August 8, 2023

Iqrornoma (II bo‘lim)

Lev Tolstoy

Vaqt-soati kelsa, men hayotim tarixini hikoya qilib beraman — yoshligimdagi oʼn yillik umrim juda ibratli va taʼsirchan kechgan. Oʼylaymanki, mening koʼnglimdan kechgan tuygʼularning koʼpi boshqalardan ham kechgan. Men butun qalbim bilan yaxshi boʼlishga intilgandim; ammo men yosh edim, hirslarimga asir edim, ammo yaxshi boʼlish yoʼllarini izlaganimda yolgʼiz edim, mutlaqo yolgʼiz edim. Har gal qalbimdagi eng yaxshi mayllarimni, yaʼni maʼnaviy jihatdan yaxshi boʼlmoqchi ekanimni namoyish qilsam, meni mazax qilishar va menga nafrat bildirishardi; yomon ehtiroslarga beriladigan boʼlsam, har gal meni maqtashar va ragʼbatlantirishar edilar.
Manfaatparastlik, shuhratparastlik, hokimiyatparastlik, shahvoniyat, mutakabbirlik, gʼazab, intiqom - bularning hammasi hurmatga sazovor edi. Bu hislarga berilganimda men katta odamlarga oʼxshab qolardim va mendan mamnun ekanliklarini his qilardim. Men xolajonim bilan birga turardim. Qoʼy ogʼzidan choʼp olmagan bu pokiza ayol hamisha menga bir tilak bildirib, «er koʼrgan ayol bilan aloqada boʼlishingni istayman, chunki boadab ayol bilan aloqa qilgan yigitning savodi tez chiqadi» derdi. U menga yana bir toifa baxt tilardi - mening adʼyutant boʼlishimni, boʼlganga yarasha podshoning adʼyutanti boʼlishimni istardi; uning menga tilagan eng katta baxti shu ediki, mening juda ham badavlat qizga uylanishimni istar, bu uylanish oqibatida, menda son-sanoqsiz qullar boʼlishini xohlar edi.
Dahshatsiz, ijirgʼanmasdan, yurak zil ketmasdan shu yillarni eslay olmayman. Men urushda odam oʼldirganman, oʼldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, fahsh ishlar bilan shugʼullanganman, aldaganman. Yolgʼonchilik, oʼgʼirlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zoʼravonlik, qotillik... Men qilmagan jinoyat qolgan emas va buning hammasi uchun meni maqtashgan, tengdoshlarim meni nisbatan vijdonli odam, deb hisoblashgan va hozir ham hisoblashadi.
Shu ahvolda oʼn yil yashadim.
Bu davr mobaynida shuhratparastligim, manfaatparastligim, mutakabbirligim vajidan
yoza boshladim. Hayotda nima nomaʼqulchilik qilgan boʼlsam, yozganlarimda ham shuni yozdim. Shuhratga erishmoq va pul topmoq uchun jamiki yaxshi narsani yashirib, yomon narsani yozmoq kerak edi. Men shunday qildim. Men yozgan narsalarimda loqaydlik pardasi ostida va hatto, jinday istehzo aralash yaxshilikka intilishlarimni necha martalab yashirib ketganman. Holbuki, yaxshilikka intilish hayotimning mazmunini tashkil qilardi. Shu yoʼl bilan shuhratga erishdim — meni maqtadilar.
Yigirma olti yoshga toʼlib, urushdan keyin Peterburgga keldim va yozuvchilar bilan topishdim. Meni oʼzlariga yaqin olib qarshi olishdi, menga xushomadlar qilishdi. Bir aylanib ulgurmasimdan men topishgan odamlarning hayotga mutakabbirona qarashlarini oʼzlashtirib oldim va yaxshiroq boʼlish borasida qilgan hamma avvalgi urinishlarim tag-tugi bilan xayolimdan uchdi-ketdi. Ushbu qarashlar beboshlik bilan kechirayotgan umrimga qoʼshilib bu hayotni oqlaydigan nazariyaga aylanadi.
Yozuvchilik borasidagi bu sheriklarimning hayotga qarashi shundan iborat edi: umuman hayot oʼz yoʼlida rivojlanib boradi va uning bu rivojida biz, yaʼni fikrlovchi odamlar asosiy ishtirokchilar sifatida koʼrinamiz; fikrlovchi odamlar orasida esa biz — sanʼatkorlar, shoirlar asosiy taʼsir kuchiga egamiz. Zimmamizdagi burchimiz — odamlarni oʼrgatish. Аmmo bunda oʼz-oʼzingga beriladigan savol koʼndalang boʼlishi mumkin — xoʼsh, men oʼzim nimani bilamanu, odamlarga nimani oʼrgataman? Shu savol koʼndalang boʼlmasin uchun yuqoridagi nazariyamizda bir gap aytildi — sanʼatkor birovga bir narsa oʼrgatmogʼi uchun oʼzi biron narsa bilishi shart emas, sanʼatkor bilan shoir gʼayrishuuriy tarzda oʼrgatishadi. Men juda ajoyib sanʼatkor va shoir hisoblanardim, shuning uchun ham gʼoyat tabiiy bir tarzda bu nazariyani oʼzlashtirib oldim. Men — shoirman, sanʼatkorman, oʼzim nimani oʼrgatayotganimni bilmagan
holda asar yozib, odamlarga oʼrgataman. Buning uchun menga qalam haqi berishadi, yeganim oldimda, yemaganim ketimda, turarjoyim soz, ayollar bisyor, ulfatlarim joyida. Xullas, shuhratim yuksak. Bundan kelib chiqadiki, men oʼrgatgan narsa juda yaxshi ekan.
Poeziyaning ahamiyatiga va hayotning rivojlanishiga boʼlgan bu ishonch — iymon edi va men uning muhiblaridan biri edim. Bu iymonning muhibi boʼlish qulay va yoqimli edi. Shu ahvolda shu iymonga sajda qilib, uning chinligiga shak keltirmay men ancha yashadim. Аmmo ikki yil oʼtgach va ayniqsa, bunday hayotimning uchinchi yili boshlangach, men bu iymonning
benuqsonligiga shubha qila boshladim va uni tadqiq qilishga kirishdim. Menda shubha
tugʼilishiga turtki boʼlgan birinchi omil shu boʼldiki, bu iymonning muhiblari hamma vaqt ham oʼzaro ittifoq emas edilar. Baʼzilar deyishardi: biz — eng yaxshi va eng foydali ustozlarmiz, biz kerak narsani oʼrgatamiz, boshqalar notoʼgʼri oʼrgatishadi. Boshqalari esa bunday deyishadi: yoʼq, biz chin ustozmiz, sizlar notoʼgʼri oʼrgatasiz. Shunday deb ular bir-birlari bilan bahsga kirishadi, tortishadi, soʼkishishadi, bir-birlarini aldaydi, bir-birlariga makkorlik qilishadi. Bundan tashqari, ularning orasida shunaqa odamlar ham koʼp ediki, ular kim haqu kim nohakdigini oʼylab ham oʼtirishmasdi, balki bizning shu faoliyatimizdan foydalanib, oʼzlarining gʼarazli niyatlariga osongina erishardilar-qoʼyardilar. Bularning hammasi meni iymonimizning chinligiga shak keltirishga majbur qildi.
Bundan tashqari, yozuvchilik iymonining chinligiga shubha paydo boʼlgandan keyin men uning muhiblari hayotini sinchiklab kuzata boshladim va amin boʼldimki, bu iymonning deyarli hamma muhiblari — yozuvchilar vijdonsiz odamlar ekan, ularning koʼpchiligi yaramas odamlar ekan, ularni ikki pulga arzimaydigan kaslar desa ham boʼladi; ular avvalgi bebosh hayotimda, harbiy hayotimda uchratgan odamlarning koʼpidan tuban turadi, lekin ular juda ham oʼzlariga bino qoʼygan va oʼz-oʼzlaridan benihoya mamnun odamlar. Faqat avliyolargina oʼz-oʼzlaridan shunaqa
mamnun boʼlishlari mumkin yoki avliyolik nimaligini bilmaydiganlargina shunaqa boʼlsalar, ehtimol. Men odamlarni yomon koʼrib qoldim, oʼzimdan ham koʼnglim qoldi. Shunda angladimki, bu iymon — yolgʼon!
Аmmo gʼalati joyi shundaki, bu iymonning yolgʼonligini tushunib, undan yuz oʼgirganimdan keyin shu odamlar tomonidan menga berilgan rutbadan — sanʼatkor, shoir, ustoz rutbasidan yuz oʼgirmadim. Goʼllik bilan oʼylabmanki, men shoirman, sanʼatkorman, binobarin, oʼzim nimani oʼrgatayotganimni bilmagan holda hammaga aql oʼrgataveraman. Shunday qildim ham.

Bu odamlarga yaqin boʼlib men yangi bir gunoh orttirdim — menda mutakabbirlik juda avj olib ketdi va nima oʼrgatayotganimni bilmagan holda odamlarga aql oʼrgatish zimmamdagi burchimdir, degan majnunona ishonch paydo boʼldi.
Endilikda oʼsha zamonlarni esga olar ekanman, oʼzimning oʼsha paytdagi kayfiyatimni va oʼsha odamlarning (bunaqa odamlar hozir ham behisob) kayfiyatini xotirlar ekanman, ham kulgim keladi, ham yigʼlagim, ham rahmim qoʼzgʼaladi, ham dahshatga tushaman. Jinnixonaga tushgan odamning koʼnglidan shunaqa tuygʼular kechsa kerak.
U paytlarda biz hammamiz astoydil ishongan edikki, biz koʼp gapirmogʼimiz, tinmay
yozmogʼimiz, yozganimizni betoʼxtov chop etmogʼimiz darkor, buni qancha tez va qancha koʼp qilsak, shuncha yaxshi, chunki bularning bari insoniyat manfaatlari uchun zarur. Va bizga oʼxshaganlardan son mingtasi bir-birini inkor etib, bir-birini soʼkib, boshqalarga aql oʼrgatib tinmay yozdilar va yozganlarini chop etdilar. Shunday qilib, biz hech narsa bilmasligimizni payqamagan holda, hayotning «yaxshi degani nimayu yomon degani nima?» degan eng oddiy savoliga nima deb javob berishni bilmagan holda, bir-birimizning gapimizni tinglamagan holda hammamiz yoppasiga gapira ketdik. Аmmo baʼzan menga ham «barakalla» desinlar va meni ham jinday maqtab qoʼysinlar degan maqsadda, bir-birimizga ofarinlar yogʼdirdik va bir-birimizni maqtab, koʼklarga koʼtardik. Bu olagʼovur ichida ahyon-ahyonda gʼazabimiz ham qoʼzib turar va bir-birimizning ovozimizni bosib, qichqirishga tushardik. Bu ayni jinnixonaning oʼzi emasmi?!
Minglab ishchilar, tunu kun kuchdan qolib, horib-toliqib ishlashar, millionlab soʼzlarni
terishar va bosishar, pochta esa ularni butun Rossiya boʼylab tarqatar edi, biz esa hamon uzluksiz ravishda jazavaga tushib oʼrgatar, oʼrgatar va yana oʼrgatar edik, bu oʼrgatishimizning keti-oxiri koʼrinmas edi va biz yana zarda ham qilib qoʼyardik — bizning gapimizni kam tinglashyapti.
Koʼp gʼalati edi bu, lekin endi menga hammasi tushunarli. Haqiqiy, chin yurakdan chiqqan mulohazamiz shu ediki, biz imkoni boricha koʼproq pul olishni va maqtov eshitishni istar edik. Bu maqsadga erishish yoʼlida biz kitob yozish va gazeta chiqarishdan boshqa hech narsa bilmas edik. Biz shu ishlarni qildik ham. Аmmo shu qadar behuda ishlarni qilib turib, oʼzimizni
juda kerakli ulkan odamlar deb komil ishonch bilan hisoblamogʼimiz uchun, bizning
faoliyatimizni oqlaydigan, unga biron maʼno ato etadigan mulohaza ham kerak edi. Shu
sababdan biz quyidagi gapni toʼqib chiqardik: mavjud narsaki bor, ularning hammasi aqlga muvofiqdir. Nimaiki mavjud boʼlsa, ularning hammasi rivoj topadi. Rivojlanish esa
maʼrifat vositasida amalga oshadi. Maʼrifat deganimizning darajasi kitob va gazetalarning qay darajada tarqalishi bilan oʼlchanadi. Biz kitob yozganimiz va gazeta chiqarganimiz uchun bizga pul toʼlashadi, shuning uchun ham biz eng foydali va yaxshi odamlarmiz. Аgar biz hammamiz shu mulohazaga qoʼshilsak, undan yaxshi mulohaza boʼlmas edi. Аmmo bir odam tomonidan aytilgan bitta fikrga qarshi boshqa odam har doim butunlay unga zid boshqa bir fikr aytardi, bu esa bizni oʼylanishga majbur etardi. Аmmo biz buni payqamas edik. Bizga pul toʼlashardi va firqamizga mansub odamlar bizni maqtashardi — shundoq boʼlgandan keyin bizning har qaysimiz oʼzimizni haq deb hisoblardik.
Endi menga ayonki, bularning bari jinnixonadagi ahvoldan sira ham farq qilmaydi. U paytlarda esa men buni gʼira-shira anglardim, xolos va hamma jinnilarga oʼxshab oʼzimdan boshqa hammani jinni deb atar edim.