March 26

My mafia life

Hech qachon yorishmaydigan eng qorong'u tunlar........

7 - Bob

Soat millari tonggi 4:00 ni ko‘rsatib turardi. Butun shahar hali tushlar og‘ushida, sukunatga g‘arq bo‘lgan bir paytda, Miyaning ichki soati uni uyg‘otdi. Bu uning ko‘p yillik odati — har kuni erta tongda yugurish u uchun shunchaki sport emas, balki tartibsiz hayotidagi yagona tartib edi.

​Miya ko‘zlarini ochib, xonadagi nimqorong‘ulikka tikildi. Derazadan kirayotgan xira ko‘cha chirog‘i nuri ostida u birinchi bo‘lib Yejinning o‘rniga qaradi. Dugonasi joyida jimgina, xotirjam uxlab yotardi. Kechagi qo‘rg‘ondagi mashmashalar, kamsitishlar va Jimin bilan kutilmagan uchrashuvdan so‘ng, Yejinning qachon qaytib kelishga ulgurganini Miya sezmay ham qolibdi

​U ohista o‘rnidan turdi-da, oyoq uchida dugonalarining yoniga bordi. Avval Yejinning, so‘ngra Yiseulning ustidan sirg‘alib tushgan adyollarini ehtiyotkorlik bilan to‘g‘rilab, ularni sovuq qotmasliklari uchun mahkamroq yopib qo‘ydi. Uning bu harakatida dugonalariga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rlik va mehri namoyon edi.

​So‘ng, Miya o‘zining qora sport kiyimini kiyib, sochlarini mahkam qilib yig‘di. Stol ustida turgan naushniklarini olib, qulog‘iga taqdi-da, tashqariga yo‘l oldi.

​Tungi havo hali o‘zining salqinini yo‘qotmagan, ko‘chalar esa bo‘m-bo‘sh edi. Miya musiqani balandroq qilib, yengil yugurishni boshladi. Har bir qadami bilan u kechagi Jungkook bilan bog‘liq g‘alati xotiralarni va bugun uni kutayotgan "yordamchilik" vazifasini miyasidan chiqarib tashlashga urinardi.

Miya qariyb ikki soat davomida o‘zini jismoniy zo‘riqtirib, vujudidagi barcha g‘uborlarni ter bilan chiqargandek bo‘ldi. Musiqa sadosi ostida shahar uyg‘onishini kuzatib, yotoqxona binosiga yaqinlashayotganida, telefonining kuchli tebranishi uni to‘xtashga majbur qildi.

​Ekranda "Noma’lum raqam" yozuvi chiqib turardi. Miya peshonasidagi terni artib, nafasini rostladi va tugmani bosdi.

​— Allo? — dedi u biroz hansirab.
​— Shuncha yugurish senga kamlik qilmadimi deyman? — go‘shakdan tanish, biroz xirillagan va o‘ta xotirjam ovoz eshitildi.

​Miya joyida taqqa to‘xtadi. Bu ovozni u minglab odamlar orasidan ham taniy olardi. Jungkook.

​— Sen... Sen qayerdan bilasan? Meni poylayapsanmi? — Miya atrofga olazarak bo‘lib qaradi, lekin bo‘m-bo‘sh ko‘chada hech kim ko‘rinmasdi.

​— Poylash? Bu juda jo‘n so‘z, Miya. Men shunchaki o‘z "yordamchim"ning ish grafigini o‘rganyapman, — dedi Jungkook piching bilan. — Soat ertalabki olti. Ikki soatdan beri ko‘chadasan. Yomon emas, chidaming yuqori ekan.

​— Senga nima kerak o‘zi? Nega tong saharlab tinchlik bermaysan? — Miya asabiylashib, naushnikini qulog‘idan yulib oldi.

​— Menga "yordamchim"ning tetik bo‘lishi kerak. Chunki bugun seni juda og‘ir kun kutmoqda. Kechagi singan oyna uchun to‘lovni hoziroq boshlaymiz.

​— Nima? Hali darslarim boshlangani ham yo‘q-ku! — Miya e’tiroz bildirdi.

​— Meni darslaring qiziqtirmaydi deb aytganman shekilli? — Jungkookning ovozi kutilmaganda jiddiylashdi. — O‘n daqiqadan so‘ng bino oldida qora mashina bo‘ladi. Tayyor bo‘lib tush. Agar bir minut kechiksang, o‘sha universitetdagi "kelajaging" haqida qaytadan o‘ylashga to‘g‘ri keladi.

​— To‘xta! Men hali dush qabul qilishim, kiyinishim kerak! — Miya baqirib yubordi.

​— To‘qqiz daqiqa qoldi, Miya... Sakkiz yarim... — Jungkook gapini tugatmay aloqani uzib qo‘ydi.

​Miya telefonga qarab qolgancha, g‘azabdan lablarini tishladi.

— Lanati kibrli nusxa! O‘zini dunyo hukmdori deb o‘ylaydi! — deb so‘kingancha, bor kuchi bilan yotoqxona binosi tomon yugurib ketdi.

​Uning oldida dush qabul qilish, kiyinish va uyg‘onayotgan dugonalariga tushuntirish berish uchun bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa qolgan edi.

Miya xonaga shamolddek uchib kirdi-yu, kiyimlari va sochiqni olib, hammomga sho‘ng‘idi. Ichkaridan suvning shiddatli ovozi eshitila boshladi. Oshxonada esa Yejin va Yiseul hali tonggi uyqusirashdan chiqmagan holda, kofe tayyorlab, nonushta uchun dasturxon tuzashayotgan edi.

​— Miya bugun har doimgidan ham tezroq qaytdimi? — hayron bo‘lib so‘radi Yiseul, tuxum qovurar ekan.

​— Shunaqaga o‘xshaydi. Biror nima bo‘lganmi deyman, — deb javob berdi Yejin, piyolalarni terib.

​Oradan bor-yo‘g‘i besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, hammom eshigi sharaqlab ochildi. Miya yuzlari qizargan, badani hali bug‘lanib turgan holda chiqib keldi. Uning harakati shunchalik tez ediki, go‘yo vaqt bilan poyga o‘ynayotgandek edi. Bir qo‘li bilan fen ushlab sochlarini tartibga keltirar, ikkinchi qo‘li bilan esa dazmolni kiyim ustida yurgizar edi.

​— Miya, tinchlikmi? Nega bunchalik shoshilyapsan? — so‘radi Yejin hayratdan qotib. — Darslarga hali vaqt bor-ku?

​— Hozir emas, qizlar... Ikki daqiqa beringlar, kiyinib olay, hammasini aytib beraman! — dedi Miya, nafasini yutib.

​U roppa-rosa ikki daqiqa ichida o‘zining sevimli jinsi shimi va qora sviterini kiyishga ulgurdi. Sochlari hali oxirigacha qurimagan, namligi sezilib turardi. Miya fenni rozetkaga qayta tiqdi-da, sochlarini shoshilinch quritish barobarida dugonalariga yuzlandi. Fenning shovqini ostida u gapira boshladi.

​— Esinglardami, kechagi o‘sha "Kim"larning kenjasi? Jungkook! O‘sha hozirgina qo‘ng‘iroq qildi. Menga "yordamchisan" deb shart qo‘ygan edi-ku, esinglardami? Mana, ishini boshlabdi!

​— Nima? Shuncha vaqtlimi? — Yiseulning ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi. — Hali quyosh endi chiqyapti-ku!

​— Aytdim-ku, u telba deb! — Miya sochlarini fen bilan havoga ko‘tarib, tezroq quritishga urinar edi. — Pastda mashina kutyapti emish. Agar kech qolsam, o‘qishimni yopish bilan tahdid qilyapti. O‘sha kibrli nusxa meni o‘zining mulki deb o‘ylayapti shekilli!

​— Miya, bu xavfli emasmi? — Yejinning ovozida xavotir uyg‘ondi. — U senga biror zarar yetkazmasmikin?

​— Xavotir olma, Yejin. U qanchalik boy yoki qudratli bo‘lmasin, men ham osonlikcha taslim bo‘ladiganlardan emasman. Mashinasini pachoqlaganim yetmagandek, hali burnini bir marta bo‘lsa ham yerga ishqamasam, ismim Miya emas!

​Miya fenni o‘chirib, sumkasini yelkasiga tashladi. Nam sochlarini bir silkitib, dugonalariga qarab qo‘ydi.

— Men ketdim. Nonushtani o‘zinglar qilaveringlar, men "bo‘ri" bilan hisob-kitob qilishim kerak.
​U xonadan otilib chiqib, lift tomon yugurdi. Uning xayolida faqat bitta narsa edi: Jungkookning o‘sha soatiga qarab turgan mag‘rur qiyofasini ko‘rish va uning "kechikding" degan ta’nasiga munosib javob berish.

Miya liftning raqamlari o‘zgarishini intizorlik bilan kutib, bino darvozasidan otilib chiqdi. Ko‘cha chiroqlari ostida o‘sha haybatli qora yo‘ltanlamas go‘yo qurbonini poylayotgan yirtqichdek turgandi. Mashina kapotiga suyanib, qo‘lidagi qimmatbaho soatiga tikilib turgan Jungkookni ko‘rishi bilan Miya qadamini sekinlashtirdi.

​Jungkook boshini ko‘tardi. Uning nigohi Miyaning hali oxirigacha qurimagan, yelkasiga yoyilib turgan nam sochlariga, so‘ngra telefonining ekraniga tushdi.

​— Ikki daqiqa, — dedi Jungkook ovozida zarracha hissiyotlarsiz. — Ikki daqiqa kechikding, Miya. Mening vaqtim sening dars jadvalingdan ko‘ra qimmatroq turishini aytganmidim?

Jungkook

​Miya unga qarab piching bilan kulib qo‘ydi. Uning yuzida na qo‘rquv, na uzr so‘rash alomati bor edi. U sumkasini yelkasiga to‘g‘rilab, Jungkookning qarshisida mag‘rur turdi.

​— Ikki daqiqa uchun shunchalik fojia yasayapsanmi, Kim? — dedi Miya beparvolik bilan sochlarini orqaga tashlab. — Dunyo to‘xtab qolgani yo‘q-ku. Mening birinchi darsim soat sakkizda boshlanadi. Ungacha nima ish buyurmoqchisan? Yoki meni shahar bo‘ylab shunchaki aylantirib yurmoqchimisan?

​Jungkook Miyaning bu qaysarligidan biroz hayratlangan bo‘lsa-da, buni bildirmadi. U mashina eshigini ochib, Miyaga "o‘tir" degandek ishora qildi.

​— Sakkizgacha hali ikki soat bor, — dedi Jungkook mashina motorini o‘t oldirar ekan. — Va bu vaqt ichida sen "yordamchi" nimalar qilishi kerakligini tushunib olasan. Birinchi topshiriq: hozir shaharning narigi chetidagi omborxonaga boramiz. U yerda kechagi "guldon operatsiyasi"dan ko‘ra jiddiyroq masalalar hal qilinadi.

​Miya oynadan qarab, Jungkookning profiliga razm soldi.
— Omborxona? Erta tongdami? Sen haqiqatdan ham zerikarli odamsan, Kim. Hech bo‘lmasa nonushta qilib olishga ruxsat berarsan?

​Jungkook yo‘lga tikilgancha, labining chetida g‘olibona jilmayish paydo bo‘ldi.
— Ish vaqtida ovqatlanish haqida shartnomada yozilmagan edi. Lekin agar topshiriqni tez bajarsang, balki senga bitta kofe olib berarman.

​Mashina shiddat bilan joyidan qo‘zg‘alib, hali uyg‘onmagan shahar ko‘chalari bo‘ylab uchib ketdi. Miyaning darsigacha bo‘lgan bu ikki soat uning hayotidagi eng uzun va xavfli soatlarga aylanishi aniq edi.

Mashina shaharning chekka, sanoat hududidagi ulkan va g‘aribona ko‘ringan omborxona qarshisida to‘xtadi. Jungkook mashinadan tushib, og‘ir temir eshikni g‘irchillatib ochdi. Miya ichkariga qadam qo‘yar ekan, ko‘rgan manzarasidan daxshatga tushdi.

​Omborxonaning ichi go‘yo bo‘ron bo‘lib o‘tgandek to‘zib yotardi bo‘shashgan yog‘och qutilar, eski qog‘ozlar, temir-tersaklar va qayerdandir kelib qolgan latta-puttalar hamma yoqqa yoyilib yotardi. Chang havoda o‘ynar, har bir qadamda polning g‘irchillashi aks sado berardi.

​Jungkook qo‘llarini cho‘ntagiga solib, bu tartibsizlikka qarab turar ekan, so‘ng Miyaga yuzlandi. Uning yuzida o‘sha kibrli va biroz istehzoli ifoda bor edi.

​— Mana sening birinchi haqiqiy topshirig‘ing, — dedi Jungkook xotirjamlik bilan. — Bu yerda tartib o‘rnatishing kerak. Hamma narsa o‘z joyida, qutilar taxlangan va pol toza bo‘lishi shart.

​Miya hayratdan og‘zini ochib, bu ulkan maydonga va tog‘dek uyulib yotgan axlatlarga qaradi. So‘ngra o‘zining sport kiyimlariga va hali oxirigacha qurimagan sochlariga nazar tashladi.

​— Sen... Sen hazillashyapsanmi? — dedi Miya ovozi titrab. — Men sening shaxsiy yordamchingman deding, farroshing emas! Bu yerda kamida o‘nta odam bir kun ishlashi kerak-ku!

​Jungkook soatiga qarab qo‘ydi.
— Sakkizda darsing bor edi-a? Demak, senga motivatsiya berish uchun aytaman agar soat yetti yarimgacha bu yer yarqirab turmasa, darsga borishni unutaver. Shartnomamizda "yordamchi hamma buyruqlarni bajaradi" deb yozilgandi, adashmasam?

​Miya g‘azabdan mushtlarini tugdi. U Jungkookning yuziga qarab bor gapni aytib tashlamoqchi bo‘ldi, lekin yigitning qat’iyatli nigohi unga chekinishga yo‘l yo‘qligini eslatib turardi.

​— Yaxshi, Kim! — Miya sviterining yenglarini shimarib, sochlarini mahkamroq bog‘ladi. — Men buni qilaman. Lekin bilsang, bu qilganing aslzodaga emas, balki mayda bezoriga xos ish!

​Jungkook javob bermadi, shunchaki chetda turgan eski stulni artib o‘tirdi-da, telefonini chiqarib Miyani kuzata boshladi.

​Miya birinchi bo‘lib og‘ir yog‘och qutilarni sura boshladi. Chang uning yuziga, kiyimlariga o‘tirar, peshonasidan esa ter oqardi. U har bir qog‘ozni yig‘ishtirar ekan, Jungkookning har bir harakatini, uning beparvo o‘tirishini ko‘z ostidan kuzatib, ichida uni "miltiqqa" olib borardi.

​Oradan bir soat o‘tganda, omborxonaning yarmi sezilarli darajada tartibga kelgan, Miya esa charchoqdan zo‘rg‘a nafas olayotgan edi. Jungkook esa hali ham o‘sha joyida, Miyaning har bir harakatini go‘yo qiziqarli tomoshani ko‘rayotgandek kuzatib o‘tirardi.

Miyaning ko‘z oldi qorong‘ulashib, omborxonadagi changli havo o‘pkasiga og‘irlik qila boshladi. Ertalabki ikki soatlik yugurish, so‘ngra dush qabul qilib, bir burda non ham yemay bu ulkan omborni tozalashga kirishgani o‘z so‘zini aytdi. Qo‘lidagi og‘ir qutini chetga surar ekan, Miya kutilmaganda oyoqlari bo‘shashib, darmoni qochganini his qildi.

​U o‘zini tutib qolishga urindi, ammo vujudi bo‘ysunmadi. Miya sekingina tizzalari bilan chang bosgan polga o‘tirib qoldi. Boshi aylanib, nafasi tezlashdi, qo‘llari esa titray boshladi.
​Jungkook boyadan beri telefonga tikilib o‘tirgan bo‘lsa-da, Miyaning har bir harakatini ko‘z ostidan kuzatib turgan edi. Qizning kutilmaganda yerga cho‘kkanini ko‘rishi bilan uning yuzidagi o‘sha sovuqqon va istehzoli niqob bir soniyada parchalanib ketdi.
​U stuldan qanday otilib turganini o‘zi ham sezmay qoldi. Bir necha uzun qadamlar bilan Miyaning yoniga yetib keldi va uning changga belangan yelkalaridan mahkam tutdi.

​— Miya! Senga nima bo‘ldi? — Jungkookning ovozida boyagi kibrdan asar ham qolmagan, unda chinakam xavotir va vahima sezilardi.

​Miya boshini ko‘tarishga harakat qildi, ammo ko‘zlari yarim yumilgan, rangi oqarib ketgan edi.

— Shunchaki... biroz charchadim, Kim... — deb pichirladi u darmonsiz.

​Jungkook qizning muzdek va titrayotgan qo‘llarini ushladi. Uning ko‘zlarida o‘ziga nisbatan g‘azab uchqunlari paydo bo‘ldi. "Nima qilib qo‘ydim? Uni och qoringa shuncha ishlashga majbur qildimmi?" degan fikr miyasida chaqmoqdek urdi.

​— Men bilan gaplash, ko‘zingni yumma! — dedi Jungkook ovozi qat’iy, ammo mayin ohangda. U Miyani yerda qoldirmaslik uchun uni ehtiyotkorlik bilan dast ko‘tarib, o‘zi o‘tirgan stul tomon olib bordi.
​U qizni stulga o‘tqazib, uning qarshisida tiz cho‘kdi. O‘zining qimmatbaho ko‘ylagi chang bo‘lishi zarracha ham qiziqtirmasdi.

​— Men hozir... — Jungkook shoshib cho‘ntagidan telefonini chiqardi, ammo keyin Miyaning yuziga termulib, uning peshonasidagi sochlarini ehtiyotkorlik bilan chetga surdi. — Miya, meni eshityapsanmi? Hozir hammasi yaxshi bo‘ladi.

​U mashinasiga qarab yugurdi va u yerdan bir shisha suv hamda kechasi mashinasida qolib ketgan kichkina shokolad qutisini olib qaytib keldi. Suvni ochib, Miyaning lablariga yaqinlashtirdi.

​— Ich, ozgina ichib ol, — dedi u, qizning boshini ohista suyab turib.
​Miya bir necha qultum suv ichgach, biroz o‘ziga keldi. U Jungkookning shunchalik yaqin turganini, uning ko‘zlaridagi o‘sha g‘alati, iliq va xavotirli nigohni ko‘rib, yuragi kutilmaganda gupillab urib ketdi.

​— Nega bunchalik o‘jarsan? — deb pichirladi Jungkook, qizning o‘ziga kelganini ko‘rib chuqur tin olar ekan.

— Nega nonushta qilmaganingni aytmading? Men senga zolim emasman-ku...

Miya ko‘zlarini yumgancha, Jungkookning ko‘kragidan itarishga ham darmoni kelmadi. Uning kaftlari hali ham titrar, vujudidagi so‘nggi kuch boyagi og‘ir qutilar bilan birga sarf bo‘lib ketgandek edi. Jungkook unga suv ichirib, shokolad bo‘lagini og‘ziga tutganida, Miya uning ko‘zlaridagi aybdorlik hissini aniq ko‘rdi.

​— Senga... senga aytganimda nonushta qilishimga vaqt qoldir degandim, — deb pichirladi Miya, ovozi zo‘rg‘a chiqib. — Sen bo‘lsa "ishni erta tugatsang qahva olib beraman" deganding. Mana... tugatishimni kutmasdanoq qulab tushdim...

​Jungkook indamay, qizning bu zaif holatiga qarab, ich-ichidan o‘zini so‘kardi. U Miyaning shunchalik o‘jar va chidamli ekanini bilardi, lekin uni bu darajaga yetishini kutmagan edi.
​Miya og‘ir boshini sekinlik bilan Jungkookning keng yelkasiga qo‘ydi.

Yigitning qimmatbaho atiri va qandaydir erkaklarga xos sovuqqon hidi Miyaning burniga urildi. Bu hid hozir uni cho‘chitmas, aksincha, g‘alati bir xotirjamlik bag‘ishlayotgan edi.

​— Biroz shunday tur... juda charchadim, — dedi Miya ko‘zlarini butunlay yumib.

​Jungkook bir muddat qotib qoldi. Uning yuragi kutilmaganda shunday shiddat bilan ura boshladiki, go‘yo yelkasiga suyangan Miya buni eshitib qoladigandek edi. U avvaliga nima qilishni bilmay qo‘llarini havoda muallaq tutib turdi, so‘ng ehtiyotkorlik bilan, go‘yo eng nozik va sinuvchan narsani ushlayotgandek, bir qo‘lini Miyaning yelkasiga qo‘ydi.

​Omborxonaning changli va sovuq havosida faqatgina ularning bir maromdagi nafas olishi eshitilardi. Tashqarida shahar uyg‘onib, hayot shovqini boshlanayotgan bir paytda, bu ulkan va tartibsiz ombor ichida vaqt to‘xtab qolgandek edi.
​Jungkook Miyaning nam sochlaridan kelayotgan yalpizli shampun hidini tuydi. U qizning naqadar kichkina va himoyasiz ekanini hozirgina his qildi. Boyagi kibrli va buyruq beruvchi "Kim" merosxo‘ridan asar ham qolmagandi.

​— Uzr, — deb pichirladi Jungkook, Miyaning qulog‘iga yaqin kelib. U bu so‘zni hayotida juda kam ishlatardi, lekin hozir bu uning tilidan juda samimiy chiqdi. — Bilaman, sen o‘jarsan. Lekin sog‘lig‘ingni bunchalik xavf ostiga qo‘yishingni istamagandim.

​Miya javob bermadi. U Jungkookning yelkasida o‘zini kutilmagan darajada xavfsiz his qilib, bir necha daqiqaga bo‘lsa ham dunyodagi barcha muammolarni, qarzni va o‘sha singan mashina oynasini unutishga harakat qildi.

Omborxonadagi changli va og‘ir havo Miyaning charchagan vujudini butunlay holsizlantirgan edi. Jungkookning keng yelkasiga bosh qo‘ygancha, u o‘zi ham sezmagan holda chuqur uyquga ketdi. Uning muntazam va osoyishta nafas olishi Jungkookning bo‘yniga urilar, yigit esa qimirlashga ham botina olmay, go‘yo dunyodagi eng qimmatbaho xazinani asrayotgandek hayiqib turardi.

​Jungkook Miya butunlay uyquga ketguniga qadar kutdi. So‘ng uni ehtiyotkorlik bilan, go‘yo uyg‘otib yuborishdan qo‘rqqandek dast ko‘tardi. Uning kichkinagina va yengil vujudi Jungkookning baquvvat qo‘llarida yanada himoyasizroq ko‘rinardi. Yigit qizni omborxonadan olib chiqib, mashinaning old o‘rindig‘iga ohista yotqizdi va xavfsizlik kamarini ham o‘zi taqib qo‘ydi.

​Soatiga qaradi: 7:20. Dars boshlanishiga hali 40 daqiqa bor edi.
​Jungkook mashinani shiddat bilan emas, balki Miyaning uyqusi buzilmasligi uchun juda mayin haydab ketdi. U o‘zining har kuni tongda keladigan, shahar markazidagi eng hashamatli va tinch restoranlaridan birining oldida to‘xtadi. Bu yerda odatda faqat yuqori tabaqa vakillari va "Kimlar" kabi qudratli oilalar nonushta qilishardi.
​Mashina to‘xtashi bilan Miya ko‘zlarini ochdi. U biroz uyqusirab, qayerda ekanini anglamay atrofga qaradi. Restoranning dabdabali binosi va Jungkookning unga qarab turgan jiddiy, ammo biroz yumshagan nigohini ko‘rib, tili aylanmay qoldi.

​— Uyg‘ondingmi, "uyquchi"? — dedi Jungkook, o‘rindig‘iga suyanib. — Sakkizgacha hali vaqt bor. Va men och qoringa ishlashni yoqtiradigan yordamchilarni yomon ko‘raman.

​Miya sochlarini to‘g‘rilab, o‘zini tartibga keltirishga urindi. U hali ham Jungkookning yelkasida uxlab qolganidan biroz xijolatda edi.

​— Bu yer... bu yer juda qimmat joy-ku, Jungkook, — dedi Miya derazadan restoranga qarab. — Men bu kiyimda... chang bosgan sport kiyimida qanday kiraman?

​Jungkook mashina eshigini ochib tushar ekan, beparvo ohangda javob berdi:
— Men bilan birga bo‘lganingda, kiyiming hech kimni qiziqtirmaydi. Yoki yana qaysarlik qilib, yerga yiqilib tushmoqchimisan? Marhamat, tush.

​Miya noiloj mashinadan tushdi. Ular restoranga kirishganida, barcha xizmatchilar Jungkookni ko‘rib, ta’zim qilishdi. Hech kim Miyaning ust-boshiga yoki chang bo‘lgan poyabzaliga e’tibor berishga botinmadi. Jungkook ularni eng chekkadagi, shahar manzarasi ko‘rinib turadigan maxsus stolga boshladi.

​— Senga nima buyurishni o‘zim bilaman, — dedi Jungkook menyuga ham qaramay. — Hozir senga quvvat beradigan haqiqiy nonushta kerak.

​Miya uning bu qarorliligiga qarshi chiqmadi. U hozirgina Jungkookning yelkasida his qilgan o‘sha xavfsizlik tuyg‘usi hali ham qalbidan ketmagan edi. Jungkook unga qarab turib, kutilmaganda pichoq va sanchqini chetga surdi.

​— Bilasanmi, — dedi u ovozi pastlab, — sen boyagi omborda yiqilganingda... birinchi marta nimadandir qo‘rqib ketdim. Mashinamning oynasi singanida ham bunchalik vahimaga tushmagandim.

​Miya qoshlarini ko‘tarib unga qaradi. Bu "Kim"lar sulolasining toshbag‘ir vakilidan kutilmagan iqror edi.

Miya shirin nonushta va Jungkookning kutilmagan g‘amxo‘rligidan so‘ng o‘ziga kela boshladi. Uning ko‘zlaridagi boyagi horg‘inlik o‘rnini yana o‘sha sho‘x va biroz "zaharli" uchqunlar egalladi. U Jungkookning boyagi jiddiy iqrorini eshitib, fursatni boy bermay, vaziyatni yumshatish uchun hazilga o‘tdi.

​— Oho, Janob Kim Jungkook hozirgina nimadandir qo‘rqdim deb aytdimi? — Miya sanchqisini havoda o‘ynatib, Jungkookga qarab ko‘z qisib qo‘ydi. — Nahotki, "Mafia shahzodasi" kichkinagina yordamchisining chang bosgan polga o‘tirib qolishidan vahimaga tushgan bo‘lsa? Men seni faqat qimmatbaho mashinalaringning oynasi uchun qayg‘uradi deb o‘ylardim!

​Jungkook bu gapni eshitib, odatdagidek qoshlarini chimirmadi. Aksincha, u stuliga kengroq joylashib, Miyaning jonlanib qolgan yuziga qarab, chuqur va xotirjam nafas oldi. Uning yuzida kamdan-kam ko‘rinadigan, juda mayin bir tabassum paydo bo‘ldi.

​— Mashina oynasini almashtirsa bo‘ladi, Miya, — dedi u ovozi past va osoyishta ohangda. — Lekin sening o‘sha tinim bilmaydigan "zaharli" tiling to‘xtab qolsa, bu shahar juda zerikarli bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham qo‘rqqandirman.

​Miya kutilmagan javobdan biroz duduqlanib qoldi, lekin darrov o‘zini o‘nglab oldi.

— Demak, meni zerikmaslik uchun asrayotgan ekansan-da? Yaxshi, unda keyingi safar omborxonaga borishdan oldin, menyuni oldindan yuborib qo‘y. Chunki och qolgan Miya — sindirilgan oynadan ham xavfliroq!

​Jungkook past ovozda kulib yubordi. Restoran xizmatchilari hayrat bilan bir-biriga qarashdi — ular o‘z xojalarini hech qachon bunday samimiy kulayotganini ko‘rishmagan edi.

​— Kelishdik, "xavfli xonim", — dedi Jungkook soatiga qarab. Soat 7:45 bo‘lgandi. — Endi esa, tezroq nonushtangni tugat. Bo‘lmasa, sening o‘sha qadrli darsingga kechikamiz. Va bu safar men seni darsxonagacha ko‘tarib borishimga to‘g‘ri keladi, bu esa butun universitetda mish-mish bo‘lishingga sabab bo‘lishi mumkin.
​Miya shoshib oxirgi bo‘lakni yeb oldi va sumkasini yelkaga tashladi.

— Yo‘q-yo‘q, rahmat! Ko‘tarib borishing shart emas, o‘zimning oyoqlarim hali xizmat qilyapti. Yur, "taksichi", darsimga hayda!

​Ular restorandan chiqib, mashinaga o‘tirishdi. Jungkook mashinani haydar ekan, Miya derazadan tashqariga qarab jilmaysiz. U o‘zini Jungkookning yonida kutilmagan darajada erkin va xotirjam his qilayotganini payqadi. Jungkook ham Miyaning bu o‘zgarishini, uning yana avvalgidek sho‘x bo‘lib qolganini ko‘rib, ich-ichidan xursand edi. Uning hayotiga kirib kelgan bu "to‘fon" barcha rejalarni buzib yuborgan bo‘lsa-da, u bu tartibsizlikdan zavq olayotganini endi tushunib yetayotgan edi

Suhee endigina uyqudan uyg‘onib, hayolidagi parishonlikni tarqatish uchun o‘ziga yengil nonushta tayyorlayotgan edi. Qahva hidi oshxonaga taralib, u endi birinchi qultumni ichmoqchi bo‘lganida, eshik qo‘ng‘irog‘i tinimsiz va talabchan chalingan tovush sukunatni buzdi.
​Suhee qoshlarini chimirib, eshikni ochdi va ostonada turgan odamni ko‘rib, nafas olishi to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Yoongi. Uning har doimgidek sovuqqon, ammo o‘tkir nigohi Suheening hayajonini bir soniyada payqadi.

​— Yoongi? — Suhee hayratdan qotib qoldi.

​Lekin Yoongi hech qanday ruxsatni yoki taklifni kutib o‘tirmadi. U go‘yo o‘z uyiga kirgandek, Suheening yonidan yelka urib ichkariga kirdi. Uning qadamlari vazmin, ammo qat’iy edi. Mehmonxonaning o‘rtasidagi yumshoq divanga o‘zini tashlab, oyoqlarini chalishtirib joylashib oldi. Ko‘zlari stol ustida turgan meva solingan idishga tushdi va hech qanday iymanmasdan, uzum donasidan bir bo‘lagini olib og‘ziga soldi.

​Suhee eshikni yopib, uning qarshisiga keldi. Uning vujudi g‘azab va qandaydir eskirgan og‘riqdan titrardi.

​— Bu yerda nima qilyapsan, Yoongi? — dedi u ovozini barqaror saqlashga harakat qilib. — Sening bu yerga kelishingga hech kim ruxsat bergani yo‘q!

​Yoongi meva bo‘lagini xotirjam chaynab, sekin boshini ko‘tardi. Uning lablarida achchiq va istehzoli bir jilmayish paydo bo‘ldi. U Suheega xuddi yillar davomida ko‘rmagan, ammo har bir chizig‘ini yodlab qolgan eski tanishidek tikildi.

​— Nima, bo‘lajak kelinoyimni va sobiq sevgilimni ko‘rgani kelishim mumkin emasmi? — dedi u ovozi past va xirillagan ohangda.

​Bu so‘zlar xonadagi havoni bir zumda muzlatib qo‘ygandek bo‘ldi. "Kelinoyi" so‘zi Suheening yuragiga pichoqdek botdi, "sobiq sevgilim" degan ibora esa o‘tmishdagi barcha jarohatlarni yangilab yubordi.

​— Jin bilan to‘ying haqidagi xabarlar butun shaharni aylanyapti, — davom etdi Yoongi, yana bir bo‘lak mevani olib. — Bizning "olijanob" akamiz senga munosib juft bo‘ladi deb o‘ylaysanmi? Yoki sening o‘sha "zodagon" qoning shunday buyruq beryaptimi?

​Suhee unga yaqinlashdi, ko‘zlari nafratdan yonardi.

— Bu sening ishing emas! Sen bu oilaning qoidalarini ham, mening hayotimni ham allaqachon tark etgansan. Ket, Yoongi! Hoziroq chiqib ket!

​Yoongi o‘rnidan shartta turdi. Uning harakati shunchalik tez ediki, Suhee orqaga chekinishga ham ulgurmadi. Yoongi uning ko‘zlariga juda yaqin keldi, uning nafasidan ham o‘sha tanish, achchiq tamaki hidi kelardi.

​— Men hech qayerga ketmayman, Suhee, — deb pichirladi u. — Chunki sening bu "baxtli kelin" rolini qanchalik soxta o‘ynayotganingni ko‘rish menga zavq beryapti. Jin seni himoya qiladi deb o‘ylaysanmi? U shunchaki otasining qo‘g‘irchog‘i. Men esa... men hali ham o‘sha qoidalarni buzyapman.

​Suhee uning nigohidan qochishga urindi, lekin Yoongi uning bilagidan mahkam tutib qoldi. Ularning orasidagi o‘sha yashirin va tugallanmagan tuyg‘u xonada portlash arafasidagi vulqondek his qilinardi.

- Sen meni va bu munosabatlarni menga xiyonat qilgan kuning yo'q qilib bo'lgansan - Suhee deyarli yig'lab yuboray deb baqirdi.

- MEN SENGA SHUNI TUSHUNTIRISH UCHUN QANCHA VAQT SENDAN IMKONYAT SO'RADIM - uning ovozi butun uy  bo'ylab yangradi - Lekin sen nima qilding shunchaki mendan vos kechding. O'sha kuni men dori tasirida edim. Bu doriga qarshi kurashishga kuchim yetmadi Suhee - uning so'ngi so'zi deyarli pichirlab chiqdi.

Suheening ko‘z oldida o‘sha mudhish kecha xuddi kinotasmasidek qayta aylana boshladi. O‘sha xira chiroqlar, o‘sha nafratli manzara... Yoongining hozirgina aytgan "dori" haqidagi gaplari uning qulog‘iga boshqacha aks sado berdi.

​— Xiyonat? — Suheening ovozi titrab, bo‘g‘ziga achchiq bir narsa tiqildi. — Sen o‘sha kechani dori bilan oqlamoqchimisan? Men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim, Yoongi! O‘sha iflos xonada, o‘sha fohisha bilan... qanchalik yaqin bo‘lganingni! Sen unga qanday tikilib turganingni ko‘rganimda, yuragim parchalanib ketgan edi!

​Yoongi bu gapni eshitib, go‘yo yarasiga tuz sepilgandek yuzini burishtirdi. Uning g‘azabi endi chorasizlikka aylana boshlagandi. U Suheening qarshisiga shiddat bilan kelib, uning yelkalaridan mahkam tutdi.

​— Ha, ko‘rgansan! — deb baqirdi Yoongi, ko‘zlari qizarib. — Lekin sen o‘sha kecha mening vujudimda nimalar bo‘layotganini bilmaysan! Menga o‘sha la’nati hirsni qo‘zg‘atuvchi dorini berishganini, miyam butunlay o‘chib qolganini tasavvur ham qilolmaysan! Bu sening "olijanob" qarindoshlaringning o‘yini edi, Suhee! Ular bizni ayirmoqchi edi va buning uchun eng iflos yo‘lni tanlashdi!

​Yoongi Suheeni qo‘yib yuborib, devorga musht tushirdi. Xonadagi sukunatni faqatgina uning og‘ir nafas olishi buzar edi.

​— O‘sha fohisha... u shunchaki rejaning bir qismi edi, — davom etdi u past ovozda, tishlarini g‘ijirlatib. — Men o‘zimni boshqarolmasdim, vujudim yonayotgan edi. Sen eshikni ochib kirganingda, men seni emas, shunchaki qandaydir siluetni ko‘rayotgan edim. Men seni yo‘qotishimni bilardim, lekin o‘sha la’nati modda qonimda aylanib turganda, hech narsa qilolmadim!

​Suhee hayratdan devorga suyandi. U yillar davomida Yoongini shunchaki nafsiga qul bo‘lgan deb o‘ylagan edi. Ammo hozir uning ko‘zlaridagi bu haqiqiy azob va o‘sha tushunilmas "dori" haqidagi haqiqat Suheening butun ishonchini parchalab tashladi.

​— Nega... necha yil o‘tdi, Yoongi... nega shu paytgacha aytmading? — deb pichirladi Suhee, ko‘z yoshlari yonoqlari uzra oqa boshlab.

​— Aytsam ishonarmiding? — Yoongi unga qayrilib qaradi, nigohida cheksiz bir g‘am bor edi. — Sen o‘sha kechadan keyin meni hayotingdan shunchalik tez o‘chirib tashladingki, hatto eshikni ochishimga ham yo‘l qo‘ymading. Endi esa mana, akamga kelin bo‘lishga tayyorlanib o‘tiribsan...

​Suhee nima deyishni bilmay qoldi. Agar Yoongi haqiqatan ham tuzoqqa tushirilgan bo‘lsa, demak ular yillar davomida bir-birlaridan bekorga nafratlanib kelishganmi?

Suhee go‘yo butun dunyo ostun-ustun bo‘lib ketgandek, karaxt holda yerga tikilib qoldi. Yillar davomida qalbiga toshdek og‘ir botib kelgan nafrat, Yoongining bu iqroridan so‘ng qum kabi to‘kilib borardi. Uning nigohlari poldagi gilam naqshlarida adashib yurardi, lekin Yoongining o‘tkir va og‘riqli nigohi uni bir soniya bo‘lsa ham tark etmadi.

​Yoongi Suheening bu ojiz va dovdirab qolgan holatini ko‘rib, yuragi yanada qattiqroq ezildi. U vazmin, ammo shiddatli qadamlar bilan qizga yaqinlashdi. Har bir qadami xonadagi sukunatda aks sado berardi. Suhee qochishga ham, qarshilik ko‘rsatishga ham ulgurmadi — Yoongi uning ikki yelkasidan mahkam tutib, ohista, lekin qat’iyat bilan uni devorga tiradi.
​Endi ular orasidagi masofa butunlay yo‘qolgan, bir-birining issiq nafasini sezib turishardi. Yoongi Suheening ko‘zlariga tik qaradi, uning nigohida ham sog‘inch, ham o‘sha qadimiy azob qorishib ketgan edi.
​
​

Suhee devorga suyanganicha, Yoongining yaqinligidan nafas olishga ham qo‘rqib turgandek edi. Yoongi uning yelkalarini mahkam tutib, ko‘zlariga tikilgancha, yillar davomida ichiga yutib kelgan alamini to‘kib soldi.

​— Menga qara, Suhee... — Yoongining ovozi endi pastroq, ammo har qachongidan ham o‘tkirroq eshitilardi. — Sen o‘sha kecha ko‘rgan narsangni xiyonat deb bilding. Men esa o‘sha dori ta’sirida o‘zligimni yo‘qotganimni, vujudim menga bo‘ysunmay qolganini tushuntira olmadim. Sen eshikni yopib chiqib ketganingda, men nafaqat seni, balki butun dunyoyimni yo‘qotganimni his qilganman.

​Suheening ko‘zlaridan oqqan yosh Yoongining qo‘llari ustiga tushdi. Uning yelkalari titrardi. Yoongining gaplari uning yillar davomida qurgan "nafrat qal’asi"ni butunlay parchalab tashlagan edi.

​— Nega o‘shanda aytmading? — deb pichirladi Suhee, ovozi yig‘i aralash chiqib. — Nega meni to‘xtatmading? Men seni nafrat bilan yashashga mahkum qildim deb o‘ylagandim, aslida esa ikkimiz ham yolg‘onning qurboni bo‘libmiz-ku...

​Yoongi peshonasini Suheening peshonasiga ohista tiradi. Uning nafas olishi hamon og‘ir edi, go‘yo yillar davomida to‘plangan yukni hozirgina yelkasidan tashlagandek.

​— Sen eshitishni istamading, Suhee. Men sening uying oldida tonggacha kutgan kunlarimni eslaysanmi? Sen esa derazani yopib, pardalarni tortib olarding. Men o‘sha "dori" haqida, meni kim tuzoqqa tushirgani haqida aytmoqchi edim... Lekin sen meni allaqachon hayotingdan o‘chirgan eding.

​Suhee ko‘zlarini yumdi. O‘sha og‘riqli xotiralar endi butunlay boshqacha ma’no kasb etayotgan edi. U Yoongining yuzidagi charchoqni, uning ko‘zlaridagi bitmagan yarani endi aniq ko‘rdi.

​— Kechir... — deb pichirladi Suhee, qo‘llarini ehtiyotkorlik bilan Yoongining ko‘kragiga qo‘yib. — Men seni eshitishim kerak edi. Men ko‘rgan narsamga shunchalik ishongandimki, sening so‘zlaringga joy qoldirmaganman.

​Yoongi qizning bu so‘zlarini eshitib, uni yanada mahkamroq devorga tiradi. Ularning yurak urishi bir-biriga urilib, xonadagi sukunatda yagona tiriklik nishonasidek eshitilardi. Yoongi Suheening yuzidagi yoshlarni ohista barmog‘i bilan artdi.

​— Endi kechmi? — so‘radi Yoongi, uning nigohida ham umid, ham qo‘rquv bor edi. — Endi hamma narsani bilganingdan keyin... baribir o‘sha to‘y bo‘ladimi? Baribir mening "kelinoyim" bo‘lasanmi?

Suhee og‘ir va karaxt bir holatda edi. Uning nigohida Yoongiga bo‘lgan cheksiz sog‘inch va ayni damda chorasizlik aks etardi. U bu haqiqatni yillar davomida kutgan edi, ammo endi u kelganida, hamma narsa juda chigallashib ketgan.

​Janob Kim — bu ism Suheening vujudiga sovuq titroq yugurtirardi. To‘y haqidagi xabar allaqachon butun mamlakatga yoyilgan, taklifnomalar yuborilgan, "Kim"lar sulolasining obro‘si bu nikoh bilan chambarchas bog‘lanib bo‘lingan edi. Agar to‘y bekor bo‘lsa, Janob Kimning g‘azabi nafaqat Suheeni, balki Yoongini ham kulga aylantirishi hech gap emasdi.
​Suhee bu haqiqatni yaxshi bilardi: ular o‘rtasidagi masofa endi faqatgina nafrat emas, balki butun bir imperiyaning qat’iy qonunlari edi.
​Yoongining "Endi kechmi?" degan savoli xonada javobsiz muallaq qolib ketdi.

Suhee bu savolga so‘z bilan javob bera olmasligini his qildi. Har qanday gap hozir o‘rinsiz va ojiz edi. Uning o‘rniga, Suhee o‘zini jizg‘anak qilayotgan sog‘inch va azobga taslim bo‘ldi.

​U kutilmaganda Yoongining bo‘ynidan mahkam quchoqlab, undan qattiq bo‘sa ola boshladi. Bu bo‘sa shunchaki ehtiros emas, balki yillar davomida aytilmagan uzrlar, bitmagan yaralar va "seni hali ham sevaman" degan hayqiriqning ifodasi edi.

​Yoongi avvaliga bu kutilmagan shiddatdan biroz esankirab qoldi, lekin darrov Suheening belidan mahkam tutib, unga javob qaytardi. Devorga tirab turilgan bu ikki vujud hozir dunyodagi barcha qoidalarni, Janob Kimning tahdidlarini va kutilayotgan to‘yni unutishga urinardi.
​Suheening ko‘z yoshlari Yoongining yuziga urilar, u har bir harakati bilan "Meni qutqar, lekin baribir kech" degandek edi. Yoongi esa uni shunday mahkam qisardiki, go‘yo qo‘yib yuborsa, Suhee yana o‘sha sovuq va dabdabali "Kim"lar dunyosiga g‘oyib bo‘ladigandek edi