Kuz - melanxoliya, qayg'u, depressiya davri
Kuz fasli doim men uchun qanaqadir g'amginlik so'zi bilan sinonim bo'lib kelgan. Bugungi ro'yxatdagi filmlar insonning tushkun ruhiy xolatdan olib chiqish uchun, yoki hech bo'lmaganda shunday holatlarda ko'rish uchun yaroqli ekani orqali birlashib turadi. Doimgiday ro'yxatda filmlar hamda bitta +bonus bo'ladi. Yoqimli tomosha.
Synecdoche, New York / Нью-Йорк, Нью-Йорк
Kaden teatr rejissyori bo'lib ishlaydi, hayoti ertaklardagiday emas, biznikiga o'xshab oq-u qorasi bor undayam. U o'z hayotidagi ishidagi, oilasidagi muammolarga atab yirik teatral loyiha amalga oshirishni istayapti
Film bizga Charli Kaufman o'rtaga tashlagan o'zining murakkab savollari bilan qiziq, inson hayoti nima, vaqtning qiymati qanday, hayotimizda yashashdan ma'no nima o'zi deganga o'xshash savollar bular. Yana filmning haqiqiy bezagi sifatida Filip Seymur Hoffmanning ajoyib ijrosini ta'kidlab ketmasdan iloj yo'q, har xolda uning xotirasi uchun ham filmni eslab o'tmaslik insofsizlik bo'lardi. Film haqida to'liq bu yerda.
The sea inside / Море внутри (original: Mar adentro)
Ramon Sampedro oldin dengizchi bo'lgan. Tasodifiy bir baxtsiz hodisa tufayli hozir u majruh, 28 yildirki to'shakka mixlangan. Uning yagona istagi bor, u ham bo'lsa o'lish, bu ishni qilishga o'zi qodir bo'lmagani bois u ushbu masala borasida yaqinlari bilan kurashib keladi. Tabiiyki insoniy, diniy jihatdan ham boshqalar bunga qarshi
Film siz uchun o'rtaga haqiqiy bir masalani olib chiqadi, sizni ushbu bo'yicha o'yga soladi: yashash huquqi nima o'zi ? Bundan tashqari buncha uzoq muddat to'shakka mixlangan odam obrazini Xavier Bardem ajoyib tarzda ijro etgan, u o'sha inson kechinmalarini sizga aniq-tiniq qilib yetkazib bera olgan film davomida. Film haqida to'liq bu yerda.
Room / Комната
Ona va uning besh yashar bolasi bir xonada yashashadi. Bola tug'ilganidan beri shu xonada yashaydi, u hatto tashqarida butun boshli olam borligini ham bilmaydi ...
Filmning o'zi kitobga asoslangan adaptatsiya hisoblanadi, kitob esa real voqealarga asoslangan, demak filmni ham shunday deb baholasak bo'ladi. Nega bularni aytayabman, sababi bu ma'lumot tomosha vaqti hissiyotlaringizni ikki baravar oshirib bera oladi deb o'ylayman: daxshatni ham baxtni ham yaxshiroq his qilasiz film davomida. Umuman ushbu filmdagi ijrosi uchun aktrisa Bri Larson oskar mukofotiga loyiq ko'rilgan. Men esa bu filmda besh yashar bolakayning ro'lini o'ynagan kichik aktyorimizga ham tasanno aytishni ma'qul ko'raman. Film haqida bu yerda.
Les Misérables / Отверженные
19-asrdagi Fransiya, Jan Valjan o'n yillardan beri johil politsiyachi Javert tomonidan ta'qib qilib kelinadi. U payt kelib bir fabrikadagi ayolning qiziga g'amxo'rlik qilishga va'da bergandan so'ng uning hayoti butkul o'zgarib ketdi.
Filmning yaxshi, yutuqli tomonlarini ancha paytgacha sanash mumkin aktyorlar ijrosidan kostyumlarni tanlagan odamgacha. Avvalo aktyorlar jamoasidan boshlaydigan bo'lsak, bu filmning tarkibi uncha muncha filmdan ko'ra nomdorroq deb bemalol ayta olamiz. Masalan ulardan Hyu Jekman, Rassel Krou, Enn Heteuey, Helena Karter, Sacha Baron Koen, Eddie Redmayn kabi yulduzlarni sanash mumkin. Bulardan Hyu Jekman eng yaxshi aktyor uchun nominatsiya bilan chekllangan bo'lsa, Enn Heteuey eng yaxshi aktrisa uchun haykalchani o'ziniki qilgan. Film haqida to'liq bu yerda.
An elephant sitting still / Слон сидит спокойно (original: Da xiang xidi erzuo)
Film Xitoydagi bir shaharchadagi 4 ta insonning hayotidan namoyish qiladi. Film uzunligi deyarli 4 soat bo'lib, ushbu vaqt davomida bizga u inson hayotining ma'nosizligi, biz yashab turgan dunyoning qayg'uli, ma'nisiz, tuban va jirkanch tomonlarini ko'rsatadi, hamda bu sizga qanchalik yoqmagan taqdirda ham - haqiqat, shunchaki haqiqat. Film rejissyori Hu Bo 2017-yil oktyabr oyida film katta ekranlarga chiqmasdan ham 29 yoshida o'z joniga qasd qilgan. Bu uning yagona rejissyorlik ishi hisoblanadi. Film haqida bu yerda.
Dogvile / Догвилль
Dogville bu bir tomoni tog'ga tutashib ketgan, katta shaharga olib chiquvchi yagona yo'li mavjud bo'lgan kichik shaharcha. Shaharcha judayam kichik maskanki, unda yashaydigan hamma bir-birini biladi, taniydi. Sezib turganingizdek bu shaharchaning hayoti juda zerikarli, nimayam yangilik bo'lardi bu yerda ? Buni qarangki yangiliklar ham ba'zida bo'lib turar ekan- shaharga Greys ismli bir qiz kelib qoldi. Uning tashrifidan aholini xursand qilmadi, chunki uni shaharchadagilar bilmaydi. Qiz ulardan boshpana so'rashi esa Dogville da yangicha voqealarning ibtidosiga aylandi.
Qisqa qilib aytaman, bu film ssenariysi men shu paytgacha ko'rgan filmlar ichida eng puxtalaridan biri. Film haqida to'liq taqriz esa bu yerda.
The ice storm / Ледяной ветер
1973-yilgi Shukronalik kuni arafasi, Hudslar oilasi bu bayramni nishonlash maqsadida jamuljam. Lekin oila a'zolari g'alati, bir-biridan izolyatsiyalanganday, hech kimni birov bilan ishi yo'q. Bu gapni ularning butun mahallasiga qo'llasak ham bo'ladi.
Film Rik Mudning asari adaptatsiyasi hisoblanadi, hamda yozuvchi filmni ko'rib ijodkorlarning ishidan quvonganini aytib o'tgan. Hatto yozuvchiga yoqqan ekan, nega bizga yoqmasin bu film ? Inson ba'zi paytlarda odamlar orasida yurib ham o'zini yolg'iz his etadi, go'yoki butun umr shunday bo'lgan-u lekin u hecham sezmagan. Yoki atrofdagi odamlarga bir qarab ularda hech bir o'zingiz bilan umumiylik, o'xshashlik ko'rmagan paytingizdagi hislar uchun bu film ayni muddao bo'ladi. Bundan tashqari filmda Tobey Maguayr, Elaya Vud (Elijah Wood) kabi nomlarning yoshligini ko'rish imkoniyati bor sizda.
Dancer in the dark / Танцующая в темноте
Selma Jezkova asli Chexoslavakiyalik AQSh da o'g'li bilan yashovchi muhojir. U fabrikada ishlaydi, musiqani (myuzikl) yaxshi ko'radi- u myuzikllarni hech qachon yomon ish bo'lmaydigan yagona joy deb biladi. Tabiatan juda odobli, xushchaqchaq, samimiy ayol. Faqat uning ko'zi ko'r bo'lib borayapti.
Filmda bosh ro'lni (Selmani) xonanda Bjork o'ynagan. Rejissyor Lars Von Trier uni ushbu bosh ro'lni o'ynashga ko'ndirishiga bir yildan ortiq vaqt ketgan. Endi filmni tomosha qilib rostdan Bjork bu ro'lni qoyillatib o'ynaganini aytish mumkin. U ushbu ijrosi uchun Kann festivalida mukofotlangan bo'lsa, oltin Globusga nominatsiyaga qo'yilgan. A Trier bo'lsa Kannda bosh sovringa ega chiqqan. Film haqida to'liq bu yerda.
Manchester by the sea / Манчестер у моря
Lee Chandler akasining to'satdan vafot etishi sababli Bostondan Manchesterga qaytishga majbur bo'ladi, u yerda esa u akasining 16 yoshli o'g'liga qarovchi bo'lishi kerak. (Shaharlar AQShdagi joylar, agar siz ham men kabi Manchesterni o'qib, Britaniya tomon xayol surgan bo'lsangiz)
Film shubhasiz ro'yxatdagi eng qayg'uli film, men uchun. Ushbu filmda bosh ro'lni Keysi Afflek shunaqangi ijro etganki, uni hayotda shu odamdan boshqacha bo'lishi mumkin emas degan o'y o'tadi filmni ko'rish davomida xayolingizdan. U o'zining oldidan chiqqan hamma sovrinni yutgan bu film uchun. Film haqida to'liq bu yerda
Serial har mavsumi kam qismlardan iborat bir-biriga bog'lanmagan antalogiyadir. Ya'ni birinchi qism bilan ikkinchi qism voqealari o'zaro bog'lanmaydi, har bir qism alohida hikoya. Lekin uning qismlari o'rtasida o'zaro ba'zi mantiqiy bog'liqlik tortish mumkin. Insoniyatdagi, uning xarakteridagi ba'zi qusurlar, jamiyatdagi illatlar haqida achchiq hikoyalar sizni kutadi har bir qismda. Bugungi ro'yxatni to'ldirishi mumkin bo'lgan seriallar orasida eng ma'qul nomlardan deb topdim bu serialni. Xullas yoqimli tomosha.
Ko'proq taqrizlar uchun: Seb's