Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini bilasizmi?
Ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
Ushbu nizomning 13-bandiga ko‘ra, NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga davlat tilidagi ustav yoxud yuridik shaxs hisoblanadigan alohida bo‘linma to‘g‘risidagi nizom, ikki nusxada Ustav (nizom) tartib raqami qo‘yilgan,
ip o‘tkazib tikilgan va ta’sischi(lar) vakil qilgan shaxs imzosi bilan tasdiqlangan, NNTni tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis s’ezdi (konferensiyasi)ning yoki umumiy yig‘ilishning bayonnoma yoxud ta’sischining qarori (respublika va viloyatlararo NNT uchun tegishli alohida bo‘linmalar tashkil etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar, NNTning pochta manzili sifatida foydalanish uchun mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkka yoki undan foydalanishga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat, NNTni tuzish tashabbuskorlari yoxud ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularda jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi hamda yuridik shaxslar uchun — nomi, pochta manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi ko‘rsatiladi, tashabbuskor fuqarolar ro‘yxati ilova qilinadi.
NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar ular taqdim etilgan kundan boshlab bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlardan biri qabul qilinadi, u tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ rahbarining buyrug‘i shaklida rasmiylashtiriladi.
NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza beruvchilarga qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida yozma shaklda xabar qilinadi. Ariza beruvchiga davlat bojini qaytarish masalasi bo‘yicha murojaat qilish yoxud uch oy, siyosiy partiyalar uchun esa — bir oy muddatda rad etish sabablari bartaraf etilgandan keyin, davlat boji to‘lamasdan NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan takroran murojaat qilish mumkin.