February 20, 2025

Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo'shimchalardan xabaringiz bormi?

Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1030-sonli Qonuni imzolandi. Ushbu qonun bilan Mehnat kodeksi(bundan keyingi o‘rinlarda MK deb yuritiladi)ga 49 ta o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Aksariyat o‘zgartirishlar texnik o‘zgartirish bo‘lib oldingi tahrirda “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi” so‘zlari “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi” so‘zlariga almashtirildi. Asosiy o‘zgartirishlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, MK 11-moddasiga Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi, - deb o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. MK 106-moddasiga “Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma (qog‘ozda yoki elektron) shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi”, - deb o‘zgartirilib taraflar tomonidan elektron mehnat shartnomasini tuzish ham mumkinligi belgilandi. MK 124-moddasida ishga qabul qilish chog‘ida talab qilinadigan hujjatlar soni bittaga kamaytirilib, STIR ma’lumotnomasini so‘rash bekor qilindi va bu to‘g‘risidagi ma’lumotni ish beruvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilandi.

Yana shuni ham aytish kerakki, MK 233-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilib, har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda yakshanba kuni inobatga olinmasligi belgilandi. Ushbu o‘zgartirish kiritish uchun ham oldin qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda asosa bor edi. Masalan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 263-son qarorining izoh qismida “Ushbu me’yorlarda keltirilgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi”, - deb belgilab qo‘yilgan edi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 noyabrdagi 758-son qaroriga 5-ilova “Alohida hollar uchun xodimlarning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida nizom”ning 8-bandiga asosan “Xodimga har yilgi mehnat ta’tili uchun haq to‘lash va foydalanmagan ta’til uchun pulli kompensatsiya to‘lash uchun (shu jumladan, ish vaqti jamlab hisobga olinganda) o‘rtacha ish haqi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 257-moddasi o‘ninchi qismiga muvofiq hisoblangan o‘rtacha kunlik ish haqini ta’til kunlari, shu jumladan, foydalanmagan ta’til kunlari soniga (yakshanba va bayram kunlaridan tashqari) ko‘paytirish orqali belgilanadi. Boshqa hollarda o‘rtacha ish haqi o‘rtacha kunlik ish haqini ish kunlari soniga ko‘paytirish orqali belgilanadi,”- deb belgilanganligi ham yakshanba kunlari ta’til uchun haq to‘lashda hisobga olinmasligini tushunish mumkin edi.

Endi esa bu norma MKda ham o‘z aksini topdi. Bu esa fuqarolarning mehnat sohasidagi qonuniy huquqlarning ro‘yobga chiqishini anglatadi. Ko‘pchilik MKning 233-moddasidagi yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchani noto‘g‘ri tushunib ta’til kunlarini hisoblashda yakshanba kuni hisobga olinmaydi deb talqin qilishmoqda. Bu noto‘g‘ri tushuncha bo‘lib, qonunning o‘zida aniq qilib “Har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda yakshanba kuni inobatga olinmaydi,” – deb yozib qo‘yilgan. Shunga asosan har yilgi mehnat ta’tili kunlarini hisoblashda yakshanba kuni ham qo‘shib hisoblanadi. Faqat haq to‘lashda inobatga olinmaydi.

Yana asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalardan biri MK 241-moddasining ikkinchi qismiga kiritilib “Xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak,” – deb to‘ldirildi. Bunda nimani tushunish mumkin? Avvalgi tahrirda “Xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda uch oydan oshmasligi kerak,” – deb ko‘rsatilgan edi. Ya’ni xodim ish haqi saqlanmagan ta’tilni kalendar yili davomida jami uch oygacha olish mumkin degan tushuncha paydo bo‘lar edi. Ko‘plab xodimlar ish yili davomida olti oygacha ish haqi saqlanmagan ta’til olib mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir qilib kelayotgan edi. Endi esa xodim oxirgi olgan uch oylik ish haqi saqlanmagan ta’tilni navbatdagi ish haqi saqlanmagan ta’til olishi uchun o‘n ikki oylik davr o‘tgan bo‘lishi talab etilmoqda. MKga yana kiritilgan asosiy yangiliklardan biri MK 392-moddasi yangi tahrirda “Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni, ishdan bo‘shatishni yoki ish haqini kamaytirishni taqiqlash to‘g‘risida” o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Ya’ni homilador yoki farzandlari bor ayolni ishdan bo‘shatishni ta’qiqlanmoqda. Oldingi tahrirda esa “Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni yoki ish haqi miqdorini kamaytirishni taqiqlash,” – deb belgilangan edi va Mehnat kodeksida bunday norma o‘z ifodasini topmagandi. Lekin ushbu ta’qiq MKga kiritilishidan oldin Asosiy Qonunimiz Konstitutsiyaning 42-moddasi uchinchi qismida “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi,” – deb belgilangan edi. MKga kiritilishi esa Konstitutsiya normasining ishlashini ta’minlash, ayollar huquqlarini amalda yanada ro‘yobga chiqishida imkon yaratadi.

Ilhomjon Saidov

Buxoro tuman adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti, 2-darajali yurist