November 15, 2020

Ulamolar nazdida vaqtning qadri

Kitobda ahli ilmlar tomonida vaqtga qay darajada e'tibor berilganligi ko'rsatilgan. Ular shunchalik vaqtlarini qadrlashgan ekanki, xayron qolasan kishi. Ular hattoki ovqatlanishni ham hoxlashmagan ekan. Ehtiyoj nuqtai nazaridan ovqatlanishgan ekan, ya'ni ovqatlanishga minimum vaqt sarflashgan ekan(menimcha, kuniga ko'pi bilan 30 minut bo'lsa kerak). O'sha paytlarda musulmonlarning ustunligi ahli ilmlari tufayli bo'lgan ekan. Ularning ilmga bergan hissalari tufayli bo'lgan ekan. Ilm esa o'z navbatida vaqtni qadrlash orqali keladi. Har bir lahzasini ilm uchun sarflash orqali keladi.

Iqtiboslar:

Aqlli odam vaqtni behuda o'tkazib, laqaydlikka yo'q qo'yishi aslo mumkin emas.

Ilm ham ne'matlarning asl ne'matlaridan bo'lib, juda katta ne'mat hisoblanadi. Jamiyat taraqqiyoti, dunyoviy va uxroviy baxt-saodat barchasi unga bog'liqdir.

"Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!" (Asr surasi, 1,2-oyatlar)

Alloh taolo qaysi narsaga zamon bilan qasamyod etgan bo'lsa, uning katta ahamiyatga molik muhim narsa ekani mulohaza qilinadi. Juda muhim bo'lgan ikki narsa haqida zamon bilan qasamyod etilgan. Birinchidan, mushriklar va dushmanlar o'ylaganidek Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni Robbisi tashlab qo'ymagani, ikkinchisi, barcha insonning ziyon-zarar va halokatga yo'liquvchi ekani, faqatgina iymon keltirganlar va solih amal qilganlargina bundan mustasno bo'lishiga zamon bilan qasamyod etib xabar bergan.

Men ajalim qisqarib, amalim ko'paymasdan quyosh botgan kunga chekkan nadomatimchalik biror narsaga nadomat chekmadim.(Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu)

Umr qisqa, ilm esa ko'pdir. Tolibi ilmga vaqtlarini, soatlarini zoye qilmasligi, kechalari-yu, bo'sh vaqtlarini g'animat bilishi, imkoni borida ustozlaridan foydalanib qolishi lozim bo'ladi. Zero, o'tib ketgan narsa aslo qayta topilmas.

O'tib ketgan narsani hargiz topa olmasman, 

Na iztirob, na koshki, na "eh,agar" bilan ham

Yahyo ibn Ma'iyn qanday qilib shunday natijalarga erishganini bilib olding. Hech narsa yalqovlikdan kelmaydi. Shuning uchun ilm uchun harakatdan to'xtama.

Vaqt sarflanadigan, nafs mashg'ul bo'ladigan va buyuk Robbga maqarrab bo'ladigan narsalarning eng yaxshisi jaxolat zulmatidan shariat nuriga olib chiqadigan ilmni izlashdir.

Bugun bir ishni o'rgan, erta ham shuncha,

Ilm mag'izlarin jamla birma-bir.

Kishi shunday hikmat qiladi hosil, 

Zero,sel tomchilar yig'indisidir.

Vaqtni g'animat bilishga yordam beradigan omillarga keladigan bo'lsak, asosiylari sifatida quyidagilarni aytish mumkin:

• Imkon qadar yolg'iz bo'lish

• Odamlar bilan ko'rishganda salomlashish yo eng muhim ishlar bilan kifoyalanish

• Kam yeyish, chunki ko'p yeyish uzoq uxlashga va kechani zoye ketkazishga sabab bo'ladi.

Ey o'g'lim, bilginki, kunlar soatlarni tarqatadi, soatlar nafaslarni tarqatadi, har bir nafas xazinadir, sen biror nafasni behuda o'tkazib yuborishdan hazar qil! Agar u hech narsasiz ketsa, qiyomat kuni bo'sh narsani ko'rib nadomat chekasan! o'tkazayotgan har bir soatingda uni nimaga sarflayotganinga e'tibor ber. Soatlaringni imkon qadar eng yaxshi ishlarga sarfla. Nafsingga e'tiborsiz bo'lma. Uni imkon qadar eng yaxshi va eng go'zal amallarga undagin. Qabr sandiqlariga unga yo'liqadigan kuningda xursang bo'ladigan narsalarni jo'natib turgin.

…Oxiratlari uchun manfaatli bo'lmagan davralatga qo'shilmasdi…

Agar insonning maqsadi kuchli bo'lsa, kunduzimi-u, kechasimi-u farqi yo'q ekan.

Sahar, tong va subh vaqtlari, kechaning tongga yaqin soatlari, to'liq xotirjamlik hamda dars qiladigan joyning tinch osuda paytlari ilhom tuhfalariga boy vaqtlar hisoblanadi.

Fazilatli bo'lmagan ilm bilan mashg'ul bo'lish, fazilatli va afzal ilmlarni egallashga to'siq, vaqtni yo'qotish hamda jismni horitishdir. Bunday ilm bilan mashg'ul bo'lish kishini o'zi yaxshi ko'rib xohlaydigan narsasiga erishishdan mahrum qiladi.

Bo'shashish va malollik quyidagi amallar bilan ketkaziladi:

• Saqich chaynash

• Xonadan tashqariga ochiq havoga chiqish

• Bir xonadan ikkinchi xonaga ko'chib joyni almashtirish

• Sovuq yoki issiq suv ishlatib, yengil hammom qilish

• Yoqimli ichimlik ichish

• Yengil taomlanish

• Do'sti yoki birga o'tirgan kishi bilan gaplashish

• She'r o'qish 

• Ovoz chiqarib Qur'on tilovat qilish

• O'tirish holatini o'tgartirish

• Yurish yoki yuqoriga chiqish

• O'qilayotgan kitob yoki mavzuni almashtirish

Bilginki, aql-idroking barcha ilmlarni ihota eta olmaydi, shuning uchun vaqtingni eng muhimlariga sarflagin.

Bilginki, o'z rayinga ko'ra muhim bo'lmagan narsa bilan mashg'ul bo'lishing, muhim narsaga e'tiborsiz bo'lishingdir. Molingni botil yo'lga sarflab qo'yadigan bo'lsang, haq yo'lga sarflayman deganingda uni topa olmaysan.(Abbos rahmatullohi alayh)

Tolibi ilmlar 4 ta hislatga ega bo'lishliklari kerak: tez yozish, tez o'qish, tez yurish va tez ovqatlanish.

Fazilatli amallarni kasb qilishda dangasalik eng yomon odatdir! Rohatni yaxshi ko'rish har bir lazzat ortidan kelib chiqadigan nadomatni paydo qiladi. Ogoh bo'lgin va o'zing uchun harakat qilgin. O'tkazib yuborganlaringan nadomat qilgin, modomiki imkon bor ekan, ulug'lar ortidan yetishga intilgin. Modomiki namligi bor ekan, shoxlaringni sug'orgin. Zoye ketgan soatlaringni eslagin. Ularning o'zi senga ba'z-nasihat uchun yetarlidir. O'sha soatlardagi dangasalik lazzatlaridan hech narsa qolmadi, fazilatlar martabalari ham qo'ldan ketdi!(ibn Javziy)

Oliy bo'lsa kishi, oliylik istar

Pastga qanoat qilsa, quyiga ketar.

Yetuk ilm va yetuk amal orasini jamlaganlar juda ozchilikni tashkil qiladilar. Zero, hamma ham xohlagan narsasiga erishavermaydi, maqtalgan ishlarni boshlovchilar ko'p, lekin boshlaganini to'liq yakuniga yetkazuvchilar juda oz!

Yaxshilik istovchi ko'p, lek ado etguvchi kam,

Ishga kirishganlar bisyor, poyoniga yetguvchi kam.

Vaqtni g'animat bilishga yordam beradigan eng muhim narsalar sifatida quyidagilarni aytish mumkin:

• Ishlarni tartiblash

• Bekorchi va behuda o'tirishlardan uzoqlanish

• Barcha ishlarda ortiqchalikdan voz kechish

• Vaqtu daqiqalarni qadrlaydigan oqil, zakiy va tirishqoq kishilar bilan do'st bo'lish

• Tarjimai holllari kishini ragbatlartiradigan buyuk ulamolar haqidagi xabarlarni o'qish

• Ilmiy yutuqlarga erishishda vaqtga e'tibor berish lazzatini tuyish

• Mutolaadan lazzatlanish

• Ma'rifat va xabardorligini oshirishda bardavom bo'lish

• Ma'lumotlarni tahqiq qilishda to'lilq band bo'lish va hokazolar

Kishi qalbi urushi unga shunday der:

Hayot daqiqa-yu lahzalar erur.

O'zinga ortingdan eslatma qoldir,

Eslatma insonga ikkinchi umr.

Yigitlik ishlash va manfaat keltirish maydoni bo'lganidek amal va ilm tahsil qilish maydoni hamdir. Yigitlikda quvvat to'liq va himmat yuksak bo'ladi. Turli kaslliklar va tashqi aloqalar oz bo'lgani uchun xalal beruvchilardan uzoq bo'ladi.

Azon aytiladi kelganda go'dak,

O'limi ortidan o'qilar namoz.

Bu umr haqida beradi darak, 

U azon va namoz orasidan oz.

***

Yozning harorati halaqit bersa, 

Kuzning xazoni-yu, qishda qahraton.

Bahor go'zalligi rom etaversa,

Aytgin-chi ilmni o'qiysan qachon?

Issiq va sovuq xalaqit bergan kishida yaxshilik bo'lmaydi.

Fursat borida umr soatlariga shoshilavering. Noma'lum va yashirin narsaga osilmang. Har bir vaqt o'ziga tegishli mashg'ulotlari, vazifalari va tasodiflari bilan liq to'ladir.

Odamlar aytarlar zaman ikki kun

Bir kuni shodligu, bir kuni qiyin.

Rostin aytishmabdi, aslida zamon,

Shodligi bir kunu, ko'p kuni qiyin.

***

Umid qilasanmi, bo'lsangda keksa

Yigitlik holating hali ham hamon.

Seni nafsing aldab qo'yibdi rosa,

Eski kiyim yangidek bo'lmas hech qachon.

Men sizlardan birortangizni na dunyo ishi va na oxirat ishi bilan shug'ullanman beparvo yutganingizni ko'rishni yomon ko'raman! Umar ibn Xattob

Bugungi kunda vaqtni zoye qilish natijasida kitoblar kasod bo'lib o'qilmasdan qolmoqda, johillikka rozi bo'linmoqda. Bu yerda jaholatdan og'rinadigan kishilar emas, rohatlanishga batamom sho'ng'igan tanalar bor. Mol-davlat olamining holi ham kitoblar olami holiga o'xshash. Bu yerda ozga qanoat qilib, kamga rozi bo'lib o'tirish bor. Vazifasida ham, belgilangan ishida ham intilmasdan, tafakkur qilmasdan xotirjam o'tirish bor. So'ngra bu yerda yana darmonsiz fikr va vaqtidan qanday foydalanishni biladigan tirishqoq ajnabiyga yo'l berish ham bor.

Ushbu so'rovni o'zingizga doimiy shior qilib oling: "Bo'sh vaqtimda nima qildim, sog'ligimni tikladimmi, yo mo topdimmi, yo ilm o'rgandimmi, yo o'zimga yoki boshqaga naf keltirdimmi?"

Shunday ekan borliqda vaqtdan ko'ra qimmatliroq narsa yo'q. Vaqt esa xayru barakalarga erishish, muvaffaqiyatlar qozonish va baxt-saodatga intilish mavridlarida tafovutli bo'ladi. Bir soat boshqa bir soatdan barakali bo'ladi. Bir kun Alloh huzurida boshqa bir kundan afzaldir. Bir oy boshqa bir oydan ehtiromlidir.

======

Kitobni yuklab olish