The Last Light
Urushdan oldin, ikki qirollik hali tinchlikda yashayotgan paytlar edi.
Yorug‘lik qirolligining ulkan saroyida katta ziyofat bo‘lib o‘tayotgan edi. Zallar oltin chiroqlar bilan yoritilgan, nafis musiqa yangrar, turli qirolliklardan kelgan mehmonlar suhbatlashardi.
Yorug‘lik malikasi Ji-won ham ziyofatda qatnashayotgan edi. U oq va oltin rangli nafis ko‘ylak kiygan, sochlariga mayda marvaridlar taqilgan edi. Biroq saroydagi shovqin-suron va tinimsiz suhbatlar uni charchata boshladi.
Ji-won sekin zalni tark etdi.
U saroyning orqa tomonidagi yo‘lakdan yurib, ilgari deyarli hech kim bormaydigan sirli bog‘ga kirib qoldi.
Bog‘ g‘alati darajada sokin edi. Oq gullar oy nurida tovlanar, daraxtlar orasidan mayin shamol esardi.
Ji-won chuqur nafas oldi.
— Nihoyat, tinchlik...
Ammo u yolg‘iz emas edi.
Daraxtlar soyasida qora kiyimdagi bir yigit turardi.
Ji-won beixtiyor to‘xtab qoldi.
— Siz...?
Yigit unga sekin yuzlandi. Uning nigohi sokin, ammo sirli edi.
Ji-won bir qadam oldinga yurdi.
— Bu yerni qayerdan bilasiz?
Yigit labining chetida biroz tirjaydi.
— Men bu yerda har doim bo‘lganman, — dedi u xotirjam ohangda. — Aslida, siz bu yerda nima qilyapsiz, jajji xonimcha?
Ji-won qoshlarini chimirdi.
— Men malikaman. Yorug‘lik malikasi. Tanimaysizmi? O‘zingiz kimsiz? Juda sovuq insonga o‘xshaysiz.
Yigit unga bir oz tikilib turdi. So‘ng ovozini sal jiddiylashtirdi.
— Ehtiyot bo‘lib gapirishingizni xohlayman, malika. Men ham oddiy insonlardan emasman.
U bir qadam oldinga chiqdi.
— Men Qorong‘ulik qirolligining valiahd shahzodasi... Soo-hyukman.
Ji-wonning ko‘zlari kattalashdi.
Qorong‘ulik qirolligi.
Uning xalqiga nisbatan ko‘plab sirli hikoyalar aytilardi. Ji-won bu yigitning kimligini bilmagan, uni oddiy mehmon deb o‘ylagandi.
U biroz noqulay bo‘lib, boshini egdi.
— Afsusdaman, shahzoda. Sizning kimligingizni bilmadim. Men... malika Ji-wonman.
Soo-hyuk yana labining chetida kulimsiradi.
— Buni allaqachon tushundim, malika.
Ji-won unga hayron qaradi.
— Unda nega so‘radingiz?
— Balki sizning o‘zingizdan eshitishni xohlagandirman.
Ji-won beixtiyor kulib yubordi.
Soo-hyuk esa uning kulgisini kuzatib, bir zum jim qoldi.
«U Yorug‘lik malikasi bo‘lsa ham, tasavvur qilganimdek emas ekan...»
Avvaliga suhbatlari juda oddiy edi.
Ji-won Qorong‘ulik qirolligi haqida so‘radi. Soo-hyuk esa uning saroydagi hayoti bilan qiziqdi.
— Siz doimo shunday jiddiy yurib yurasizmi? — deb so‘radi Ji-won.
— Siz doimo shunday ko‘p savol berasizmi?
— Balki.
— Unda javobim ham balki.
Ji-won unga qarab kuldi.
— Siz juda g‘alati shahzodasiz.
— Buni birinchi marta eshitayotganim yo‘q.
Ularning suhbatlari asta-sekin uzoq davom etdi. Vaqt qanday o‘tganini ikkalasi ham sezmay qoldi.
Saroydan musiqa tovushlari hali ham eshitilardi, ammo sirli bog‘da ular go‘yo butun dunyodan uzilib qolgandek edi.
Nihoyat, Ji-won o‘rnidan turdi.
— Men qaytishim kerak. Agar onam meni topolmasa, butun saroyni oyoqqa turg‘izadi.
Soo-hyuk ham o‘rnidan turdi.
— Unda boring, malika.
Ji-won bir necha qadam yurdi, keyin orqasiga o‘girildi.
— Shahzoda Soo-hyuk...
— Ha?
— Siz bu yerga yana kelasizmi?
Soo-hyuk unga tikildi. Bu safar uning yuzida odatdagi sovuqqonlikdan boshqa narsa bor edi.
— Men bu yerda har doim bo‘lganman-ku.
Ji-won kulimsiradi.
— Unda... yana uchrasharmiz.
— Balki, malika.
O‘sha kundan keyin sirli bog‘ ular uchun alohida joyga aylandi.
Ji-won har safar ziyofat yoki saroydagi majburiyatlardan bo‘shaganida bog‘ga borardi.
Soo-hyuk esa go‘yo uni kutayotgandek, doimo o‘sha yerda paydo bo‘lardi.
Ular bir-birlarini yaxshiroq taniy boshlashdi.
Ji-won Soo-hyukning tashqaridan sovuq ko‘rinsa-da, aslida e'tiborli ekanini anglab yetdi. Soo-hyuk esa Ji-wonning nafaqat go‘zal malika, balki o‘z fikriga ega bo‘lgan qat'iyatli qiz ekanini ko‘rdi.
Bir kuni Ji-won undan so‘radi:
— Nega aynan shu bog‘ga kelaverasiz?
Soo-hyuk oy nurida gullarga qaradi.
— Chunki bu yerda hech kim mendan shahzoda bo‘lishimni kutmaydi.
Ji-won jim qoldi.
Keyin mayin ovozda dedi:
— Unda bu yerda siz shunchaki Soo-hyuk bo‘lishingiz mumkin.
Shahzoda unga qaradi.
Bu gap oddiy edi. Ammo u Soo-hyukning xotirasida uzoq vaqt qoldi.
Shu kundan boshlab ular har doim shu bog‘da uchrashadigan bo‘lishdi.