December 19, 2025

Buxoro tumani 1-umumta'lim maktabida huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi

Bugun Buxoro tumani 1-umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-371-sonli qonunning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng yoritish maqsadida huquqiy targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Buxoro tumani YuXKM boshligʻi Oʻ.Akmamedov, tuman IIB boshligʻi F.Vafaev, shuningdek maktablar kadrlar bo'yicha mas'ul xodimlari va DMTT rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida qonunning asosiy vazifalari, huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika ishlarining oʻrni, yoshlarning huquqiy tarbiyasi va jamoat tartibini ta'minlash masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Ta'kidlanishicha, mazkur qonunning amaliy ahamiyati fuqarolar, ayniqsa oʻsmirlar oʻrtasida huquqbuzarlik holatlarini kamaytirish, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil tashkil etishda namoyon boʻladi.

Tadbir ishtirokchilari oʻquvchilarning huquq va burchlarini anglash, qonunlarga itoatkorlik, fuqarolik mas'uliyati va tartib-intizomni mustahkamlashda bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta ekanini ta'kidladilar.

Buxori tuman adliya bo'limi YXKM

Bosh yuriskonsulti I.Saidov