Muammoli maqola.
https://t.me/surxondaryoboshqarma
Muammoli maqolaning nomini o‘zi ushbu janrning murakkab tur ekanligidan dalolat beradi. Matbuotda jamiyatdagi, ijtimoiy turmushdagi mavjud har qanday muammo yoki kamchiliklarni ko‘tarib chiqadigan maqolalarga nisbatan muammoli maqola atamasi qo‘llaniladi. Shuningdek, u amaliy-tahliliy maqola deb ham yuritiladi. Matbuotda qachon muammoli maqolaga ehtiyoj tug‘iladi? Umuman, muammoli maqolalar qanday mavzularga bag‘ishlanadi? Ushbu savollarga javob berishdan avval muammoning o‘zi nima ekanligiga oydinlik kiritish lozim bo‘ladi. Chunki muammoning o‘zini bilmay turib u haqida maqola yozib bo‘lmaydi.
Muammo-kamchilik, jumboq, hal etilmagan masala singari ma'nolarni anglatsa-da, unga har bir inson o‘z tasavvuridan yoki to‘qnash kelgan aniq vaziyatdan kelib chiqib ta'rif beradi. Shuningdek, jurnalistika nazariyasida unga ilmiy asoslangan yondashuvlar ham mavjud. Ayrim tadqiqotchilar muammoga "eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi to‘qnashuv" ta'rif berishsa, boshqalar "javob berilishi shart bo‘lgan savol" deb atashadi. Muammo aslida rivojlanish omili, aniq maqsadga qaratilgan harakat uchun sabab, vaj, asosdir.
Muammoli maqola yozish metodikasi.
1️⃣ muammoning mohiyatini aniqlab olish (to‘siq, jumboq);
2️⃣ uni keltirib chiqargan sabablarni o‘rganish;
3️⃣ muammoni ko‘tarish rejasini ishlab chiqish;
4️⃣muammoning yechimi yo‘llarini qidirish, ya'ni harakatni shakllantirish;
5️⃣ muammoli vaziyatni tasvirlash va baholash.
Muammoli vaziyatlarni o‘rganishda-jurnalist keng ko‘lamda ish olib boradi. Buning uchun esa ham amaliy, ham nazariy jihatdan maxsus bilim kerak bo‘ladi.
Muammoli maqolalar tahririyatning turli sohalariga oid har bir bo‘limda tayyorlanib, jamoatchilik fikrini shakllantiradigan jamiyatdagi aniq vaziyatlar, holatlarga faol ta'sir qilish orqali amaliy natijalarga erishishni hisobga olib yoziladi.