OXIRZAMON NISHONALARI (Kassandra tamg‘asi)
B i r i n ch i b o b
Bu gal ham dastlab So‘zdan boshlandi. Bir zamonlarda bo‘lgani kabi. O’sha mangu Mavzudagi kabi.
Keyinchalik nimaiki ro‘y beribdiki, hammasi Og‘izdan chiqqan so‘zlar samarasi edi.
Biroq aslo kutilmagan hodisaga birinchi bor duch kelgan kishilardan ko‘plari vaqti kelib
memuarlarida xuddi ana shu hodisani o‘z hayotimizdagi eng hayajonli voqea bo‘ldi deya ko‘klarga
ko‘tarib yozajaklarini xayollariga ham keltirmagan edilar. Buni qarangki, bu hodisa shohidlarining
hammasi o‘z esdaliklarini «O’sha kunda bo‘lib o‘tgan favqulodda voqealar detektiv romandagidek
rivojlana bordi» degan siyqasi chiqqan ibora bilan boshlagan edilar.
Sirasini aytganda, xuddi shunday bo‘ldi ham. «Tribyun» gazetasining xodimlari to‘satdan bosh
muharrirdan farmoyish oldilar – ana shu farmoyishga ko‘ra, tahririyaning rahbariyat joylashgan
qavatida shoshilinch chaqirilgan favqulodda majlisi paytida qaerga bo‘lmasin qo‘ng‘iroq qilish,
telefonlar va fakslarga javob berish va hatto, tahririya binosiga chet kishilarni kiritish qat’iyan man
qilingan edi.
Hamma narsa ana shu favqulodda majlisdan boshlandi.
Gazeta sahifalarida bunday bayonotni e’lon qilish yetti uxlab tushga kirmas! Lekin yurak yutmoq va
harakat qilmoq kerak edi. Masala jiddiy edi: yo ostidan, yo ustidan. Va «Tribyun» gazetasi kurrai
zaminning «nuktadoni bisoti – afkori omma darg‘asi» degan nomga dog‘ tushurmaslik uchun jon
kuydirib yelib-yugurar ekan, izzat-nafsi vasvasasidan qutula olmadi (keyinchalik muxoliflar buni
«shayton vasvasasi» deb atadilar), axir solim o‘ta katta edi-da – olamshumul sensatsiya. Tahririya bu
materialni yakka o‘zi chop etish huquqini oldi va har qanday tasodiflarga qaramasdan tavakkal qildi –
insoniyat tarixidan ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan hujjatni yashin tezligida chop etishga botindi.
Xuddi o‘sha paytda voqealar boshida tahririya sharhlovchilaridan biri ko‘plarning xotirasiga mixlanib
qolgan so‘zlarni aytib soldi: «Endi bo‘ldi, yigitlar, — dedi u gazeta sahifasining hali qurib ulgurmagan
nusxasini qo‘liga ushlab turar ekan, — tarix oti aql pakkasidan o‘tib ketdi! Bu esa biz tufayli, bizning
«Tribyun»imiz tufaylidir. Bu marraga hech kim yetolmaydi, undan o‘ta olmaydi. Hali o‘lmasak
hammasini ko‘ramiz, hayot ko‘rsatadi. Bularning bari nima bilan tugar ekan? Ko‘ramiz! – U boshini
chayqab, ma’nodor qo‘shib qo‘ydi: — Ammo lekin, hamkasblar, kechirasizlar, ogohlantirib
qo‘ymoqchiman, endi har kim o‘zi haqida o‘ylasin – bir soatdan keyin nima bo‘ladi u yog‘ini xudo
biladi».
Ochig‘ini aytganda, xavf oyoq ostida deganday, hadiksirashga asos bor edi. O’sha kuni
tahririyadagi kayfiyat soat sayin o‘zgarib turdi, bir qarasangiz hammaning qo‘ltig‘idan tarvuzi tushib,
bosh muharrirdan tortib jurnalistika fakultetidan kelib shu yerda bo‘lajak reportajlarning sir-asrorini
o‘rganib yurgan shogirdlargacha – Hamma-hammasi eshiklarni yopib olib, hatto bir-birlari bilan
gaplashishdan ham o‘zlarini tiyib bosh ko‘tarmasdan ishlashar, bir qarasangiz, aksincha, quloqni
qomatga keltiradigan shov-shuv, qiy-chuv ko‘tarilar, hamma izg‘ib, yo‘laklar va xonalarni boshlariga
ko‘targancha shovqin-suron og‘ushida bir-birlariga hayajonli nigoh tashlar edilar. Biroq xuddi shu
paytda boshqa bir hodisa to‘g‘risida ham o‘ylash joiz edi – quturgan olomon bosib kelib qolsa-yu
eshik-derazalarni g‘ovlar bilan to‘sish ehtiyoji paydo bo‘lsa-chi; bunday xavf shak-shubhasiz edi –
shiddat ila yopirilgan odamlar toshqinining qahr-g‘azab bilan hujumga o‘tishi hech gap emas edi.
(Bunday toshqinni hech qanday politsiya ham to‘xtata olmagan bo‘lur edi) – Olomon deraza-oynalarni chilparchin qilib, telefonlarni yerga urib pachoqlab tashlasa, mebel va orgtexnikani buzib-qiyratishsa,
janjal desa o‘zini tomdan tashlaydigan telexodimlarning ob’ektivlari oldida nari-berisi bir soat ichida
butun dunyoning tinchini buzib, odam bolasini chindan ham Xudoning o‘zi bilan yoqalashtirib
qo‘yishga jur’at etgan gazetchilarning giribonidan tutib olishsa, qo‘lingizdan nima ham kelardi...
Hozircha esa hech narsadan bexabar, kemaday pishqirgan olomon Amerikaning azim shahri
ko‘chalari bo‘ylab har doimgiday suzib borar, oynadan libos kiygan osmon o‘par binolar oldida
odamlar daryosi tinmay oqar, ularning yonginasida esa yaltiroq avtomashinalar shodalari uzluksiz jilib
borar, tepada bo‘lsa bahaybat ninachilar yanglig‘ vertolyotlar tinim bilmas edi. Lekin hali hech kim
dahshatga tushmagan edi, dunyoning ilgari hech qanday shubha tug‘dirmagan sirlariga kufrona
tumshuq suqqan isyonkor gazetani qo‘llarida silkitib shahar maydonida baqirib-chaqirmayotgan edi.
Hali hech kim barchani oyoqqa turg‘izib asfalasofilin sari yetaklash uchun g‘alamiskorona xitoblar
bilan chiqmagan edi.
«Tribyun» raqobatdan cho‘chib oshiqayotgan edi. Bir zumda qaytadan sahifalangan gazetaning bu
soni aqalli yarim soat kechiksa bormi, kosmosdan kelgan bu materialni dunyoning xohlagan
burchagidagi o‘zga bir gazeta boshiga har qanday kulfat tushsa ham bosib chiqargan bo‘lur edi.
«Tribyun» o‘zining shu qilmishi dastidan to‘fon boshlanib butun yer yuzidagi barcha tirik
mavjudotlarni suv olib ketganda ham, hech kimga va hech qaerga hech qanday gazeta kerak bo‘lmay
qolgan taqdirda ham bu imkonni qo‘ldan boy berishga rozi bo‘lmas edi...
Nuh to‘fonining obi ombori, kelajakda ham muqarribu muqarrar jahon to‘foni mavjlarini o‘zida jam
qila oladigan okean esa, o‘sha kuni qit’alar orasida bor qudrati ila chayqalib, o‘zining butun tinib-
tinchimas jismi bilan yer kurrasini sezilar-sezilmas tebratar, bahaybat oqimlar bilan o‘ynashar, o‘z-
o‘zidan hayajonlanib va ko‘z ochib yumguncha o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlar ko‘tarib ummongagina xos
bepoyon kenglikda milt-milt yog‘dular o‘yinini namoyish qilar edi.
Futurolog magmaday qaynab turgan ummonga tepadan nazar tashlar, Atlantika okeani ustidan
uchib o‘tayotgan avialaynerning darchalaridan bepoyon okeanni zavq bilan tomosha qilib borar edi.
Quyosh har qachongiday charaqlab turibdi. Nima uchundir manzara uni maftun qilib qo‘ydi, holbuki
bu safar ham hech qanday hayrotomuz voqea sodir bo‘lmagan edi — Har galgiday, yuzlarcha
aviayo‘lovchilar uchun hatto zerikarli bir manzara – pastda okean, suv, to‘lqinlar, bo‘m-bo‘sh ufq
hukmron edi. U bo‘lsa inson ko‘zining cheksiz dunyoviy kengliklarni ko‘ra oladigan qanday g‘aroyib bir
mitti mo‘‘jizaga aylanganligi haqida o‘ylardi. Bu tasodifiy emas edi. Hech narsa, hatto bulutlar bilan
bellashadigan yuksakparvoz tog‘ burguti ham bunchalik gir atrofni birvarakayiga ko‘zdan kechira
olmaydi. Ha, texnika yutuqlari tufayli inson hayotga moslashishning olamshumul yangi-yangi
imkoniyatlariga ega bo‘ldi va Allohning qudrati bilan mengzagulik kuchga erishdi. Axir, Xudogina
nozohiriy yuksaklikda dunyo uzra ko‘z ilg‘ag‘isiz quyun kabi parvoz qilar ekan, butun Yer kurrasini
birato‘la ko‘zdan kechira olish imkoniyatiga egadir. Bir maromda gurillab uchib ketayotgan samolyot
shovqini ostida futurolog ana shular haqida o‘ylar edi. Hzliging bilan xoli qolish naqadar yaxshi
fursat... U muz solingan katta qadahdagi oltinlanib turgan viskidan shirakayf bo‘lib, qonining yoqimli
jo‘shishiga monelik qilmas, aksincha, kamdan-kam uchraydigan his – o‘z erki o‘zidalik kayfiyatini
ko‘proq saqlab qolishni xohlardi. Buning ustiga yon-veridagi o‘rindiqlar bo‘m-bo‘sh – uni suhbatga
tortib, alahsitadigan qo‘shnilar o‘z o‘rinlarida emas edilar; buni ham siyrak uchraydigan omad desa
bo‘lardi.
Futurolog Yevropaga qilgan navbatdagi safaridan qaytib kelmoqda edi. Yana xalqaro
konferentsiya, daholar anjumani, yana uzundan-uzoq munozaralar, ana shu daydi allomalarning
turmush tarziga aylangan tortishuvlar, fikrlar va bashoratlar to‘qnashuvida bir-biriga ulanib ketadigan
bahslar. Bu safar ham dunyo tsivilizatsiyasining istiqbollari haqida, yakka qutbli taraqqiyotning
xavfliligi to‘g‘risida va shu kabi har doim ham dolzarb bo‘lib kelgan muammolar xususida so‘z bordiki,
Garvard dorilfununi allomasining butun umri ana shu muammolarning mag‘zini chaqishga sarflangan
desa bo‘ladi. Olim yillar o‘ta bashorat ilmini tobora ko‘proq egallagani sari unga bu yo‘ldagi barcha
harakatlari behuda ketganday sezilar edi. Ba’zida o‘ylab qolasan kishi — Har doim taqdirdan oldinroq odim tashlash, hayotning mazmun-mundarijasini fahmlab olish ilinjida mashaqqatlar chekish, ya’ni
bugun ham, ertaga ham, ming yildan keyin ham hech qachon hech kimga yuz ko‘rsatmaydigan o‘sha
abadiy muammo ketidan sarson-sargardon yelib-yugurish joningga tegib ketadi. Biroq kelajak
haqidagi ana shu fikrlar to‘qnashuvidan bosh tortib ko‘r-chi, o‘zingni o‘zing kemirib yemasang,
umidsizlanish kasaliga mubtalo bo‘lmasang, endigina ufqda qorayib ko‘ringan narsaning sir-asrorini
bilib olish havasi paydo bo‘lmasa, men kafil. Biz kelajakning qiyofasini aniq tasavvur qila olmasak,
butun intilishlarimiz samarasiz bo‘lib qolaveradi. Lekin ba’zan juda qiyin bo‘ladi – o‘zingni ilmda tepsa
tebranmaslikka, «bellashuv ustida» mavqe saqlashga chaqirib, tarix g‘ildiragi qaerga, qaysi jarlikka
tushib ketishi mumkinligini xolisanlillo bashorat qilish, oldindan aytib berishning o‘zi bo‘lmaydi,
to‘g‘risini aytganda, bu g‘ildirak ham emas, ehtimol, umuman aylanishga qodir bo‘lmagan,
puchaygan, qandaydir qattiq zarbadan kegaylari otilib ketgan velosiped gardishidir, — fanda
harakatning ana shu shaklining aniq bir ta’rifi yo‘q. Taxminiylik, xomakilik, tantanavorlik –
«qo‘ng‘iroqxona» futurologiyasining hamishalik alomatlaridir, shunga qaramasdan u hamma narsani
ta’birlab, oldindan aytib berishga qo‘l uradi. O’lguday yuksak, lekin shaloq «qo‘ng‘iroqxona»dan turib
qilingan ba’zi bir bashoratlardan yomg‘irli qora bulutdan qochganday uzoqlashging kelardi, o‘z
bashoratlaringdan, tarix g‘ildiragining mash’um aylanma harakatlarini seza boshlaganingdan va eng
avvalo, o‘tirsa ham, tursa ham faqat hokimiyat deya ochiqdan-ochiq surbetlik yo‘lini tutib, eski
yovuzlik o‘rniga yangisini tug‘dirayotgan asov kuchlarning bostirib kelayotganidan yuraging orqaga
tortib ketadi, chunki har qanday hokimiyat o‘z maqsadlari xususida nimaiki demasin, uning qon
tomirida amr-farmon oqadi. Haqiqat va benazir ideal ishtiyoqmandlarining orzu-istaklariga qarshi
o‘laroq futurologiya bu borada kishi qalbi uchun jon qiynog‘i va azob-uqubatdan boshqa narsa emas
edi. Shu bilan bir vaqtda so‘zlashishni ham eplay olmagan o‘sha ibtidoiy odamlarning o‘zlarining azaliy
mashqlaridan – kelajakni oldindan aytib berishdan voz kechishi qiyin bo‘lgani kabi, tamomila beg‘araz,
shu kasbdan – behalovat insoniyatning faraziy taraqqiyot yo‘llarini xaloskorlik niyatida bo‘lsa ham
oldindan aytib berishdan bo‘yin tovlash futurolog uchun o‘zidan voz kechish, o‘zlikdan voz kechish
qadar qiyin edi. Ta’magirlik bosh a’mol bo‘lgan hozirgi jamiyatda bashoratchilarning martabali bo‘lishi
oson ish emas. Ha, shon-shuhratlarga to‘la antik dunyoda Delfa shahrining sohibkaromat ayollari
halokatni ham, zafarlarni ham xudolar nomidan barvaqt xabar qilishar edi. Lekin u zamonlar o‘tdi
ketdi. XX asrda bo‘lsa sohibbashoratlarga masxaraomuz munosabatda bo‘ladilar, attang!
Biroq bunisi ham u qadar qo‘rqinchli emas. Futurolog va uning hamkasblari o‘z doiralarida,
o‘zlarining kasbiy manfaatlari bilan yashar edilar. Chunonchi, uning Yevropaga hozirgi safari
simpozium bilangina emas, balki Frankfurt-Mayn shahrida chop etilgan yangi kitobining taqdimoti
bilan ham bog‘liq edi. Kimdir qabul marosimida shu munosabat bilan nemischa «mayn» so‘ziga yangi
ma’no berib hazil mutoyiba bilan dedi: Mayn daryosi bo‘yidagi buyuk shahar, «Mayne
Xerausforderung» («Mening o‘zimga qarshi da’vatim») degan buyuk kitobni bosib chiqardi, bu
kitobdagi fikrlarni muallifdan boshqa hech kim inkor eta olmasa kerak. O’sha kitobda muallif
so‘lchilikdan yopishqoq chakamug‘dan qochganday qochgan. Bu esa muallifning o‘z-o‘ziga, to‘g‘rirog‘i
yoshlikdagi mashqlariga qarshi chiqishi edi. Asrimizdagi ekstremistlik kasalligiga barham berishni
o‘zidan boshlashga to‘g‘ri keldi.
Kitob taqdimoti tugagandan so‘ng u matbuot konferentsiyasi o‘tkazdi, dastxatlar berdi, so‘ngra
Reyn daryosi bo‘ylab uzoq safar qilindi, o‘sha yerda sayyohlik kemasida u «Shpigel» gazetasiga
intervyu berdi. Futurologiyaning keksayib borayotgan pirlaridan birini Reyn daryosi sohilida sekin
suzib ketayotgan qoyalar oldida suratga tushirishdi. Va yana hazil-mutoyiba qilishdi: qadimiy qoyalar
futurologning tashqi qiyofasiga juda o‘xshab ketadi, uning o‘zi esa keksa qoya kabi ulug‘vor deyishdi.
U ham hazilga hazil bilan javob berdi: intervyuga ham «Keksa qoyaning mulohazalari» deb sarlavha
qo‘ysak-chi? Va keksa qoya tilga kirdi. Xilma-xil savollar berildi. Fanda va umuman hayotda o‘zi bilan
o‘zi kurashish degani nima? Bu o‘z tajribasi va e’tiqodlarini taftish qilish emasmikin? Pirimiz nima
deydilar: pessimizm – Har doim hayotning peshanada yozilganiday yakunlanishi emasmi? U
futurologiyadagi avantyurizm to‘g‘risida nima deydi? Va nihoyat, u o‘zini yaxshi sezyaptimi? Unga o‘sha Reyn vinosi yoqadimi?! Mana bunisi juda soz! Amerikaliklar har doim shunday. Ayniqsa,
nemislardan chiqqan amerikaliklar shunday!
Mana endi shiddatli matchdan so‘ng hamma tashvishlarni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib tezroq
charchog‘ini yozish uchun kiyimxonaga shoshilgan sportchi kabi, Robert Bork samolyotda sal bo‘lsa
ham alahsishga, doimo miyasida g‘ujg‘on o‘ynagan narsalar haqida o‘ylamaslikka harakat qilardi.
Lekin o‘ylamaslik mumkin emas edi. U yangi monografiya haqida xayol surib ketdi. Ehtimol, bu
yakuniy kitob bo‘lar. O’zining hech ham bitmaydigan ishini bitirishi, shoh asarini yozib tugatishi kerak
edi. Nasib etsa, albatta. Agar ko‘p yillik tadqiqotlar asosida yangi ilmiy bashoratlar ostonasiga ko‘z
yugurtira olinsa, Robert Borkning fikriga qaraganda, hozirgi insoniyat butunlay yangi muammolarga
duch keladi, bordi-yu birdan quyosh sovib qolsa, yoki aksincha, yanada qizib ketsa bormi, hamma
joyda hammaning boshiga mislsiz ko‘rgiliklar, intiqomlar tushgani kabi, insoniyatni ko‘z ko‘rib, quloq
eshitmagan sinovlar kutadi. Insoniyat ana shu yangi muammolar mag‘zini chaqar ekan, o‘zining fojeiy
halokatini anglab yetishigina kifoya qilmaydi. Balki, eng muhimi – bu tuyg‘u omon qolishning yangi
usullarini qidirib topish va taraqqiyotning yangi yo‘llari hamda shakllarini aniqlashga turtki bo‘lmog‘i
darkor, bu esa, o‘z navbatida, yangicha hayot tarziga, yangicha tafakkur qilishga olib kelmog‘i lozim.
Ana shular haqida yozish, bo‘lajak taraqqiyotning yo‘lini aytib berish – uning, Robert Brokning oxirgi
«Shoh asari» bo‘lmog‘i kerak edi. Uddalay olarmikan? Vazifa o‘ta ulkan... Vaqt esa tutqich bermaydi...
Bepoyon okean samolyot qanoti tagida hamon chayqalmoqda, to‘lqinlar o‘yini yog‘du sochmoqda
edi. Quyosh, tubsiz ochiq osmon, kenglik, shiddatli parvoz — Hammasi okean ustida harakatsiz qotib
qolganday... Bir yarim soatlardan keyin qit’aning qirg‘oqlari ko‘rina boshlashi kerak, va shunda
cheksiz osmonda samoviy parvoz tugaydi va yana olag‘ovur aeroportda birinchi qadamdan boshlaboq
u odamlar oqimiga sho‘ng‘ib ketadi.
hozircha parvoz davom etmoqda, yo‘lda esa, futurologni nogahoniy va favqulodda voqea
kutmoqda edi.
U shunchaki havaskor fotograf edi. Shunga qaramasdan hech qachon fotoapparatini qo‘lidan
qo‘ymas va ko‘ngliga yoqqan har qanday narsani surishtirmay-netmay suratga olaverar edi. Xususan,
osmonni suratga tushirish desa o‘zini tomdan tashlar edi. Uyni to‘ldirib yuborgan uch pulga qimmat
suratlar ayniqsa xotini Jessining joniga tekkan edi. Jahli chiqqan kezlari u erini fotoaxlatchi deb
haqoratlar va bir kuni suratlardan yaxshigina gulxan yoqaman deb po‘pisa ham qilib qo‘yar edi; lekin
bu gaplar uni sevimli ishidan sovuta olmas edi. Bu safar ham biror durustroq manzarani suratga olib,
ufqda erkin o‘ynab yurgan bir jimjimador bulut rasmi bilan o‘z kollektsiyasini to‘ldirish niyatida yaxshi
ob-havoni kutayotgan boladay oynaga yopishib fotoapparatni tayyorlay boshladi. Afsuski, arziydigan
hech narsa ko‘rinmaydi – osmonning hamma joyi musaffo edi, faqat juda pastda bir necha daydi
bulutlar sang‘ib yurar edi.
Shu on samolyot qiyshayib burila boshlagan edi, u birdan okeanda suzib ketayotgan bir to‘da
kitlarni ko‘rib qoldi. U kitlar shu qadar aniq ko‘rindiki, har bir kitning qanday suzib ketayotgani, bor
gavdasi besh qo‘lday namoyon bo‘ldi, u hayratdan bir entikib tushdi. Axir uning tushiga tez-tez kitlar
kirib turardi-da! ha, u cheksiz ummonda suzib yurgan kitlarni tushlarida ko‘rib turar, kitlar uni go‘yo
hamkorlikka chorlar edi. Mana endi ularni o‘ngida ko‘rib turibdi. Favqulodda manzara! Kitlar osmonda
uchib ketayotgan turnalar kabi o‘tkir uchburchak hosil qilib suzib borishar edi. Yigirmatalar chamasi
kit. Samolyot tekis ucha boshladi, lekin pastda kitlar hamon suzib ketayotgan edi. Kitlar to‘lqinlarni
yorib o‘tib, boshlari uzra favvoralar otib, bir qarasang okean qa’riga sho‘ng‘ib ketar va yana tog‘day
tanasi bilan suv yuzasiga suzib chiqardi. Kitlarning mana bunday bir maromda va bir tekisda harakat
qilishlari go‘yo butun bir komanda o‘yinchilari biron-bir o‘yin qoidasiga qat’iy amal qilayotganday
tasavvur qoldirardi kishida.
Robert Bork kitlar galasining bunday kuch-qudrati va san’atiga mahliyo bo‘lib butun borliqni unutib
qo‘ydi, birdan o‘zi ham devsifat kitlarning ana shu benazir poygasiga qo‘shilib, o‘zini kit-odam deb
o‘ylab, ummonda suzib ketayotganday, baland tepalikda yoqqan jala suvi yelkasidan yaltirab oqib
tushayotganday tasavvur qildi. U mavj urayotgan okeanda suzib borar ekan, birdan bundan buyon bir umr kitlar bilan birga bo‘lishini qandaydir g‘ayrishuuriy his bilan tushundi, uning qalbida ana shu
uchrashuvning botiniy tub mohiyati namoyon bo‘ldi: kitlarning taqdiri uning taqdiriga aylanadi, uning
yozmishi kitlar yozmishi bo‘lib qoladi...
Demakki, uning tushiga kitlarning kirishi tasodifiy emas ekan-da? Mutlaqo. Lekin kech kirganda
ular qayoqqa oshiqib ketishmoqda edi? Kitlar uni qayoqqa, qanday maqsad bilan chorlamoqda? U ana
shunday uzoq masofadan biron narsa chiqishiga to‘la ishonmasa ham fotoapparatning tugmasini
bosdi.
Darhol uyiga qo‘ng‘iroq qilish uchun o‘rindiqdagi aviatelefon dastagini qo‘lga oldi. Telefon tablosida
bankning hisob nomerini, shahar kodini, uy telefonining nomerini tez terib bo‘lgach, qandaydir
raqamda yanglishib ketdi shekilli, nomerlarni qaytadan terdi. U o‘zi ko‘rib turgan narsalarini xotiniga
gapirib bermoqchi edi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, odam vujudini larzaga solgan narsasini birovga
gapirib bermasa yuragi tars yorilib ketadiganday tuyuladi. «Xo‘sh, Jessi nega endi telefonni
olmayapti?! Qaerda bo‘ldi ekan? Ehtimol, uydan chiqib ketgandir? Yoki meni kutib olish uchun yo‘lga
chiqdimikin? hali erta-ku?! Mashinaga qo‘ng‘iroq qilay-chi?!» O’zi ko‘rgan kitlar haqida boshqa birovga
emas, faqat xotiniga gapirib berishga oshiqayotgan edi, go‘yo uyga kelgandan so‘ng aytib bersa
bo‘lmaydiganday. Yaqin do‘stlarining futurolog ustidan «u tushida ham xotiniga sodiq» deb kulishlari
bejiz emas edi.
Okeanda endi kitlar ko‘rinmay qolgan, g‘oyib bo‘lishgan edi.
– Jessi! — deb qichqirdi u telefonda xotinining ovozini eshitgach. — Tushimga kitlar kiripti deganim
esingdami?!
– Esimda, xo‘sh nima edi? Senga nima bo‘ldi? Qaerdasan o‘zi?
– Men hozirgina kitlarni ko‘rdim! Okeanda kitlarga duch keldim! Bilasanmi, bu... bu qandaydir
afsonaviy manzara edi, men bunaqasini hayotimda hech ham ko‘rgan emasman... Bu...
– To‘xta, to‘xta, nega buncha hovliqasan? Marhamat qilib, o‘zingni bos... Keyin, uyda gapirib
berarsan. Kitlaringni qo‘y!... Bu yerda bizda shunday voqealar bo‘lyaptiki, senga nima deyishimni ham
bilmayman! hamma hayajonda. Hamma «Tribyun»ni o‘qimoqda. Sizlarning salonda bugungi gazetalar
bormi? Aytganday, qaerdan ham bo‘lsin. Sizlar samolyotda ekanligingizda bu yerda shunday g‘aroyib
voqealar sodir bo‘layaptiki! Bu «Tribyun» gazetasining shoshilinch maxsus soni, bu haqda hozirgina
radio va televidenie orqali e’lon qilishdi... Hamma bosh ko‘tarmasdan o‘qiyapti...
– Nima ekan o‘zi? Siyosiy sensatsiyami?
– Yo‘g‘-e... Siyosiy sensatsiya bo‘lsa koshkiydi. Senga qanday tushuntirishni ham bilmayman. O’zim
hali o‘qib tugatganim yo‘q. Bu — butunlay boshqa narsa.
– Har holda nima haqida so‘z boradi? Nima o‘zi?
– Samoviy rohibning Rim papasiga xati! Umuman olganda uning hammaga, butun insoniyatga
maktubi, murojaati...
– Nima-nima? Samoviy rohib degani kim ekan? Shoshma, iltimos. Samoviy rohiblar
tayyorlanadigan mahkama bormi o‘zi?
– Men bir narsa deya olmayman. Bu juda katta mavzu. Hamma o‘qiyapti?
– Bu maktub nima haqida o‘zi? Uning mazmunini aytib ber. Ikki og‘iz so‘z bilan tushuntir.
– O’sha samoviy rohibning gaplariga qaraganda u buyuk ilmiy kashfiyot qilgan emish. Endilikda
kishilarning dunyoga kelishlarini, tug‘ilish-tug‘ilmasliklarini odamlarning o‘zlari hal qilar emish.
– Nimalar deyapsan o‘zi, Jessi?! — Futurolog dovdirab qoldi. — Hech narsaga tushunmayapman.
Qandaydir alahlash bo‘lsa kerak. Shunaqa deb bo‘ladimi? Unda Xudo qaerda qoladi?
– Bilmayman. Ehtimol bu Xudoning amri bilan bo‘layotgandir.
– Ana xalos! Nimalar deb valdirayapsan o‘zi?! Nima deyayotganingni o‘zing bilasanmi? U yoqda
nimalar bo‘layapti o‘zi?
– Kelganingdan keyin o‘qib olasan. Hamma bir-biriga qo‘ng‘iroq qilayapti. Hamma sarosimaga
tushib qolgan, ko‘plar shu qadar g‘azabga minganki, «Tribyun»ni yer bilan yakson qilishga tayyor.
Do‘stlaring shu topda sening fikring kerak bo‘p qoldi deyishayapti. Bu ishlarning mag‘zini chaqish, undan keyin nima bo‘lishini aytib berish kerak ekan...
– O’sha samoviy rohib kim ekan o‘zi? Orbitada aqldan ozib qolgan astronavtlardan biridir-da?
– Ha, o‘sha vataniga qaytishdan voz kechgan kosmonavt ekan, esingdami — kosmik ilmiy stantsiya
ekipaji a’zolaridan birining Yerga qaytishdan bosh tortganligi haqida matbuotda xabar berilgan edi.
– Esimda bo‘lganda qanday. Uning rus ekanligi, amerikalik va yapon astronavtlari bilan uchganligi
haqida yozishgan edi. Lekin oti esimda yo‘q.
– Xatda o‘zini rohib Filofey deb atagan.
– Filofey? Bu uning haqiqiy ismi ekanmi?
– Bilmayman.
– Bu o‘rischa ism. Hozir o‘rislardan hamma narsani kutsa bo‘ladi. Ular o‘z umrlarida nimalarnigina
ko‘rmagan deysiz... Demak, darvish samoviy hujraga kirib olib, u yerdan turib g‘oyalar yubormoqda.
Bunisi yangilik!..
Birinchi bob...