Hech e’tibor beryapsizmi? Keyingi vaqtlarda uyqudan uyg‘onganingizda boshingiz aylanyapti, o‘zingizni noxush his qilasiz, uyquga to‘ymagansiz. Ertalabdan lanjlik. Ishtahasizlik. Ma’lum muddat garangsib yurish...
Fikrimcha, ko‘pchilikda shunday. Ayniqsa, qon bosimi bor, ortiqcha vaznga ega, kam jismoniy harakatlanadigan odamlarda bu yaqqol seziladi.
Magnit bo‘ronlari bilan izohlashadi, yana allaqanday o‘zgarishlar sabab qilib ko‘rsatiladi.
Bo‘lishi mumkin. Lekin, yana bir omil bor -- kislorod tanqisligi!
Havoning 20,96% qismi kisloroddan iborat. Kislorod manbasi o‘simliklardagi yorug‘lik bilan kechadigan (kunduzgi) fotosintez jarayoni. Yorug‘lik fotosintezida o‘simlik havodagi karbonat angidrid gazini yutib, kislorod ajratadi. Havoni o‘ziga xos tarzda tozalab turadi. Karbonat angidridning havodagi ulushi o‘rtacha 0,03-0,04%.
Me’yordagi havoda kislorod/karbonat angidrid nisbati yuqoridagidek ko‘rinishda.
Endi tasavvur qiling. O‘simlik qoplami kamaysa yutilajak karbonat angidrid miqdori kamayadi, ajratiladigan kislorod miqdori ham kamayadi. Tabiiyki, havodagi kislorodning ulushi kamayib, yo‘qotilishi kerak bo‘lgan karbonat angidrid ko‘payib boradi.
Me’yordagi kislorodni olishimiz uchun o‘pkaning tabiiy sig‘imidan ko‘p nafas olishimiz kerak. Bunday qilolmaymiz, o‘pkaning sig‘imini oshira olmaymiz. Demak, kislorodni kam olamiz. Kislorod kamligini eng birinchi sezuvchi qismimiz - miya! Bosh og‘rig‘i shundan.
Agar shu taxlit davom etaversa, kislorod tanqisligini ko‘tara olmaydiganlar shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. Kislorod/karbonat angidrid nisbati nomutanosib tarzda o‘zgarishi to‘xtamasa, har qanday joy yashashga noqulay hududga aylanadi.
Yashil makonning ahamiyatini sodda qilib shunday tushuntirish mumkin.
Hozir mashinalar harakati, ishlab chiqarish va hokazo omillar jadallashib borayotgan, yashil qoplam kamayib borayotgan bir vaqtda yaqin kelajakda kislorod tanqisligi kun tartibiga tushadi. Bundan hech kim omon qolmaydi. Yashash og‘irlashadi. Hatto kuchlilar ham sog‘lom vujudini qurbon qilib yashashga majbur bo‘ladi.
Vohalar qanday o‘zlashtirilgan? Bitta chorasi bo‘lgan, u ham bo‘lsa daraxt ekish! Daraxt ko‘p bo‘lsa vohadagi yashash tarzi oson bo‘lgan. Dunyoning istalgan vohasi tarixini olib ko‘ring, xoh u arab cho‘llarida bo‘lsin, xoh u tarixiy Movaraunnahp hududi, avval daraxt ekilgan, daraxt ko‘karib rivojlangan joyga odamlar ko‘chib kelib yashagan. Daraxt o‘smadimi, u yerlarda odamlar yashamagan.
Demak, jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.
(c) Baxtiyor Abdug'afur (DSc, PhD, Head of laboratory of Microbial Biotechnology at Institute of Genetics and Plant Experimental Biology of AS of Uzbekistan)