December 6, 2022

“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (9-qism)

Xumor qiynoqlarini yengillashtirish

Oldin ham aytib o‘tilganidek, kashandalar sigareta rohat bag‘ishlaydi, zo‘riqishlarga barham beradi, deb o‘ylashadi. Aslida bular xato fikrlar. Chekishga undaydigan asl sabab – xumor qiynoqlarini yengillashtirish.

Avvaliga biz sigaretaga shunchaki dalda sifatida qaraymiz, ya’ni chekishimiz ham mumkin, chekmasligimiz ham mumkin. Shu tariqa ko‘rinmas zanjirning bitta hal­qasiga asos solinadi. Bizning ost ongimizda shunday fikr paydo bo‘ladi: ba’zida chekish yoqimli mashg‘ulot.

Siz chekishga o‘rganib qolganingizdan ke­yin xumorni yengillashtirish uchun sigareta bo‘lgan ehtiyojingiz ortaveradi. Bu jarayon shunchalik sekin sodir bo‘ladiki, siz umuman sezmay qolasiz. Oxir-oqibat sigareta quliga aylanasiz-qo‘yasiz. Ko‘pgina chekuvchilar sigaretaga o‘rganib qolishganini chekishni tashlamoqchi bo‘lmagunlariga qadar tushunib yetishmaydi. Ayrim chekuvchilar esa umrlarining oxirigacha sigaretadan ayrilishmaydi, chekish yoqimli mashg‘ulot ekanini aytib, o‘zlarini ham, boshqalarni ham aldamoqchi bo‘lishadi.

Yuzlab o‘simlar bilan bo‘lgan uchrashuvda quyidagi suhbatga guvoh bo‘lganman:

  • Sen nikotin ham giyohvand modda ekanini bilasanmi? Chekishni to‘xtata olmaganing uchun chekayotganingni-chi?
  • Bo‘lmag‘ur gap! Chekish menga yoqadi. Aks holda allaqachon to‘xtatgan bo‘lardim.
  • Unda bir hafta chekmay tur, shunda chekishni xohlagan paytingda to‘xtata olishingga ishonaman.
  • Bunga hojat yo‘q. Chekish menga yoqadi, aks holda to‘xtatgan bo‘lardim.
  • Kel, bir hafta chekmay turgin, chekishga chindan ham o‘rganib qolmaganingni tekshirib ko‘ramiz.
  • Bundan nima ma’ni? Aytdim-ku, chekish menga yoqadi…

Oldin ham ta’kidlaganimdek, chekuvchilar stress, zerikish, diqqatni jamlash, bo‘shashish (yengillash) paytida sigareta yordamida o‘zlarini chalg‘itishga urinishadi.

Stress

Bu yerda nafaqat hayotda uchraydigan katta fojialarni, balki kichik stresslarni ham nazarda tutmoqdaman: ijtimoiy hayotda qatnashish, telefon qo‘ng‘irog‘i, bolalar shovqinidan jahli chiqqan uy bekasi va hokazo.

Keling, misol tariqasida telefon qo‘ng‘irog‘ini ko‘rib chiqamiz. Telefonning jiringlashi ko‘pchilik, ayniqsa, ishbilarmon kishilarda kichik stressga sabab bo‘ladi. Sababi shuki, qo‘ng‘iroq qilayotganlar minnatdorchilik bildirish niyatidagi mijozlar yoki qutlashni diliga tukkan boshliq emas-da. Telefon orqali ertadan kechgacha munosabatlarni tartibga solishga to‘g‘ri keladi: qayerdadir ish yurishmayapti, qaysidir hamkor nimanidir talab qilyapti, xullas, shunga o‘xshash gaplar. Bunday lahzalarda asabiylikdan qutulish ilinjida chekuvchi sigareta tutatishga tushadi. Chunki u chekish yordam berishiga ishonadi-da. Vaholanki, bu paytda xumordan qiynalayotgan bo‘ladi, u allaqachon nikotin quliga aylanib ulgurgan odam. Kashanda sigaretani chekib bo‘lishi bilan xumordan qutuladi va ayni damda stress ham yo‘qoladi, u o‘zini yaxshiroq his qila boshlaydi. Go‘yoki chekish stressga qarshi kurashadi, lekin…

Men shok terapiyasi qo‘llamaslikka va’da bergan edim, hozir o‘sha va’damni qisman buzishimga to‘g‘ri keladi. Niyatim sizni shokka solish emas, balki sigareta asablarni tinch­lantirmasligini, aslida ularni yemirishini tushuntirish.

Tasavvur qiling, siz shunchalik ashaddiy

Tasavvur qiling, siz shunchalik ashaddiy kashandaga aylandingizki, vrach chekishni to‘xtatmasangiz, oyog‘ingizni ke­sishini aytdi. Oyoqlarsiz yashash qanday bo‘lishi aqlingizga sig‘yaptimi? Xuddi shunday ogohlantirishga qaramay sigaretadan ayrilmagan, oqibatda esa ikki oyog‘i kesilgan odamning holatini his eting-a…

Men bu singari voqealarni juda ko‘p eshitgan, ammo ularni haqiqatdan yiroq hisoblab, e’tibor bermas edim. To‘g‘risi, ich-ichdan boshqa narsani xohlardim: koshki shifokorlar menga ham biror qat’iy ogohlantirish aytsa-yu chekishni to‘xtatishga erishsam. O‘sha paytlari har kuni miyamga qon quyilishini, oyoqlarimdangina emas, hayotimdan ham ayrilishimni kutardim. Yo‘q, men ahmoqmas, shunchaki ashaddiy chekuvchi edim.

Bunday voqealar o‘ylab topilmagan, sigareta chindan ham bizni shu ko‘ylarga soladi. Hayot so‘qmoqlaridan ilgarilaganimiz sayin u bizni quvvat va qat’iyatdan mahrum etib boraveradi. Sigaretasi tugayotgan odam qanday xavotirga tushishini bilasiz. Bundan tash­qari, sigareta asablarni yemiradi, og‘u sifatida salomatlikdan ayiraveradi. Chekuvchi butkul sigaretaning quliga aylanib, yashashni usiz tasavvur qilolmaydigan darajaga yetganida, qat’iyatga faqatgina chekish orqali erishadigan bo‘lib qoladi. Cheksa qat’iyatli, chekmasa yo‘q.

Bilib qo‘ying, chekish asablarni tinchlantirmaydi, asta-sekin adoi tamom qiladi. Sigaretadan qutulgan odam esa o‘ziga bo‘lgan ishonchini qaytarib oladi.

© Allen Karr.
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi.
Tib.uz