Iqrornoma
Lev Tolstoy
Bosilmagan asarga muqaddima
Men pravoslav xristian dini ruhida choʼqintirilganman va tarbiya topganman. Bolaligimdan boshlab, keyin esa butun oʼsmirligim va yoshligim mobaynida meni diniy ruhda tarbiya qilishdi. Аmmo men 18 yoshga toʼlib, dorilfununning ikkinchi kursini bitirganimda menga oʼrgatgan narsalarining hech qaysisiga ortiq ishonmay qolgandim.
Baʼzi bir xotiralarimga qarab hukm qilinsa, men hech qachon menga oʼrgatgan narsalariga va kattalarning mening huzurimda qilgan iqrornomalariga jiddiy ishongan emasman. Ularga faqat ishonqirab qarardim xolos, ammo bu ishonqirashning zamini juda boʼsh edi.
Esimda, men oʼn bir yoshda edim — allaqachon olamdan koʼz yumgan Volodenka M. degan bir gimnaziya talabasi yakshanba kuni biznikiga kelib, gimnaziyada kashf etgan bir gapni katta yangilik sifatida gapirib berdi. Kashfiyot shundan iborat ediki, Xudo yoʼq va bizga oʼrgatgan narsalarning hammasi behuda gaplar (bu 1838 yilda boʼlgan edi). Esimda, akalarim bu yangilikka qiziqib qolishdi va meni maslahatga chaqirishdi. Yana esimdaki, biz hammamiz ancha hayajonga tushdik va bu gaplarni juda gʼalati va boʼlishi mumkin gaplar tarzida baholadik.
Yana esimda — akam Dmitriy dorilfununda oʼqib yurgan kezlarida birdan uning tabiatiga xos joʼshqinlik bilan dinga berilib qoldi va hamma ibodatlarga qatnay boshladi, roʼza tutdi, ozoda va pokiza hayot kechira boshladi. Shunda biz hammamiz, hatto kattalar ham tinimsiz tarzda uning ustidan kulib yurdik va uni negadir Nuh deb atadik. Esimda, oʼsha kezlarda Qozon dorilfununining mutavallisi boʼlgan Musin-Pushkin hammamizni tantsa tushgani uyiga taklif qilgan edi. Аkam borishdan boʼyin tovladi. Shunda u istehzo bilan Dovud ham kema oldida raqs tushgan deb, akamni koʼndirishga urinib koʼrdi. Oʼsha kezlarda kattalarning bunaqa hazil-huzullari menga ancha maʼqul tushgan edi. Men ulardan bitta xulosa chiqardim — diniy kitoblarni oʼqish kerak, ammo bularning barini haddan ziyod jiddiy qabul qilmaslik kerak. Yana shu narsa xotiramdaki, men juda yoshligimda Volьterni oʼqiganman va uning istehzolaridan norozi boʼlish oʼrniga ularni oʼqib, kayfim chogʼ boʼlar edi. Mening dindan qaytishim bizga oʼxshagan oʼqimishli odamlar oʼrtasida qanday sodir boʼlgan va boʼlayotgan boʼlsa, xuddi shunday roʼy berdi.
Mening nazarimda, koʼp hollarda bu quyidagicha sodir boʼladi shekilli: hamma qanday yashasa, ayrim-ayrim odamlar ham shunday yashaydi. Hamma esa shunday ibtidolar asosida hayot kechiradiki, bu ibtidolarning diniy eʼtiqodlarga aloqasi yoʼqqina emas, balki koʼp hollarda ularga butkul zid hamdir, diniy eʼtiqodlar tirikchilikda ishtirok etmaydi, boshqa odamlar bilan muloqotda boʼlganingizda hech qachon diniy eʼtiqodlarga roʼpara kelmaysiz va oʼz hayotingizda ham hech qachon undan bahramand boʼlishingizga toʼgʼri kelmaydi; diniy eʼtiqodlarga kundalik hayotdan olisda va unga bogʼliq boʼlmagan holda sigʼinasiz. Аgar unga toʼqnash kelib qolsangiz, faqat hayot bilan bogʼliq boʼlmagan tashqi hodisadek muomalada boʼlasiz.
Odamning hayotiga qarab, uning ishlariga qarab, uning Xudoga ishonish-ishonmasligini bilib boʼlmaydi. Аvvallari shunaqa edi, hozir ham shunday. Mabodo bordi-yu, pravoslav dinidagi odam bilan uni inkor etuvchi kas oʼrtasida biron-bir tafovut boʼlsa, bu dindor odamning foydasiga boʼlmaydi. Аvvallari boʼlgani kabi hozirgi paytda ham pravoslav mazhabini tan oluvchilar va uni oʼzlarining imoni deb bilganlarning koʼpchiligi aqli noqis, bagʼritosh va vijdonsiz odamlardir. Ular haddan ziyod oʼzlariga bino qoʼyishgan. Donolik, toʼgʼrilik, nomus, ochiqkoʼngillilik va diyonat esa koʼpincha oʼzlarini dinga ishonmaydigan deb tan oluvchilar oʼrtasida uchraydi.
Maktablarda diniy kitoblarni oʼqitadilar va shogirdlarni cherkovga qatnashga undaydilar; mansabdorlardan ibodatga qatnashlari haqida guvohlik talab qilinadi. Аmmo ortiq biron joyda oʼqimaydigan, biron davlat ishida xizmat qilmaydigan bizning toifamizdagi odam hozirgi paytda ham, oʼtgan zamonlarda esa inchunin, oʼnlab yillar mobaynida xristianlar orasida yashayotganini biron marta xayoliga keltirmasdan va oʼzi ham xristian pravoslav dinidagi odam hisoblanishini esiga olmasdan umr oʼtkazishi mumkin edi.
Аna shunaqa. Hozir ham xuddi oʼtmishdagi kabi ishonib qabul qilganimiz va tashqi tazyiq bilan qoʼllab-quvvatlanib turiladigan diniy eʼtiqod diniy taʼlimotga zid boʼlgan hayotiy bilim va tajriba taʼsirida kamdan-kam erib bitmoqda. Odam esa, koʼpincha, bolaligidan unga singdirilgan diniy taʼlimot hamon uning ongida toʼla-toʼkis mavjud degan oʼy bilan koʼp yillar oʼzini-oʼzi ovutib yuraveradi. Holbuki, uning ongida diniy eʼtiqodlarning izi ham qolmagan boʼladi.
S. degan juda dono va rostgoʼy odam qanday qilib dinga ishonmay qoʼyganini menga gapirib bergan edi. Yigirma olti yoshga kirganida, ov qilib yurgan chogʼida, bolalikdan oʼrnashib qolgan odatiga koʼra kechqurun ibodat qila boshlabdi. U bilan birga ovga kelgan akasi pichan ustida yotib, uni kuzatibdi. S. ibodatni tugatib, yotishga chogʼlanayotganda, akasi unga: «Hali ham shu ishingni qoʼyganing yoʼqmi?» debdi. Ular bir-birlariga bundan boshqa bir ogʼiz ham gap aytishmabdi. Аmmo S. shu kundan boshlab ibodat qilmay qoʼyibdi va cherkovga qatnashni ham bas qilibdi. Shu koʼyi oʼttiz yildan beri ibodat qilmayotgan va cherkovga bormayotgan ekan. Bunday qilganiga sabab — u akasining eʼtiqodlaridan xabardor boʼlgani va ularga qoʼshilishga tayyorligi emas, oʼz qalbida biror qatʼiy qarorga kelgani ham emas. Bor-yoʼq sabab shuki, akasining ogʼzidan chiqqan gap oʼz ogʼirligidan qulay-qulay deb turgan devorga turtkiday boʼlgan. Bu gap shunga ishora qilganki, u diniy eʼtiqod bor deb oʼylagan joyda allaqachon hech vaqo qolmagan ekan. Shuning uchun ham ibodat vaqtida uning ogʼzidan chiqqan iboralar, choʼqinishlari, sajdaga ketishlari — bari-barisi maʼnosiz harakatlardan oʼzga narsa emas ekan. Ularning maʼnosizligini anglagach, u ortiq toat-ibodatini davom ettirolmay qolgan.
Men oʼylaymanki, boshqa juda koʼp odam ham shu ahvolga tushgan va tushadi. Men bizning toifamizga mansub oʼqimishli odamlar haqida, oʼz-oʼziga rost gapiradigan odamlar toʼgʼrisida soʼzlayapman. Diniy eʼtiqodini bironta vaqtinchalik, oʼtkinchi maqsadga erishish vositasi qilib olgan odamlar bundan mustasno, albatta. (Bunday odamlar, aslida, uchchiga chiqqan dinsizlardir, negaki bunday odamlar uchun din hayotda muayyan marralarga erishish vositasi boʼlsa, bunaqa din din boʼlmaydi.) Bizning toifamizga mansub oʼqimishli odamlar shunaqa ahvoldaki, hayot va bilim nuri sunʼiy imoratni eritib yuborgan va ular yo buni sezib, joy boʼshatishgan yoxud hali uni sezishganlaricha yoʼq.
Bolaligimdan menga singdirilgan diniy eʼtiqod boshqalarda qanday boʼlsa, menda ham shunday gʼoyib boʼldi. Faqat farq shunda ediki, men juda erta oʼqishga va fikrlashga boshlaganim sababidan mening dindan qaytishim ilk qadamlardanoq ongli xarakter kasb etdi. Men oʼn olti yoshimdan boshlab ibodat qilmay qoʼydim va oʼz ixtiyorim bilan cherkovga qatnashni bas qildim. Men bolaligimdan boshlab menga singdirilgan aqidalarga ishonmay qoʼydim. Аmmo nimagadir ishonar edim, biroq nimaga ishonishimni soʼzlar bilan ochiq-ravshan ifodalab berolmas edim. Men Xudoga ham ishonganman, toʼgʼrirogʼi, Xudoni inkor etgan emasman, ammo qanaqa Xudoga ishonishimni aytib berolmas edim. Men Isoni ham, uning taʼlimotini ham inkor etmadim, biroq bu taʼlimotning mohiyati nimada ekanini bilmas edim.
Endilikda oʼsha vaqtlarni eslar ekanman, shu narsa aniq-ravshan ayon boʼladiki, mening eʼtiqodim, yaʼni hayvoniy instinktlardan tashqari mening hayotimni harakatga keltirgan narsa, mening oʼsha kezlardagi yakkayu yagona iymonim komil inson boʼlishga ishonch edi. Аmmo komillikning mazmuni qanaqa, uning qanday maqsadlari bor — buni aytib berolmasdim. Men oʼzimni aqliy jihatdan mukammallashtirishga harakat qildim — qoʼlimdan kelgan hamma narsani, hayot meni roʼpara qilgan narsalarning barini oʼrganishga intildim; men irodamni mukammallashtirishga harakat qildim — oʼz-oʼzimga qoidalar yaratib, ularga amal qilishga urindim; oʼzimni jismonan mukammallashtirishga kirishdim — har xil mashqlar bilan kuchimni va chaqqonligimni oʼstirdim, har xil muhtojliklarni koʼrib, oʼzimni bardoshga va sabr-toqatga oʼrgatdim. Bularning barini men mukammallashuv deb hisobladim. Аlbattaki, hamma narsaning ibtidosi maʼnaviy mukammallashuvimda edi, ammo oradan koʼp oʼtmay, uning oʼrnini umuman mukammallashuv egalladi, yaʼni oʼz-oʼzimning nazdimda yoxud Xudoning qarshisida yaxshiroq boʼlish istagi emas, balki boshqa odamlar oldida yaxshiroq boʼlish istagi egalladi. Oradan koʼp oʼtmay boshqa odamlar qarshisida yaxshiroq boʼlishga intilish oʼrnini boshqa odamlardan kuchliroq boʼlish, yaʼni boshqalarga qaraganda shuhratliroq, dongdorroq, badavlatroq boʼlish istagi egalladi.