Radikal kino: provakatsiya, skandal, zo'ravonlik
Avvalo boshlashdan oldin kelishib olaylik, mening fikrimcha radikal kino nima, hamda qanday filmlarni men bu ro'yxatga qo'shaman. Radikal kinolar bu men uchun, odatiy hikoya uslubidan voz kechadigan, tomoshabinlarga bo'lgan qulaylik ikkinchi darajaga tushadigan, ba'zi normalarni o'z chegarasidan ortiqroqqa sura oladigan, joyi kelganda provakatsion bo'ladigan filmlar. Odatda bunday filmlar jamiyatdagi tilga olinmay qolib ketadigan yoriqlarni, insonga bir qaraganda ilg'ash qiyin bo'lgan qusurlarni, yoki uning boshdan o'tkazishi mumkin ba'zi psixologik holatlarni noodatiy tarzda bizning ko'zimizga oyna kabi tutuvchi filmlar (tan olish kerakki hammasi ham o'ziga qo'yilgan vazifani 100 foiz bera olmas balki, balki bu ham bizning nuqta-i nazarimizga bog'liqdir).
Ro'yxatdagi filmlarni uchta turga ajratish mumkin degan bo'lardim, ularning oldiga qo'ygan maqsadlari, filmlarning masshtablaridan kelib chiqqan holda:
- Siyosiy - bu yo'nalish o'z ichiga siyosiy muammolardan tashqari, jamiyat bilan bog'liq nizolar, yirik masshtabdagi, masalan irqchilik, ijtimoiy tenglik, adolat, ochiqlik.
- Psixologik - insonning miyyasi ichidagi mikroolam haqida bizga so'ylovchi kategoriya degan bo'lardim buni, bu toifa ichiga qo'shilgan filmlar odatda insonning psixologik, emotsional muammolari, qiyinchiliklari kabi narsalardan so'ylaydi. Hamda bizning bu boradagi bilamiz deb o'ylaydigan bilimlarimizni so'roq ostiga oladi.
- Madaniy - ushbu toifa ham birinchi kategoriyaga yaqin hisoblansada, undan ozgina farq qiladi, bu yerda aynan bir madaniyat, maqsad birlashtiradigan odamlar haqida hikoya qilinadi. Yoki aynan ma'lum bir spetsifikroq maqsad birlashtiradigan odamlar haqida, yo bo'lmasa ba'zi odamlarning o'zlarining madaniyati bilan bo'ladigan muammolari haqida hikoya qiladi bizga.
O'z toifasidan qat'iy nazar barcha filmlar sizga, shu paytgacha hech e'tiborga ilmay keladigan ba'zi narsalaringizni yaxshigina ko'rsatib bera olishga qodir. Yoki hech bo'lmaganda, sizni bu boradagi fikrlari bilan anchayin o'ylantirib qo'ya olishi aniq.
Clockwork Orange
Aleks sheriklari ichida bosh, o'ta zo'ravon bir yigit. Uning ko'chadagi xunrezliklari abadiy qolmasligi aniq edi, nihoyat omadi undan yuz o'girib u politsiya qo'liga tushdi. Keyinroq esa u politsiya yangi chiqarigan bir loyiha haqida eshitib qoldi: loyiha zo'ravonlarga qarshi ishlab chiqilgan bo'lib unda qatnashgan ko'ngillilarni qamoqdan ozod qilish mo'ljal qilingan edi...
Film afsonaviy rejissyor Stenli Kubrikning ko'pchilik insonlarni muhokama qilishga majburlagan filmidir, hatto hozirgi kungacha. Undagi ochiqlik va zo'ravonlik aks etgan sahnalar tufayli film ba'zi tomoshabinlarga noqulaylik tug'dirishi mumkin deb ogohlantirgan bo'lardim, lekin bugungi ro'yxat mavzusidan kelib chiqsak bu shart emas albatta.
Film aslida kitobning ekran adaptatsiyasi hisoblanadi. Uning ko'pchilikka noqulay tomonlaridan biri undagi ishlatilgan til, yoki lahja deb aytmoq to'g'ririoq bo'lar balki. Rejissyor Stenli Kubrik kitobda ham aynan shunday so'zlashuv uslobidan foydalanilgani uchun o'zining filmidagi hikoyani bizga shunaqa so'zlar orqali taqdim etgan. Yana bir jihati shundaki, bu hikoya Betxovenning IX simfoniyasi bilan bizga yanada kuchliroq ta'sir qiladi.
American history X
Derek shu toifadagi odam ediki, uning oldida irqchi degan so'z bu xuddi maqtovday eshitilib qolardi. Uning harakatlaridan, so'zlaridan va hatto turishidan buning hidi kelib turardi, uning ukasi uchun u qahramon edi. Mashinasini o'g'irlamoqchi bo'lgan ikki qora tanlini o'ldirib qo'ygandan keyin esa unga qamoq hukmi o'qildi, u yerdan esa u o'zgarib qaytganday...
Film men uchun nafrat, jinoyat degan so'zlarga sinonimday tuyuladi. Undagi bosh ro'lni Edvard Norton shunaqangi mahorat bilan ijro etganki, uning filmda qaysi tomon, qaysi pozitsiyadan turib gapirishidan qat'iy nazar unga ishongingiz keladi.
Yana shuni aytib o'tish kerakki, Toni Key bizga bu filmda o'ta jiddiy muammoni olib chiqqan, irqchilik (racism). Ushbu so'zning ortida qanchalik katta nafrat yotishini bemalol his qila olasiz tomosha davomida (ayniqsa oq-qora sahnalar buning massasini oshirib bera oladi tomoshabin uchun). Bu so'zni shunchaki hazil deb qabul qiladigan tanishlaringiz bo'lsa ularga bu film orqali javob berishingiz mumkin.
Syriana
Amerikaning o'zga, chet davlatlardagi neft uchun olib boradigan siyosati haqida, bu neft savdosi paytida qayerdandir kelib qoladigan ikkinchi, uchinchi, va hokazo qo'llar paydo bo'lishi haqida hikoya etuvchi film.
Ushbu filmdan men o'zim ham aynan shu ro'yxatni tuzish uchun filmlar qidirib xabar xabar topdim. Avvalo filmni ko'rib kelib atrofga g'azab sochishingizdan oldin bir narsani aytib qo'yay, filmning hech qayeriga biografiya yoki, bo'lib o'tgan voqealar asosida deb yozib qo'ymagan. Shunday ekan undagi voqealardan xulosani o'zingiz qabul qiling.
Filmni yaxshi chiqqan deb bemalol ayta olaman. Undagi bosh ro'llarni o'ynagan aktyorlarning nomi ham anchayin salmoqli: Jorj Kluni, Met Deymon. Aytaylik Jorj Klunining yaqindagina Bred Pit bilan birgalikda chiqqan filmini yoqtirmadingiz, uning ijrosida nimadir haqiqiy jiddiy narsa ko'rmoqchisiz. O'sha nimadir shu film bo'la oladi, axir u ushbu ro'li uchun naqd Oskar yutgan.
Requiem for a dream
Sara Goldfarb. Nafaqadagi beva, u kichik bir xonadonda yashaydi. Vaqtini asosiy qismini o'tkazish uchun boshqa ko'pchilik qatori televizor ko'radi albatta. Ayniqsa o'zining sevimli shousini boshqacha zavq bilan qadrlab ko'radi. Harri esa uning o'g'li. Harri o'zining eng yaqin do'sti, hamda yaxshi ko'rgan qizi bilan birgalikda qing'ir yo'ldan yurib boyib ketishni reja qilib yuribdi...
Filmni tomosha qilgan istalgan odamdan so'rab ko'rishingiz mumkin, hammasi rozi bo'ladi bu filmni giyovhandlikka qarshi anti namoyish qilib ishlatish mumkinligiga. Hammasidan ham zo'ri filmning nomida, bu nom voqealar o'tavergani sayin sizda chuqur daxshat uyg'ota boradi, hamda film yakunida uning o'ta vajohatli saundterki ostida sizning miyyangizda o'rnashib qoladi. To'g'risi buni ajratish qiyin: musiqa film yakunini inson xotirasiga o'rnashtirib qo'yadimi, yoki yakun shunaqangi zo'rligidan sizning miyyangizda musiqa qolib ketadimi (balki ikkalasi hamdir). Lekin bir narsa aniqki, bunan keyin ushbu saundrekni eshitganda filmni miyyangiz siz uchun yana bir marta jonlantirmasidan boshqa iloj topolmaydi!
Kids
1995-yil, Nyu Yorkning odatiy yozlaridan biri. Bu yoz oralig'ida bir o'smir bor, Telli ismli. Telli shunday yashaydiki, uning uchun ertangi kun yo'qday, borini bugundan, shu bugungi kundan olishni xohlaydi u. Bir yoshgina qiz u bilan jinsiy aloqa qilishga rozi bo'ldi, lekin u hali bu shunchaki bir keyingi o'lja yo'lidagi "ov" ekanidan bexabar.
Filmning ko'pchilikni bezovta qilgan tarafi bu undagi yoshlarning jinsiy aloqa haqidagi sahnalari bo'lgan, lekin hammasi shumidi? Gap shundaki filmning IMDb saytidagi bahosi 7.0 dan iborat, lekin menimcha film kattaroq baholarga haqli, lekin bu filmni baholaganlarning, ayniqsa past baholaganlarning ko'pchiligi bir detal tufayli shunday qilgan menimcha. Film aynan ular yashab turgan hudud haqida hikoya qiladi, film Nyu York ahlini kichikkina shokda qoldirgan deb aytish mumkin, axir ularning 'ertasi' bo'lgan yoshlari haqida Larri Klark shunday film olib turibdiki, uni ko'rish orqali insonning kerak bo'lsa yashashga ishtiyoqi so'nib ketadi.
Rejissyor asosiy qahramonlari yoshlar bo'lgan bu filmda ba'zi o'ta jiddiy mavzularni bemalol yurak yutib olib chiqqani olqishga sazovor ish hisoblanadi.
Enter the void
Oskar Tokioda yashovchi og'ufurush, opasi Linda esa striptizchi. Ularning Tokiodagi hayoti juda bir tekis, ma'noli bo'lmasa ham o'tib turgandi, lekin keyin Oskarni chuv tushirishdi, yoki aniqrog'i unga xiyonat qilishdi. Oqibati nima bo'ldimi? Uni politsiya otib qo'ydi, filmda esa biz oskarning jonsiz tanasini tark etgan ruhi bilan birga Tokioning qorong'u taraflari sari, tuban taraflari sari sho'ng'iymiz. Lekin aniqlashtirib aytadigan bo'lsam, unchalik ham Tokioning aybi yo'q bu yerda, hamma ayb odamlarda, o'sha isqirt, tuban hayotini har narsadan ustun ko'ruvchi mavjudotlarda...
Bu ro'yxatni tuzishni o'ylaganimda ikki ijodkorning nomi unda aniq chiqishini xohlagandim, bittasi biz hozirgi gaplashayotgan film muallifi Gaspar Noe, ikkinchisi haqida esa keyinroq. Gaspar Noeni men shunday ijodkor deb bilamanki, u nimaningdir yoki kimningdir eng tuban, eng chirkin xususiyatlari haqida ish qilganda ham u o'zini san'at odami ekanini unuta olmaydi. Shunchaki xunuk qilib qo'ya olmaydi u filmlarini, uning filmlarida ishtirok etuvchi ranglar boshqacha ma'no anglatadiganday. Misol, qizil rangni uning filmida ko'rganingizdan so'ng hatto hayotdagi tabiiy qizil sizga xunuk tuyula boshlashi ham mumkin.
Filmni o'zi haqida bitta qiziq narsani aytishim mumkin sizga, Noe asli Argentinalik rejissyor, o'zi Fransiya tuproqlarida kino ishlab el og'ziga tushgan, bizning filmimiz esa ingliz tilida. Rejissyor o'zi ingliz tilini uncha yaxshi bilmasligini tan olib o'tgandan so'ng filmdagi ko'plab dialog, monologlar ijodiy jamoa bilan improvizatsiya qilingan, yoki birga suratga olish payti o'ylangan.
The Idiots
Kopengagenda bir guruh yoshroq odamlar yig'ilgan. Ular bir uyda to'planishib g'alati qarorga kelishdi, aslida o'zlariniku aqli-hushi joyida bo'lsada, lekin ular o'zlarining ichida yotgan "telbalari"ni boricha, maksimal tashqariga chiqarishmoqchi. Ular jamiyatdagi norma degan so'zni oyoq ostiga tashlab, bosib o'tgan holda odamlar oldiga o'zlarini majruhday, aqliy zaifday qilib ko'rsatishmoqda...
Film rejissyorining o'zi bu ro'yxatda nomi tilga olinib o'tilmasa uyat hisoblanadigan shaxslardan hisoblanadi. Uning bu filmini komediya deb baholasak bo'lar balki, lekin satira bu film uchun o'ta yengil so'z mening nazarimda. Rejissyor jamiyatdagi anchayin nozik jihatlar ustidan achchiq kulgi yordamida qarashni eplagan, uning filmida biz insonni tomosha vaqti noo'ng'ay vaziyatga soluvchi deyarli hamma narsani topa olamiz.
Buni qarangki filmning o'zi ham, uning suratga olinishidan boshlab radikalizm degan so'zga tusha oladi, uning posteruga yozilgan Dogma#2 yozuvidan buni bilish mumkin. Ilk bor Lars von Trier hamda Tomas Vinterberglar dogma 95 manifestini tasqidlagandan keyin avvaliga Vinterberg o'zining "Festen" filmini, keyin esa Trier "The Idiots" filmini namoyish etgan. Shubhasiz sizning ichingizdagi kichkinagina perfektsionistni tayoq ustiga ilib suratga olingan, qiyshayib yotgan kameralarda ishlangan film ozgina xafa qilar, lekin bu filmning asosiy g'oyalari siz uchun kattaroq motivatsiya bo'lmog'i lozim.
The Dreamers
Rejissyor: Bernardo Bertoluchchi
1968-yil Parij bahori. Parijdagi ko'plab talabalar may "Revolyutsiyasi" uchun tayyorgarlik ko'rib yurishibdi. Lekin bir Fransuz shoirining egizaklari: o'g'li Teo, hamda qizi Izabella esa alohida bir olam. Kaliforniyalik Metyu Fransiyaga o'qishga kelgandan so'ng bu ikki egizak bilan tanishib, yaqin bo'lib ketgan, va katta ehtimolki aynan u sabab bu uchchovlan boshqalardan anchayin farqli edi.
Bu film men uchun jahon kinosiga Eva Grinni taqdim etgan asar sifatida yodda qoldi. Undagi men biladigan yagona ekrandagi inson Eva ekanidanmi uning ijrosi qolganlarnikidan ustunday ko'rinndi (ha, balki o'sha boshqa sabab tufaylidir). Undan tashqari filmning ko'pchilik uchun yoqmaydigan tarafi undagi ko'plab ochiq sahnalardir, lekin buguncha ularga istisno e'lon qilib turibmizku-a
Film o'zining asl maqsadi sifatida bizga ozgina bo'lsada o'sha 60-yillar Fransiyasini tanishtirishni xohlashini sezish qiyin emas. Har-xolda men tarixchi emasligim uchun endi o'sha davrni doim shunday holda eslasam kerak. Yana men film haqida, bosh qahramonlarimiz ishtirokidagi "Orzumandlar"ning reallikni qabul qilishiga tomon yo'l deya ta'riflagan bo'lardim. Yana ham, albatta bu haqida chuqurroq tahlillarni o'zingiz chiqarishingiz mumkin.
Shame
Brandon 30 nechchadir yosh bo'lishiga qaramasdan o'zining jinsiy hayotini tuzuk quruq nazorat qila olmaydi, ko'proq uning hayotini uning ehtiyojlari boshqaradi deb ham aytish mumkin. Lekin uning oldiga o'zining oila a'zosi ko'chib kelgandan keyin unda avvalgiday erkinlik qolmadi, u o'zining harakatlari ortidan kelib chiquvchi "uyat" deya ataluvchi his bilan to'qnash keldi, yo'q to'grilab ketay: biz duch kelamiz bu his bilan filmda.
Film rejissyori Stiv MakKuin o'zi doimo filmlarida yaxshigina odamga ta'sir eta oluvchi filmlarni olib chiqadi, siz uni katta ehtimol "12 yil qullikda" filmidan bilasiz. Bu filmda ham bizga yaxshigina savollar bilan chiqqan. Uning filmida bosh ro'llarni o'ynagan aktyor Maykl Fessenberg hamda Karen Mulligan ikkalasi ham qahramonlarini ajoyib tarzda ifoda eta bilishgan. Ayniqsa Fessenbergning 'kulrang' qahramonini ajratib ko'rsatish adolatdan bo'lardi. Film hammaning ham 'tipi'ga to'g'ri kelavermaydi, masalan, qaysidir tomonlama "Requiem for a dream" filmini ham biroz esga solib yuborishi mumkin, shunga ko'ra, o'zingiz tanlang uni tomosha qilasizmi yoki yo'q.
Naked
Insonning ba'zi g'alati qiliqlariga qarash deb boshlamoqchi edim aslida, lekin ochig'ini olib aytadigan bo'lsak bir qaraganda filmda ko'zga ko'rinadigani g'alati bir inson va uning biz tushunmaydigan ichki olamidir. Jonni o'ta aqlli va mening fikrimcha axmoqroq odam, balki uning darajasida aql oshib-toshib ketganda bular o'rtasida chegara yo'qolib ketar, kim bilsin. U siz bilan istalgan narsasi haqida bahslashishi, hamda sizni bu borada ortda qoldirishi mumkin. Uning odamlar bilan uchrashishi, ular bilan suhbati, o'zini tutishini tushuntirishni bitta oddiy so'zga tashlab qo'yavergan ma'qul - nigilizm. Filmda bu tushuncha sizning ba'zi tushunarsiz voqealarni tushuntirishga qurolingiz bo'lishi mumkin.
O'zi umuman olib aytganda Mayk bu film ustida, uning ssenariysi ustida juda qattiq ishlagan, mendek oddiy bir nazar tashlaydiganlar unga tushunishi istamagan, o'zining bu filmdagi g'oyalarini bizdan qizg'anganday go'yo. Shunisi aniqki film siz uchun noodatiy bir eksperiment bo'lib qolaveradi uni yoqtirgan yoki yoqtirmagan taqdiringizda ham.