Frilanser va frilans nima?
Frilans haqida
Frilanser – buyurtmachi tomonidan tayinlangan biror xizmatni ko’p hollarda masofadan turib bajaruvchi, shtatdan tashqari xodim. Frilanser jurnalistika va axborot texnologiyalari sohasida ko’p tarqalgan sababi bu yo’nalishlarda masofadan turib ishlash imkoni mavjud.
Frilans deb frilanser bilan avvaldan kelishilgan ishni bajarishga ma’lum bir muddat va to’lov hisobiga yollash jarayoniga aytiladi.
Masofaviy ish – ish beruvchining ofisi o’rniga uyda/kafeda/shaxsiy ish joyida o’tirib ishlash jarayoni hisoblanadi.
Frilansning afzalliklari va kamchiliklari:
Afzalliklari:
Loyihalarni o’zingiz tanlaysiz.
Ish vaqtini o’zingiz rejalashtirasiz
Ko’p pul topish imkoniyati bor va foydaga o’zingiz egalik qilasiz (buxgalter, marketing, va har xil menejerlarga sizning foydangizdan ulush ajratilmaydi).
Ofisda o’tirish va yo’lga vaqt ketqizish shartmas.
Interneti bor istalgan mamlakatda yashash mumkin.
Ish joyiga bog’lanib qolmaganingiz uchun ko’p sayohatga chiqish mumkin.
Mijoz yig’ib olganingizdan so’ng stabil daromad kelishni boshlaydi.
Erkinlik
Axborot texnologiyalari sohasida o’z biznesingizni ochish imkoniyati
Kamchiliklari:
Ko’pchilik frilanserlar uyda o’tirishadi
Soliqlar va boshqa to’lov hisoblarni o’zingiz amalga oshirishingiz kerak
Mijozlarni o’zingiz topasiz va sota olish qobilyatingiz bo’lishi kerak. Mijoz qidirganingiz uchun sizga pul to’lashmaydi.
Hamkasblar bilan jonli muloqot bo’lmaydi
Ijtimoiy paket yo’q. Kasallik, tushlik, qo’shimcha sug’urta o’z hisobingizdan bo’ladi.
Yaqinlar ko’p bezovta qilishadi, ayniqsa uyda ishlayotgan bo’lsangiz.
Tez-tez yangi bilimlarga ega bo’lib borish zarur, eski bilimlar tezda ahamiyatini yo’qotadi.
Sizga faqat ish uchun to’lashadi, o’tirgan soatlaringiz uchun emas. Ko’p hollarda chiqqan kamchiliklarni bepulga to’g’irlab berish kerak bo’ladi.
Motivatsiya yo’qolish ehtimoli bor
To’liq javobgarlik sizning zimmangizda. Ofisda odatda mijoz bilan loyiha menejeri gaplashadi. Frilansda mijozning tanqidlarini o’zingiz qabul qilib olishingiz kerak bo’ladi.
Stabil bo’lmagan grafik. Ko’pgina frilanserlar avvaldan rejalashtirilgan stabil ish vaqtlarida ishlashmaydi, uyqu va dam olishga yetarlicha vaqt ajratishmaydi.
Ichki tartib birinchi o’ringa chiqadi. Siz o’zingiz ishingizni nazorat qilib borishingiz kerak.
Yakka tartibda ishlash. Frilanserlar birgalikda, jamoa bo’lib ishlashga o’rganishmagan, ko’pincha jamoa bo’lib ishlashdan qochishadi.
Ish hajmidagi notenglik. Ba’zan ish ko’payib ketib, 12 soatlab ishlashga to’g’ri keladi, ba’zan ish bo’lmay, yangi ish qidirishga tushasiz. Yangi ish topilguncha biror vaqt o’tadi.
Frilans birjalari
O’zbekistonda e’lon beruvchi saytlarni hisobga olmaganda frilans birjalar yo’q. Shuning uchun chet eldagi birjalar bilan tanishib chiqamiz:
Freelancer.com – eng katta birjalardan biri. O’z raqobatchilari Scriptlance, rentacoder va boshqa birjalarni sotib, o’ziga qo’shib olish hisobiga auditoriyasi kengaygan. Ishlab topilgan pulni Skrill, Paypal va Payoneerga o’tkazib beradi.
Upwork.com – yana bir katta birja. Odesk va Elance birjalarining birlashuvidan hosil bo’lgan. Saytda buyurtmalardan tashqari doimiy ish uchun vakansiyalar ham bor. To’lovni Payoneer Mastercard, Skrill, Paypal va bank hisobiga o’tkazish mumkin.
www.guru.com – ko’p ma’lumotga ega emasman, sababi ro’yhatdan o’tganim bilan buyurtma olmaganman.
fl.ru – Rossiyadagi eng katta frilans birja.
weblancer.net
freelansim.ru
Yuqorida sanab o’tilgan birjalardan tashqari ko’plab maydalari va yangi ochilayotganlari bor, ammo ish beruvchilar odatga ko’ra eski birjalarni ma’qul ko’rishadi.
Bundan tashqari dizaynerlar, illustratorlar, arxitektorlar, kopirayterlar va boshqa ijod xodimlari uchun ham maxsus birjalar mavjud.
Upwork?
Upworkning bir necha afzalliklari bor:
Kafolatlangan soatbay to’lov (buyurtmachining to’lov metodi tekshiruvdan o’tgan bo’lsa), avvaldan kelishilgan narxdagi loyihalar uchun xavfsiz shartnoma (pulni buyurtmachi ga o’tqazib qo’yadi, loyiha yakuniga yetgach frilanser o’sha pulni oladi).
Bozor rus frilans birjalariga nisbatan 100 barobar katta.
AQSH dollarida to’lashadi, demakki inflyatsiyadan himoyada bo’lasiz.
Buyurtmachilar AQSH, Yevropa va Avstraliyadan. Ular loyihalarga ko’proq to’lashadi.
Upworkda pulni Payoneer Mastercard yoki O’zbekistondagi banklardan biriga yuborib, yechib olish mumkin.
Professional bo’lmagan buyurtmachilar bor, lekin aldov kam. Upworkdagi 5 yildan ortiq vaqt davomida hali pulini to’lamay qochib qolgan mijoz chiqmadi.