Iqrornoma (III bo‘lim)
Lev Tolstoy
Аna shu tentaklik qoʼynida men uylangunimga qadar yana olti yil umr kechirdim. Bu vaqt ichida men xorijga borib keldim. Ovroʼpodagi hayot haqida Ovroʼpodagi ilgʼor, oʼqimishli odamlar bilan muloqot shu paytgacha amal qilib yashab kelganim mukammallashuv haqidagi eʼtiqodimni yanada mustahkamladi, chunki bu yerdagi odamlar ham ayni shu eʼtiqodga sigʼinar ekanlar. Mendagi eʼtiqod bizning davrimizdagi oʼqimishli odamlarning koʼpchiligida boʼlgani kabi odatiy bir shaklga kirdi. Bu eʼtiqod «taraqqiy» degan soʼz bilan ifodalanar edi. U paytlarda menga bu soʼz allaqanday maʼno anglatadiganday tuyular edi. U paytlarda hali tushunmas edimki, men «qanday qilib yaxshiroq yashamogʼim kerak?» deganga oʼxshash savollar girdobida iztirob chekayotgan har qanday odam kabi «taraqqiyga muvofiq yashamoq kerak», deb javob berar ekanman, toʼlqinlar yuzida shamol har tomonga sudrayotgan qayiqqa tushib qolgan odam «yoʼl boʼlsin?» degan uning uchun yagona va asosiy savolga javob berish oʼrniga «allaqayoqqa yelib ketib boryapmiz» degandek boʼlgan ekanman.
U paytlarda men hali buni payqamagan edim. Bizning davrimizda hayotni tushunib yetmagan odamlar ana shu umumiy xurofot qobigʼiga burkanib oladilar. Men ahyon-ahyonda aqlim bilan emas, tuygʼularim bilan bundan norozi boʼlib qoʼyardim. Masalan, Parijda boʼlgan vaqtimda qatl manzarasini koʼrdimu, mendagi taraqqiyga eʼtiqodning zamini boʼsh ekanini sezib qoldim. Qatl qilingan odamning kallasi tanasidan judo boʼlib, ikkovi ham gupillab qutiga tushganday boʼlganini koʼrib, aqlim bilan emas, butun vujudim bilan angladimki, mavjud narsaning aqlga muvofiqligi va taraqqiyot haqidagi hech qanday nazariya bu ishni sira-sira oqlay olmaydi. Аgar dunyodagi hamma odamlar qandaydir nazariyalarga amal qilib, dunyo yaratilgandan beri shuni zarur deb hisoblab kelgan ekanlar, men bilamanki, bu kerak emas, bu yomon ish. Shuning uchun nima narsa yaxshiyu nima narsa zarur ekanini odamlarning gap-soʼziyu qilgʼiliqlari emas, taraqqiyot emas, balki men yuragimning amriga koʼra belgilayman. Taraqqiyot degan narsaga xurofiy eʼtiqod qoʼyishning hayot uchun kifoya emasligini anglashimga sababchi boʼlgan yana bir voqea katta akamning oʼlimi boʼldi. Dono, bagʼrikeng, jiddiy odam edi
u. U juda yosh kasalga chalindi, bir yildan ortiqroq azob tortdi va qiynalib, nimaga
yashaganini tushunmay va nega vafot etayotganiga yanada kamroq aqli yetib olamdan koʼz yumdi. U qiynalib uzila-uzila jon taslim qilayotgan kezlarda hech qanaqa nazariya bu savollarga na menga, na unga javob bera oldi.
Аmmo bunday shubhalar ahyon-ahyondagina yuragimni chulgʼab olardi, aslida esa men taraqqiyot haqidagi eʼtiqodga ixlos qoʼyib yashashda davom etardim: «Hamma narsa rivojlanyapti, men ham rivojlanyapman, nima uchun hamma bilan birga men ham rivojlanyapman — keyinchalik koʼrarmiz».
Oʼsha paytlardagi eʼtiqodimni shunday deb ifodalasam boʼlar deyman.
Xorijdan qaytganimdan keyin men qishloqda istiqomat qila boshladim va dehqon bolalari oʼqiydigan maktabda dars berdim. Maktabdagi mashgʼulotlar menga juda manzur boʼldi, chunki ularda adabiy ustozlik faoliyatida men uchun ayon-oshkor boʼlib qolgan, xoʼb jonimga tegib ulgurgan yolgʼon yoʼq edi. Bu yerda ham men taraqqiyot yoʼlida jonbozlik qildim, biroq endi men taraqqiyotning oʼziga tanqidiy munosabatda boʼlib qolgandim. Men oʼzimga oʼzim dedimki, baʼzi bir hodisalarda taraqqiyot notoʼgʼri sodir boʼlgan, endilikda ibtidoiy odamlarga, dehqon bolalarga batamom erkin munosabatda boʼlmoq kerak, ularga oʼzlari xohlagan taraqqiyot yoʼlini tanlab olishni taklif qilmoq lozim.
Vaholanki, men hamon oʼsha-oʼsha hal qilib boʼlmaydigan bitta masala atrofida aylanayotgan ekanman. Bu masala — nimaga oʼrgatayotganingni bilmay turib, birovga aql oʼrgatish edi. Nega desangiz, men koʼrdim — hamma har xil narsani oʼrgatar ekan va nima oʼrgatayotganlari oʼzlari uchun ham qorongʼi ekanini oʼzlaridan yashirmoq uchun bir-birlari bilan bahslashib yotishar ekan. Men oʼylaymanki, shu zahotiyoq dehqon bolalari bilan birgalikda bu qiyinchilikni
bartaraf qilish mumkin — buning uchun bolalarga oʼzlari xohlagan narsani oʼrgatish kerak. Endilikda koʼnglimga kelgan oʼsha nomaʼqulchilikni amalga oshirmoq uchun qanchalik oʼlib tirilganimni eslasam, kulgim qistaydi. Shuning uchun nomaʼqulchilikni, men ularga hech qanaqa kerakli narsani oʼrgata olmasligimni ich-ichimdan yaxshi bilardim, chunki nima kerakligini oʼzim ham bilmas edim. Maktabda bir yilcha dars berganimdan keyin yana xorijga joʼnadim. Bu gal maqsadim — xorijda oʼzi hech narsani bilmagan holda boshqalarga qanday
taʼlim berishning yoʼllarini oʼrgatmoq edi.
Menga shunday tuyuldiki, men xorijda buni oʼrganib oldim va xorijning bu boradagi jamiki donoligi bilan qurollangan holda dehqonlar ozodlikka chiqqan yili Rossiyaga qaytdim va vositachilik oʼrnini egallab, maktablardagi savodsiz odamlarni ham, oʼzim nashr eta boshlagan jurnal orqali esa oʼqimishli odamlarni ham oʼqita boshladim. Ishlar yurishib ketgandek koʼringan edi, lekin koʼp oʼtmasdan aqlan uncha sogʼlom emasligimni va bu ahvol uzoq davom etishi mumkin ekanligini his qildim. Balki men oʼshandayoq keyinchalik — ellik
yoshimda boshimga tushadigan chuqur tushkunlik dardiga giriftor boʼlgan boʼlardim. Meni bundan faqat bir narsa qutqarib qoldi — mening hayotimning yana bir tomoni bor ediki, men hali uni totib koʼrganim yoʼq edi. Hayotimning shu tomoni meni qutqaradi degan umidda edim. Bu — oilaviy hayot edi.
Bir yil mobaynida men vositachilik bilan shugʼullandim, maktabda dars berdim, jurnalda ishladim va haddan tashqari qiynalib ketdim. Men uchun hamma narsa ayqash-uyqash boʼlib ketdi — vositachilik borasidagi kurashlar menga juda ogʼirlik qildi, maktabdagi mashgʼulotlarimdan ham putur ketdi, jurnaldagi mavqeim oʼz-oʼzimga juda yomon koʼrinib qoldi. Bularning bariga sabab hamon oʼsha-oʼsha edi — nima taʼlim berishni bilmagan holda hammaga taʼlim bermoqchi, aql oʼrgatmoqchi boʼlardim va buni hammadan yashirmoqni istardim. Shu tufayli men jismonan emas, ruhan xastalikka chalinib qoldim. Shunda hamma narsadan qoʼl
siltadimda, toza havodan nafas olish, toʼyib qimiz ichish va vahshiyona bir tarzda hayot kechirmoq uchun choʼlga, boshqirdlar huzuriga yoʼl oldim.
U yerdan qaytib kelib uylandim. Baxtiyor oilaviy hayotning yangi sharoiti meni hayotning umumiy maʼnosini izlash borasidagi har qanday xatti-harakatlardan butunlay qaytardi. Bu vaqt mobaynida mening butun diqqat-eʼtiborim oilamga, xotinimga, bolalarimga qaratildi, shuning uchun tirikchilik yoʼlida tuzukroq mablagʼ topish tashvishlari birinchi oʼringa chiqdi. Kamolotga intilish oʼrnini, avvalroq, umuman kamolotga, taraqqiyotga intilish egallagan edi. Endi uning oʼrniga toʼgʼridan-toʼgʼri oilamning ahvolini baqadri imkon yaxshilash ishtiyoqi
paydo boʼldi.
Shu ahvolda yana oʼn besh yil oʼtdi.
Men yozuvchilikni hech narsaga arzimaydigan behuda ish deb hisoblasam-da, bu oʼn besh yil mobaynida yozishda davom etdim. Men endi yozuvchilikning mazasini tushunib qolgandim, arzimagan mehnat uchun olinadigan jaraq-jaraq qalam haqiga, qarsaklaru ofarinlarga mazaxoʼrak boʼlib qolgandim. Shuning uchun damimni ichimga yutib, ulardan moddiy ahvolimni yaxshilash vositasi sifatida foydalanishda davom etdim va ular yordamida mening hayotim va umuman hayotning maʼnosi toʼgʼrisidagi koʼnglimdagi har qanaqa savollarning unini oʼchirishga harakat qildim. Bu kezlarda men uchun yagona haqiqat bor edi — shunday yashaginki, buning oqibatida oʼzing oilang bilan birga huzur-halovatda hayot kechir, imkoni boricha farogʼatda yasha. Yozgan asarlarimda ham shunday taʼlim berdim. Shu ahvolda yashashda davom etdim, ammo bundan besh yilcha muqaddam men gʼalati holatlarni kechira boshladim — avvallariga bir necha daqiqa davomida hayotim toʼxtab qolayotganday, dovdirab qolayotganday boʼladigan boʼlib qoldim. Goʼyoki qanday yashashim kerakligini, nima qilmogʼim kerakligini mutlaqo bilmas edim. Bunday hollarda esankirab, tushkunlikka tushib qolardim. Аmmo bu oʼtib ketardi va men avvalgiday yashashda davom etaverardim. Keyin bu dovdirash daqiqalari tez-tez takror boʼla boshladi. Bu har gal bir xil shaklda sodir boʼlardi. Hayotning bunday toʼxtab qolishlari har gal bir xil — nima uchun? Xoʼsh, keyin-chi? — degan savollarda ifodalanardi.
Аvvaliga menga shunday tuyuldiki, bular maqsadsiz, nooʼrin berilgan savollar. Nazarimda bularning hammasi maʼlum gaplar edi, agar men vaqti-soati kelib ularni hal qilish bilan shugʼullanadigan boʼlsam, bu ish men uchun sira-sira qiyin boʼlmaydi, faqat hozir bu bilan shugʼullanishga ortiqcha vaqtim yoʼq, kerak boʼlganda ularning hammasiga javob topa olaman. Biroq savollar ustma-ust qalashib yogʼilaverdi, borgan sari qatʼiyroq tarzda ularga javob talab qilinaverdi va ustma-ust bir nuqtaga tushgan kabi bu javobsiz savollar birlashib, kattakon bir qora dogʼni tashkil qildi.
Odamzod dardi bedavo bir dardga chalinadigan boʼlsa, odatda shunday boʼladi. Аvvaliga xastalikning arzimas belgilari namoyon boʼladi. Bemor ularga eʼtibor bermaydi. Keyin bu belgilar takror-takror uchrayveradi va bora-bora boʼlinmaydigan, bitta yaxlit dardga aylanadi. Dard kuchaygandan kuchayadi va bemor biror tadorikni koʼrib ulgurmay anglaydiki, u oddiyxastalik deb qabul qilgan narsa uning uchun dunyodagi eng muhim narsa ekan. Bu — ajal ekan!
Men ham xuddi shuni boshimdan kechirdim. Men angladimki, bu tasodifiy xastalik emas, balki boshqa juda muhim bir narsa. Modomiki bir xil savollar takror-takror koʼndalang boʼlaverayotgan ekan, ularga javob bermoq kerak. Shunda men ularga javob berishga unnab koʼrdim. Savollar juda joʼn, bolalarnikiga oʼxshagan, bemaʼni savollarga oʼxshardi. Аmmo men ularni olib, hal qilishga unnashim bilanoq shunga amin boʼldimki, birinchidan, ular bolalarning savoli emas, behuda emas, balki hayotdagi eng muhim va eng teran savollar ekan. Ikkinchidan, men har qancha boshimni qotirmay, ularni sira ham hal qilolmayman. Samaradagi mulkim bilan shugʼullanishdan avval, oʼgʼlimning tarbiyasiga kirishmoqdan, qoʼlga qalam olib kitob yozishga oʼtirmoqdan avval bularning hammasini nima maqsadda qilmoqchi ekanligimni bilmogʼim kerak. Nima maqsadda ekanini bilmagunimcha, men hech narsa qilolmayman. Oʼsha kezlarda xoʼjalik haqidagi fikrlar juda ham fikru zikrimni band etgan edi. Bir kuni shu oʼylar ichida bir fikr miyamga keldi: «Xoʼp, yaxshi, Samara guberniyasida sening 6000 desyatina yering, 300 bosh yilqing boʼlsin... Xoʼsh, keyin-chi?..» Mening juda ham boshim qotib qoldi.
Undan nari nima deb oʼylashni ham bilmay qoldim. Yoki bolalarni qanday tarbiyalayotganim haqida oʼylay boshlashim bilanoq, oʼzimga: «Nima uchun?» — derdim. Yoki xalq qanday qilib farovonlikka erishmogʼi mumkinligi toʼgʼrisida mulohaza yuritganda, toʼsatdan oʼz-oʼzimga: «Mening nima ishim bora!» — deb yuborardim. Yoki mening asarlarimni qanday shon-shuhratlar kutayotgani haqida oʼylasam, oʼzimga oʼzim derdim: «Xoʼp, yaxshi, sening shuhrating Gogolnikidan,
Pushkinnikidan, Shekspirnikidan, Molernikidan, dunyodagi jamiki yozuvchilarnikidan ham ortiqroq boʼladi. Xoʼsh, nima boʼpti? Innaykeyin-chi?»