April 28, 2020

Rasululloh (s.a.v)ni tushda ko'rish uchun qanday amallar bajarish kerak

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko'rish uchun o'tgan solih zotlar, taqvodor kimsalar, avliyoullohlar, oshiqi Rasulullohlar, ilmiga amal qilib o'tgan ulamolar tomonidan boshlaridan o'tkazgan tajribalar ham mavjud. Ana shunday tajribalardan bir nechtasini to'plab, bu yerda zikr qilmoqchimiz. Mo'min-musulmonlar ulardan o'zlari yoqtirgan bir usulni amalda qo'llab ko'rishlari maqbul ish bo'lardi! Agar bu bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning tushida namoyon bo'lmasa, boshqa bir usulni qo'llab ko'rish kerak. Agar umuman Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tushda ko'rinmasa, inson o'zini o'nglashi, tavba-tazarru qilishi va sunnatlarni ado qilishga qattiq kirishishi darkor. Agar bunda ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tushda ko'rinmasa, buning imonga hech bir zarari yo'q. InshaAlloh, oxiratda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga bo'lajak. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida yashab, unga oshiq bo'lib o'tgan Uvays al-Qaraniy singari avliyolar ham u zotni o'ngda ham, tushda ham ko'ra olmay, ishqu muhabbat va zavqu shavq bilan olamdan o'tib ketganlar.

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko'rish uchun quyidagi amallardan birini qo'llab ko'rish mumkin:

1. Kimki jum'a kechasi 2 rak'at namoz o'qisa, har rak'atida 1 marotaba “Surai Fotiha”, 1 marotaba “Oyat al-kursiy”, 15 marotaba “Qul huvallohu ahad” surasini o'qisa, salomdan keyin esa 1000 marotaba salovat (xohlaganini) aytsa, o'sha kechasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi. Yoki keyingi jum'agacha albatta tushida ko'radi. Bu “Hadoiq al-axbor” nomli kitobda keltirilgan ekan.

2. Hasan Basriy rahimahulloh tajribasi: Xuftondan so'ng 4 rak'at namoz o'qiydi. Har bir rak'atida “Fotiha surasi”dan so'ng “Vazzuho”, “Alam nashroh”, “Inna anzalnahu” va “Iza zulzilati-l-arzu” suralarini ketma-ket bir martadan o'qiydi. Salomdan so'ng, 70 marotaba salovat (xohlaganini) aytadi. Keyin 100 marotaba istig'for aytadi (masalan, “Astag'firulloha va atubu ilayhi”). Keyin 100 marotaba salovat aytib, 100 marotaba: “La havla va la quvvata illa billahi-l-'aliyyi-l-'azim”ni aytib, tahoratli uxlab qolsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi.

3. Imom az-Zuhriy rahimahulloh tajribasi: kimki jum'a kechasi g'usl qilsa va ikki rak'at namozning har rak'atida “Qul huvallohu ahad” surasini 1000 marotaba o'qisa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi (Ibn Asokir rivoyati).

4. Shayx Do'stmuhammad Tursun tajribasi: Kimki 2 rak'at nafl namoz o'qisa, toza to'shak tayyorlab, pokiza kiyimda uyquga yotishdan oldin “Naba' surasi” (ЪAmma) o'qib yotsa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi.

5. Alloma Maxdum Umar quddisa sirruhuning tajribasi: jum'a kechasi quyidagi salovatni (“Allohumma, solli 'ala habibihi sayyidina Muhammadin va 'ala olihi!”)1000 marotaba o'qib yotsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi:

6. Kim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'rishni xohlasa, salovatni ko'p aytsin va bu duoni o'qib yursin:

“Allohumma, robba-l-baladi-l-harom va-sh-shahri-l-harom, va-l-hilli va-l-harom, va-r-rukni va-l-maqom. Iqro' 'ala ruhi Muhammadin min as-salom!”. Bu “Tafsiri Qozi Bayzoviy”da keltirilgan ekan.

7. Kimki jum'a kechasi “Surai Kavsar”ni 1000 marotaba o'qisa, va Payg'ambar alayhissalomga ushbu salovatni 1000 marotaba aytsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi. Salovat budir:

“Allohumma solli va sallim 'ala sayyidina Muhammad va 'ala oli sayyidini Muhammad. Bi-adadi kulli ma'lumin laka!”.

8. Jum'a kechasi, yarim tunda turib, “Surai Quraysh”ni 1000 marotaba o'qisa, so'ng tahoratli holida uxlasa, albatta Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi. Bu “Mafotih al-jinon” kitobida keltirilgan ekan.

9. Buni “Kitob ash-Shifo” asarining muallifi, taniqli molikiy ulamosi Qozi Iyoz rahmatullohi alayhi o'zi tajriba qilib ko'rgan ekanlar: Jum'a kechasi “Surai Ixlos”ni (“Qul huvallohu ahad” surasi) 1000 marotaba o'qib, savobini Xadijai kubro onamiz raziyallohu anho ruhlariga bag'ishlaydi. So'ng yana ushbu surani 1000 marotaba o'qib, savobini Oyshai onamiz raziyallohu anhoning ruhlariga bag'ishlaydi. Yana ushbu surani 1000 marotaba o'qib, Fotami zahro raziyallohu anhoning ruhlariga bag'ishlaydi. Bularni o'qib bo'lganidan so'ng, bu zoti sharifalarning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida shafoat qilishlarini, toki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'rishini, Alloh taolo u zotni tushda ko'rsatishini o'tinib so'raydi. Keyin 1000 marotaba: “Astag'firulloha va atubu ilayhi” deydi. So'ng Alloh taolodan: “Ey, Alloh! Shuncha qusurim, gunohlarim bo'lsa ham, ruhimni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan uchrashtir, tushimda u zotni ko'rayin!”, deb ixlos bilan so'raydi. Keyin esa 1000 marotaba ushbu salovatni aytadi:

“As-Solatu va-s-salomu 'alayka yo sayyidiy Rasulillah! Xuz bi-yadiy, qultu hiylatiy, adrikniy!”.

Kimki shunday qilib, tahorat bilan uxlasa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni albatta tushida ko'radi.

10. Jum'a kechasi 4 (to'rt) rak'at namozni ikki salom bilan o'qiydi. Har bir rak'atida “Fotiha surasi”dan so'ng “Vazzuho”, “Alam nashroh”, “Inna anzalnahu” va “Iza zulzilati-l-arzu” suralarini ketma-ket o'qiydi. Salomdan so'ng, 70 (etmish) marotaba salovat (xohlaganini) aytadi. Keyin 70 (etmish) marotaba istig'for aytadi (masalan, “Astag'firulloha va atubu ilayhi”). Salovat aytib, tahoratli uxlab qolsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi. Bu “Majma' al-hadis” nomli kitobda keltirilgan ekan.

11. Kimki jum'a kechasi “Qadr surasi”ni 1000 (ming) marotaba o'qisa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'rmasdan dunyodan o'tmaydi.

12. Kimki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'rishni xohlasa, 2 (ikki) rak'at nafl namozi o'qisin. Keyin 100 (yuz) marotaba quyidagi duoni o'qisin:

“Yo Nur an-nur, yo mudabbir al-umur! Ballig' 'anniy ruha sayyidina Muhammadin va arvaha oli Muhammadin tahiyyatan va salama!”.

13. Qur'oni karimdagi “Ahzob surasi”ning 56-oyatini kechqurun yotishdan oldin 7 (etti) marotaba o'qib yotgan odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushida ko'radi. Oyati karima budir:

“Innalloha va malaikatahu yusolluna 'ala-n-Nabiyy. Ya ayyuhallazina amanu, sollu 'alayhi va sallimu taslima!”.

Xullas, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko'rish buyuk saodat va ulug' baxtdir. Ulamolarning tajribalaridan o'tgan yuqoridagi usullarni har joydan to'plab Siz azizlarning hukmingizga havola qildik. Shoyad, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushingizda ko'rib, ushbu buyuk saodat va ulug' baxtga musharraf bo'lsangiz, biz ham bu xayrli amalga Sizni dalolat qilganimiz uchun sharofatlarga noil bo'lsak.

Alloh taolo har bir mo''min-musulmonga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko'rish baxtini muyassar aylasin! Omin.

Hamidulloh Beruniy ma'lumotlari asosida