8-sinf. Ma’lumotlarni saralash
Avvalgi darsda ma’lumotlarni tartiblash haqida so‘z yuritdik. Ko‘pincha, ro‘yxatdagi ma’lumotlarni biror xususiyatiga asosan ajratib olish, ya’ni saralash zarur bo‘lib qoladi. Masalan, 500 kishilik ro‘yxatdan faqat yoshi 35 da bo‘lganlarini yoki yoshi 35 bilan 40 orasida bo‘lganlarini yoki sochi qora bo‘lganlarini ajratib olish kabi. Excel dasturida bunday saralash masalasini filtrlash usuli orqali hal etiladi.
Filtrlash (saralash) – berilgan shartni qanoatlantiruvchi satrlarni ajratib olishdir.
“Tug‘ilgan kunga olinadigan masalliqlar” jadvali misolida filtrlash usulini ko‘rib chiqamiz. Jadvalda kilolab va donabay olinadigan mahsulotlar, ularning narxlari keltirilgan. Maqsadimiz, kilolab va donabay olinadigan mahsulotlarni alohida ajratib olishdir. Jadvaldagi nomlarning birortasini belgilab, Ma’lumotlar (Данные) menyusining Filtr (Фильтр) bo‘limidan Avtofiltr(Автофильтр)ni tanlaymiz (66-rasm). Natijada 66-rasmdagi kabi har bir nom yonida filtrlash belgisi hosil bo‘ladi.
Saralashni “Kg” yoki “Dona” nomli ustunlarning birortasi orqali bajarishimiz mumkin. Tanlagan “Kg” nomiga mos filtrlash belgisi bizga quyidagi shartlar bo‘yicha tanlash imkoniyatlardan birini beradi (67-rasm):
· barchasini;
· birinchi 10 tasini;
· mantiqiy shartlar bo‘yicha;
· ko‘rsatilgan qiymat ( masalan: 0,5; 3; 4; 5; 6; 10) yoki belgi (masalan: “ - “) asosida;
· bo‘sh katakchalar bo‘yicha;
· bo‘sh bo‘lmagan katakchalar bo‘yicha.
“Kg” nomli ustunda berilgan imkoniyatlardan avval “-“ belgisi bo‘yicha (69-rasm), so‘ngra “-“ ga teng emas (не равно “-“) sharti bo‘yicha filtrlaymiz . Natijada kerakli jadvallarga ega bo‘lamiz.
Ko‘rib turganingizdek, saralangan jadvallarda yoki kilolab (68-rasm) yoki donalab (69-rasm) olingan mahsulotlar aks etadi. Agar, saralangan jadvalda barcha mahsulotlarni aks ettirmoqchi bo‘lsak,“barchasini” (все) sharti bo‘yicha filtrlaymiz.
Jadvaldagi ma’lumotlar ichidan biror oraliqdagi sonlarni saralab olish zarur bo‘lsa, u holda 4 – rasmdagi avtofiltr oynasida mantiqiy shartlar kiritish lozim bo‘ladi. Masalan: “0,5” dan katta “va” “6” dan kichik (больше “0,5” “и” меньше “6”); “K” dan boshlanadi (начинается с “К”) va hokazo.
Jadvaldan filtrlash belgisini olib tashlash uchun Ma’lumotlar (Данные) menyusining Filtr (Фильтр) bo‘limidan Avtofiltr(Автофильтр)dagi belgini olib tashlash kifoya.
Filtrlash belgisini faqat birgina ustunga o‘rnatish ham mumkin. Buning uchun shu ustunni nom turgan katakcha bilan keyingi katakchasini belgilab, filtrlash belgisini o‘rnatish yetarli.
Excel amaliy dasturining imkoniyatlari bu bilan chegaralanib qolmaydi. Uning imkoniyatlarini o‘rganish uchun mustaqil ravishda amaliy mashqlar bajarishingiz maqsadga muvofiqdir.
Mustahkamlash
1. Ma’lumotlarni saralash yoki filtrlash deganda qanday ish tushuniladi?
2. Filtrlash belgisini o‘rnatish ketma-ketligini so‘zlab bering.
3. Filtrlash belgisi beradigan imkoniyatlar haqida so‘zlab bering.
4. Filtrlash belgisi nechta nomga birdan o‘rnatilishi mumkin?
5. “Dona” nomiga o‘rnatilgan filtrlash belgisi qanday imkoniyatlar berishi mumkin?
6. Mantiqiy shartlar haqida ma’lumot bering.
7. Saralangan ma’lumotlarni boshqa joyga qanday joylashtirish mumkin?
8. Saralangan ma’lumotlarda formula saqlanadimi?
Mashqlar
1. “Tug‘ilgan kunga olinadigan masalliqlar” jadvalidan “S” harfidan boshlanadigan mahsulotlarni alohida va “S” harfidan boshlanmaydigan mahsulotlarni alohida saralab saqlab qo’ying.
2. “Tug‘ilgan kunga olinadigan masalliqlar” jadvalidan “u” harfi qatnashgan mahsulotlarni saralang.
3. “Gullar” ro‘yxatida nomi bo‘yicha “B” dan “N”gacha bo‘lganlarini saralang.