May 28, 2021

UYUSHMAGAN YOSHLAR O‘RTASIDA HUQUQBUZARLIKNING OLDINI OLISH VA JINOYATCHILIKNI BARTARAF ETISHDA YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI TUTGAN O‘RNI

O‘zbekiston Respublikasi aholisining oltmish foizidan ko‘prog‘ini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatimizda yoshlarni ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish naqadar muhim vazifa ekanligi namoyon bo‘ladi. Shu sababli ham 2016-yil 14-sentabrda “yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ta’kidlash joizki, ushbu qonun yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi va yoshlarga oid davlat siyosatining umumiy prinsiplari hamda yo‘nalishlarini belgilab beradi. Qonunning qabul qilinishi ahamiyatli jihati shundan iborat bo‘ldiki, qonunning 3-moddasida yoshlarga oid davlat siyosati tushunchasiga ta’rif berildi unga muvofiq — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimidir. Shuningdek, qonunda yoshlar (yosh fuqarolar) — o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar ekanligi ekanligi belgilangan.[1] Yoshlar daoirasining qonunda aniq belgilanishi yoshlarga oid davlat siyosatining yo‘nalishini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:

yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;

yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;

yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;

yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;

yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;

yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;

yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish kabilar belgilandi.

Ta’kidlash joizki, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlamasdan jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni keng ommalashtirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, biz huquqiy-demokratik davlat qurmoqchi ekanmiz, avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarinining ishonchli himoya mexanizimini yaratishimiz zarur. Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri sifatida yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish etib belgilandi. Ushbu yo‘nalish mas’ul davlat hokimiyati va boshqaruv organlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan to fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari belgilandi. Bu esa yoshlarga oid davlat siyosati keng yoshlar qatlamini qamrab olishining garovi hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish va yangi yuksak sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasining «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va nazorat o‘rnatish maqsadida Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tashkil etildi. Yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti, shuningdek, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, o‘qish, mehnat va jamoat ishlarida har tomonlama faol ishtirok etayotgan yoshlarni taqdirlash maqsadida «Kelajak bunyodkori» medali ta’sis etiladi. Shuningdek, mamlakatimizda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun — 30 iyun sanasi mamlakatimizda «Yoshlar kuni» sifatida nishonlashining belgilanishi ham yoshlarga e’tibor naqadar o‘sganligidan dalolat beradi.

E’tibor qiladigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlangan barcha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi asosida amalga oshirildi. Shu bilan birgalikda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq bir qator yangi va muhim vazifalar qo‘yildi. Ya’ni ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida yoshshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish belgilandi, unga muvofiq quyidagilar yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;

o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;

yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, yoshlar va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyatini tashkil etish.[2]

Bugungi kunda yoshlarning huquq va erkinliklarining mustahkam himoyasini ta’minlash dolzarb masalaga aylanib ulgurgan. Shu sababli ham Respublikamizning tuman, shaharlarida yoshlarni huquqiy himoya qilish markazlari hamda ularning ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ushbu huquqiy yordam markazlarida huquqiy yordam uchun mutaxasislarni amaliyotchi huquqshunoslardan tuzish yoshlarning huquqlarini himoya qilishda yana bir yutuq bo‘lardi.


[1] O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018 y., 03/18/486/1559-son

[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 2017-yil 7-fevraldai PF-4947 –sonli Farmoni. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2018 y., 06/18/5483/1594-son

Jinoyat ishlari bo'yicha Guliston shahar sudi

sudya yordamchisi

Bo'ronov Shoxjahon