March 23

My mafia life

Hech qachon yorishmaydigan eng qorong'u tunlar......

6 - Bob


​— Bilasanmi, Miya, — dedi Jungkook ovozi kutilmaganda jiddiylashib. — Sen bugun o‘sha sharobni sepganingda, men ich-ichimdan qarsak chaldim. Yillar davomida o‘sha xonimning og‘zini yopadigan mard topilmagandi. Sening bu o‘jarliging... menga yoqyapti.

​Miya bir zum jim bo‘lib qoldi. U bunday javobni kutmagan edi. Jungkookning nigohida kibr emas, balki charchagan insonning samimiy e’tirofi borligini sezdi.

​— Menga yoqishga urinma, — dedi Miya ohista, lekin hali ham o‘shsha qaysarlik bilan. — Baribir sendan nafratlanaman.

​— Nafratlanaver, — dedi Jungkook mashinani katta yo‘lga chiqarib. — Hech bo‘lmaganda bu tuyg‘u soxta emas.

Mashina shahar chiroqlari ko‘rinib turgan tekis yo‘lga chiqdi, ammo ichkaridagi "jang" to‘xtash niyatida emas edi. Miya yalangoyoq holda, qimmatbaho charm o‘rindiqda o‘zini imkon qadar noqulay ko‘rsatishga urinib, Jungkookning har bir harakatidan xato izlardi.

​— Shuncha puling bor ekan, nega mashinang bunchalik tez yuradi? — dedi Miya to‘satdan, go‘yo xavfsizlik kamarini dushmandek ushlab. — Odamni ko‘nglini aynityapsan. Yoki tezlik bilan o‘zingdagi bo‘shliqni yopmoqchimisan?

​Jungkook rulni bitta barmog‘ida burab, piching bilan javob qaytardi:
— Bu "bo‘shliq" emas, bu ot kuchi, Miya. Sening piyoda yurishingga qaraganda ancha samaraliroq. Yoki o‘sha o‘rmonda qolib, boyqushlar bilan falsafiy suhbat qurmoqchimiding?

Jungkook

​— Boyqushlar sendan ko‘ra aqlliroq gapirishiga ishonchim komil! — Miya o‘rnidan sapchip tushdi. — Ular hech bo‘lmasa birovni tabaqalarga ajratmaydi. Sen boy bo‘lsang nima, Kim bo‘lsang nima? Oxir-oqibat hammamiz bir xil tuproqqa boramiz. Sening o‘sha qimmatbaho soating o‘limni bir soniyaga bo‘lsa ham to‘xtatib qola oladimi?

​Jungkook mashinani chetga olib, keskin to‘xtatdi. Miya oldinga siltanib ketdi. Yigit unga juda yaqin keldi, uning ko‘zlarida g‘alati bir uchqun bor edi.

​— Sening tiling nafaqat o‘tkir, balki zaharli ham ekan, — dedi Jungkook past ovozda. — Lekin bilasanmi, nima qiziq? Sen meni yomon ko‘rasan, lekin hozir mening mashinamda o‘tiribsan. Nafrating senga issiqlik beryaptimi yoki xavfsizlikmi?

​Miya uning nigohidan qochmadi. U yigitning yuziga yaqinlashib, nafasini uning yuzida his qildi:
— Men sening mashinangda o‘tiribman, chunki sen meni majburlading. Va xavfsizlik haqida gapiradigan bo‘lsak... Sening yoningda bo‘lishdan ko‘ra, o‘sha o‘rmondagi bo‘rilarga ishonish osonroq. Chunki bo‘rilar hech bo‘lmasa yuzingga qarab hujum qiladi, sizlar kabi orqadan pichoq urmaydi!

​Jungkook bir muddat unga tikilib qoldi. Uning yuragi negadir tezroq ura boshladi. Bu qiz uni kamsitayotgan edi, uni ayblayotgan edi, lekin Jungkook hayotida birinchi marta o‘zini tirik his qilayotgan edi.

​— Juda yaxshi, — dedi Jungkook rulga qayta yopishib. — Demak, men bo‘ridan ham battar ekanman. Unda mahkamroq ushlab ol, chunki "bo‘ri" seni uyingga eltib qo‘yishga qaror qildi. Faqat yo‘lda tishlab olmasang bo‘ldi.

​— Xavotir olma, sendaylarning go‘shti juda achchiq bo‘ladi! — deb javob qaytardi Miya deraza oynasiga boshini urib.

​Jungkook mashinani yana shiddat bilan haydab ketdi. Uning yuzida butun oqshom davomida yo‘qolmagan o‘sha g‘alati, mamnun jilmayish bor edi.

Mashina shahar ko‘chalariga kirib kelganida, Miya o‘zining tashqi ko‘rinishi haqida o‘ylab qoldi. Qo‘rg‘ondagi baqir-chaqir va o‘rmon yo‘lidagi sarguzashtlardan so‘ng, u o‘zini tartibga keltirib olishi kerak edi.

U sumkasidan telefonini olib, soatga qaradi, so‘ng ekran yorug‘ligida o‘z aksini ko‘rdi. Lab bo‘yog‘i biroz o‘chib, rangi xiralashgan edi. ​Miya sumkasidan o‘zining sevimli, to‘q qizil — deyarli labining tabiiy rangiga yaqin bo‘lgan bo‘yog‘ini chiqardi. U oynaga qaramay, mahorat bilan surishga odatlangan edi. Aynan bo‘yoqni labiga yaqinlashtirib, ohista surishni boshlagan soniyada...

​"G‘ir-r-r-et!" — tormoz ovozi yangradi.

​Svetoforda to‘satdan qizil chiroq yonganini ko‘rgan Jungkook mashinani keskin to‘xtatgan edi. Miya oldinga siltanib ketdi, qo‘lidagi lab bo‘yog‘i esa labidan chiqib, iyagigacha uzun, qizil chiziq bo‘lib tortilib ketdi.

Miya

​Xonada o‘lik sukunat cho‘kdi. Miya bir necha soniya qotib qoldi. Uning yuzi hozir xuddi "Joker"ning yuziga o‘xshab qolgan edi. U sekin boshini burib, rulni xotirjam ushlab, hech narsa bo‘lmagandek yo‘lga tikilib turgan Jungkookga qaradi.

​— Sen... — Miya g‘azabdan bo‘g‘ilib gap boshladi. — Sen buni ataylab qilding! Shundaymi? Mening ustimdan kulmoqchimisan?

​Jungkook hayron bo‘lib unga qaradi. U rostdan ham svetaforga ulgurishga harakat qilgan, Miyaning pardoz qilayotganini payqamagan edi. Ammo qizning yuzidagi uzun qizil chiziqni va uning "jangovar" qiyofasini ko‘rishi bilan u o‘zini tutib tura olmadi. Uning yuzida avval yengil tabassum, so‘ng esa baland ovozli kulgu paydo bo‘ldi.

​— Ataylab? Miya, men haydovchiman, grimchi emasman! — dedi u kulgi aralash. — Lekin tan olish kerak, bu yangi uslub senga juda yarashibdi. "Qizil chiziqli xonim" — juda original!

​— Kulma! — Miya bor ovozi bilan baqirdi va sumkasidan salfetka qidira boshladi. — Sening o‘sha kibrli oilang kabi, bu mashinang ham faqat odamlarni qiynash uchun yaratilgan! Senga bu qiziq tuyulyaptimi? Men sening o‘yinchog‘ing emasman!

​Jungkook kulishdan to‘xtadi, lekin ko‘zlaridagi uchqun hali ham bor edi. U Miyaning shunchalik asabiylashayotganini ko‘rib, kutilmaganda unga yaqinlashdi. Uning qo‘li Miyaning yuziga yaqinlashganida, qiz seskanib o‘zini orqaga tortdi.

​— Qimirlama, — dedi Jungkook ovozi kutilmaganda jiddiylashib. U barmoqlari bilan Miyaning iyagidagi bo‘yoqni ohista artib tashlamoqchi bo‘ldi. — Men buni rostdan ham ataylab qilmadim. Shunchaki... svetafor o‘z vaqtida yondi.

​Miya uning qo‘li terisiga tekkanida jim bo‘lib qoldi. Uning nafas olishi tezlashdi, lekin bu safar g‘azabdan emas edi. Jungkookning nigohi juda yaqin, uning harakatlari esa g‘alati darajada mayin edi.

​— O‘zim... o‘zim qilaman, — pichirladi Miya, yigitning qo‘lini itarib yuborar ekan. Uning yuragi negadir boyagi bo‘rilardan ko‘ra ko‘proq vahimaga tusha boshlaganini his qildi.

​Jungkook yana rulga qaytdi. Yashil chiroq yondi. Mashina harakatlanar ekan, Jungkook past ovozda qo‘shib qo‘ydi:
— Sen baribir bo‘yoqsiz ham chiroylisan. Ayniqsa, jahling chiqqanda.

Miya deraza oynasiga qarab o‘tirgan bo‘lsa-da, uning butun diqqat-e’tibori yonidagi haydovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan yigitga qaratilgan edi. U go‘yo tasodifan, sekingina nigohini Jungkookka burib, uni o‘g‘rincha o‘rganar edi.

​Jungkookning rulni boshqarayotgan baquvvat qo‘llari, keng yelkalari va har bir harakatidagi vazminlik uning o‘z ustida tinimsiz ishlaganidan dalolat berardi. Sport zalidagi soatlar bekor ketmagani ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Uning oppoq, yengillari shimarilgan ko‘ylagi ostidan bilaklaridagi murakkab, bir-biri bilan kesishib ketgan tatuirovkalari biroz ko‘rinib turardi. Bu chizgilar uning sovuqqon qiyofasiga qandaydir isyonkor va sirli joziba bag‘ishlab turardi.

​"Lanati, nega u bunchalik mukammal?" — deb o‘yladi Miya ichida, labini tishlab.

​Uning tiniq yuzi, tartib bilan tushib turgan sochlari va har qanday vaziyatda ham o‘zini yo‘qotmaydigan mag‘rur turishi Miyaning ideallari darajasida edi. Agar bu yigit o‘sha qonli va kibrli "Kimlar" sulolasining merosxo‘ri bo‘lmaganida, agar u shunchaki ko‘chadagi oddiy, shirinso‘z yoki hatto biroz sho‘x yigit bo‘lganida edi... Miya uni o‘ziga rom qilish uchun bor mahoratini ishga solgan, har qanday yo‘lni sinab ko‘rgan bo‘lardi.
​Lekin u "Kim" edi. Bu familiya ular o‘rtasida o‘tib bo‘lmas baland devordek turardi.

Miya bu devorni buzib o‘tish qanchalik xavfli ekanini tushunardi, ammo yuragi baribir bu "ideal xavf"ga talpinar edi.

​Jungkook esa Miyaning o‘g‘rincha nigohlarini sezib turardi. U kutilmaganda boshini Miyaga burib, ko‘zlarini qisgancha piching qildi:
— Yuzimda yana biror narsa qoldimi? Yoki meni o‘rganishni tugatdingmi?

​Miya shoshib nigohini qochirdi, yuzi esa qizarib ketdi.
— Men... men shunchaki tashqariga qarayotgan edim! — dedi u duduqlanib. — O‘zingga bino qo‘yma.

​Jungkook past ovozda kulib qo‘ydi.
— Mayli, shunday bo‘la qolsin. Lekin bilsang, men ham "oddiy" bo‘lishni ba’zan orzu qilaman. Balki shunda sen meni bunchalik ko‘p so‘kmasmiding...

Mashina yotoqxona binosi oldida ohista to‘xtadi. Jungkook motorga dam berib, Miyaga qaradi:
— Yetib keldik, "zaharli" xonim, — dedi u ovozida biroz ma’yuslik bilan.

​Miya yalangoyoq holda, poshnali poyabzallarini qo‘liga olib mashinadan tushdi. Jungkook ham u bilan barobar tushib, qizning xavfsiz kirib ketishini kuzatmoqchi bo‘lib, mashinaga suyanganicha to‘xtadi. Aynan shu pallada, binoning soyasidan bir qiz shoshib chiqib keldi.

​— Jungkook! — deb qichqirdi u, ovozi hayajon va quvonchga to‘la edi.
​Miya ham, Jungkook ham o‘sha tomonga qayrilib qarashdi. Qizning uzun, qop-qora sochlari yelkasiga tushib turar, qomati esa xuddi jurnallardagi modellardek mukammal edi. Eng hayratlanarlisi, uning yuzida deyarli pardoz yo‘q edi, ammo tabiiy go‘zalligi kishini lol qoldirardi.

​U yugurib kelib, hech qanday iymanmasdan Jungkookning bo‘yniga osildi.
— Meni ko‘rgani keldingmi? Sog‘inib ketdim-ku! — dedi-yu, Jungkookning yuzidan samimiy o‘pib qo‘ydi.

​Miyaning vujudi muzlab ketdi. Boyagina ichida "ideal" deb atagan yigiti hozir boshqa bir go‘zal qizning quchog‘ida edi. Uning yuzi beixtiyor burishdi, tomog‘iga achchiq bir narsa tiqilgandek bo‘ldi.

Miya

​— Men... men kirdim, — dedi Miya qisqa va sovuq ohangda. Uning boyagi o‘jar va sho‘x kayfiyatidan asar ham qolmagandi. U hatto Jungkookning javobini kutmay, yotoqxona eshigi tomon tez-tez yurib ketdi.

​Jungkook esa kutilmagan tashrifdan shokda edi. U qizni o‘zidan uzoqlashtirishga urindi:
— Miyeon? Sen bu yerda nima qilyapsan? Va nima deb valdirayapsan? — Jungkookning nigohi Miyaning ortidan ergashdi, u qizning xafa bo‘lganini va noto‘g‘ri tushunganini sezib turardi.

​Miya eshikni shunday qattiq yopdiki, binoning oynalari zirillab ketdi. U zinadan ko‘tarilar ekan, o‘zini so‘ka boshladi: "Nima deb o‘ylagan eding, Miya? U Kim-ku! Uning atrofida bunaqa qizlardan mingtasi bor! Ahmoqsan, Miya, chinakam ahmoq!"

Miyaning ichidagi g‘azab endi nafrat va qizg‘onchiqning portlovchi aralashmasiga aylangan edi. U xonaga kirib tinchlana olmadi, aksincha, yuragi gupillab urib, vujudi olovdek yona boshladi. U beixtiyor balkon eshigini ochib, pastga — o‘sha qimmatbaho mashina va uning yonidagi "mukammal" juftlikka qaradi

​Pastda Miyeon hali ham Jungkookning bilagidan tutib, nimadir deb erkalik qilar, Jungkook esa uning gaplarini indamay eshitib turardi. Bu manzara Miyaning sabr kosasini toshirgan so‘nggi tomchi bo‘ldi. Uning ko‘zi balkon panjarasi chetidagi og‘ir, sopol guldonga tushdi.

​Miya nima qilayotganini o‘ylab ham o‘tirmadi. U guldondan ushladi va bor kuchi bilan pastga — aynan o‘sha ikki kimsaning o‘rtasiga qarab otib yubordi

​"CHIRS-S-S-S-S!"

​Guldondan chiqayotgan qisqa hushtaksimon ovoz ortidan dahshatli sinish sadosi yangradi. Guldon kutilganidek yerga emas, balki Jungkookning o‘sha ko‘z qorachig‘idek asraydigan sport avtomobilining old oynasiga borib tushdi. Oyna minglab mayda bo‘laklarga bo‘linib ketdi, guldon ichidagi tuproq va gullar esa dabdabali salon ichiga sochilib ketdi.

​— Voy xudoyim! — Miyeon qo‘rqib ketganidan qichqirib yubordi va Jungkookning ortiga berkindi.
​Jungkook esa kutilmagan zarbadan bir soniya qotib qoldi, so‘ng darrov yuqoriga — guldon uchib kelgan balkon tomonga qaradi. Uning nigohi o‘tkir va shiddatli edi. Miya yigitning nigohi o‘ziga qadalishini sezishi bilan, yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib, balkon poliga shartta o‘tirib oldi. U devorga suyanib, nafasini ichiga yutib turardi.

​— Nima bo‘ldi? Kim bu? — Miyeon titroq ovozda so‘radi. — Jungkook, mashinang rasvo bo‘ldi!

​Jungkook sindirilgan oynaga va sochilgan tuproqlarga bir qarab qo‘ydi, so‘ng yana yuqoriga — Miyaning balkoni tomonga ma’noli jilmayib qaradi. U bu "sovg‘a" kimdan kelganini bir soniyada tushunib yetgandi. Faqat birgina odam bunday telba jasoratga ega edi.

​— Xavotir olma, Miyeon — dedi Jungkook ovozini atayin balandlatib, yuqoridagilar eshitishi uchun. — Bu shunchaki... "zaharli" bir salomlashish edi. Ko‘rinishidan, kimdir mening ketishimni juda ham xohlamayapti shekilli.

​Miya balkon polida o‘tirgancha tishlarini g‘ijirlatdi. U o‘zini fosh qilib qo‘yganini bilsa-da, ichidagi g‘azab biroz bosilgandek bo‘ldi. "Laynati! Oynang bilan birga o‘zing ham sinib ketsang bo‘lardi!" — deb pichirladi u.

Miyaning ichidagi g‘alayon endi sinsiq va g‘olibona bir mamnuniyatga aylangan edi. U balkon devoriga suyanib, o‘zining bu "jasorati"dan sarmast bo‘lib turganida, vannaxonadan sochlari nam, yuzida charchoq aks etgan Yiseul chiqib keldi.

​Yiseul xonadagi g‘alati sukunatni va Miyaning balkonda o‘tirgancha nimalardir deb pichirlayotganini ko‘rib, qoshlarini chimirdi.

​— Miya? Nima qilyapsan u yerda? — so‘radi Yiseul hayron bo‘lib. — Tinchlikmi? Nega yerda o‘tiribsan?

​Miya go‘yo jinoyat ustida qo‘lga tushgan bolakadek seskanib ketdi. U shoshib, tizalarida emaklab balkon ichkarisiga kirdi va so‘ng shartta o‘rnidan turib, ust-boshini qoqdi. Uning yuzida g‘alati, biroz telbanamo, ammo baxtli tabassum bor edi.

​— Hech nima, Yiseul! Shunchaki... toza havodan nafas olayotgan edim. Kechasi havo juda ajoyib-a? — dedi u va dugonasining savol berishiga yo‘l qo‘ymay, kiyim almashtirish bahonasida garderobga sho‘ng‘ib ketdi.

​Garderobning ichida Miya o‘zini tutib tura olmay, og‘zini qo‘li bilan yopgancha kular edi. U Jungkookning o‘sha qimmatbaho mashinasi va uning yonidagi Minyeonning qo‘rqib ketgan yuzini eslaganida, ichidagi barcha alamlar yuvilib ketgandek bo‘ldi.

U egnidagi qimmatbaho, ammo endi nafrat uyg‘otadigan bazim libosini yechib, o‘zining sevimli keng futbolkasini kiydi. U o‘zini har qachongidan ham yengil his qilardi.
​Yiseul esa Miyaning bu g‘alati harakatlaridan shubhalanib, balkonga chiqdi. U pastga — ko‘chaga qaradi.

​Pastda na Jungkook, na o‘sha sirli qiz ko‘rinmasdi. Faqatgina yo‘l chetida, chiroq nuri ostida bitta narsa ko‘zga yaqqol tashlanardi. Oynalari chil-chil bo‘lib singan, ustiga tuproq va gul bo‘laklari sochilgan dabdabali sport avtomobili. Mashina xuddi tashlandiq bir matohdek, egasiz qolib ketgandi.

​— Tavba... — deb yubordi Yiseul, ko‘zlariga ishonmay. — Miya, pastda kimningdir mashinasini pachoqlab ketishibdi! Bu qanaqa bezorilik bo‘ldi?
​Miya garderobdan chiqib, sochini yig‘ishtirarkan, beparvo ohangda javob berdi:
— Balki osmondan tosh tushgandir, Yiseul. Bu dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku, to‘g‘rimi?

​Lekin Miya bilmasdiki, Jungkook mashinasini shunchaki tashlab ketmagan edi. U aynan shu daqiqada yotoqxona binosining qorong‘u yo‘laklarida Miyaning xonasini qidirib yuqoriga ko‘tarilayotgan edi.

Miya endigina chuqur nafas olib, Yiseulga qo'rg'onda nimalar bo'lganini, Kim xonimning haqoratlari-yu, sharob voqeasini aytib bermoqchi bo'lib turganda, eshik shiddat bilan taqilladi. Bu oddiy taqillatish emas, balki javob olmaguncha ketmaydigan odamning qat'iy zarbalari edi.

​Yiseul soatga qaradi — allaqachon yarim tun.

— Kim bo'lishi mumkin bu vaqtda? — deb pichirladi u va ehtiyotkorlik bilan eshikni ochdi.

​Ostonada turgan odamni ko'rib, Yiseul beixtiyor bir qadam orqaga chekindi. Qarshisida qimmatbaho libosda, bo'yi baland, nigohi o'tkir va o'ta jiddiy bir yigit turardi. Uning qiyofasidan "Kimlar" sulolasiga xos bo'lgan hukmronlik va sovuqqonlik sezilib turardi.

​— Sizga kim kerak? — so'radi Yiseul hayron bo'lib.

​Jungkook xonaga kirmadi, lekin uning nigohi ichkarini qidira boshladi.
— Miya ismli qiz shu yerda yashaydimi? — dedi u, ovozi past, lekin amirona ohangda.

​Miya o'z ismini o'sha tanish, biroz xirillagan ovozdan eshitishi bilan yuragi qinidan chiqqudek bo'ldi. "Lanati, u haqiqatan ham keldi!" — deb o‘yladi u va nima qilayotganini ham anglamay, koridorga otilib chiqdi.

​U o'z tashqi ko'rinishi haqida mutlaqo unutgan edi. Hozirgi Miya — boyagi dabdabali bazimdagi qizdan butunlay farq qilardi. Sochlari pala-partish yig'ilgan, yuzida na bo'yoq, na boyagi qizil chiziq bor. Egnida esa o'zidan ikki baravar katta bo'lgan keng futbolka, pastida esa futbolkaning ostida deyarli ko'rinmay ketgan juda kalta shortik edi. Uning yalang'och oyoqlari va tabiiy, biroz hayajonlangan qiyofasi Jungkookning nigohini o'ziga mixlab qo'ydi.

Miyaning ko'rinishi

​Jungkook Miyani bunday ko'rinishda — himoyasiz, oddiy va nihoyatda samimiy holatda ko'rib, bir muddat gapini yo'qotib qo'ydi. Uning g'azabi  bir soniyada hayrat bilan almashdi.
​Miya esa Jungkookning unga qarab turganidan o'ziga keldi va qo'llarini ko'ksiga qovushtirdi.

— Sen... bu yerda nima qilyapsan? Qanaqa yuz bilan kelding? — dedi u, ovozini balandlatishga harakat qilib, garchi o'zi uyalib ketayotgan bo'lsa-da.

​Yiseul esa hayron bo'lib bir Miyaga, bir Jungkookga qarardi. U hali pastdagi mashinani aynan shu yigitniki ekanini va Miya uni pachoqlaganini bilmas edi.
​Jungkook biroz jilmaydi, lekin bu safar jilmayishida kibr yo'q edi.

— Men "aybdor"ni qidirib keldim. Ko'rinishidan, u hozirgina uxlab qolmoqchi bo'lgan "farishta"ga o'xshab turibdi. Lekin mening mashinamning oynasi buni tasdiqlamaydi.

Yiseul ostonada turgan yigitning kiyimi va gap-so‘zidan uning oddiy odam emasligini, pastdagi pachoqlangan mashina esa aynan Miyaning "hunari" ekanini darrov fahmladi. U Miyaning g‘alati kulgisi va garderobga qochganining sababini endi tushunib yetgandi.

​— Men... men choy damlab kelaman, — dedi Yiseul vaziyatdan o‘zini chetga olib. U Miyaga "buning javobini o‘zing berasan" degandek ma’noli qarab qo‘ydi-da, oshxona tomonga o‘tib ketdi.

​Eshik oldida faqat Miya va Jungkook qolishdi. Jungkook Miyaning kalta shortikda va keng futbolkada turganiga, uning bo‘yanmagan, ammo tabiiy jozibasiga qarab turib, boyagi g‘azabini butunlay unutib qo‘ydi. Uning nigohi Miyaning yalang‘och oyoqlaridan tortib, pala-partish yig‘ilgan sochlarigacha sirli bir qiziqish bilan kezib chiqdi.

​Miya esa Jungkookning bunday sinchkov tikilishidan o‘zini noqulay his qila boshladi. U kiyimi biroz ochiqroq ekanini endi payqadi va futbolkasining pastki qismini pastga tortishga urindi.

​— Xo‘sh? — dedi Miya, ovoziga qat’iyat bag‘ishlab. — Mashinangni o‘zim sindirdim, nima deysan? Borib bobongga aytasanmi yoki politsiya chaqirasanmi?

​Jungkook bir qadam ichkariga bosdi. Miya beixtiyor orqaga chekindi, ammo Jungkook to‘xtamadi. U Miyaga shunchalik yaqin keldiki, qiz uning qimmatbaho atiri va qimmat tamaki aralashgan yoqimli hidini tuydi.

​— Politsiya? — Jungkook past ovozda kulib yubordi. Uning nigohi Miyaning lablariga tushdi, u yerda boyagi bo‘yoqning zo‘rg‘a ko‘rinadigan izi qolgandi. — Men politsiyaga nima deyman? "Bir qiz menga nisbatan qizg‘onchiq qilib, guldoni bilan mashinamni urib sindirdi" deymanmi? Bu mening g‘ururimga to‘g‘ri kelmaydi-ku.

​Miya yuzi lovullab yonganini his qildi.
— Qizg‘onchiq?! O‘zingga bino qo‘yma, Kim! Men shunchaki... o‘sha xonimning va sening kibrli basharangni ko‘rishni istamadim! — Miya barmoqlari bilan Jungkookning ko‘kragidan itarmoqchi bo‘ldi, lekin uning qo‘li yigitning qattiq va baquvvat mushaklariga tegib, to‘xtab qoldi.

​Jungkook Miyaning kichkinagina qo‘lini ushlab oldi. Uning barmoqlari qizning terisiga tekkanda, Miya vujudidan tok o‘tgandek bo‘ldi.

— Unda nega o‘sha "bashara"ni ko‘rish uchun balkonning chetida poylab o‘tirding? — deb pichirladi Jungkook, Miyaning ko‘zlariga tik qarab. — Nega aynan Miyeon meni o‘pganida guldonni otding?

​Miya tili aylanmay qoldi. Jungkookning nigohi shunchalik o‘tkir ediki, go‘yo u qizning barcha sirli o‘ylarini o‘qib olayotgandek edi.

​— Mashinani to‘laysan, Miya, — dedi Jungkook ohista, ammo jiddiy ohangda. — Lekin pul bilan emas. Mening mashinamning oynasi bir necha ming dollar turadi, sening esa bunga qurbing yetmaydi.

​— Nima demoqchisan? — Miya hayajon bilan so‘radi.

​Jungkook uning qo‘lini sekingina qo‘yib yubordi va xonaning o‘rtasiga qarab yurdi:
— Ertadan boshlab sen mening shaxsiy yordamchim bo‘lasan. Qayerga borsam, yonimda bo‘lasan. Men nima buyursam, so‘zsiz bajarasan. Toki o‘sha oyna pulini ishlab bermaguningcha.

Miyaning kutilmaganda paydo bo‘lgan g‘ururi va o‘jarligi yana jo‘sh urdi. U Jungkookning shartini eshitib, go‘yo haqoratlangandek boshini baland ko‘tardi. Uning keng futbolkasi ostida kichkinagina ko‘rinsa-da, nigohi har qachongidan ham o‘tkir edi.

​— Nima? Shaxsiy yordamchi? — Miya istehzo bilan kulib yubordi. — Sen meni o‘sha atrofingdagi qo‘g‘irchoq qizlar bilan adashtiryapsan shekilli, Kim! Mening sen kabi vaqtim bemalol emas. Men universitetda o‘qiyman, kelajagim bor! Ertalabdan kechgacha sening injiqliklaringni ko‘tarib, ortingdan laganbardorlik qilib yurishga na xohishim, na vaqtim bor!

​Jungkook Miyaning bu shiddatli rad javobidan hayratlanmadi. Aksincha, u xonadagi kichkina stolga suyanib, qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirdi. Uning nigohi Miyaning qizarib ketgan yuzida to‘xtadi.

​— Universitet? — Jungkook qoshlarini biroz ko‘tardi. — Juda yaxshi. Bilim olishga intilishing tahsinga loyiq. Lekin qonun hamma uchun barobar, Miya. Sening "talaba" ekanliging birovning mulkiga zarar yetkazish huquqini bermaydi. Agar men hozirgina bitta qo‘ng‘iroq qilsam, sening o‘sha universitetdagi o‘qishingni ham, kelajagingni ham savol ostiga qo‘yishim mumkin. "Bezorilik" moddasi bilan haydalgan talabani qaysi dargoh qabul qiladi?

​Miya tishlarini g‘ijirlatdi. U yigitning hazillashmayotganini, Kimlar oilasi uchun birgina talaba qizning hayotini ostun-ustun qilib yuborish hech gap emasligini yaxshi bilardi.

​— Sen... sen meni qo‘rqityapsanmi? — ovozi biroz titrab chiqdi Miyaning.

​Jungkook unga bir qadam yaqinlashdi va uning ko‘zlariga tik qaradi:
— Yo‘q, men senga tanlov beryapman. Men sening o‘qishingga to‘sqinlik qilmoqchi emasman. Darslaringdan bo‘sh vaqtingda mening yonimda bo‘lasan. Mashina oynasining puli to‘languncha "ishlaysan". Buning evaziga men politsiyaga xabar bermayman va o‘sha singan oynani ham o‘zim ta’mirlataman.

​Miya bir muddat jim bo‘lib qoldi. Uning xayolida ming xil fikr aylanardi. Bir tomondan erkinligi va g‘ururi, ikkinchi tomondan esa Jungkook bilan o‘tadigan xavfli, ammo g‘alati darajada qiziqarli soatlar...

​— Yaxshi, — dedi Miya nihoyat, ovozini imkon qadar sovuq saqlab. — Faqat darslarimdan keyin. Va menga buyruq berayotganda tilingga ehtiyot bo‘lasan. Men sening quling emasman!

​Jungkook g‘olibona jilmayib qo‘ydi:
— Kelishdik, "yordamchi". Ertaga darsing tugashi bilan pastda mashina kutib turadi. Kechikma, chunki men kutishni yoqtirmayman.

Jungkookning qadam tovushlari yo‘lakda tinchishi bilan Yiseul go‘yo poylab turgandek oshxonadan otilib chiqdi. Uning qo‘lidagi choynak hali ham issiq edi, ammo nigohida choydan ko‘ra qaynoqroq qiziqish va xavotir bor edi.

​— Miya! Bo‘ldi, endi qochib qutulolmaysan! — dedi Yiseul choynakni stolga taqillatib qo‘yib. — Kim u? Boyagi kibrli xonimning o‘g‘limi? Nega u sening ismingni biladi? Va eng muhimi... nega u senga xuddi o‘ljasiga qaragandek tikilib turibdi?

​Miya chuqur uf tortdi-da, o‘zini karavotga tashladi. Uning charchagan, ammo hayajonli nigohi shiftga qadaldi.

​— O‘sha "Kimlar"dan biri... Janob Kimning kenja o‘g‘li Jungkook, — dedi Miya ovozi biroz titrab.

​Keyingi yarim soat ichida Miya xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib, bugun boshidan kechirgan barcha aqldan ozdirar voqealarni birma-bir so‘zlab berdi:

​Qo‘rg‘ondagi dabdabali, ammo sovuq nonushta;

​Kim xonimning Yejinni va uning ota-onasini haqorat qilgani;

​Miyaning chiday olmay, xonimning ustidan qizil sharob sepib yuborgani;

​Jungkook bilan mashinadagi o‘sha asabiy va g‘alati tortishuvlar;

​Va nihoyat... balkon ostidagi Miyeon bilan uchrashuv hamda chil-chil bo‘lgan mashina oynasi.

​Yiseul eshitganlaridan qotib qoldi. U goh og‘zini yopib hayratlanar, goh Miyaning jasoratiga qoyil qolib kulib yuborardi. Ammo Jungkookning "yordamchi" haqidagi shartini eshitgach, uning yuzi jiddiy tortdi.

​

​— Miya, sen hazillashyapsanmi? — dedi Yiseul uning yoniga o‘tirib. — Ular xavfli odamlar. Birgina oyna uchun seni "yordamchi" qilib olishi... Bu shunchaki qarz undirish emas, Miya. U seni o‘z nazoratida ushlab turmoqchi. Sen o‘sha mashinaning oynasi qancha turishini bilasanmi? Sen uni o‘n yil ishlasang ham to‘lay olmaysan!

​Miya yostiqni quchoqlab, labini tishladi.
— Bilaman, Yiseul. Lekin boshqa choram bormi? Politsiyaga topshirsa, o‘qishdan haydalaman. Yejinning ahvoli nima bo‘ladi? Men shunchaki... chidashim kerak. Toki u mendan zerikib, haydab yuborguncha.

​— Yoki sen unga bog‘lanib qolguningcha... — deb pichirladi Yiseul ma’noli qarab. — Chunki u senga qaraganda, ko‘zlarida g‘azab emas, butunlay boshqa narsa bor edi.

Yiseul

​Miya dugonasining gapini eshitmaganga oldi, lekin ich-ichidan Jungkookning o‘sha yaqin turganidagi nafasi va o‘tkir nigohini eslab, yuragi yana gupillab ura boshladi.

@Ruohificc