May 12, 2020

Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov

I k k i n ch i b o b
RIM PAPASIGA!
hazratim! Koinotning o‘ta yiroq nuqtalaridan — yer atrofi orbitasidan, mana uchinchi yildirki kosmik
ilmiy-tadqiqot stantsiyasida ishlab turgan ekspeditsiyadan sizni bezovta qilganim uchun kechirim
so‘rashdan oldin fikran qarshingizda tiz cho‘kaman va qo‘lingizni astoydil o‘paman. Osiy bandani
kechirasiz va mumkin bo‘lsa, mening so‘zlarimga quloq ossangiz — gap shundaki, mening amaliy
chiqargan xulosalarim va ehtimolki, Tangri taoloning irodasi va amri ila o‘z boshimda sinab ko‘rgan
g‘oyalar va bunday qaraganda tamomila tuturuqsizday, hatto axloqiy-tarixiy tajriba nuqtai nazaridan
zararliday tuyulishi mumkin. Aks holda, hazratim, men Sizni bezovta qilmagan bo‘lur edim, mening
Sizga murojaat etishim gunohi kabira ekanligini juda yaxshi tushunaman. Biroq ishonamanki,
murojaatimning boisi maktubim mazmunidan anglashiladi.
Shunday qilib, gapni masalaning mohiyatidan boshlayman. Taqdir taqozosi ila kaminai kamtaringa
endigina dunyoga kelayotgan ruhning ilgarilari noma’lum bo‘lgan xususiyati — inson embrionining
refleksiyasi (ruhiy holati)ni o‘rganish nasib bo‘ldi, refleksiyaning kashf qilinishi va uning mavjud
ekanligini anglab yetish, g‘oyat ehtimolki, yaratgan qudratining sir-asrorlarini yaxshiroq bilib
olishimizga imkon beradi. Men shu vaqtga qadar inson nigohidan yashiringan ana shu refleksiyani
eksperimentlar yo‘li bilan aniqlashga muvaffaq bo‘ldim va buni men inson zoti evolyutsiyasini
takomillashtirish yo‘lida yangi bir imkoniyat deb bilaman.
Va shuning uchun, hazratim, mening so‘zlarimga quloq osishingizni o‘tinib so‘rayman.
Takror aytaman, men juda katta kashfiyot qildim, bu kashfiyotning oqibatlari, shubhasizki,
insoniyatning bundan keyingi hayotiga ta’sir etajak. Men o‘z haqimda shunday deyishga majburman,
chunki boshqa biron kishi men erishgan yutuqqa baho berishga hozircha qodir emas, negaki mislsiz
kashfiyotlarimning tabiati haqida hech kim tasavvurga ega emas.
Men shunga amin bo‘ldimki, inson homilasi ona qornidagi rivojining birinchi haftalarida o‘zining
kelajak hayoti qanday kechishini ichki his bilan sezish va taqdiri azalga o‘z munosabatini bildirish
imkoniyatiga ega bo‘lar ekan. Agar embrionning qismati kelajak hayotda yomon kechadigan bo‘lsa,
homila o‘zining yorug‘ dunyoga kelishiga qarshilik qilar ekan.
Men embrionda shunday signal-nishon topdimki, embrion tug‘ilishga salbiy munosabatda bo‘lsa
o‘zidan nishon, ya’ni signal beradi. Bu signal tug‘ilishni xohlamaydigan bolaga homilador ayolning
peshonasida kichkinagina rangli dog‘ shaklida ko‘rinadi. Men bu dog‘ni Kassandra tamg‘asi deb,
ko‘ngilsiz signallar berib turadigan homilani kassandra-embrion deb atadim.
hayratlanarlisi shundaki, odam embrioni homilador-likning dastlabki haftalaridagina taqdiri azalga
o‘z munosabatini bildirish va falokatdan xabar berish qobiliyatiga ega ekan. Shundan so‘ng bu
qobiliyat so‘nadi, sababki, pusht asta-sekin taqdirga tan beradi.
Kassandra-embrionning kelajak hayotdan noroziligi insoniyat hayotining butun tarixi davomida nishon berib kelgan, albatta. Lekin ba’zi bir homilador ayollarning peshonasidagi rangli dog‘ga hech
kim ahamiyat bergan emas va hozir ham e’tibor berishmaydi. Men bunday dog‘ning ahamiyatini
aniqlash barobarinda, uning sezilarliroq, aniqroq namoyon bo‘lish usulini topdim. Buning uchun
nurlantirish seanslari o‘tkazaman, Yerga osmondan turib zondaj-nurlar jo‘nataman. Orbital moduldan
yo‘naltirilgan bu nurlar ona qornidagi kassandra-embrionning impulslarini kuchaytirib beradi. Natijada
ilgarilari odamlar husnbuzar deb o‘ylashgan kichkinagina rangli dog‘ fazodan yo‘naltirilgan nurlar
ta’sirida milt-milt etib o‘chib yonib hammaga ko‘rina boshlaydi. Zondaj-nurlar atmosferada
ko‘rinmaydi va kishi tanasi uchun butunlay zararsiz. Bunday nurlarni men osmondan deyarli hamma
qit’alarga, butun sayyoraga yo‘naltiraman. Bunday nurlantirishdan maqsad — kassandra-embrionlarni
yoppasiga aniqlashdir. Embrionlar osmondan turib «so‘rov qilinmoqda». Kassandra-embrionlar
bergan axborotlarning mohiyatini taxminan mana shunday ta’riflasa bo‘ladi: «Erk menda bo‘lsa, men
tug‘ilmaslikni afzal ko‘rgan bo‘lur edim. Siz yuborgan so‘roqlarga signallar jo‘natyapman, siz bu
signallarni o‘qisangiz, kelajakda meni va binobarin mening qarindosh-urug‘larimni achchiq taqdir,
sho‘rpeshonalik kutayotganini bilib olasiz. Agar siz ana shu signallarning sir-asrorlarini aniqlasangiz,
bilib qo‘yingki, men, kassandra-embrion tug‘ilmasdan, hech kimni ortiqcha g‘am-tashvishga
qo‘ymasdan daf bo‘lishni afzal ko‘raman. Siz so‘rasangiz — men javob beraman: men yashashni
xohlamayman. Bordi-yu xohishimga qaramasdan meni yorug‘ dunyoga kelishga majbur qilsalar, men
taqdiri azalni qabul qilaman, barcha zamonlarda hamma kishilar xuddi ana shunday yo‘l tutishgan.
Nima qilish kerak, sizlar, birinchi galda menga homilador bo‘lgan ona, o‘zlaringiz hal qilingizlar. Lekin
dastlab gapimga quloq solishga va meni tushunishga intilinglar. Men — kassandra-embrionman!
hozircha men bilan vidolashishga kech emas va men bunga tayyorman. Men kassandra-embrionman,
men o‘zim haqimda ko‘p kunlar davomida xabar berib turaman, men kassandra-embrionman, sizlarga
o‘z signallarimni jo‘natib turaman. Men, kassandra-embrionman, tug‘ilishni xohlamayman,
istamayman, istamayman, istamayman... Men kassandra-embrionman!»
Hz-o‘zidan tushunarliki, kassandra-embrion signalini bunday izohlash ayrim holda hech kimni hech
narsaga majbur qilmaydi. Homilador ayolning manglayida miltillab turgan Kassandra tamg‘asi tezda
xiralashadi va nihoyat nom-nishonsiz yo‘qoladi. Hamma narsa unutiladi ketiladi.
Biroq, fan bunga befarq qaray olmaydi. Fazoviy kompyuterdan olingan statistik ma’lumotlar
kassandra-embrionlar sonining yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Botiniy falokatning bunday ortib borishi — embrionlarning hayot oqimidan bosh tortishga, yo‘q
bo‘lib ketishga, yashash uchun kurashdan bosh tortishga tayyor ekanligi — bular nimadan darak
bermoqda? Bizning kundalik tajribamizdan chetda bo‘lgan g‘ayritabiiy holatdan xulosa chiqarishning
ma’nosi bormikin? Agar bor bo‘lsa, endigina paydo bo‘layotgan organizmning qo‘rqinchini real
hayotga tadbiq qilsa bo‘larmikin? Ona qornidagi homilaning taqdiri azalni seza boshlashiga birinchi
sabab ana shu gunohkor hayot emasmikin? Ona — o‘zicha bir dunyo. Atrofdagi voqelikning homilaga
taqdirni hal qiluvchi ta’siri ona orqali amalga oshmayaptimikin?
Bu savollarning hammasi javob kutadi.
Lekin gapni davom ettirishdan oldin, xuddi shu vaziyatda nima uchun ayni Sizga, hazratim Rim
katolik cherkovining boshlig‘iga murojaat qilayotganimning boisini tushuntirib berishga harakat
qilaman.
Sizga, payg‘ambar qatori bir zotga, Sizning Iisus Xristosning noibi, muqaddas Petrning vorisi
ekanligingiz va shu tufayli dunyoda katta obro‘ga ega bo‘lganingiz boisidangina murojaat
qilayotganim yo‘q, bu o‘z yo‘liga, yana shuning uchun ham murojaat etayapmanki, Sizning shaxsingiz
Yer kurrasida yashaydigan juda ko‘p sonli kishilarning axloqiy imon-e’tiqodlari va ma’naviy
qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgandir. Va men Sizga murojaat qilar ekanman, o‘zimning barcha
zamondoshlarimga va kim biladi deysiz, ehtimol barcha avlodlarimizga murojaat qilgan bo‘larman.
O’z-o‘zidan tushunarliki, Siz mening murojaatimni o‘rinsiz, andishasizlik deb hisoblashingiz mumkin
va hokazo, lekin nima bo‘lganda ham yuqorida qayd qilingan «embrion umidsizligi» muammosining
muhokama qilinishi ilohiy mo‘‘jizaning yuz ko‘rsatishi — katoliklar uchun nozik hisoblanmish tug‘ilish sirlari mavzusiga borib taqaladi, albatta.
Men katolik emasman, lekin bu holat mening katolik diniga bo‘lgan samimiy hurmatimga sira ham
putur yetkazmaydi. Mening tasavvurimda osmon xilma-xil qushlarning parvoz qilishi uchun makon va
maskan bo‘lgani kabi o‘zining boshqalardan ustun ekanligidan mag‘rurlanib qotib qolmagan har
qanday din ham turfa ovozlarning yangrashiga yo‘l qo‘yib berishi kerak. Shu ma’noda katolik
osmonidan uchib o‘tayotgan qush bo‘lib qolsam, o‘zimni baxtiyor hisoblagan bo‘lur edim...
ha, men dilimda, katoliklarning axloqiy-etik aqidalarini doimo qo‘llab-quvvatlayman, chunki bu
aqidalarda hayot mantiqiga eng yaxshi javob beradigan va shuning uchun ham umumbashariy
ahamiyatga ega bo‘lgan, hamma qabul qilsa arziydigan qadriyatlar mavjud deb bilaman. Bizning
dilimizga g‘ulg‘ula va qiynoqlar soladigan abort — bola oldirish muammosi haqida so‘z borganda,
ayniqsa, shunday. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, bola oldirish yong‘oq chaqishday gap bo‘lib qoldi.
Odamning dunyoga kelish-kelmasligi osongina hal qilinmoqda. Odamning tug‘ilishi kerakmi —
tug‘ilmasligi kerakmi, inson yashashi kerakmi — yo‘qmi? Bu masalani kim hal qiladi? Bularning
hammasi tasodifiy sabablarga, o‘tkinchi voqealarga, ko‘pincha turmush hodisalariga bog‘liq bo‘lib
qolayotir. Va ko‘plar bunga xudoning nima aloqasi bor, deyishadi. Egamning bunga aloqasi yo‘q.
Xudo o‘z marhamati bilan bizga hayotni in’om etdi. Bundan buyog‘ini o‘zimiz — urug‘ni saqlab qolish
yoki aksincha, homilani daf qilish huquqiga ega bo‘lgan biz odamlar hal qilamiz deyishmoqda.
Kishilarning ana shu to‘xtovsiz bahslarida abortni muqarrar tarzda taqiqlash zarur deb biladigan
katolik cherkovining mavqeini men eng to‘g‘ri, aytar edimki, hayotning boshlang‘ich qurumiga, uning
yaratilgandan e’tiboran qanday ekanligiga mos tushadi, degan bo‘lurdim. Chunki har bir zig‘irday
pushtda, yangilangan har bir homilada abadiylik harakatining takrorlanmas shifri voqedir, paydo
bo‘lgan har bir mavjudot vaqtlar charxida o‘z kodiga ega bo‘lib, o‘ziga o‘xshash mavjudot qoldiradi va
bularning hammasini Xudo dunyoni bunyod etayotganda azaldan ana shunday qilib yaratgan.
ha, katoliklar fikriga qo‘shilib eslatib qo‘yaylikki, bola oldirish Xudoning irodasini inkor etishdir.
Necha martalab aytilganki, bola oldirish qasddan qotillik qilish bilan baravar zo‘ravonlikdir, abort
«qotillik qilma» degan diniy amr va Injilning «O’zlaringdan ko‘payib, uvali-juvali bo‘linglar» degan oq
fotihasiga mutlaqo ziddir.
Bularning hammasi to‘g‘ri, albatta. Shu bilan birga boshqa nuqtai nazar ham mavjud. Qaerga
bormang, homilador ayolning ishiga aralashmaslikka chaqiradigan, hatto go‘yo shaxs va jamiyatning
manfaatlari yo‘lida hech qanday ishtiboh qilmasdan abort qilishni targ‘ib etadigan ovozlar
yangramayapti deysizmi? Endigina homila shaklini olgan inson bolasining qismati kelajakda dunyoda
uni poylab turgan azob-uqubatlar — najotsiz qashshoqlik va kasalliklar, zo‘ravonlik, illatlar va xo‘rliklar
iskanjasiga tushajak. Shuning uchun namoyishga chiqqan ayollar ko‘tarib ketayotgan balandparvoz
shiorlar (masalan, «homila menikimi — meniki!» kabi shiorlar soddagina qilib aytganda «hammangiz
mendan nari turing!» degani) hech kimni xijolatga solmaydi, xuddi shuningdek, oy-kuni yaqinlashgan
piyanista ayollarning «nima bo‘pti, ichganman, yana ichaman, ertaga esa bu yaramasni, tekinxo‘rni
uloqtirib tashlayman va yuraman, yayrayman, va meni balo ham urmaydi» degan hayosiz gaplaridan
ko‘plar nafratlanmaydi ham. Xudoingiz menga kim bo‘pti, gunoh deganingiz nima o‘zi?! Menga
tupurishar ekan, men ham hammasiga tupurdim!... qabilida bo‘lajak insonni qandaydir axlat kabi bir
zumda uloqtirib tashlashadi... Va bunda shunday vajlar keltirishadiki, mantiqiga qoyil qolasan kishi.
Hamma joyda bola tug‘ishga qarshi ommaviy chiqishlar tobora ko‘paymoqda, kishining g‘ashiga
tegadigan gaplar aytib, parlamentlarda deklaratsiyalarga zo‘r berishmoqda, erkaklar bilan teng
huquqlilik harakatlarida, maydonlarda va ko‘chalarda, izdihomlarda baqirib-chaqirishmoqda...
Ko‘pgina mamlakatlarda odam zotini davom ettirish erki zaiflashib qolishi u yoqda tursin, balki tag-
tomiri bilan sug‘urib tashlangan. Bu hol hayotning boshi berk ko‘chaga kirib qolganligidan nishona
emasmi?
Va shu bilan bir vaqtda hamma joyda o‘z holiga tashlab qo‘yilgan homilador ayollarning ayanchli
qismati barchaga ma’lum. Bu ayollarning qornidagi bolalar kimga kerak? Afrika sahrolarida ham,
zamonaviy shaharlarning ko‘chalarida ham juda ko‘p kishilar ana shunday o‘ylashadi. Zaruriyat bilan imkoniyat o‘rtasidagi tafovut tobora ortib bormoqda. Ayni vaqtda... inson bolasining yer yuzidan
yo‘qolib ketmasligi uchun qo‘limizdan kelganining hammasini qilayotirmizmi degan shubha va qiynoq
bilan yashayotirmiz.
Modomiki Yerda baxt topa olmas ekanmiz, avlodlar silsilasini davom ettirishga barham berishimiz
kerakmi yoki tegishli ruxsat bo‘lsa, boshqa sayyoralarga o‘tib ketishga to‘g‘ri keladimi? Tokaygacha
vijdonan o‘zini qiynab zorlanish va o‘z-o‘ziga ojizona savol berish mumkin: bu savollarning
hammasiga javob yo‘q.
Bu masalalar haqida qancha gaplar bo‘lgan, qancha jo‘shqin munozaralar bo‘lib o‘tgan va bularning
hammasidan axloqsizlikning hidi anqib turibdi, men bo‘lsam xuddi Oydan tushganday bu haqda
takroran gapirishga majburman. Men Siz orqali butun insoniyatga murojaat qilaman, chunki yangi,
oldinlari butunlay noma’lum bo‘lgan falokat yuz berdi: embrionlar najot so‘rab bizga murojaat
qilmoqda va endi bu haqda o‘ylamaslik mumkin emas!
Ehtimol, bu falokatgina emas, balki odam bolasining bundan buyongi yo‘lini oldindan aytib berish
uchun Tangri taolo yuborgan imtihon hamdir. Biroq ana shu sinalmagan yo‘ldan yurib qaerdan
chiqamiz? Bizni kelajakda nimalar kutmoqda? Bizning ichimizda turib olib o‘zimiz haqimizda so‘ylab
berayotgan kassandra-embrionlardan qochib qaerga boramiz?
Yetti uxlab tushimizga kirmagan jahannam labiga kelib qoldik. Dunyoda yangi bir muhlat
boshlandi... Biz bu haqiqatdan ko‘z yumib yashay olamizmi?
Xuddi ana shuning uchun hazratim, lozim deb topsangiz, mening kashfiyotim koinot qa’rida birinchi
quyosh yonida birdan ikkinchi quyosh paydo bo‘lgani kabi insoniyat uchun kutilmagan bir hodisa
ekanligiga aniq baho berarsiz deb ushbu xat bilan Sizga murojaat qilayotirman.
Men butunlay sarosimaga tushib qolganman. Stantsiyaning optik asbob-uskunalari meni Yerga shu
qadar yaqinlashtiradiki, yerdagi voqelikni idrok etishda masofa deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi,
har qanday bo‘lganda ham men jismonan kosmosdaman. Narsa-hodisalarning haqiqiy holatini
insoniyat to‘satdan anglab olishi lozim bo‘lgan paytda men Yerimizda, osiy bandalar orasida bo‘lishni
xohlar edim. Lekin men bu yerda — fazoda bo‘lishim kerak. Men orbitada, ilmiy stantsiyada bo‘lishga
majburman, chunki samoviy rohib Filofey o‘z qilmishlarimga, ya’ni kassandra-embrionlarning
flyuidlarini (psixik toklarini) aniqlash uchun zondaj-nurlar seanslarini uzluksiz va muntazam o‘tkazib
turishga to‘la javob beraman. Kassandra tamg‘asini aniqroq ko‘rsatib beradigan ana shu nurlanish
usulini men ishlab chiqqanman va bunga o‘z vijdonim bilan javobgarman.
Lekin sayyoradoshlarimizning buni qanday qabul qilishlari meni tashvishga solmoqda. Kishilar hech
qachon bunday mislsiz hodisaga duch kelishgan emas. Va odamlar o‘zlari o‘zlariga ich-ichidan qarshi
chiqishdi.
Bo‘lajak onalarning peshonalarida miltillab turgan zig‘irtday ana shu nuqtachaning nima ekanligini
odamlar tushunib qolishsa bormi, hamma sarosimaga tushib qoladi.
Majolsiz qolgan paytlarimda yig‘lab va zorlanib Parvardigorga munojot qilamanki, oxirzamon
embrionlarining sirini birinchi bo‘lib tushunish, genetikaning burchak-burchaklarida biqinib yotgan va
endigina yuz ko‘rsatgan falokatning mash’um belgisi bo‘lmish Kassandra tamg‘asini aniqlash birinchi
o‘laroq menga nasib qildi. Mening ahvolim dahshatli devga ro‘para kelgan Faustnikidan ham ayanchli.
Parvardigordan menga rahm-shafqat qilishini, men ojiz bandasini afv etishini o‘tinib so‘rayman. Hech
kim, hech qachon bunday ahvolga tushgan emas. Nega endi bu qismat mening hissamga tushishi
kerak ekan? hazratim, Sizga murojaat etishga jur’at qilar ekanman, hech kim, hech narsa meni bunga
majbur qilmayotir. Balkim mening bu haqda og‘iz ochmasligim, o‘zim kashf qilgan sirni go‘rim-ga olib
ketishim kerakmidi? Men agar shu yo‘lni tutganimda bormi, bu sirni hech kim bilmagan, menga hech
kim ta’na toshini otmagan va ayb qo‘ymagan bo‘lur edi, albatta.
Nega endi men bu shum xabarni odamlarga ma’lum qilayotirman? Men bu ishni oilani buzmoq
uchun, avlodlarga hayotni davom qildirishda, binobarin foniy dunyoda yashashning ma’no-mazmuni
bormi deb o‘ylanib va cho‘chib yurgan har kishida shubha uyg‘otish uchun, aql-idroklarda bema’ni
to‘ntarish yasash, boshboshdoqlik va nifoq urug‘ini sochish uchun qilmayapman-ku, axir! Buyog‘i qanday bo‘larkin? Odam Ato va Momo havodan buyon hayotning metinday mustahkam turgan
poydevorining darz ketganini endi qanday qilib asliga keltirib bo‘larkin?
Men o‘zimga-o‘zim bu haqda ko‘p marta savol berdim va o‘zim ko‘p marta javob qaytardim... Oxiri
shu xulosaga keldimki, har qanday holatda ham, har qancha mulohazaga borganda ham yashirin
embrionlar olamida qilgan kashfiyotim haqida og‘iz ochmaslikka haqqim yo‘q ekan, chunki takror
aytaman, kassandra-embrionlar soni to‘xtovsiz ortib bormoqda. Buning sababi — inson hayotining
axloqsizligi va falokat yoqasiga kelib qolganligini dunyoviy ongning tobora ko‘proq tushunib
yetganligidadir. Kassandra tamg‘asi — dunyoning oxir bo‘lishi yaqinlasha-yotganini ona qornidayoq
butun borlig‘i bilan va umidsizlanish hissi ila kutayotgan oxirzamon homilasining kadr orti ovozidir. Bu
esa homilada yashashga tabiiy intilish hissini so‘ndiradi.
Endilikda shu kunlarda industriyalashib bo‘lgan jamiyat sharoitida bunday holatni dunyodan
yashirib bo‘larmidi? Yo‘q, albatta, bunday yashirish insoniyatga qarshi, o‘z-o‘zlarimizga qarshi jinoyat
bo‘lur edi.
Biz o‘z-o‘zimizni anglashimizning keskin o‘zgarishi oldida turibmiz, chunki shu paytdan e’tiboran biz
xohlaymizmi, yo‘qmi, shu narsadan ko‘z yuma olmaymizki, embrion bo‘lajak shaxs sifatida qanday
genetik makonda dunyoga kelishiga befarq qaray olmaydi, boshqacha aytganda, bizning kim
ekanligimizga, biz kelajak hayotga umid ko‘zi bilan qaraydigan nekbinlarmizmi, biz shaxslarmizmi —
bu masalalarga e’tiborsiz qaray olmaydi. U tashvishlanib o‘z taqdirining periskopidan ko‘z uzmaydi,
taqdir degani kelajak hayotning ko‘zgu orti dengizida suzib yurgan ko‘zgu orti suv osti kemasidir.
Kassandra-embrionning ana shu periskopiga o‘zimiz nigoh tashlasak-chi?! Bizga qaqshatqich zarba
berayotgan taqdir qasirg‘alariga o‘zimiz sababchi emasmikanmiz?
O’ylashga ham yuragim dov bermaydi: kassandra-embrion bizning bu dunyodagi o‘z
burchlarimizdan yuz o‘girganimiz oqibati emasmikin? Bizlar aslida pok ilohiy mavjudotlar qanday qilib
shu ahvolga tushib qoldik? Odam bolasi homila bosqichidayoq oxir zamondan xabar bera boshlashi
uchun odamlarning ishlari va tafakkurlarida qanday ko‘ngilsiz o‘zgarishlar, o‘pirilishlar ro‘y bermog‘i
kerak edi?
Yillar, asrlar o‘ta genlarda kompyuter xotirasidagi kabi nimaiki to‘plangan, jamg‘arilgan bo‘lsa, ana
shu hodisada hammasi yuz ko‘rsatadi. Bugun bizlarga embrion reflektsiyasi — Kassandra
tamg‘asining ekrandagiday aksini topish imkoniyati berilgan. Ana shu tamg‘ani bo‘rttirib ko‘rsatadigan
zondaj-nurlarni taqdir taqozosi ila fazodan men jo‘natib turibman. Ana shuning uchun men so‘z
so‘rayman. Men, samoviy rohib Filofey shu yo‘l bilan hamma gaplarimni aytib olmoqchiman. Bu
mening burchim.
Ruxsat etasiz, hazratim, sizning qimmatli vaqtingizni olganim uchun kechirim so‘rab, uzundan-uzoq
tuyuladigan so‘zimni davom ettirmoqchiman.
Kassandra tamg‘asi nima ekanligini bila turib, bundan buyon qanday yo‘l tutishimiz lozim? Buni
tushunib yetish uchun, nihoyat shuni ochiq tan olish kerak: biron kishi tomonidan qilingan yovuzlik
shu kishining jismonan yo‘qolishi bilan, hayoti so‘nishi bilan tugamaydi, balki genetik o‘rmonda azaliy
urug‘ shaklida saqlanib qolib, ehtimol bo‘lmish iks soatni kutadi va belgilangan vaqtda portlaydigan
minaga o‘xshab o‘zini namoyon qiladi.
Aytgancha, ko‘chma ma’noda emas, balki chinakamiga belgilangan vaqtda portlaydigan mina
haqida gapiraylik. Bu voqea Afg‘onistonda, cheklangan sovet qo‘shinlari kontingenti shu mamlakatga
yuborilgan davrda bo‘lib o‘tgan. Bu voqealarning siyosiy zamiri yetarli darajada yaxshi ma’lum, men
esa urushayotgan kelgindilar tomonidan yasalgan konkret «murda» qopqonlar qanday qo‘yilganligi
haqida gapirmoqchiman. Dushmanning murdasini qishlog‘i yaqiniga, yo‘l yoqasiga, ko‘rinadigan joyga
tashlab tagiga maxsus mina qo‘yishgan. «Kontingentchilar»ning o‘zlari esa bo‘ladigan voqeani suratga
tushirish uchun yashirinib turishgan. Kishilar murdani ko‘mish uchun olib ketishga kelishlari bilan mina
portlab odamlarni joyida o‘ldirgan. O’ta sezgir plyonkada butun voqea o‘z aksini topgan... Mana vafot
etgan afg‘onga xotini yaqinlashib keladi. Qo‘shnilari uni ushlab qolishga harakat qilishadi, lekin ayol zor yig‘lab, erining murdasiga tashlanadi. Shu zahoti kuchli mina portlab, ayolni va u bilan kelgan
kishilarning yostig‘ini quritadi. Hammasi o‘ladi. Bularning bari kinoga olingan. Boshqa bir kadrda esa
hurkib, cho‘chib turgan bolalarni ko‘rasan. Ular dod-faryod solib, yastanib yotgan otasining yoniga
chopib kelishadi va yana mina portlab bolalarning tit-pitini chiqaradi... Yo‘l yoqasida o‘lib yotgan
odam yonidan befarq o‘tib ketmasligi uchun otdan tushgan yo‘lovchi «bu kim ekan?» deb jasadning
yelkasidan tortishi bilan yana portlash ro‘y beradi. Va yana qurbon. Bosh suyagidan yaralangan ot bor
vujudi bilan qocha boshlaydi, so‘ngra yiqilib oyoqlarini qoqib, pishqirib jon taslim qiladi. Bularning
hammasi plyonkaga tushirilgan... Shunday qilib, «murda» qopqonlarning operatsiyalaridan eng
xarakterlilari kinoga olingan. Ana shu yo‘l bilan plyonkaga tushirilgan bu manzaralar jangovar
topshiriq sifatida baholangan va shtablarda tegishlicha taqdirlangan. Bunday plyonkalarni ko‘zdan
kechirgan ayrim kishilar bu manzaralarda o‘z ko‘rsatmalari va maqsadlarining ijrosini ko‘rishgan. Bu
dahshatlarni ekranda ko‘rib o‘z kasbidan qanoat hosil qilganlar kimlar ekan o‘zi? Ana shunday ajal
qopqonlari qo‘yib, jinoyatga qo‘l urgan va o‘z qilmishlarini butun dahshatlari bilan kinoplyonkaga
tushirgan mardlar kimlar edi, qayoqdan kelgan edi? Ularning zoti-zurriyoti noma’lum, ota-bobolarining
kimlar ekanligini ham bilmaysan. Faqat qilmishlarini ko‘rib ularning kim ekanliklarini bilib olsa bo‘ladi.
O’z-o‘zidan savol tug‘iladi — umrbod ta’magirlik bilan va har doim Xudoning jig‘iga tegib
yashaydiganlar kimlar ekan, biz hammamiz Yaratganning mehr-shafqatini suiiste’mol qilib hamisha
uni oliy suyanchiq deb bilamiz va najot yo‘lida toat-ibodat bilan murojaat qilamiz-ku unga, xo‘sh,
bizning jismimizga — genlarimizga yo‘qotib bo‘lmaydigan yovuzliklar urug‘ini ekadigan o‘sha battollar
kimlar o‘zi? Qaerdan kelgan? Ularning o‘zlari kimlardan chiqqan? Javobsiz savol... Lekin shunday
degan bilan mushkul oson bo‘lmaydi. Bularning hammasining manbai qaerda? Bular g‘orda tiriklayin
ko‘milganlarga o‘t qo‘ygan ibtidoiy odamlardanmikin yoki bo‘g‘ib o‘ldirayotganda qurbonining
qiynoqlaridan shahvoniy lazzatlanadigan vasvaslardanmikan, ming yillar davomida jaholat va
shafqatsizliklarning iblisona jahannamidan o‘tgan qancha-qancha zolimu berahmlardan kelib
chiqdimikin; va azaldan davom etib kelayotgan ana shu uzundan uzoq ro‘yxatda jallod xonning
yonida jallodlik qilganlarni yoki o‘z tajribasi bilan bizga tanish bo‘lgan, partiya galalari orasida
mutaassib g‘azabnok jarchilarni, balkonlar va minbarlardan turib bor vujudi bilan tomog‘ini yirtib-
qichqirib, inqilob va urush olovini yoqqan, jon-jahdi bilan hokimiyatga yopishib kattaroq amalga
mingan sari quturib qahr-g‘azabga to‘lgan rahbarlarni eslamay bo‘larmidi?
Qon va hokimiyat — yovuzlik urug‘lari asrlar osha ana shu chirindi ustida ko‘karib kelgan...
Yovuzlik o‘rnini yovuzlik olgan, o‘z urug‘larini bo‘lajak yovuzlik uchun qoldirgan...
Qo‘lga chiroq olib o‘tmish changalzorlari ichra allaqachonlar chirib ketganlarning murdalarini
qidirish shart emas, shu ma’noda bizlarga ko‘p narsalarni aytib bera oladigan davr — Stalingitler davri
yoki, aksincha, Gitlerstalin davri hali ko‘plarning xotirasidan ko‘tarilmagan. Ana shu ikki yarim bir
butun shaxs insoniyat uchun shu qadar qimmatga tushdiki, jahon statistikasi oradan ko‘p yillar
o‘tganiga qaramasdan o‘zaro urushda, qonli jahon urushida qurbon bo‘lganlarning umumiy sonini
hamon hisob-kitob qilolmayotir, o‘shanda fiziologik jihatdan bir butun maxluqning ikkita kallasi hayot-
mamot uchun jangga kirgan edi. Bolshevizmsiz fashizmning bo‘lishi mumkinmidi? Stalinsiz Gitlerning
bo‘lishi mumkinmidi va aksincha? Ayrim-ayrim tug‘ilgan, lekin jahannam tog‘orasida birga
cho‘qintirilgan Stalingitler va Gitlerstalin nomini eshitganda XX asrda yashayotganlarning naq yuragi
chiqib ketay deydi.
Kim biladi deysiz, Gitler bo‘lib yoki Stalin bo‘lib dunyoga kelish xavfi bo‘lgan kassandra-embrion,
kelajakda murda bilan jinsiy aloqa qilishga ham tayyor (nekrofil) sho‘rpeshona pusht Kassandra
tamg‘asi orqali o‘zining kelgusi taqdiri haqida butun dunyoni, eng avvalo homilador onasini o‘z
vaqtida ogoh qilmaganmikin, o‘sha embrion o‘zining mudhish rol o‘ynayajagini ichki bir shuur bilan
sezib seskanmaganmikin, unda tug‘ilmaslik istagi paydo bo‘lmaganmikin?
Ular dunyoga kelmaganlarida nima bo‘lardi? Biron narsa deyish qiyin. Bunday hollarda odatda
tarixni qayta qurib bo‘lmaydi, deyishadi. Shunday bo‘lsa ham, savol berish mumkin: tarix biron bir
o‘tmish zamonda misli ko‘rilmagan shafqatsizlik va odamkushlikning qonli cho‘qqisiga ko‘tarilishi uchun Gitler bilan Stalin chizib bergan qonli egri chiziq bo‘ylab rivojlanishga mahkum edimi? Ana shu
ikki birodar yovuzlikda million-million kishilarni bir-birlari bilan, umuman insoniyatning o‘zini o‘zi bilan
to‘qnashtirib qo‘yishdiki, o‘sha davrda sayyora aholisi o‘z-o‘zidan tugab, abadiy yo‘q bo‘lishni o‘ziga
maqsad qilib olib, pirovardida jamiiki g‘ayriinsoniy kirdikorlarni bor bo‘yi bilan namoyish qildi go‘yo.
Tarixni ana shunday jahannam yoqasiga olib kelib qo‘ygan barcha sabablar tafsilotlariga to‘xtab
o‘tirilmasa-da, shu haqda o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladiki, yuqorida tilga olingan shaxslarning irsiyatida
saqlanib qolgan mudhish zolimlik kasalining muvaffaqiyat bilan ildiz otishi uchun o‘z boshiga balo qilib
stalinizmni va gitlerizmni voyaga yetkazgan hamda ardoqlagan kishilarga o‘sha paytdagi dunyoviy
ong naqadar qo‘l kelgan.
U zamonlar o‘tdi-ketdi. Kishilar ilmiy bashorat usulini, jumladan, Kassandra tamg‘asi orqali signallar
berib turgan kassandra-embrionlarni bilganlarida edi, tarix taraqqiyot va rohat-farog‘at borasida
qanchalar imkoniyatlarni qo‘lga kiritgan, qancha-qancha kishilar qayg‘u-hasratdan, baxtsizlikdan
qutqarib qolingan bo‘lur edi. Afsuslar bo‘lsinki, insoniyat o‘zining genetik tuzilishida yashirinib yotgan
kalitni juda kech payqab qoldi...
Mana, embrionlarning transtsendental qobiliyatlarini bilib olish yo‘lida yangi so‘z aytildi. Ana shu
kashfiyotlar ketidan bizlarni mo‘‘jizalar kutayaptimi? Yo‘q. Azal-azaldan insoniyatga nozil qilingan
Ezgulik energiyasini va shu bilan birga ezgulikka qarshi Yovuzlik energiyasini hech Kim o‘zgartira
olmaydi. Bular bir-biriga teng miqdorlardir. Lekin insonga abadiylikning bitmas-tuganmas harakatini
o‘zida mujassamlashtirgan aqliy afzalliklar ato qilingan va inson omon qolishni istasa, taraqqiyotning
cho‘qqilari sari ko‘tarilishni xohlasa, u o‘zidagi Yovuzlik ustidan g‘alaba qilmog‘i zarur. Axir kishilarning
butun umri bu yo‘lda shunday tinimsiz intilishlarda o‘tadiki, bizning asosiy burchimiz ham ana
shundadir.
Mana, bizning o‘zimizda yashirinib kelgan botiniy sir yuz ko‘rsatdi. Bu jonli ruhning ilgarilari
noma’lum bo‘lgan hadlariga chuqur kirib boriladi degan so‘z emasmikin? Ichki dunyoning yangi
kvantlari topildi degan so‘z emasmikin? Buni kim ayta oladi?
Shundaymi, yo‘qmi – aytish qiyin, lekin men jamiyatning diqqatini yana shu narsaga
qaratmoqchimanki, kassandra-embrionlarning kashf etilishi hayotimizda yangi muammolarni keltirib
chiqardi – ilgarilari bunaqasi bo‘lgan emas.
Kassandra-embrionning signaliga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini kim aytib bera oladi.
Ota-onalar qanday yo‘l tutishlari kerak? Kassandra tamg‘asiga taqdiri azalning darakchisi deb qarash
kerakmi? Yoki aksincha, uni umuman xayoldan chiqarib tashlash lozimmi? Qo‘l siltash kerak,
vassalom, oradan ikki haftacha vaqt o‘tgandan so‘ng, ayniqsa, kechalari homilador ona tinchgina
uxlayotgan paytda miltillab turadigan g‘alati nuqta yo‘qoladi, o‘z-o‘zidan so‘nadi, vassalom. Xudo
xohlasa, unutiladi ham.
ha, ehtimol shundaydir. Lekin shunga qaramasdan buni eslashadi, ha, bola oy-kuni yetgach,
tug‘ilgandan so‘ng ota-onalar xohlashadimi-yo‘qmi haligini eslashadi. Keyinchalik, ehtimol, bu esda
ham qoladi, bolalikda, onaning taqdirida, oilaning hayotida har xil mushkul vaziyatlar ro‘y berishi
mumkin, va har gal Kassandra tamg‘asining signallarini eslaganda yurak orqaga tortib ketadi va
muvaqqat rangli dog‘ haqida xilma-xil fikrlar esga kelib, qancha-qancha savollar tug‘iladi. Shunisi
qiziqki, bu belgi nima uchun ularning bolalariga, shu ayolning bolasiga to‘g‘ri keldi, deb o‘ylab qolasan
kishi. Bunday belgi boshqa onalarda ham bo‘ldimikin, agar bo‘lgan bo‘lsa, ular ham buni hammadan
va o‘zlaridan yashirishadimi, esga olmaslikka, aql bovar qilmaydigan bir hodisa sifatida unutishga
harakat qilishadimi? Bola ham qandaydir yo‘llar bilan, elas-elas tush ko‘rganday bu haqda shubhalana
boshlasa-chi va bu narsa umuman bolaning ruhiyatida aks etadimi?
Bu esa savollar va shubhalarning birinchi to‘lqini, xolos. Bundan buyon ular tobora ko‘payib,
murakkablashib boraveradi. Nahotki ota-onalar o‘zlari haqida, o‘zlarining bevosita va bilvosita
gunohlari to‘g‘risida o‘ylashmasa? Ehtimol ular — ona ham, ota ham hammasida ayblidirlar? Eng
og‘iri, eng mushkuli shudir, chunki o‘zini ayblashdan qiyin azob yo‘q. Mana shu o‘rinda o‘z-o‘zidan eng
qiyin savol tug‘iladi — nima uchun xuddi shu ota-onalarning pushtlari falokat signallari bera boshladi, buning sababi nimada — ota-onalar xuddi ana shu haqda o‘ylaydilar. Embrionni shu ahvolga solgan
xilma-xil omillarni, ya’ni o‘zlarining biologik individlar sifatidagi xatti-harakatlarinigina emas, shu bilan
birga shaxsiy turmushlari, jamiyatdagi hayotlari bilan bog‘liq hamma narsalarni — ijtimoiy ahvoli,
da’vo-talablari, nafsoniyatlari, maslak-e’tiqodlari: kishining hayotini tarkib toptiradigan va larzaga
soladigan jamiyki tushunchalarni, inchunin adolat nima, adolatsizlik nima, yaxshi nima, yomon nima
degan tushunchalarni ham eslashga majbur bo‘ladilar.
Hayotdagi o‘ta xilma-xil jihatlarning ana shunday o‘zaro bog‘liqligining boisi shundaki, pushtning
paydo bo‘lishi Makon va Zamondagi markaziy voqea, tabiat arxetiplarida tarixning mevasidir.
Kassandra-embrion o‘ta o‘tkir ichki sezim (intuitsiya)ga, zamonning qanday bo‘lishini oldindan
sezish xususiyatiga ega. Shu bois embrion impulslarini tushunib yetish birinchi galda o‘zimizdan
tashqarida va o‘z ichimizda pala-partish barpo qilayotgan dunyomizning mazmunini anglab yetish
demakdir. Shu ma’noda Kassandra tamg‘asi, ehtimol, voqealikning mohiyatiga yangidan kirib
borishga, ilgarilari biz uchun qatag‘on bo‘lgan sirni tahlil qilishga turtki sifatida Tangri Taoloning
inoyati ila kashf etilgandir. Va har bir kishi o‘z tushunchalariga qarab va qalb amriga ko‘ra xulosa
chiqarishga erklidir.
Shu o‘rinda ana shu huquqdan foydalanib, orbital stantsiyada turib kuzatishlar olib borar ekanman,
men — samoviy rohib Filofey — so‘z so‘rayman. Sayyoradoshlarimga murojaat qilayotirman.
Yaratuvchi tomonidan bizga ato qilingan hayotning mazmun-mohiyati hurmati, biz yashab turgan
dunyoga endigina kelayotgan kassandra-embrionning zamon oxir bo‘lishidan nishona bera
boshlashiga sabab nima ekanligi haqida fikr yuritaylik.
Bu masala yuzasidan har xil farazlar bo‘lishi mumkin. Mening ham o‘z fikrlarim bor. Kosmik
stantsiyaning takomillashgan asbob-uskunalari turli qit’alarda turli vaqtlarda olib boriladigan televizion
ko‘rsatuvlarni qabul qilishga imkon beradi. Optik asboblar Yer yuzasining turli nuqtalaridan hamma
narsalarni turli shakllarda ko‘rsatib turibdi. Men yerliklarning kundalik hayotlarini kuzatib turibman,
agar men Yerda bo‘lganimda edi, bunchalik keng manzarani ko‘ra olmagan bo‘lur edim. Men
shunchaki kuzatuvchi emasman, mening dasturim ham kosmosni, ham Yerni qamrab oladi, men
hozirgi va bo‘lajak insoniyat oldida ayta olamanki, juda katta mas’uliyat olgan eksperimentchiman. Bu
balandparvoz gaplar emas, haqiqat. Shuning uchun, haqiqatga to‘la mos kelmaydigan bironta so‘z
ayta olmayman. Men ishonamanki, tadqiqotlarim o‘zimizning dillarimizda o‘zimiz keltirib chiqargan
tushunchaning — dunyoning oxir bo‘lishi haqidagi tushunchaning oldini olishga yo‘naltirilgandir. Men
bizning ustimizdan abadiy hukmronlik qilib turgan xudbinlik va riyokorlik imkon bermaydigan so‘zlarni
hammaga baralla eshittirib aytib olishga harakat qilaman.
Men Kassandra tamg‘asini butun bir sistema ekanligini aniqlashga qaratilgan ekspermentlar
o‘tkazayotgan bo‘lsam-da, bu haqda dunyobexabar ayollarga lom-mim demayman. Bu hammaga
kelgan to‘y. Garchi ana shu ko‘zga ko‘rinmas zondaj-nurlar sog‘liq uchun butunlay zararsiz bo‘lsa
ham, kishilarning dilini og‘irtyapman deb har gal vijdon azobida qiynalaman.
Fazodan turib «so‘roq» qilinganda kassandra-embrion miltillab nishon bersa bormi, bunday
hollarda ularni men tashvishlanishdan xalos qila olmayman. Buni taqdir deydilar, taqdirdan esa
qochib qutilib bo‘lmaydi. Shuni tushunish muhimki, ana shu taqdir muayyan shaxs taqdiri bo‘lsa ham,
ayni vaqtda hammaning, butun jamiyatning taqdiri hamdir, chunki bu falokatning sabablari dunyoviy
sabablardir.
Biz xohlaymizmi yo‘qmi, kassandra-embrionlar bilan Kassandra tamg‘asi bor narsa. Va shuning
uchun o‘zimning kosmik tadqiqotlarimni og‘ishmay davom ettiraveraman, bu haqda ochiq
gapiraveraman, Yerda bu falokatga uchragan yoki bundan buyon uchraydiganlarga hamdardlik
bildiraman. Odamlar o‘zlari haqidagi haqiqatni bilishlari kerak. Mening Xudo oldidagi burchim ana
shunda. Lekin bu holda men tashvish torta boshlayman, hazratim, ana shu tashvishlarimni yashira
olmayman va jamoat hukmiga havola qilaman.
Takror aytaman, men o‘zim kashf etganim va sirni oshkor qilganim kassandra-embrion oldida ham
(axir, oshkor qilinishini kassandra-embrionning o‘zi talab etmoqda) va homilani ko‘tarib yurgan ona oldida ham javobgar ekanligimni anglayman, ona Kassandra tamg‘asining ahamiyatini
tushunmaganda edi, xotirjam yashayvergan bo‘lur edi.
Hozir ham ana shu yo‘rg‘a satrlarni kompyuterda terayotgan paytimda ham qiynalayapman,
shunday qilishga haqqim bormi degan fikr meni azobga solmoqda.
Men orbital kemaning devorlarini ko‘zdan kechiraman, vaznsizlikda kompyuterdan nariroqqa suzib
ketaman, meni alahsitadigan, o‘zimning kashfiyotim haqida butun dunyoga jar solib to‘g‘ri ish
qilganimga ishonch bag‘ishlaydigan nimalarnidir qidirib atrofga alang-jalang boqar ekanman,
stantsiya korpusining har ikki tomoniga o‘rnatilgan teleekranlarga ko‘zim tushadi. Barcha ekranlar
yog‘dulanib ishlab turibdi, turli mamlakatlardan turli tillarda teleko‘rsatuvlar namoyish qilinmoqda.
Mana bu yer yuzidagi voqelik, butun haqiqat barcha qirralari va rang-barangligi bilan namoyon
bo‘lmoqda, reklamadan tortib sportgacha, sud reportajidan tortib rasmiy shaxsning aeroportda kutib
olinishiga qadarli, yana qancha-qancha voqea-hodisalar ko‘z o‘ngimdan o‘tmoqda va hokazo.
Ko‘z o‘ngimda butun dunyoda namoyish qilinayotgan ana shu serqirra manzara orasida ko‘chada
hayajonga tushib, shovqin-suron ko‘tarayotgan namoyishchilar mening diqqatimni tortadi. Nima
uchundir talay politsiyachilar norozilik bildirib ko‘chaga chiqqan namoyishchilar bilan birga ketishyapti.
Hamma ko‘chalar odamga liq to‘la, turli nuqtalardan, jumladan baland joylardan ko‘rsatuvlar olib
borilmoqda, kishilarning hayajonli ovozlari yangraydi. Joylardagi voqealar haqida gapirayotgan
muxbirning va studiya diktorining ovozini ko‘chalardagi shovqin-suron, baqiriq-chaqiriqlar bosib
ketadi. Bu voqea qaerda bo‘layapti ekan? Italiyada bo‘layotganga o‘xshaydi. Shu qadar uzoq va yaqin
— Hammasi shu yerda bo‘layotganga o‘xshaydi: chaqnagan ko‘zlar, imo-ishoralar, asabiy chehralar.
Ha, bu Sitsiliyada bo‘layotir. Kishilar naridan beri yozilgan shiorlarni ko‘tarib ketishmoqda. Ha, o‘sha.
Yana mafiya! Yana terrorchilar. Prokurordan so‘ng bu safar bosh sudya qatl qilindi. Qatl qilinganda
ham hammaning ko‘z oldida, makkorlik bilan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Ko‘chaning transport o‘tadigan
qismida uzoqdan boshqarilgan portlatish natijasida barcha odamlar — Hamma-hammasi, ana shu
mash’um paytda avtomabilda sudya va uning qo‘riqchilari o‘tib ketayotgan mahalda shu atrofda
bo‘lganlarning bari tit-piti chiqib portlab yonib ketdi. Hamma nayranglar barchaning ko‘z oldida
bekami-ko‘st ishladi.
Namoyishchilarning sabr kosasi to‘lib toshgan... Odamlar daryosi oqib bormoqda. Lekin ular
kimlarga qarshi chiqishmoqda? Ommaning qo‘lidan nima kelishi mumkin? Mafiyachilarning o‘zlari
namoyish qatnashchilarining orasida miyig‘ida kulib o‘tirishmaganmikin? Oradan bir-ikki soat
o‘tgandan so‘ng namoyish tarqalib ketadi, mafiyachilar o‘z manfaatlaridan voz kechishmaydi, o‘zlarini
balandparvoz so‘zlar bilan mafiya, kartel, sindikat va hatto imperiyalar deb atashadi. Butun-butun
mamlakatlar, mafiya mustamlakalari hozirdanoq ana shu kuchlarning yashirin zulmi ostida
yashamoqda!..
Namoyish qatnashchilari olg‘a qarab borishmoqda. Ularning tepasida esa g‘izillab vertolyot uchib
o‘tib, varaqalarni yomg‘irday yog‘diradi-da, uylar ortida ko‘rinmay ketadi. Bularning hammasi mening
ko‘z o‘ngimda bo‘lib o‘tayotir. Odamlar tepadan tushgan varaqalarni ko‘zdan kechirishadi. Varaqalarda
ajal nishonasi — kalla suyagi yonida ilik suyaklari tasvirlangan... Mafiya ajal urug‘ini sochayotganini
yashirmaydi. Barchaga, mafiyaga qarshi chiqqanlarning hammasiga o‘lim! Qahrli hayqiriqlardan
odamlar hayajonga tushishadi. Ko‘plarning ko‘zlarida yosh qalqiydi. Boshiga beretni qiyshaytirib
kiygan, galstugi yechilib ketgan politsiyachi kiyimidagi juvonga ko‘zim tushadi. Qo‘liga kamera ushlab
olgan politsiyachi ayol videoga olayotgan bo‘lsa kerak. Juvon vertolyotni suratga olib ulgurdi. Bundan
ne foyda? Mafiyachilar ahmoq emas — vertolyot boshqa rangga bo‘yab qo‘yiladi, chil-parchin qilib
tashlanadi, va hokazo. Mana politsiyachi ayolning qo‘liga mikrofon tutgan yordamchilari. Ular hayajon
bilan nima haqidadir shosha-pisha gapirmoqda. Men ularning ahvolini tushunaman. Butun dunyoda
har kuni mafiya qo‘lidan qancha politsiyachilar nobud bo‘lishadi. Bularning qismati ham shunday
bo‘lishi mumkin. Ehtimol bu ayolning ham. Nimani ko‘rayapman o‘zi: uning peshonasida o‘sha
mash’um xol – Kassandra tamg‘asi. Ha, to‘g‘ri ekan! Men bu kadrni yaqinlashtirib, kattalashtirib
ko‘raman – adashmagan ekanman. Yo, Parvardigor, politsiya xodimining hech narsadan xabari yo‘q, hozir uning bu haqda o‘ylashga vaqti ham yo‘q, lekin juvon o‘zi-ku bu dunyosini ich-ichidan xush
ko‘rmaydi, shuning uchun hozir fuqarolarga qo‘shilib olib norozilik bildirmoqda, ana shu bor nafrati-
hissiyoti bo‘lajak farzandiga o‘tganini o‘zi bilarmikin? Mana, falokat darakchisi uning peshonasida
miltillab turibdi. Ha, bu kassandra-embrionlarning zondaj-nurlarga aks sadosini aniqlash uchun
orbitada turib o‘tkazgan seanslarimdan birining amaliy samarasidir.
O’ylab ketasan kishi — bordi-yu ana shu yoki qandaydir boshqa bir kassandra-embrion tug‘ilsa,
vaqt kelib, xuddi o‘sha o‘g‘il bola (yoki qiz bola) eng dahshatli jinoyatchilardan biri bo‘lishi mumkin.
Ko‘p kishilarga, butun jamiyat boshiga u qancha jabr-jafo, baxtsizliklar keltiradi, katta jinoiy ishlarga
qo‘l uradi, buning asosiy sabablaridan biri shuki, embrion boshqalardan o‘ch olish instinkti bilan
dunyoga kelgan, negaki uni tug‘ilishga, foniy dunyoni qabul qilishga majbur etganlar. Bolaning
keyingi hayotida ona qornidagi davrining fojiali boshlanganligi esida qolmaydi, lekin o‘ch olish hissi
xavfli samaralar beradi. Agar taqdir taqazosi bilan kassandra-embriondan paydo bo‘lgan bola
keyinchalik uning salbiy genetik negizini zararsizlantira oladigan muhitga tushib qolsa-ku yaxshi;
boshqa hollarda esa undagi yovuzliklarning avj olishi uchun hech qanday harakat kerak emas —
tog‘dan qulagan tosh tobora tezligi oshib ketavergani kabi, ana shunday odam taqdirining o‘zi
tubanlashib boraveradi.
Kassandra-embrionlarning signallariga e’tibor berar ekanman, ularning istiqbollari haqida o‘ylab
ketaman va ularga achinaman. Ularning nidolari o‘zimizga qaytib kelgan kamon o‘qimizdir, bu o‘zimiz,
bu bizning uzluksiz osiyligimiz evaziga tobora avj olayotgan qo‘rqinchdan nishonadir. Va shuning
uchun bu signallarni — kassandra-embrionlarning ovozlarini Yer kurrasida hamma eshitishi, ularning
da’vatlari mazmunini tushunishi kerak.
Yo‘q, bu o‘tkinchi narsa emas, so‘z abadiylik to‘g‘risida ketayotir. Abadiylik o‘z-o‘zicha abadiydir,
inson esa faqat bir yo‘l bilan — avloddan-avlodga axloqiy jihatdan takomillashish yo‘li bilangina
abadiylik sari qadam tashlashi kerak. Taraqqiyot g‘oyaning texnikaviy samarasidir, xolos. Kerak bo‘lsa
butun dunyoni ostin-ustin qilishga tayyorlanayotgan mutaassib yakka hokim qo‘lidagi yadro quroli
bunga yaqqol misoldir.
Yerliklar kassandra-embrionlarning signallaridan tashvishga tusharmikin, bu signallarni genetik
inqirozdan, va demakki, insoniyat tsivilizatsiyasi inqirozidan nishonadir, deb qabul qilisharmikin?
Oldindan bir narsa deyishga qo‘rqaman. Yana shuning uchun qo‘rqamanki, shubha va vijdon
azoblari har bir voqea doirasidan tashqariga chiqmaydi, va Kassandraning har bir tamg‘asi ayrim-
ayrim holda o‘z yechimini va xotimasini topadi.
Ko‘pchilik ayollar ana shunday g‘ayrioddiy homiladan tezroq qutilishga harakat qilishadi deb
cho‘chiyman, erlari ham xotinlariga bu borada monelik ko‘rsatishmasa kerak. Bunday ayollar bolasini
oldirishni eng maqbul yo‘l deb topishadi. Aytish mumkinki, bu axloqiy jihatdan ham, shubhasiz, eng
to‘g‘ri vajdir — qismati oldindan ma’lum bo‘lgan baxtsiz kishilarni dunyoga keltirishning nima keragi
bor? Busiz ham baxti qarolar dunyoda to‘lib yotibdi. Bu holda abortga rozi bo‘lgan ayollarni kim
ayblay olar ekan?! Kim? Jamiyatmi? Tarixmi? Axloqmi? Genetik qo‘rqinch shaklida o‘rnashib qolgan
yovuzlikning manbalarini jamiyat tarixidan qidirmoq kerak, axloq esa voqelikning surbetlarcha siquvi
qarshisida ko‘pincha durustroq samara bermaydi.
Va mana shu o‘rinda, hazratim, o‘z mavqeimni aniqlab olishni burchim deb bilaman. Men katolik
dinining abortni ta’qiqlashini jon-dilim bilan yoqlash barobarinda Kassandra tamg‘asini ko‘ra-bila turib
abort qildirgan ayollarni qoralay olmagan bo‘lur edim; buning ustiga bu hol kassandra-embrionlarning
niyat-maqsadlariga ham mos tushgan bo‘lur edi.
Oqibatda biz o‘ta murakkab ziddiyatga duch kelayotirmiz. Bunday keskin harakatlar (abortlar)
dunyoviy ongning asosiy muammolarini yecha olmaydi, aksincha, yanada kuchaytiradi — pushtda oxir
zamon xabarchisi bo‘lgan sabablar aniqlanmay qoladi.
Bo‘lajak ona quyidagi musibatlar haqida o‘ylamasligi mumkin emas:
– ocharchilik;
– xaroba kulbalar;

– kasalliklar, jumladan OITS (SPID);
– urushlar;
– iqtisodiy buhronlar;
– ijtimoiy qasirg‘alar;
– jinoyatkorlik;
– fohishabozlik;
– giyohvandlik va narkomafiya;
– elatlararo qirg‘inlar;
– irqchilik;
– ekologik, energetik halokatlar;
– yadro sinovlari;
– qora tuynuklar
va hokazo, va hokazo.
Bularning hammasi odamlar dastidan. Odamzodning boshiga tushayotgan musibatlar avloddan-
avlodga ortib bormoqda. Va bularning hammasida barchamiz ishtirokchimiz. Mana, nihoyat, Iloh bizni
jahannam labida to‘xtatib, Kassandra tamg‘asi orqali o‘zi haqida nishon bermoqda...
Men yana takror aytaman, mening kassandra-embrionlarning signallarini aniqlash borasida olib
borgan kosmik tadqiqotlarim kishilarning endi bunday yashash mumkin emasligini, bundan buyon
avlodlarning, naslning buzilishi boshlanajagini anglab olishlariga yordam berishni maqsad qilib olgan,
xolos.
har qaysi kishi, hamma birgalikda, butun bani bashar bir bo‘lib, falokat va illatlarga barham
berishsa, hayotning istiqbolini yangilashlari mumkin. Bu xomxayollikmi? Yana xayolparastlikmi?! Yo‘q,
bu navbatdagi xayolparastlik emas. Bu tirik jonning omon qolish yo‘li, boshqacha yo‘l yo‘q...
Imonim komilki, kassandra-embrionlardan tezda xalos bo‘lish uchun o‘zlarini chetga olmaydigan,
orqaga chekinmaydigan, mardonavor kishilar topiladi; bunday kishilarga taqdiri azaldan xabar
beruvchi signallar ko‘p narsalar to‘g‘risida: inchunin hammaning va har bir kishining hayot tarzi
uchun, avlodlar taqdiri uchun mas’uliyati to‘g‘risida, odam bolasining o‘z-o‘zi bilan mislsiz bellashajagi
haqida gapirib beradi. Bunday kishilar hayotning yaxshilanishiga erishadilar.
Men bunga ishonaman.
Endi qisqacha o‘zim haqimda.
Meni hech kim sochimni qirqib rohiblikka qabul qilgan emas, men shunchaki, boshqacha aytganda,
shartli samoviy rohibman va ismimni ham shartli tanlab, o‘zimni Filofey deb ataganman, qadimgi
Rusda shunday ismli rohiblar bo‘lishgan. Fazoviy hujrada darvishona yashashni o‘zim tanlaganman.
Bizning xalqaro ekipajimiz — amerikalik, yapon va men (yaqin vaqtgacha sovet olimi va kosmik
laboratoriyaning ilmiy rahbari) o‘z dasturimizni tugatib, Yerga qaytishimiz kerak edi, men orbital
stantsiyani tashlab, ko‘p marta foydalaniladigan fazoviy kosmik kemaga o‘tishdan bosh tortdim. Men
bu haqda bayonot berdim va meni tinch qo‘yishlarini talab qildim. O’tkir ustarani tomog‘imga qadab,
sheriklarimni meni o‘z holimga qo‘yishga majbur qildim. Va o‘z so‘zimni o‘tkazdim...
Mana beshinchi oy, bir yuz o‘ttiz yettinchi kundirki, orbitada yakka-yolg‘iz yashab tadqiqotlar olib
bormoqdaman, Stantsiyada qoldirilgan oziq-ovqat zahiralari menga bu yerda yana ko‘p vaqt
bo‘lishimga imkon beradi. Yomon aytmay yaxshi yo‘q degani rost bo‘lsa kerak. Sovet imperiyasining
parchalanishidan butun dunyo zil ketdi, menga esa bu qo‘l keldi. Kosmos uchun xizmat qiladigan
yerdagi sobiq sovet mahkamalari boshlari gangib, meni va ilgarilari «Vostok–27» deb atalgan orbital
stantsiyani unutib qo‘yishdi. Hali-veri eslashmasa ham kerak, taxminimcha, men haqimda o‘ylashga
ularning vaqtlari ham yo‘q, ehtimol, ular kosmosdagi mulklarni yangi davlatlarga bo‘lib berish kabi
be’mani tadbir bilan hali uzoq vaqtgacha band bo‘lishadi, men yashab turgan orbital stantsiyani ham
bo‘lib olishga harakat qilishlari mumkin, balki kosmosning o‘zini ham taqsimlab olishar... Lekin bu
ularning ishi. Mening tanlagan ishlarim aniq va o‘z burchimni bajarayapman. Men butun insoniyatning
fikrini o‘rganib, kassandra-embrionlarning signallarini umrimning oxirigacha aniqlash bilan shug‘ullanishga bel bog‘laganman.
Yerda meni hech kim kutmayapti, chunki men so‘qqabosh, tashlandiqman, bolalar uyida
tarbiyalanganman. Barcha ma’lumotlarga qaraganda, go‘dakligimda onam meni qandaydir jiddiy
sabablarga ko‘ra bolalar uyi eshigi oldiga tashlab ketishga majbur bo‘lgan ekan. Mening hayotim
qanday kechdi, kosmosga ketishga meni nima majbur qildi — bu haqda hozircha hech nima
demayman, bu alohida mavzu.
hazratim, men Sizning nuroniy siymongiz oldida yana bir marta bosh egaman. Aybga
buyurmagaysiz. Siz orqali odamlarga murojaat etar ekanman, mening birdan-bir orzum — kishilar
haqiqatni bilishsin.
Filofey, samoviy rohib,
hayotda — Andrey Kriltsov
Rim papasiga orbital kompyuterdan jo‘natilgan maktubga «Tribyun» gazetasining tahririyasiga
yuborilgan xat ham ilova qilingan edi. «hurmatli muharrir! Siz bilan kelishganimizdek, maktubimni
bosib chiqarish huquqini faqat «Tribyun» gazetasiga beraman.
Men «Tribyun» gazetasi ana shunday ishga jur’at etib o‘ziga o‘ta og‘ir mas’uliyat olayotganini
yaxshi tushunaman. Sizning jasoratingizga qoyilman.
Tahririya mening murojaatimga kelgan eng qiziqarli fikrlarni jo‘natib tursa, minnatdor bo‘lur edim.
Men yerliklarning fikrlarini bilib turishim zarur.
Ehtirom ila
Filofey, samoviy rohib, RX orbital stantsiyasi»

II - bob...