TDYU YOSH OLIMLAR KENGASHIGA YANGI A’ZOLAR QABULI
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yosh olimlar kengashi yangi a’zolar qabulini e’lon qiladi.
Tanlovda TDYUda faoliyat yuritayotgan yoki tahsil olayotgan 40 yoshgacha bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, xodimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etishi mumkin. Nomzod so‘nggi uch yil ichida kamida bitta ilmiy, tashkiliy yoki ilmiy-kommunikatsion natijaga ega bo‘lishi (tezis, konferensiyadagi ishtirok, grant yoki loyiha, startap, ilmiy tadbirni tashkil etish, mentorlik, ilmiy media mahsuloti), o‘ziga mos ishchi guruhni tanlashi hamda arizaga CV va tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilishi lozim. Dastlabki saralashdan o‘tgan nomzodlar amaliy topshiriqni bajaradi.
Nomzod Kengashdagi asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan birini tanlaydi: akademik rivojlanish va mentorlik, grantlar va loyihalar, xalqaro hamkorlik, media va ilmiy kommunikatsiya yoki raqamli ilmiy infratuzilma.
1-bosqich — arizalarni saralash. Nomzod onlayn ariza topshiradi, qisqacha CV hamda o‘zining ilmiy, loyiha, tashkiliy yoki boshqa amaliy natijalarini tasdiqlovchi ma’lumot va hujjatlarni taqdim etadi. Bu bosqichda nomzodning avvalgi natijalari, tanlagan yo‘nalishiga mos tajribasi va ko‘nikmalari, Kengashga qo‘sha oladigan aniq hissasi, motivatsiyasi va qo‘shimcha amaliy kompetensiyalari baholanadi. Birinchi bosqichda 70 ballgacha to‘plash mumkin. Kamida 45 ball olgan nomzodlar ikkinchi bosqichga o‘tadi.
2-bosqich — amaliy topshiriq. Dastlabki saralashdan o‘tgan nomzodga o‘zi tanlagan ishchi guruh faoliyatiga mos qisqa amaliy topshiriq beriladi. Bunda topshiriqning mazmuni, amaliy foydasi, bajarish sifati, mustaqillik hamda belgilangan muddatga rioya qilinishi baholanadi. Amaliy topshiriq uchun 30 ballgacha beriladi. Nomzod amaliy topshiriqdan kamida 18 ball olishi lozim.
Yakuniy natija ikki bosqich bo‘yicha jami 100 ball asosida aniqlanadi. Qabul uchun tavsiya etilish uchun nomzod kamida 63 ball.
Saralashda natijalar sonidan ko‘ra nomzodning shaxsiy hissasi, amaliy tajribasi, tashabbusi va Kengash faoliyatida real natija ko‘rsatishga tayyorligi muhim hisoblanadi.