JIZZAXDA “HUDUDIY TARMOQLARARO SANOAT YARMARKASI” O‘Z ISHINI BOSHLADI
Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulot turlarini o‘rganib chiqish, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish ko‘lamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfelini (shartnoma va memorandumlar) shakllantirish maqsadida Jizzax viloyat hokimining 2022-yil 3-fevraldagi 50-3-0-F/22-sonli Farmoyishiga asosan joriy yilning 3-mart kuni Jizzax shahri “Olimpiyada zaxiralari kolleji” binosida Jizzax viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarmasi tomonidan Jizzax viloyat hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘z ishini boshladi.
Yarmarkaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari – G.Saidova, Jizzax viloyat hokimi – E.Saliyev, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i – A.Shamsuddinov, Farmasevtika tarmog‘i rivojlantirish agentligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari – D.Bozorov, boshqarmalar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Yarmarka doirasida Andijon viloyatidan 4 ta, Buxoro viloyatidan 4 ta, Toshkent viloyatidan 2 ta, Toshkent shahridan 11 ta, Navoiy viloyatidan 2 ta, Farg‘ona viloyatidan
9 ta, Sirdaryo viloyatidan 7 ta, Surxondaryo viloyatidan 3 ta, Samarqand viloyatidan 9 ta va boshqa viloyatlardan 14 tadan ortiq qurilish, avtomobilsozlik, farmasevtika, oziq-ovqat, tekstil va boshqa sohadagi korxonalar qatnashishi rejalashtirilgan edi.
Ko‘rgazmada birgina Jizzax viloyatining o‘zida jami 72 ta korxona qatnashgan bo‘lib, shundan 5 ta avtomobilsozlik, 17 ta yengil sanoat, 10 ta kimyo sanoat, 17 ta qurilish materiallari, 6 ta mebel sanoati, 8 ta oziq-ovqat sanoati, 3 ta farmasevtika va 6 ta elektrotexnika yo‘nalishlaridagi korxonalar o‘z tovarlari bilan ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish qismida, viloyat hokimi E.Saliyev ishbilarmon doiralarga qulay shart-sharoit yaratish orqali viloyatning sanoat sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini va bu borada respublikamizda ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.
Shu o‘rinda, Jizzax viloyatida 2021-yil yakunlariga ko‘ra, sanoat sohasida 4,1 trln. so‘mlik 104 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 2414 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jumladan, umumiy qiymati 307,8 mln dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi natijasida 11 ta loyiha ishga tushirildi. Va bu YHM 7 foizga o‘sishiga muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu tashkil etilgan yarmarkaning o‘ziga xos xususiyati ham mahalliy tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat bo‘lib, sanoat sohasidagi korxonalar o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, yuqori sifatli va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, investorlarni jalb qilish, investitsiya loyihalarini sonini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgani aytib o‘tildi.