May 22, 2020

«Telegram»da o‘z kanalini ochishni istagan, ammo ishni nimadan boshlashni bilmaganlar uchun 11 maslahat

1. Kanalni yaratish va nomlash

Siz kontent (video, audio, foto, matn) yaratarkansiz, bu to‘ppa-to‘g‘ri o‘quvchingizning cho‘ntagiga, ya’ni mobil telefoniga borib tushishini unutmang. U xabaringizni ochadi va o‘qiydi. Kanal muallifining auditoriya bilan muloqoti shunday boshlanadi.

«Telegram»da kanal ocharkan, muallifda bir savolga javob oldindan tayyor bo‘lishi lozim: «Kanalni nima uchun ochayapman?».


2. To‘g‘ri tanlangan mavzu —kanalning muvaffaqiyati kalitidir

Istang odamlarga latifa ulashing, istang pazandalik sirlari bilan o‘rtoqlashing yoki avtosanoat yangiliklaridan xabardor qilib boring. Ammo bunaqa kanallarni sizsiz ham ko‘p ochishgan, ular bilan raqobatga kirishishni ham o‘ylang. Shunday mavzu topingki, tesha tegmagan bo‘lsin, mabodo bu yerni ham egallashgan bo‘lsa, ularning faoliyatini yaxshilab o‘rganing. Balki siz ishni ulardan ham yaxshiroq uddalarsiz.

Demak, mavzuga aniqlik kiritildi, endi zo‘r nom topish kerak. Mavzuni ochuvchi bitta yoki ikkita so‘zdan iborat, esda qoladigan, ko‘pchilikning ko‘ngliga yaqin so‘zlarni toping. Masalan, «Haydovchilar» — avtomobillar va yo‘llar haqida, «Zumrad» esa qimmatbaho toshlar va taqinchoqlar haqida bo‘lishi mumkin.

Umuman, buyog‘i fantaziyangizga bog‘liq, jiddiymi yoki hazilnamomi, o‘zingizga xos va mos nomni toping.

3. Logotip tanlash

U albatta yorqin va ko‘rinarli bo‘lishi kerak. Messenjerdagi ikonkalar hajmi kichik, buni e’tiborga olib logotipingizda kichik detallarni ishlatishdan qoching — ular baribir ko‘rinmay ketadi. Istasangiz, sifatli logotipni dizaynchilarga yasatib olishingiz ham mumkin.


4. Birinchi bosqichda nima qilish kerak?

  1. Kanal muallifi o‘z telefon daftarchasidagi 200 kishini bu kanalga qo‘shib olishi mumkin. Faqat ular orasidagi injiqroq odamlarning oldidan o‘tganingiz yaxshi, kimgadir bu yoqadi, kimga esa yo‘q.
  2. Kanalingizning havolasini joylashtiring va ijtimoiy tarmoqlarda post qoldiring.
  3. Kanalingizni imkon qadar turli kataloglarga qo‘shing. Bu bepul.

5. Birinchi bosqichda nima qilmaslik kerak?

  1. Kuniga beshtadan ortiq post qoldirmang. Odamlarga suratlar, infografikalar, giflar («jonli» suratlar), videolar yoqadi.
  2. Qimmat turuvchi reklamaga aldanmang. Messenjerning reklama bozorida qimmat reklamali kanallar juda ko‘p, ularning orasida ko‘rinmay ketasiz. Yaxshisi, asta-sekin o‘sib borgan ma’qul!
  3. Matnga smayllarni ko‘p joylamang. Bu o‘quvchilarning jig‘iga tegadi.
  4. Yangi post haqida ovozli xabar berish funksiyasini yoqmang. Matn qatorining chap tomonida qo‘ng‘iroqcha bor, uni bossangiz o‘chadi.
  5. O‘quvchilaringizni bezdirmaslik uchun postlarni kechasi yozmang.

6. Kanalni reklama qilish

Sizni tanib olishlari uchun boshida pul sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Messenjerdagi reklamalar narxlari keskin farq qiladi. Siz reklamani arzonidan boshlang, o‘quvchilar asosan qayerdan kelayotganiga qarab kanallar ro‘yxatini shakllantiring.

Obunachilari soni sizniki bilan bir xil kanallarni o‘rganing. Ularga o‘zaro piar taklifi bilan chiqsangiz bo‘ladi.

Kanal haqidagi ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardagi har xil mavzuli guruhlarga tarqating. Kanalingiz nomi OAVda tilga olinishiga erishing.


7. Statistika kerakmi?

Statistika — istalgan loyihaning asosi. «Excel»da jadval tuzib, quyidagi ko‘rsatkichlarni qayd eting: o‘quvchilar soni, postlar va kanalni ko‘rishlar soni, reklama qiymati, o‘zaro piar, kelgan o‘quvchilar soni. Bular kanalning o‘sishini xolis kuzatish va boshqarish imkonini beradi. Ko‘pincha, masalan, reklama sotib olishingiz, ammo u ishlamasligi mumkin. O‘zingiz uchun qayerdan eng ko‘p o‘quvchilarni jalb etganingiz yoki buning aksiga qarab top-kanallarni shakllantirib olishingiz va reklamani qayerda berish-bermaslikni hal qilishingiz mumkin.


8. Eng asosiysi: men qancha pul ishlayman?

Kanallarning mualliflari har xil pul topishadi.

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, «Telegram»dagi ayrim auditoriyasi katta o‘zbekcha kanallar bitta reklamadan 800 dollargacha pul ishlaydi.

Kanal — kichik OAV. Jamg‘armangizni pulga aylantirishning ikki yo‘li bor — yo reklama beruvchilar bilan o‘zingiz mustaqil kelishib olasiz, yo sizga reklama topib beruvchi agentliklar va birjalar bilan ishlaysiz.

Mijozlar har xil bo‘ladi. Shunisi ham kuzatilganki, masalan, buyurtmachi sizga reklamaga pul beradi, ammo bu reklamaga tashriflar soni ozligi uchun keyinchalik u pulini qaytarib olish fikriga kelib qoladi. Bunaqa mijozlar bilan auditoriyaning reklamaga munosabatini oldindan baholab bo‘lmasligini kelishib olishingiz kerak.


9. Kanal rivojlanmasa nima qilish kerak?

  1. Kanalning rivojlanishi sizning faolligingizga bog‘liq. Agar e’tiborsizlik qilsangiz o‘quvchilaringiz soni nafaqat o‘sishdan to‘xtaydi, balki kamayishi ham mumkin.
  2. Bir haftaga yoki oyga mo‘ljallab mediareja tuzing. Unda o‘zingiz post qilmoqchi bo‘lgan kontentni, boshqa kanallar bilan o‘zaro tavsiyalar va reklamalar rejasini belgilab oling.
  3. O‘zaro tavsiyalarni olish uchun boshqa kanallar mualliflariga murojaat qiling. Sizga birinchi bo‘lib murojaat qilishlarini kutmang.

10. «Telegram»dagi trendlar

Messenjerdagi trendlar juda o‘zgaruvchan. Masalan, matnni o‘zgartiradigan, havolalarni yashiradigan, so‘zlarni belgilaydigan, matn ostiga ikonkalarni qo‘yadigan @mrkdwnrbt va @ControllerBot kabi foydali botlar bor. @vote yordamida ovoz berishni tashkil qilish mumkin.


11. Sizning postlaringizni ulashishlari uchun nima qilish kerak?

  1. Nima yozsangiz ham shuni yodda tutingki, kanal — blogdir. Sizning o‘z takrorlanmas mualliflik uslubingiz bo‘lishi lozim.
  2. Eksklyuziv. Boshqa hech kimda yo‘q kontentni joylasangiz, boshqa mualliflar albatta sizning xabarlaringizni boshqalar bilan bo‘lisha boshlaydi.
  3. Kontentni o‘g‘irlamang, uni o‘zingiz yarating.

TELEGRAM

KANAL