February 5, 2021

Masjidga minbar qo'yilishi

Rasululloh (s.a.v.) Madinaga koʼchib kelganlaridan beri suhbatlarini mehrobda oʼtirib qilar edilar. Baʼzan mavzu (masala) muhim va jamoat ham katta boʼlsa, u holda xurmo yogʼochidan qilingan ustun yoniga borar, tik turgancha shu ustunga suyanib juma xutbasini qilar edilar. Bu ustun Janobimiz doim namoz oʼqib beradigan mehrobning oʼng tomonida, oʼn odimcha narida edi. Mehrobning chap tomonida esa, Paygʼambarimizning xotinlari uchun qurilgan xujralar joylashgan.

Nabiyyi muhtaram janobimizning suhbatlari koʼpincha qisqa va xikmatli boʼlardi. Keraksiz soʼzlamasdilar, keragidan ortiq ham gapirmasdilar, ahamiyatli deb bilgan jumlalarni aksari paytda uch karra takrorlardilar. Baʼzan hatto uch martadan ortiq takrorlagan paytlari ham boʼlardi. Qarshilaridagi jamoatni zeriktirmaydigan, koʼngliga urmaydigan, bezor qilmaydigan suhbat qurish uslublari bor edi. Koʼpincha jamoat «Qani edi Paygʼambarimiz bir suhbat qilib bersalar, tinglardik», deyish darajasida sogʼingan pallalarini tanlardilar.

Bunday suhbatlar orasida baʼzan Paygʼambar janobimiz toliqqan oyoqlariga galma-gal dam berish ehtiyojini his qilardilar. Goh ogʼirliklarini bir oyoqlariga, goho boshqa oyoqlariga solib turishlarini koʼpchilik koʼrgan, oʼsha paytlari Nabiyyi muhtaram (s.a.v.) janobimiz oltmish bir yoshlarga yetgan edilar.

—Ey Аllohning rasuli, siz oʼtirib suhbat qurishingizga qulay bir minbar yasasak, boʼladimi?..

Yo shunday taklif qilindiyu uni qabul etdilar, yoki boʼlmasa, Janobimiz shunday bir minbar yasab beringlar deb sahobalariga aytdilaru ular bu istakni juda oʼrinli deb bilishdi. Xullas, shu qarordan keyin Rasuli amin madinalik bir ayolga xabar joʼnatdilar: «Xizmatkoring falonchiga buyursang, u menga bir minbar yasab bersa!.. Xutba chogʼi oʼshanga oʼtirib gapirarmidim», dedilar.

Rivoyatga koʼra, bu ayol Saʼd ibn Ubodaning xotini Fukayha boʼlgan. Bu xabar u ayolni favqulotda xursand qilib yubordi. Xizmatkori Noʼʼmonni tez yoniga chaqirib:

— Janobi paygʼambarimiz masjidda oʼtirib suxbat qurishlariga qulay bir minbar yasab ber! — deb topshiriq berdi.

U kunlarda Madinada duradgorlik sohasida eng yaxshi usta oʼzining xizmatkori ekanidan ham ayricha mamnuniyat tuydi. Rasululloh janobimizga shunday bir hizmatda boʼlish saodati va sharafi uning shu ustaligi tufayli edi.

Nuʼmon asboblarini olib, Madinaning yuqori qismida joylashgan Tarfatulgʼoba darahtzoriga bordi. U qildi-bu qildi, xullas, uchta zinali bir kursi yasadi. Uchinchi zina ayni choqda oʼtirishga moʼljallanib, sahni kengroq boʼldi.

Fukayha xonim minbarni koʼzdan kechirdi, xizmatkoriga tashakkurlar aytdi. Soʼngra salom va xurmatlarini arz etib, paygʼambarlar imomiga (s.a.v.) yubordi. Minbar masjidga keltirilib, mehrobning oʼng tomoniga — yogʼoch ustunning yoniga qoʼyildi.

Oʼsha xaftaning juma kuni. Paygʼambar (s.a.v.) xutba oʼqish uchun minbarga chiqdilar. Shu payt gʼalati, ammo ingrashga oʼxshash bir ovoz eshitildi. Boʼtalogʼini izlab topolmayotgan tuyaning boʼzlashiga oʼxshardi bu ovoz. Borgan sayin kuchayib ketayotgan bu mahzun ovoz ustundan chiqayotgani maʼlum boʼlgach, hamma hayratga tushdi. Janobimiz xutbani boshlaganlarida uning faryodi ham chidab boʼlmas bir holga kelgan edi. Xutbani yarmida toʼxtatishga majbur boʼldilar. Minbardan tushib, ustunning yoniga keldilar. Qoʼllarini yogochning sirtiga qoʼydilar. Shu zahoti ingroq ham pasaya boshladi. Tez orada ovoz chiqmayoq qoldi. Yuzlab kishilar guvohligida roʼy bergan bu hodisa masjidni katta bir hayajon toʼlqini chulgʼab olishiga sabab boʼldi. Demak, bu jonsiz ustun necha yildan buyon sirtiga suyangan holda xutba oʼqigan Mahbubi Robbul Olamiyn (s.a.v.) janobimiz endi unga suyanmay qoʼyishlariga chiday olmagan, shunga faryod qilib yuborgan edi.

Yogʼochning ingrogʼi bosilgach, Rasululloh janobimiz yana minbarga chiqdilar va xutbalarini tamomladilar.

Bundan buyon janobi Sarvari Olam (s.a.v) xutbalarini va jumadan tashqari suhbatlarning hammasini shu kursi ustida qiladigan boʼldilar.

Ahmad Lutfiy Qozonchining "Saodat asri qissalari" asaridan olindi.