SHODIQUL HAMROning "HOVLIDAGI DARAXT"I
Shahrisabz desa, yuragim bir qalqib tushadi. Donishmand adibimiz Nurali Qobulning aytishlaricha, biz hammamiz Vatanning parchalari ekanmiz, kun kelib, tuproq bizni bag'riga olganida Vatanga aylanar ekanmiz.
Shahrisabz ijodkorlar yurti desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bir oycha muqaddam taniqli ijodkor Laziz Rahmatovning taklifi bilan "Telegram" ijtimoiy tarmog'ining "Keshlik ijodkorlar" guruhiga a'zo bo'ldim. Tug'ilgan oshyonimda ijodkorlar ancha-muncha borligini bilar edim, biroq yuzga yaqin ekanligidan hayratga tushdim. Bu hali hammasi emas ekan. Ko'pchiliklarini siz ham taniysiz: ijodi sokin daryodek mavjlanib yotgan yozuvchi Ne'mat Arslon, hayot, muhabbat, ko'hna Kesh kuychisi, oliyjanob inson Amirqul Karim, dilbar shoiralar Sanobar Faxriddinova, Gulbahor Jumayeva, Mohiniso Kamolova... eh-hey, yana qancha ustozlar, yoshlar bor.
"Yoshlik" jurnali yoshligimizga fayz bergan, ko'rk bergan, orziqib kutganimiz bir jurnal bo'lgan. Shoir Amirqul Karim nomini ilk kez u tanitdi bizga. O'tgan asrning saksoninchi yillari hamon yodimda. She'rlaridan bir misra yod bilmagan tengdoshlarimiz ham Shahrisabzdan chiqqan katta shoir, deb bilardilar uni.
O'sha davr "Yoshlik" jurnali yana bir katta yozuvchi Shodiqul Hamroni ham tanitgan edi. Bugungi sahifamiz orqali uning asarlarini o'quvchilarimizga tavsiya etamiz. Adibning "Suratdagi ayol", "Karvon qo'ng'irog'i", "Qora kun", "Qaqnus qanotidagi umr" kabi hikoya va qissalar toʻplamlari nashr qilingan. Avvaliga yosh yozuvchining shahrisabzlik ekanligi qiziqtirgan. Keyinchalik hikoyalarini qidirib topib, o'qiydigan bo'ldik. Eng muhimi, bugun qilayotgan kasbim aynan ularga havas qilib, ergashib tanlangan. Va men taqdirimga aylangan bu kasbimdan mamnunman.
Sevgi qissalari hech kimni beparvo qoldirmasa kerak. Ayniqsa, yoshlikda sevgi qissalari favqulodda bir tashnalik bilan o'qiladi. Tanish tuyg'ular, qalbingizga yaqin, nozik kechinmalar... xuddi siz haqingizda yozilgandek, sizni tasvirlayotgandek.
Qachonlardir insonlar bir- birlariga xatlar yozardi. Ko'ngil izhorlarini oppoq qog'ozlarga to'kishardi. Bugungidek uzuq-yuluq "smska"lar emas, ko'ngillarga ajib harorat baxsh etadigan, intiq kutiladigan xatlar bo'lar edi. Xatlardagi izhori dillar sodda bo'lgandir, ammo bugungidek jo'n bo'lmagan.
Xatlar haqida qanchalik to'lib-toshib yozsam ham, uning qiymatini bugungi kun o'quvchilariga anglatolmasam kerak. Bunga mukammal javobni adib Shodiqul Hamroning "Muazzam" qissasidagi quyidagi parchada aniq-tiniq ko'rishingiz mumkin.
O'qiymiz: "...bu senga to'rt yil davomida yozgan xatlarim edi...
O, sen bu xatlarni xuddi muqaddas tumor yanglig' shunchalik ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylab saqlagan edingki, ular xuddi hozirgina yozilgandek, bus-butun, rangi ham sarg'ayib ketmagan edi. Men butkul o'zimni yo'qotgancha, uy oʻrtasida o'tirib, xatlarga tikilarkanman, tuyqus aqldan ozib, savdoyi bo'lib qolgan kimsadek, qah-qah urib, kulib yubordim, kulib turib yig'ladim, yig'lab turib kuldim...
Men baribir sening aqlli, oqila va dono, favqulodda jur'atli va qat'iyatli ekanligingni o'ylab turib, beixtiyor hayratga tushaman.
O'shanda yuragingga qattiq ozor yetgan, qadr-qimmating ayovsiz toptalganidan ko'zingga dunyo qorong'i koʻringan, vujudingni alam-u iztirob o'ti yondirayotgan bo'lsa-da, sen o'ta bosiqlik bilan ish tutgan, haqorat-u dashnomlarimga aynan shunday javob berishni o'zingga ep bilmagan, aksincha, uzoq yillar yuraging qatida asrab-avaylab yurgan, najotkor tumordek muqaddas, deb bilgan xatlarimni qaytarib bera turib, go'yoki yuzimga bir shapaloq tortib yuborgan eding.
Hozir ham bu haqida o'ylasam, yuragim xuddi to'xtab qolgandek, sen bu xatlar bilan birga qalbingdan meni ham xuddi eski buyumdek supurib tashlagan eding...
Yo'q, yo'q, sen xatlarimni qaytarib bera turib, qanchalik ojiz, notavon va noshud ekanimni, sening pok-pokiza mehr- muhabbating, yuragingning nozik talpinishi, koʻzlaring quvonchiga arzimasligimni daf'atan anglatib qo'ygan eding".
Bularni o'qib, xatlar haqida yana qo'shimcha qilish ortiqchadir.
Muazzam ismli qiz bor. Yo'q, u xatlarni qaytarib bergan qiz emas, butunlay boshqa qiz. Deyarli hamma chetlab o'tishga harakat qiladigan oilaning qizi. Shunday oilaning qizini sevib qolish mumkinmi?! Qarang, bor ekan sevib qoladigan, hech narsaga qaramasdan sevadigan, sohib chiqadigan, kerakli ekanligini his ettiradigan insonlar ham bo'lar ekan.
Aziz o'quvchilarimiz biladilarki, sahifamizda hech qachon asar mazmuni haqida to'xtalmaymiz. Bu safar ham odatimizni tark etish niyatimiz yo'q. "Muazzam" qissasi oddiy insonlarning yuksak tuyg'ularidan hikoya qiladi. Sizni o'yga toldiradigan, o'zingizga nazar soldiradigan asar. Men- chi, men shunday og'ir qarorni qabul qila olarmidim, degan savol tug'ilishi tabiiy.
"Muazzam"dan o'qiymiz: "...yorining ishqida kuyib-kuyib, oxir-oqibat savdoyi bo'lib qolgan oshiqlar haqida eshitganman. Bilasizmi, bu savdoyilikning davosi mehr-muhabbat ekan. Hatto hayvonlarga ham mehringizni bersangiz, erkalab boshini silasangiz, ular ham buni sezmay qolmaydi, oyoqlaringizga suykalanib, sizga ham mehr ko'rsatadi, o'zining minnatdorligini bildiradi".
Nazarimda, shu parchada hamma gap aytilgandek. Adibning "Qaqnus qanotidagi umr" qissasi xuddi ko'hna qo'shiq kabi boshlanadi. Huzur bilan tinglayotganingizda to'satdan sizni hushyor torttiradi, ba'zan seskantiradi. Unutilgan nimanidir qidirayotgan go'dak... Unutilgan narsalar kammi?! O'qib ko'ring, anglaysiz. Anglamasangiz, adibning o'zi ko'makka keladi qissa so'ngida.
Yozuvchining "Hovlidagi daraxt" hikoyasini yoqtiraman. Chunki men daraxtlarni yaxshi ko'raman. Ular olam ichra yana bir olam bo'lganligi uchun, hayot ramzi bo'lganligi, odamlarga juda o'xshashligi uchun qadrlayman.
O'qiymiz: "Eshakaravaday imillab ketayotgan eski poyezdning old vagonlaridan biri jazo muddatini o'tab qaytayotgan mahbuslar bilan to'la edi. Vagonda shunday bir g'ayritabiiy jimlik cho'kkan ediki, ular bir-biri bilan past ovozda shivirlashib gaplashishar, koʻplari esa derazadan tashqariga qaragancha chuqur xayolga cho'mib borishar edi. Vagonning oldingi tomonida soch-soqoli o'sib ketgan, gavdali bir mahbus o'ng tirsagini deraza raxiga qo'yib, tashqaridan ko'z uzmay borardi.
...Oynadan boshini yelkasigacha chiqarib, oldinga qaradi, chamasi, besh yuz metrlar narida shundoq temir yo'l labida nimadir qorayib ko'ringanday bo'ldi. Nihoyat o'sha narsa aniq-tiniq ko'rindi: u yaqinda qiyg'os barg yozgan daraxt ekan... "Og'aynilar, yashillik! Oldinda qiyg'os barg yozgan daraxt", deya u oʻzini eshikka urdi.
Bir zumda vagon to's- to'polon bo'lib ketdi, hayqiriqdan jonlangan kishilar bir- birlarini itarib-turtib, shovqin ko'targancha eshik tomonga otilishdi... Poyezd yo'l bo'yidagi daraxt qarshisidan o'tishiga o'n-yigirma metrlar qolganda boya daraxtni birinchi bo'lib koʻrgan kishi oʻzini poyezddan yerga tashladi, uning ortidan qolganlar... Ular Xizrga yoʻliqqanday, daraxt shoxlariga osilishar, uzoq qamoq yillarida dillarida tugib yurgan eng ezgu so'zlarini aytishib, daraxt barglarini ko'zlariga tavob aylashar, yuzlariga ko'zlaridan tinimsiz oqayotgan shukronalik yoshiga yuvishar edi..."
Bor-yo'g'i bir daraxt. Ularni yig'latgan daraxt. Unda nima sir bor edi? Ularni tushungandek bo'laman. Bir necha yil avval issiq yoz kunlari Qoraqalpog'istonga ilk kez xizmat safari yodimga tushdi. Nukus shahrida bo'ldik. Bu yerda ko'p narsalar Toshkentdagidan farq qilar edi. Ayniqsa, daraxtlar. Chinorlar yaprog'i... ular kichik va siyrak ko'rindi. Toshkentga avtobusda qaytdik. Yo'l qum ichidan o'tar ekan. Qum, qum... Birorta tikkaygan daraxt tugul buta ham ko'rinmaydi. Bu meni juda charchatdi. Bunday manzaraga ko'nikmagan edim, ko'rmagan edim. Samarqand viloyatiga kirish yoki chiqish joyiga e'tibor berganmisiz? Avtobus shu yerga kelganida ko'zlarim charaqlab ochilib ketdi. Jarlikka o'xshagan joyda bog' shovullab yotibdi... Ich-ichimdan sevinib ketdim.
Shuncha o'tib-qaytgan bo'lsam-da, avvallari hech e'tibor bermagan ekanman. Ko'zimga shunchalar sog'inchli, qadrli ko'rindiki, ta'rifiga so'z topa olmayman. Keyinchalik ham shu yerdan oʻtib- qaytganimda ko'ksimda hayajon bilan o'sha bog' daraxtlarini ko'zim bilan suyib-erkalab oʻtar edim. Hozir... o'sha daraxtlar kesilib ketgan. Afsus...
"Hovlidagi daraxt" hikoyasini o'qib ko'ring, sizga ham yoqadi, ishonaman. Daraxtlar tom ma'noda mo'jizadirlar. Hikoyada ham bu holat juda go'zal bayon qilingan.
Shodiqul Hamro asarlarini o'qigandirsiz, sizga begona emasdir. Shunday bo'lsa ham, o'quvchilarimizga bir eslatgim keldi. Asl asarlarni topish, tanlash ham unchalik oson emas. Biz esa sizga bu borada eng yaxshi yordamchi bo'lishga intilamiz.