Inobat Ibrohimova. OʻLIM BILAN QOʻL USHLASHIB YASHASН QISSASI
Keling, kitob oʻqiymiz
Yana kitoblar sotib ola boshladim. Azbaroyi moddiy ahvolim yaxshilanib ketganidan emas, albatta. Shunchaki kitoblarsiz yashay olmasligimni, ularsiz hayotim rangsizlanib qolishini angladim.
Poytaxtdagi “Navroʻz” bozoriga kirishda joylashgan “Nur” kitoblar doʻkonini yoqtiraman. Aslida, bu yerda kitob doʻkonlarida boʻlishi kerak boʻlgan shinamlik, bemalol oʻtirib, kitob varaqlaydigan oddiygina sharoit ham yoʻq. Ammo kitoblarga chalgʻiysiz-da, buni eʼtibordan qochirasiz. Doʻkonda qarama-qarshi turgan ikki javon bir-biriga boqib turgan ikki olamga oʻxshaydi. Birida diniy adabiyotlar, ikkinchisida dunyo adabiyoti. Ikkisining ham xaridori oʻziga yarasha.
Pol Kalanitining “Soʻnggi nafas havoga qorishmasdan” asarini shu yerdan sotib oldim. Kitob shunchalar koʻzga yaqinki, ixtiyorsiz qoʻl uzatganingizni sezmay qolasiz. Muqovasi bir sirli, oydinlik, qorongʻilik, qorongʻilik ichidagi oydinliklar... Asar mazmun-mohiyati muqovada aks etibdi. Noyob holat. Eng tepasida “2017 PULITSER MUKOFOTI FINALCHISI” degan yozuv ham diqqatimni tortdi.
Avvaliga gʻamgin kitob ekan, bekor oldimmi, deb oʻyladim. Chunki shusiz ham hayotda gʻam koʻp. Biroq, oʻqiganim sari u meni oʻz olamiga tortib ketayotganini sezmay ham qoldim. Oʻqiyapman-u, xotiralar ham yopirilib kelyapti: tanish tuygʻular, tanish dardlar...
“...Shahar onkologiyasi. Turnaqator navbat. Shifokor qabuli. “Opa, siz chiqib turing, doʻxtirdan qogʻozlarni oʻzim olib chiqaman”. Opam boladek gapimga koʻnib, tashqariga chiqadi. Umid bilan shifokor ayolga termilaman. U bizdaqalarni koʻraverib, nainki koʻzi, qalbi ham qattiqlashib ketgan. “Rak...”. Tashxisni eshitib qalqib ketdim, koʻzimdan duvillab yosh oqdi. Koʻzyoshimni harchand ichimga yutishga harakat qilaman, “buni opamga qanday aytaman, qumridek beozor, bor turishi shafqat boʻlgan opam bu xabardan qanday holga tushar ekan, nega aynan opam?” degan savollar qarshisida yigʻini tutib turish ogʻir edi. Bir amallab oʻzimni bosib oldim. Yuraging yigʻlab, yuzingda kulgu bilan sevgan insoning qarshisida turishdek azob yoʻq... Shundan keyin bir yil oʻtar-oʻtmas opam vafot etdi”.
Soʻnggi kunlarda oʻqiganim eng yaxshi asar. Oʻzingni anglashga, tahlil qilishga undaydigan asar. Bu kitob anglaganlar uchun bir ibrat ekan! Inson insonga kerakligi, inson hamisha sevgiga, mehrga muhtojligi, fidokorlik, oqibat haqida yozilgan haqqoniy asar, bu!
Insonga koʻtara olgani qadar dard beriladi, deyishadi. Yoʻq, ayrim dardlarga bir insonning bardoshi yetmaydi. Yigʻlaysan, atrofingdagi seni sevganlar bilan ovunasan. Oʻlim. Unga chora yoʻq. Oʻlim haq. Ammo oʻlimgacha qisqadir, koʻpdir vaqt bor. Bu tiriklik. Sermazmun kechgan lahzalar, sanoqli kunlar...
Pol Kalantini degan mohir neyrojarroh bor edi. Professor boʻlish arafasida edi. Mansab-martaba, ilmiy unvonlar, sevimli ayoli, ota-onasi, jigarlari qurshovida bir goʻzal istiqbol sari boʻylaganida oʻpka saratoni, oxirgi bosqich...
Ogʻir edi. Shunda ham najot beruvchi operatsiyalar oʻtkazdi. Ota boʻldi. Sheʼriyatni sevardi, adabiyotni sevardi, yozuvchi boʻlishni orzu qilgandi. U oʻlim bilan yuzlashgan onlari haqida kitob yozib, uni “Soʻnggi nafas havoga qorishmasdan” deb nomladi.
Muqovada shunday yozilgan: “Soʻnggi nafasingizni olmaguningizcha harakatdan toʻxtamang!”
Shu yerda soʻz aytishdan chekinaman va kitobdan parchalar keltiraman.
SOʻZBOSHI
“Marhamat, oʻtirib oling va oʻzingizni mutolaaga hozirlang. Haqiqiy jasorat nima ekanini koʻring. Odam oʻzini bu tarzda namoyon qilishi uchun qanday yurak kerakligiga guvoh boʻling. Eng muhimi, insonning oʻlimdan keyin ham yashashi nimani anglatishini, soʻzlari bilan boshqalarning hayotiga qanday taʼsir etishi mumkinligini koʻring. Ekranga mixlanib qolayotganimiz, qoʻlimizdagi toʻrtburchak matohlardan koʻz uza olmayotganimiz, bugun boshdan kechirganlarimizni ertaga unutib qoʻyayotganimiz, sinxron aloqadan uzilganimiz bu dunyoda, iltimos, bir zumgina toʻxtab, nafas oling! Va hayot bilan barvaqt vidolashgan boʻlsa-da, xotirasi aslo qarimaydigan bu navqiron hamkasbimning soʻzlariga quloq tuting. Uni tinglang!”
Abraham VERGEZI
“Tibbiyotdan anglaganim yagona narsa mahrumiyat edi, ayniqsa, otadan mahrumlik... Chunki men ota mehridan bebahra boʻlib oʻsgandim. Otam tong yorishmasidan ishga ketar, allamahalda uyga qaytardi. Kechki taom ham har doim isitilib oldiga qoʻyilardi.
Men bilgan yagona narsa shu edi: tibbiyot degan narsaning badali shu boʻlsa, u juda ham ogʻir badaldir!”
“Kechalari onamning koʻz yoshlari sel boʻlib oqar, yotogʻida bir oʻzi yigʻlab tong ottirardi. Maktab taʼlimining sifatsizligi tufayli farzandlarining koʻrsavod boʻlib qolishidan qoʻrqqani uchun qayerdandir “universitetga tayyorgarlik koʻrish uchun oʻqish kerak boʻlgan adabiyotlar roʻyxati” degan narsani topib kelibdi. Hindistonda psixologiyadan taʼlim olgan, yigirma uch yoshida turmushga chiqqan va begona yurtda tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, uch nafar bolani voyaga yetkazayotgan bu ayol roʻyxatdagi kitoblarning aksarini, aslida, oʻzi ham oʻqimagan edi. Biroq farzandlarining birovdan kam boʻlmasligi uchun qoʻlidan nima kelsa, barini qilishga tayyor edi.
Farzandlarining yaxshi taʼlim olishi uchun oʻlib tirilayotgan onam... yuz kilometr yoʻl bosib oʻtib, bizni eng yaqinimizdagi yirik shahar Las-Vegasga olib borib keldi. Maktab maʼmuriyatining yigʻilishlarida qatnashib, oʻqituvchilarga qarshi chiqib, oʻquv rejasiga “universitetga tayyorgarlik” kurslari kiritilishni talab qildi. Onam chindan ham ajoyib ayol edi. Kingmandagi taʼlim tizimini oʻnglashga qaror qildi va buni uddalay oldi. Litseyimizning ufqi birdaniga kengayib, shahrimizni oʻrab turgan ikki togʻ orasidan tashqariga toshib chiqdi – ufq endi bu togʻlar bilan cheklanib qolmagandi”.
“Ayolning faryodi aslo toʻxtamadi va koʻp oʻtmay, hamma joy seldek oqayotgan qon va suyuqlik ichida qoldi. Biz oʻqigan tibbiyot kitoblarida bayon etilgan qogʻoz ustidagi top-toza andozalar tabiat hapqiqatlarini tasvirlashdan qanchalar yiroq ekan. Tabiat faqat yovvoyi hayotda emas, hatto tugʻilish jarayonida ham qip-qizil qon edi!”
“Juda koʻp azob-uqubatlarga guvoh boʻldim va, eng yomoni, bunga koʻnika boshladim. Jirkanch boʻlib tuyulishi mumkindir, ammo inson qon ichida suzishga ham koʻnikar ekan!”
“Nima uchun bu kasbni tanlaganim yoki oʻzim bu kasbga arziymanmi, yoʻqmi – buni soʻramagan birorta kunim, biror lahzam boʻlmagandi. Bir insonning hayotini saqlab qolish, hayotidan ham koʻra shaxsiyatini, hatto ruhini qutqarib qolish oʻziga xos muqaddas vazifa edi”.
“Insonning muvaffaqiyat qozonish borasida azmu shijoati qanchalik baland boʻlsa, uning evaziga toʻlaydigan badali ham shuncha katta boʻladi. Muqarrar muvaffaqiyatsizliklar esa uning yelkasiga chidab boʻlmas vijdon azobini yuklaydi. Ammo tibbiyotni muqaddas va mashaqqatli qilgan ham ana shu yukdir: boshqa bir insonning dardini zimmasiga olish uchun kishi baʼzan oʻsha ogʻirlikning ostida ezilishi kerak boʻladi”.
“Biz, shifokorlar, bemorlarimizga bergan jahannam azobidan qanchalar gʻofilmiz”.
SOʻNGSOʻZ
Lyusi KALANITI
“Butun oila u bilan birga edik. Polning qaroridan keyingi oʻsha qimmatli daqiqalarda hammamiz unga boʻlgan sevgimiz va hurmatimizni izhor etdik. Polning namli koʻzlari porlab turardi. U oʻz oilasiga minnatdorchilik bildirdi va yozgan kitobi qandaydir tarzda nashr etilishini xohladi. Keyin menga sevishini soʻnggi bor aytdi”.
“Oʻlim bilan tugaydigan kasallikni yengishning yagona yoʻli qattiq sevish: oʻrtadagi devorlarni buzib tashlash, rahm-shafqat koʻrsatish, muruvvat va minnatdorchilik edi”.
“Boshim koʻksingda shunday tursa, oson nafas olasanmi?” deb soʻradim, Pol: “Nafas olishning boshqa yoʻlini bilmayman”, deb javob berdi. Biz bir-birimizning hayotimizda chuqur maʼnoga ega edik va bu menga berilgan eng ulkan neʼmatlardan biri”.
“Pol tashxisni bilgan kuni yigʻlab yubordi... Jarrohlik xonasidagi soʻnggi kunida ham koʻz yosh toʻkdi. Pol oʻz his-tiuygʻularim va nochorligimni yashirishim shart, deb oʻylamasdi. U tasalli va sevgiga muhtoj edi. Hatto xastaligi oʻta avj olgan kunlarda ham hayotga toʻla edi”.
“Mening Polga maftun boʻlganim, uni ilk bor uchratganimdayoq sevib qolganim – koʻzni qamashtiruvchi husnu tarovati, kuch-quvvati emas, balki zamonamizda kam uchraydigan goʻzal axloqi va qatʼiyatli insonligi uchun edi. Mazkur kitobni yozgan odam jismonan moʻrt, ruhan baquvvat inson edi”.
“U adabiyotni yaxshi koʻrardi, sheʼriyatdan koʻproq tasalli topishini aytardi. Va nihoyat oʻz hayoti misolida kuchli va taʼsirli asar yaratdi: oʻlim bilan qoʻl ushlashib yashash qissasini bitdi”.