bomi.
— Sen-chi? — men kresloyimda aylanardim.
— Men omadliman. Vaqtida juftakni rostlashga ulgurdim. Sen bo‘lsang... — u shartta o‘rnidan turib menga barmoq o‘qtaldi. — Nega men bilan ketmading?! Va’da berganding-ku! Qanchalik xavotir olganimni bilasanmi?! Seni o‘sha vayronalar ostida qolib ketdi deb o‘yladim. Keyin esa... Kasalxonadaligingni aytishganida yuragim to‘xtab qolayozdi, — u kaftini ko‘ksiga qo‘yib xo‘rsinib qo‘ydi. — Lekin u yerga borolmasdim, senga qo‘ng‘iroq qilishning ham iloji bo‘lmadi, — g‘amgin qiyofada chips yeyishda davom etdi u.
— Uyimni qanday topding? — nim tabassum bilan so‘radim.
— Meni qo‘lga tushirib olishlari mumkin bo‘lgan murakkab va xavfli surishtiruvlar natijasida, — qoshlarimni chimirib unga qaradim. — Direktor xonasidan maktab anketangni o‘g‘irladim, — dedi Bomi va ikkalamiz ham baralla kulib yubordik.
— E, qoyil... Atigi ikki kundan beri tanishmiz-u, sen men uchun shuncha ish qilibsan-a!
— Shunchaki sen menga juda yaqin tuyulding... Go‘yo qadrdonlardekmiz! — ishtiyoq bilan tushuntirdi dugonam.
— Aha-ha, rostdanmi? Bo‘ldi, endi biz bir umrlik dugonamiz.
— Albatta! Qani, "besh" tashla! — u qo‘lini ko‘tardi, men esa ataylab adashtirib urdim-da, ayyorona kulib krovatga yiqildim. — Voy, mitti yaramas-ey! Kel buyoqqa! Hozir seni qitiqlayman!
Yarim soatlik kulgi va sho‘xliklardan so‘ng dugonamni eshikkacha kuzatib qo‘ydim. U bilan xayrlashib ichkariga kirsam, ostonada Chonguk turibdi.
— Voy tavba, odamni muncha qo‘rqitmasang, — seskanib ketdim.
— U sinfdoshingmi? — so‘radi Chonguk, yana shubha bilan ko‘zlarini qisib. Oxirgi paytlarda o‘zini g‘alati tutyapti.
— Nimaga edi? — men ham ko‘zlarimni qisib so‘radim.
— Shunchaki... Hech narsa. Yur, kino ko‘ramiz.
Men televizorda kerakli filmni yoqqunimcha, Chonguk issiq adyol va turli shirinliklarni ko‘tarib keldi. Keyingi ikki soat davomida biz ularni mazza qilib yedik.
— Dadam tezda qaytadimi? — popkorn chaynab so‘radim kino boshlanishidan oldin.
— Katta ehtimol bilan yo‘q. Kechgacha ishlaydi, keyin esa mehmonxonada tunab qoladi, — yonimga o‘tirib, qo‘limdagi idishni olib qo‘yarkan javob berdi Chon.
— Doimgidek, — Guk bu gapdan keyin kayfiyatim tushib ketganini sezdi va yupatgandek bag‘riga bosdi.
— Xafa bo‘lma, Djin-a. Men shu yerdaman-ku.
— Bugun uning ham biz bilan bo‘lishini, xuddi ilgaridek "Uyda yolg‘iz" filmini birga ko‘rishimizni xohlagandim, — boshimni egib g‘o‘ldiradim.
Chonguk xo‘rsinib, qo‘lini yelkamdan oldi.
— Yudjin, senga bir gapni aytishim kerak, — u shunday jiddiy ohangda gap boshladiki, hatto sergak tortdim.
— Iltimos, boshqa hech qachon meni aldamagin va qayerlargadir sarguzasht qidirib uydan qochib ketma. Seul sen o‘ylaganchalik beozor shahar emas, — u so‘zlarining mag‘zini chaqishimni xohlab, ko‘zlarimga tikilib qaradi. Men shunchaki bosh silkidim.
— Kechir, hammasi bunday tus olishini o‘ylamagandim.
— Mayli, tushungan bo‘lsang bo‘ldi. Endi esa kel, kino ko‘ramiz, — Guk pultni olib kerakli kanalni yoqarkan, darrov quvnoqlashdi. Uning kayfiyati bunchalik tez o‘zgarishiga doim hayron qolardim.
Film yakunlandi. Chonguk charchagan ko‘yi kerishib, bo‘shagan popkorn idishini chetga surib qo‘ydi va yelkasida uxlab qolgan Yudjinga qaradi.
— Naqadar uyquchisana …— jilmayib qo‘ydi u va qizni chaqqonlik bilan ko‘tarib, yuqoriga — xonasiga olib chiqdi. Uni karavotga yotqizib, tungi chiroqni o‘chirdi. Xona zulmatga g‘arq bo‘ldi.
Badanim bo‘ylab yugurgan g‘alati va o‘ta yoqimsiz sovuqlikdan uyg‘onib ketdim. Bu sovuq meni junjitib yubordi; qo‘llarim bilan krovatdan adyol qidira boshladim, lekin u yo‘q edi. Ko‘zlarimni ochib, atrofga alangladim.
— Endi tushunarli, — dedim uyqusirab. Deraza lang ochiq qolgan, xonaga sovuq shamol yopirilib kirayotgan edi. Zo‘rg‘a o‘rnimdan turib, derazani yopdim va pardani to‘g‘rilab qo‘ydim.
To‘satdan ortimda poldagi taxtalarning g‘ichirlaganini eshitdim. Juda kech bo‘lgan, dadam ham uyda yo‘q, Chonguk esa allaqachon uxlab qolgan — u tunda xonamga kirib kelishi mumkin emasdi. Yana o‘sha sovuqlik vujudim bo‘ylab o‘tib, ko‘krak qafasimda to‘xtadi va yuragimni bir zumga urishdan qoldirdi. Hozir butun borlig‘im bilan ortimda xavfli bir narsa turganini his qilyapman. Balki bu shunchaki tushdir?
Oyoq uchida sekin ortimga o‘girildim-u, qarshimda tun kabi qora sharpani ko‘rib, qotib qoldim.
— Salom, qo‘g‘irchog’im— etni junjiktiradigan xirildoq bas ovoz yangradi va shu zahoti zulmat orasidan bir yigit chiqib keldi. U baland bo‘yli, kelishgan va juda chiroyli edi. Qalin sariq sochlar, katta va ma’noli ko‘zlar, to‘laqonli lablar... To‘xta, to‘xta! Xonamda qayerdandir paydo bo‘lgan qaysidir nusxaning tashqi ko‘rinishiga nega bunchalik mahliyo bo‘lib turibman o‘zi?!
— Siz kimsiz? Xonamda nima qilyabsiz?! Hozir baqiraman! — vahima boshlandi. Balki shu bilan bu manyakni qo‘rqitarman?
— Baqirolmaysan, — dedi notanish kishi to‘la ishonch bilan menga tobora yaqinlashib. — Axir haqiqatni bilishni xohlaysan-ku, shunday emasmi? Shunday ekan, o‘zingni yaxshi tut, — u shunchalik past ovozda gapirardiki, baribir badanimga titroq kirdi. Yo‘q, u aniq manyak. Undan qutilishim kerak.
— Yo... yordam... — hatto baqirishga ulgurmadim, yigit bir soniya ichida meni devorga itarib yubordi va kafti bilan og‘zimni yopdi.
— Yomon qizcha, — uning ovozi darrov o‘zgardi va men bu harakatim bilan uni izdan chiqarganimni tushundim. U g‘azablana boshladi. Bo‘ldi, endi aniq tuzoqqa tushdim. Xayr, Chonguk, xayr, dada. Ertalab meni o‘z krovatimda, qon daryosi ichida, boshim uzilgan holda topasizlar. Ajoyib, Seulga kelib aynan shuni kutgan edim!
— Sen... meni o‘ldirasanmi? — yigitning kafti ortidan g‘o‘ldiradim, lekin u hammasini eshitdi va jilmaydi.
— Nega? Axir bir marta joningni qutqargan bo‘lsam? — mana shu gapdan keyin haqiqatan ham karaxt bo‘lib qoldim. Qutqargan? U meni qachon qutqargan edi? To‘xta... Sarosimaga tushgan nigohim uning ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Sarg‘ish sochli yigit meni hamon devorga qisib turar, qo‘yib yuborishni xayoliga ham keltirmasdi. Bir qo‘li belimda, ikkinchisi og‘zimda.
— Q... qanday ma’noda qutqargan? — tushunolmay ko‘zlarimni pirpiratdim, notanish kishining jozibali yuz chizgilarini ko‘zdan kechirarkanman.
— To‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’noda, — u jumboqli javob berdi. Meni shunday dovdiratib qo‘yish unga zavq bag‘ishlayotgani ko‘rinib turardi.
— A-a-a, — asabiy kulgancha qo‘l siltadim. — Hammasi tushunarli. Bu shunchaki tush. Menga daxshatli tush ko‘rinyapti, ha, tushundim, — kravatimga qarab qo‘yib, yana asabiy jilmaydim. — Aytishlaricha, tushda ko‘zingni yumsang, darrov uyg‘onib ketarmishsan.
Ko‘zlarimni yumib, bir daqiqa kutdim. Atrofda sukunat, men hamon yonimda o‘sha manyakni his qilyapman, uyg‘onishdan esa darak yo‘q. Ko‘zlarimni ochib, uni yana ko‘rdim. U nigohini mendan uzmay, jilmayib turardi.
— Qiziq ekansan-ku, — u yana bir bor kulib qo‘ydi.
— Adjossi... Mendan nima xohlaysiz, a? — deb qo‘rqib so‘radim. Yigit esa kutilmaganda qo‘limdan ushlab, xonaning chetidagi katta ko‘zgu yoniga sudrab ketdi. Ortimda turib, qo‘llarini yelkamga qo‘ydi. Shunday qilib, men ham o‘zimning, ham uning aksini ko‘rib turardim.
— Mana, diqqat bilan qara, qo’g’irchog’im, — u ehtiyotkorlik bilan sochlarimni chetga surib, bo‘ynimni ochdi. Negadir xayolimga darrov vampirlar haqidagi o‘ylar keldi. Nahotki tishlasa?! Ammo yo‘q, unday bo‘lmadi. Men shunchaki unga tikilib turardim, ortimdagi sariq sochli yigit esa mamnuniyat bilan terimni ko‘zdan kechirib, ushlab ko‘rardi. Bu holat, yumshoq qilib aytganda, juda g‘alati ko‘rinardi.
— N-nima... Nima qilyapsiz? — Men qo‘rquvdan qaltirar, bu dahshatli tushdan tezroq uyg‘onishni istardim. Ammo har soniya o‘tgan sayin bu tush emasligini, hammasi haqiqat ekanini anglab yetayotgan edim. Bu shunchaki tushdan ko‘ra realroq edi.
— Avval xotirangni tiklaymiz, — gapimni e’tiborsiz qoldirib, u ikki barmog‘i bilan chakkamga tegdi.
Boshimda minglab, balki millionlab fikrlar quyunday aylana boshladi, ular orasidan ilgari menga notanish bo‘lganlarini ilg‘ab olardim. O‘sha tunda klubda sodir bo‘lgan barcha voqealar bir zumda xotiramda jonlandi. Endi Chonguk va dadamning kasalxonadagi suhbatlari nima haqida bo‘lganini tushundim. Menga nima bo‘lyapti o‘zi?!
Notanish kishi tanamdagi yangi titroq to‘lqinini his qildi, chunki u juda yaqin turar, hatto ko‘kragi bilan orqamga tegib turardi. U yana jilmaydi va qulog‘imga yaqinlashib, past ovozda pichirladi:
— Qo‘rqishga hojat yo‘q, qo’g’irchog’im. Endi bu sening o‘zliging, — uning bu gapidan so‘ng orqamdan sovuq ter chiqdi, oyoqlarim darmonsizlanib qoldi. — Va buni senga men berdim, — u biroz ortga chekinib, ko‘zgudagi aksimga xuddi o‘zining san’at asariga qaragandek tikildi.
Men-chi? Men hamon karaxt holda nima bo‘layotganini tushunishga urinardim.
— Qara, mana u, — bir ozdan so‘ng yigit ko‘zini bo‘ynimdan uzmay gapirdi.
Bo‘ynimda har soniyada g‘alati, bo‘rtib chiqqan qora tomirlar paydo bo‘la boshlagandi.
— Bu nima? — Men barmoq uchlari bilan terimga tegdim, so‘ng nigohimni yuzimga qaratdim-u, shokdan qotib qoldim. — K-ko‘zlarim...
— Sen naqadar go‘zalsan, — yigit yalong‘och yelkalarimni silab, bu manzaradan zavqlangan ko‘yi pichirladi.
Ko‘zlarim... butunlay qop-qora bo‘lib qolgandi. Xuddi “Demon”larnikidek.