November 2, 2022

Yangi tahrirda qabubl qilingan mehnat kodеksida nimalar o‘zgardi.

“O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘RQ-798-son Qonuni Prezident tomonidan imzolandi.

Unga ko‘ra sh beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi.

Kodeksga ko‘ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:

·                      mehnat huquqlari tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;

·                      mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;

·                      mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;

·                      mehnat huquqlari ta’minlanishi va mehnat majburiyatlari bajarilishi kafolatlangani;

·                      xodim huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Shuningdek xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar tuzish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Agar ish beruvchi ishga joylashtirish to‘g‘risidagi taklif bilan jismoniy shaxsga taklifnoma yuborgan bo‘lsa, ish beruvchi taklifnomaning amal qilish muddati davomida, agar taklifnomada muddat shartlashilmagan bo‘lsa, taklifnoma yuborilgan kundan e’tiboran 1 oy ichida ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Taklifnoma deganda ish beruvchining ushbu jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasini tuzish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri, aniq ifodalangan rozilik bildirishi tushuniladi.

Taklifnoma ish beruvchining tegishli vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi

nodavlat notijorat tashkilotlar bo‘limi

yetakchi maslaxatchisi H.Abduraxmonov