Iqrornoma (IV bo‘lim)
Lev Tolstoy
Hayotim toʼxtab qoldi. Men nafas olishim, ovqat yeyishim, suv ichishim, uxlashim mumkin edi, nafas olmasam ham, ovqat yemasam ham, suv ichmasam ham, uxlamasam ham boʼlaverar edi. Lekin, bari bir, hayotim toʼxtab qolgan edi. Negaki, menda «qondirsam aqlga muvofiq ish qilgan boʼlaman» deb hisoblaydigan bironta xohish qolmagan edi. Аgar men biror narsani xohlab qolsam, avvaldanoq bilar edimki, uni qanoatlantiramanmi yoki yoʼqmi, bari bir, bundan hech narsa chiqmaydi.
Аgar biror sehrgar farishta kelsayu menga hamma istaklaringni bajo keltiraman desa, men unga nima deyishimni bilmagan boʼlardim. Аgar shirakayf vaqtlarimda koʼnglimda istak emas, yoʼq, avvalgi koʼnikilgan istaklarning qoralamasi koʼrinib qolsa, sogʼ daqiqalarimda bilamanki, bularning bari roʼyo, istaydigan narsaning oʼzi yoʼq. Hatto haqiqatni bilishni ham istamay qoʼygandim, haqiqat nimada ekanini sezib turardim.
Men goʼyoki yashab-yashab, yurib-yurib bir tubsiz jarlik boʼyiga kelib qolganday va oldinda halokatdan boshqa hech narsa yoʼqday edi. Toʼxtash ham mumkin emas, orqaga qaytib ham boʼlmaydi, oldina yolgʼon hayot va yolgʼon baxtdan oʼzga, chinakam iztiroblar va chinakam oʼlimdan, yaʼni toʼla-tutal mahv boʼlishdan boshqa hech narsa yoʼqligini koʼrmaslik uchun koʼzni yumib ham boʼlmaydi.
Hayot koʼnglimga urdi — allaqanday yengib boʼlmaydigan bir kuch meni bir amallab undan xalos boʼlishga unday boshladi. Menda oʼz-oʼzimni oʼldirish istagi paydo boʼldi, deb aytolmayman. Meni hayotdan xalos boʼlishga chorlayotgan kuch xohishdan koʼra kuchliroq, toʼlaroq, umumiyroq edi. Bu kuch avvallari menda joʼsh urgan yashash istagiga oʼxshardi, faqat unga teskari yoʼnalishga ega edi. Men butun kuchim bilan hayotdan mosuvo boʼlishga intilardim. Аvvallari hayotni yaxshilash haqidagi fikrlar koʼnglimga qanchalik tabiiy kelgan boʼlsa, endi oʼzimni oʼldirish haqidagi fikr ham shunaqa oʼz-oʼzidan keldi. Bu fikr shunchalar jozibador ediki, shoshib-pishib uni amalga oshirib qoʼymaslik uchun men oʼzimga nisbatan baʼzi bir choratadbirlarni koʼrmakka majbur boʼldim. Men faqat bir boisdangina shoshmaslikni ixtiyor etdim — kalavaning uchini topmoq uchun hamma harakatni qilib koʼrmoqchi boʼldim. Kalavaning uchini topolmasam, «bu ishni qilishga hamma vaqt ulguraman» dedim oʼz-oʼzimga. Men baxtli
odam ekanman-da — oʼshanda har kuni oqshomlarda oʼzim yolgʼiz oʼtiradigan xonadan tizimchani olib chiqib tashladim — yechinayotib, bexosdan ikki javon oʼrtasidagi toʼsinga oʼzimni oʼzim osib qoʼymay dedim-da. Ovga ham miltiq koʼtarib bormay qoʼydim, chunki tepkini bir bosish bilan odam osongina hayotdan mahrum boʼladi-qoʼyadi — shunga laqqa uchmay dedim. Nima istashimni oʼzim ham bilmay qolgan edim: bir tomondan hayotdan bezib boʼlgan edim, undan xalos boʼlishni istardim va ayni chogʼda undan yana nimadir umidvor edim.
Bu voqealar boshimga tushgan kezlarda men har jihatdan mukammal baxt egasi deb
hisoblanishim kerak edi, yaʼni men hali ellik yoshga toʼlganim yoʼq edi. Mening olijanob ayolim bor edi, u meni sevardi, men uni sevardim, farzandlarim yaxshi bolalar edi, mulkim bor edi — men sira harakat qilmasam-da, u oʼsib, gullab-yashnab yotardi. Yaqinlarim va tanishlarim meni hurmat qilishar, begonalar meni avvalgiga qaraganda oʼn chandon ortiqroq maqtashar va hech qanday zoʼrma-zoʼrakiliksiz men oʼzimni mashhur odam, deb hisoblasam boʼlaverardi. Buning ustiga men nafaqat jismonan yoki ruhan biron xastalikka chalingan edim, balki, aksincha, ham jismonan, ham ruhan shunaqa baquvvat edimki, bunaqa quvvatni tengqurlarim orasida kamdankam hollarda uchratganman: jismonan olganda, men pichan oʼrimida mujiklar bilan tengma-teng
ishlay olardim, aqliy ish bilan esa surunkasiga sakkiz-oʼn soat ishlashim mumkin edi.
Ishlaganda ham bunaqa zoʼriqish oqibatida, hech qanaqa aziyat chekmasdim. Аna shunday ahvolda men shunga keldimki, yashay olmay qoldim va oʼlimdan qoʼrqqanimdan jonimga bexosdan qasd qilib qoʼymasligim uchun oʼzimga nisbatan baʼzi chora-tadbirlarni koʼrib qoʼyishga toʼgʼri keldi.
Ruhiy holatim men uchun shunday ifodalandi: allakim menga qarshi yomon bir bemaʼni
hazil qilib, menga shu hayotimni ato etgan. Men oʼzimning «biror» kimsa tomonidan
yaratilganimni tan olmas edim. Shunga qaramay, bu dunyoda meni barpo eta turib, allakim ustimdan yomon bir bemaʼni hazil qilgan degan tasavvur men uchun eng tabiiy tasavvur shakli edi.
Beixtiyor ravishda menda shunday tasavvur paydo boʼlardi: yuqorida — allaqaerda kimdir bor. U mening oz emas — koʼp emas, 30 — 40 yil umr kechirganimni, bu yillar mobaynida oʼqib oʼsganimni, jismonan va ruhan baquvvat tortganimni, endi esa aqlim butunlay balogʼatga yetganda, men hayotning eng baland choʼqqisiga yetib kelganimni, bu choʼqqidan butun hayotni kaftdagidek koʼrib turganimni va shu ahvolda shu choʼqqi ustida hayotda hech narsa yoʼqligini, hech narsa boʼlmaganini va boʼlishi ham mumkin emasligini aniq-taniq anglaganimcha ovsarlarcha qaqqayib turganimni koʼrib ustimdan rosa mazax qilib kulyapti. «U yana kuladi-ya...»
Аmmo mening ustimdan kulayotgan bu allakim bormi yo yoʼqmi — buning menga farqi yoʼq. Men na butun hayotimga, na undagi biron xatti-harakatimga aql bovar qiladigan hech qanaqa maʼno bera olmadim. Men faqat bir narsaga hayron edim — qanday qilib hayotimning dastlabki fasllarida mening bunga aqlim yetmadiykin? Bularning bari koʼpdan beri hammaga maʼlum edi-ku? Bugun boʼlmasa ertaga sevgan odamlarim boshiga xastaliklar yogʼilib keladi, ajal gʼippa boʼgʼadi (baʼzilarni olib ham ketdi). Xastaliklaru ajal mening boshimga ham tushadi va ulardan keyin qoʼlansa hid bilan qurtlardan boshqa hech narsa qolmaydi. Nimaiki ish qilgan boʼlmay ularning hammasi unut boʼladi, ertami-kechmi oʼzimning xotiram ham butkul oʼchadi. Shundoq boʼlgandan keyin bu sarsonu ovoragarchilikning nima keragi bor? Qanday qilib odamzod bularning barini koʼrmasligi va yashashda davom etaverishi mumkin? Hammadan ham hayron qoladigan joyi shunda. Faqat sarxush holatdagina yashasang boʼladi, kayfing tarqashi
bilan esa, bularning hammasi yolgʼon, oʼta behuda va bemaʼni yolgʼon ekanini koʼrmaslikning iloji yoʼq. Ha, shunaqa, bu ishning hech qanaqa kuladigan joyi yoʼq, mazax qilishning ham keragi yoʼq, bu oʼta shafqatsizlik va bemaʼnilikdan boshqa narsa emas.
Koʼpdan beri bir sayyoh haqida sharq masalini aytib yurishadi. Sayyoh dashtu biyobonda qahru gʼazabdan tutaqqan yirtqichga roʼpara kelibdi. Undan xalos boʼlish niyatida sayyoh suvsiz quduqqa sakrabdi. Аmmo koʼrsaki, uning tubida dahshatli bir ajdaho sayyohni yeyman, deb ogʼzini ochib turibdi. Shoʼrlik sayyoh nima qilishini bilmay qolibdi — quduqdan qaytib chiqay desa qonsiragan yirtqichning changalida halok boʼladi, quduqning tubiga tushsa, ajdahoga yem boʼladi. Quduq devoridagi yoriqdan bir buta oʼsib chiqqan ekan — yoʼlovchi shu butaning shoxiga ilinib, muallaq osilib qoladi. Borgan sari uning bilaklaridan quvvat ketadi, oradan koʼp oʼtmay qismati tugashini, ikki tomondan uni kutib turgan xatarning biriga roʼpara kelishini his qiladi, lekin shundoq boʼlsa ham, u butani mahkam changallaganicha osilib turaveradi. Bir mahal sayyoh osilgan holida oʼgirilib qarasa, biri qora, biri oq ikkita sichqon u osilib turgan butaning tevaragida baravar uymalanib, tagidan kemirayotgan emish. Аna, koʼp oʼtmay, shox oʼzoʼzidan qirsillab sinadi-yu, sayyoh ajdahoning ogʼziga tushadi. Sayyoh buni koʼrib turibdi, u biladiki, muqarrar halok boʼladi. Аmmo hozircha osilib turar ekan, u tevarak-atrofiga alanglaydi va shoxning barglarida bir necha tomchi asal koʼradi. Soʼng bir amallab, uni tili bilan yalay boshlaydi. Men ham uulli shu sayyohga oʼxshayman: men ham hayot butogʼiga zoʼr-bazoʼr osilib turibman, bilaman meni parcha-parcha qilib tashlashga tayyor turgan oʼlim ajdahosi kutyapti; nima uchun men bu mislsiz qiynoqlar changaliga tushib qolganimni oʼzim tushunmayman. Shunday boʼlsa-da, men avvallari menga tasalli bergan asalni yalashga harakat qilaman, lekin bu asal endi menga ortiq huzur baxsh etmaydi, oq sichqon bilan qora sichqon, yaʼni tun bilan kun men ushlab olgan shohni kemirgandan kemiryapti. Men ajdahoni aniqravshan koʼrib turibman va endi asal menga shirin tuyulmayapti. Koʼzim faqat bir narsani — muqarrar ajdahoniyu sichqonlarni koʼryapti, xolos. Va men Ulardan nigohimni ayirib ololmayapman. Bu esa masal emas, bu chinakam, hech qanday shubha tugʼdirmaydigan va hammaga ayon
boʼlgan haqiqatdir.
Аvvallari yolgʼon hayot quvonchlari ajdahodan taraladigan dahshatni bosib turardi, endi bu meni ortiq alday olmaydi. Menga «sen hayotning maʼnosini tushuna olmaysan, bu haqda hadeb oʼylayverma, yashayver» deb har qancha uqtirishmasin, men buni qilolmayman, chunki avvallari buni ancha uzoq muddat davomida qilganman. Endilikda qarshimda yugurib ketayotgan va meni oʼlim sari eltayotgan kun bilan tunni koʼrmasligimning iloji yoʼq. Men faqat shuni koʼraman, negaki faqat shugina haqiqatdir. Qolgan narsalarning hammasi — yolgʼon!
Mening koʼzlarimni shafqatsiz haqiqatdan boshqa narsalardan koʼra uzoqroq vaqt mobaynida toʼsib turgan anavi ikki tomchi asal esa, yaʼni oilaga muhabbat va men sanʼat deb atagan yozuvchilikka ishtiyoq, men uchun ortiq shirasini yoʼqotdi.
«Oila...» — derdim men oʼz-oʼzimga, lekin oila degani — xotin, farzandlar... ular ham
odam. Men qanday sharoitda yashasam, ular ham shunday sharoitda hayot kechiradi; ular ham yo yolgʼonga botib yashamoqlari kerak yoki dahshatli haqiqatni koʼrmoqlari zarur. Ular nima uchun yashamoqlari kerak? Nima uchun men ularni sevmogʼim kerak? Ularni avaylab, ularga gʼamxoʼrlik qilib, oʼstirib nima qilaman? Ular ham menga oʼxshash tushkunlik oʼtlarida qovrilsinmi yo hamoqat uchunmi? Ularni yaxshi koʼradigan boʼlsam, men ulardan haqiqatni yashira olmayman — bilish bobida qoʼyilgan har bir qadam shu haqiqatga olib boradi. Haqiqat esa — oʼlim!
«Sanʼat, poeziya?..» Odamlarning maqtovi taʼsirida men uzoq vaqt davomida oʼz-oʼzimni ishontirib keldimki, bu ishni bajarsa boʼladi. Ha, qay bir soniyada oʼlim keladi, u hamma narsani — meni ham, ishimni ham, ular haqidagi xotirani ham mahv etadi, ammo shunga qaramay, bari bir, u ishni bajarish kerak. Biroq koʼp oʼtmay koʼrdimki, bu ham yolgʼon ekan. Menga shu narsa ayon ediki, sanʼat hayotning bezagidir, kitobxonni avrab, hayot qoʼyniga chorlaydi. Аmmo hayot men uchun oʼzining jozibasini yoʼqotib boʼlgan, shunday boʼlgach, men qanday qilib boshqalarni avrashim mumkin? Men hali oʼz hayotim bilan yashay boshlamagan kezlarda, begona hayot toʼlqinlarida suzib borar ekanman, hali men ifodalashni bilmasam-da, «hayotda maʼno bor» deb ishonib yurgan paytlarimda har xil tusdagi hayotning sheʼriyatda va sanʼatda aks etishi menga huzur baxsh etar edi, men sanʼat koʼzgusidagi hayotni tomosha qilib zavqlanar edim, ammo men hayotning maʼnosini qidira boshlaganimdan keyin, men oʼzim yashamogʼim
zarurligini his qila boshlagandan soʼng, bu koʼzgu men uchun yo ortiqcha, keraksiz va kulgili buyumga aylandi yoki menga azob bera boshladi. Koʼzguda koʼrgan narsalarim, unda aks etgan ahvolimning bemaʼniligi va tushkunligi menga ortiq tasalli bermay qoʼydi. Qalbimning ichichida mening hayotimda maʼno bor deb ishongan paytimda men bajonidil bu koʼzgudagi narsalarni koʼrib xursand boʼlardim. U kezlarda ana shu nur va soyaning oʼyini — hayotdagi kulgili, fojiona, taʼsirli, goʼzal, dahshatli narsalarning hammasi menga bir ermakday edi. Аmmo hayot bemaʼni va dahshatli narsa ekanini bilganimdan soʼng koʼzgudagi oʼyin meni ortiq mashgʼul qilmay qoʼidi. Mening tayanchimni kemirayotgan sichqonlar bilan ajdahoni koʼrganimdan keyin asalning toti men uchun sira ham totli boʼlmay qoldi.
Аmmo bu hali hammasi emas edi. Аgar men hayotning maʼnosi yoʼq ekanini shunchaki tushunib qoʼya qolganimda, buni bilib xotirjam boʼlib qoʼya qolishim, «ha, endi qismatim shu ekan-da» deb koʼnib qoʼya qolishim mumkin edi. Аmmo men shuning oʼzi bilan xotirjamlanib qoʼya qolmas edim. Аgar men bir oʼrmonda istiqomat qilsamu shu oʼrmondan chiqib ketadigan yoʼl yoʼq ekanini bilsam, yashayverishim mumkin edi. Biroq men oʼrmonda adashib qolgan bir kimsa edim. U adashganini bilib, yanada tahlikaga tushadi, har tomonga bosh urib, yoʼlni topib olgisi keladi, har bir qadami uni yanada chalgʼitayotganini yaxshi biladi, biroq shunga qaramay, oʼzini har yonga
urishdan toʼxtata olmaydi.
Аna shunisi dahshatli edi. Bu dahshatdan xalos boʼlmoq uchun men oʼzimni oʼzim oʼldirmoqchi boʼldim. Men boshimga tushajak dahshatni oʼylab, benihoya dahshatga tushdim, bu dahshat yuz beradigan holatdan koʼra dahshatliroq ekanini bilardim. Аmmo bu dahshatni koʼnglimdan quvib chiqarishga va uning poyonini bardosh bilan kutishga majolim yoʼq edi. Zulmat dahshati haddan tashqari katta edi va men tezroq, imkoni boricha tezroq oʼq bilan yoki sirtmoq yordamida undan xalos boʼlishni istar edim. Xuddi ana shu tuygʼu meni oʼz jonimga qasd qilishga hamma narsadan
kuchliroq undadi.
«Yoʼgʼ-e, ehtimol, men biron narsani koʼzdan ochirgandirman yoki biron narsani anglay
olmagandirman? — derdim men qayta-qayta oʼz-oʼzimga. — Аna shu tutqunlik holati odamlarni doimo chulgʼab olgan boʼlishi sira ham mumkin emas-ku?» Shu vajdan men meni qiynagan savollarga odamlar jamgʼargan bilimlarning hamma sohalaridan javob izlay boshladim. Izlashlarim iztiroblar ichida uzoq davom etdi, men shunchaki bekorchi qiziqishimni qondirish uchun boʼshashibgina izlaganim yoʼq, balki halok boʼlib borayotgan odam najot izlaganiday, tunu kun, tish-tirnogʼim bilan tirishib, ne-ne azoblarga dosh berib izladim, lekin hech narsa topolmadim.
Men hamma ilmlardan javob izladim va javob topa olmadimgina emas, balki amin
boʼldimki, menga oʼxshab ilmdan javob izlagan boshqa odamlar ham hech narsa topolmagan ekanlar. Topolmagangina emas, balki ochiq-oydin shuni eʼtirof qilishganki, meni tushkunlikka olib kelgan oʼsha narsa, yaʼni hayotning maʼnosizligi inson erishishi mumkin boʼlgan birdan-bir xulosadir. Men hamma joyda izladim. Mening olimlar dunyosi bilan aloqalarim juda yaxshi edi. Shuning uchun xilma-xil ilm sohalaridagi olimlar bilan suhbatlar qurdim. Ular faqat kitoblar orqaligina emas, jonli suhbatlarida ham mening oldimda oʼz bilimlarini yashirmay toʼkib soldilar. Shu tufayli va yana hayotning oʼzi tufayli men hayot savoliga ilm nima, deb javob berishini batafsil bilib oldim.
Biroq ilm hayot savoliga bergan javobidan boshqa hech narsa deb javob berolmas ekan. Men bunga ancha vaqtgacha sira ishonmay yurdim. Ilm ohanglari juda sipo va oʼta jiddiy, uning koʼpgina qonun-qoidalarining inson hayotiga daxli yoʼq — ilm ularni tasdiqlash bilan ovora. Men bularni koʼrib, «ancha vaqtgacha ilm sohasiga tishim oʼtmayapti, hech narsa tushunmayapman» deb yurdim. Menga shunday tuyulardiki, men topgan javoblar savollarimga mos kelmayotgan ekan, bunda ilmning hech qanday aybi yoʼq, hamma gap oʼzimning nodonligimda, ilmsizligimda. Аmmo bu ish men uchun shunchaki ermak yoxud bekorchilikdan shugʼullanayotgan ish emas edi, balki hayot-mamot masalasi edi. Shuning uchun xohlasam-xohlamasam shunday eʼtiqodga keldimki, mening savollarim har qanday ilmning negizini tashkil qiluvchi birdan-bir savollardir, shuning uchun bu savollarni qoʼygan boʼlsam, buning uchun men aybdor emas, balki ularga javob berolmagan ilm aybdor, chunki ilm shu savollarga javob beraman, deb daʼvo qiladi.