December 31, 2024

Rikformer hamda Mortitronlar qo'llanmasi: A-dan Z-gacha.

Rik va Morti - so'nggi yillar, yoki dekadaning eng ko'p muhokama qilingan sitkomi. Hozirda uning massiv fan bazasi, o'zining butun dunyo bo'ylab tarqalgan merchlari, yokida sizda kunda-kunora duch keladigan internetdagi memlari bor. Xo'sh, bugun ularning muxlislari uchun ajoyib kun. Ushbu sitkomning fenomeni nimada, nimaga u buncha mashhur, qaysi jihati uni boshqa sitkomlardan ajratib turadi, hamda nega aynan bu shouni hamma ko'rishi shartligi borasida izlanishlar olib boramiz. Boshidan oxirigacha, yoki A-dan Z-gacha, qulayroq joylashib oling, demak boshlaymiz.

Tarix

Rik va Mortining tarixi eng avvali 2006-yilga borib taqaladi. Dastlab Justin Roiland "Kelajakka qaytib" filmiga parodiya sifatida 2006-yilda "Dok va Martining haqiqiy animatsion sarguzashti" deb nomlangan 5 daqiqadan iborat animatsiyani chiqaradi. Keyinchalik uning bu ishi Dan Harmonning ko'ziga tushadi, hamda u bu loyihada dastlab potensialni ko'ra boshlaydi. Va nihoyat 2012-yilda ishga Adult Swim aralashib, Justinga aloqaga chiqadi, hamda Justin va Dan o'zaro hamkorlikda "Rik va Morti" ustida ishlashni boshlab yuborishadi.

Dastlabki epizod 2013-yil 2-dekabrda premyera qilindi va katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Nigilist, ichkilikka berilgan, qo'rs Rik Sanchez, o'zi xohlamasdan bobosi bilan birga sarguzashtlarga borishga majbur bo'lgan sodda maktab o'quvchisi Morti Smit hamda uning oilasi haqidagi shou hammani e'tiborini qozongan edi.

Sitkomning uchinchi mavsumi efirga ketgan vaqtga (2017) kelib, u o'zining yirik fan bazasini yig'ib ulgurgan, merchlar savdosi, memlar, hamda internetda multfilm haqidagi ko'plab fan teoriyalar kezib yuradigan darajada mashxurlikka erishdi. Hamda hali-beri bu shov-shuvlar to'xtamaydi deb bemalol taxmin qilsak bo'ladi, sababi hozirda serialning 7ta mavsumi efirga ketgandan so'ng, unga bo'lgan buyurtmani Adult Swim 12ta mavsumgacha cho'zgan. Endi keling serial bu darajaga qanday erishgani xususida gaplashsak.

Diqqat quyida spoylerlar bo'ladi!

Rik va Morti fenomeni

Rik va Morti o'zida qora yumor elementlarini birlashtirishi, jiddiy falsafiy mavzularni ko'tarib chiqishi, ajoyib ilmiy fantastika elementlari taqdim etishi va shu bilan bir paytda o'ta absurdga boy ishlar qila olishi bilan qolgan sitkomlardan ajralib turadi. Kuchli ironiyaga boy hazillari inson xotirasida uzoq vaqt qola oladi, hamda serialning eng zo'r yutug'i u o'z auditoriyasining aqliy salohiyatiga ishonadi. Daho, telba doktorning og'zidan chiqadigan ba'zi murakkab hazillarni ham bemalol qolganlar hazm qila olishiga ishonishadi, masalan qo'rqmay Shryodinger mushugi haqida hazil qila olishadi. Bundan tashqari vaqt bo'ylab sayohat qiladigan kinodan ilhomlanganiga qaramay, Rikning eng yomon ko'radigan ishi bu vaqt bo'ylab sayohat ekanligi ham o'ta kulguli hol chetdan qaraganda. Keling serialni maydalab, yoki sinchiklab qarab chiqamiz hammaga tushunarli bo'lishi uchun.

Kreativlik

Serialda kreativlik darajasi o'ta yuqori. Ijodkorlar o'z fantaziyalari chegarasi naqadar keng ekanligini bizga har mavsum isbotlab kelishadi. O'lchamlar osha sayr qilish, maxluqlari bor o'zga sayyoralar, gapiradigan hayvonlar. Bu kreativlikka tan berish darajasini men o'z boshimdan Rik o'zini tuzlamaga aylantirib qo'yadigan qismda o'tkazganman, rostdan, yetti uxlab tushingizga kirmaydigan g'oyalar bilan kelishadi ijodkorlar. Misol keltiraman, Rik tuzlamaga aylanadigan "Pickle Rick" epizodi, Inson ichiga qurilgan park haqidagi "Anatomy park" epizodi, kurkaga aylanish operatsiyasini qoplagan "Rick & Morty's Thanksploitation Spectacular" epizodi shular jumlasidandir. Qism boshida o'ta absurd bo'lib tuyilgan bu g'oyalar yakunga kelib o'zining naqadar zo'r ekanligi bilan hayron qoldiradi.

Havolalar

Rik va Morti seriali bizga boshqa serial, film, kitob, qo'shiq, sitkom va hokazolardan havola berishni yaxshi ko'radi. Har bir qismning nomlanishi, sarlavhasiga e'tibor bersangiz ular film yoki seriallar nomlariga parodiya sifatida qo'yilgan. Misol uchun, 5-mavsum 8-qism "Rickternal friendshine of the Spotless Mort" nomi sezganingizday "Eternal sunshine of the spotless mind" filmiga parodiya sifatida qo'yilgan, yoki 4-mavsum 1-qismidagi "Edge of tomorty: Rick Die Rickpeat" nomi esa Tom Kruz ishtirokidagi blokbaster "Edge of Tomorrow" filmiga ishora qilishini sezish qiyin emas. Bu nomlar nafaqat filmlar nomiga parodiya qilib qo'yiladi, balki ichidagi voqealarda ham bu filmning to'liq parodiyasini sezish qiyin bo'lmaydi.

Sitkom "Yulduzlar jangi" franshizasini yaxshi ko'rishini, uning bir nechta qismida bu franshizaga qilingan parodiya hamda berilgan havolalardan sezish qiyin emas. Misol uchun, franshiza Disneyning mualliflik huquqiga o'tgandan keyingi katta qulashni amalga oshirayotganini ijodkorlar qo'rqmasdan tilga olishgan. Ijodkorlar bundan tashqari ko'plab zamonamizda urf bo'lgan filmlarni parodiya qilishni sevadi. Keling bunga yana misol keltiraman.

Bir qismda Rik va Morti Krononberg sayyorasiga borib qoladi, tushunmagan bo'lsangiz, Krononberg "Body horror" degan horror janrining otasi desak ham bo'ladi, bunga yaqqol misol sifatida uning "Fly" filmini keltirish mumkin.

Yoki boshqa bir qismda, Rik va Morti ikkalasi Mortining matematika o'qituvchisining tushiga kirishadi, Mortiga yaxshi baho olish uchun. Bu sizga nimani eslatishi mumkin? Albatta Nolanning "Muqaddima" filminida. O'zi sitkomdagi ijodkorlar shaxsiyat bo'linishi, reallikni ajratish kabi tushunchalar bilan o'ynashishni yoqtirishadi. Va bu ishni juda mohirona uddalashadi.

Yoki boshqa bir qismda Bryus Uillis ishtirokidagi "Die Hard" filmiga parodiyani uchratishimiz mumkin. Yoki "Edge of Tomorty: Rick Die Rickpeat" epizodidagi Mortining transformatsiyasini bemalol "Akira" animesiga parodiya ekanligini sezish mumkin.

Hatto butun boshli bitta epizodni ular "Teminator" filmiga bag'ishlab o'tkazishgan. Bundan sezishingiz mumkinki, ijodkorlar iloji borija kattaroq auditoriyani qiziqtirishni xohlashadi, va albatta bu filmlarga berilgan havolalarni, yoki parodiyalarni tushunganingizda hazillar karrasiga kulguliroq tuyula boshlaydi.

Jiddiy mavzular

Albatta serial shunchaki quvnoq hazillar hamda qora yumor yig'indisidan iborat emas. U o'zida kuchli falsafiy mavzularni olib chiqadi, insonni o'yga solib qo'ya oladi. Nigilizm, e'tiqod, erkinlik, mavjudlik, borliq haqida turli tuman fikrlar uni jiddiy ekanligiga ishora beradi. Har bir qismdan-qismga rivojlanadigan qahramonlar esa bizga bu mazvular yuki og'ir bo'lishini ta'minlab beradi. Yaqqol misol sifatida 3-mavsumdagi "The Ricklantis Mixup" epizodini keltirish mumkin. Riklar va Mortilar sayyorasidagi hayot tarzini bizga 20daqiqa ichida maksimal og'riqli, hamda haqiqiy, o'ta real tuyuladigan tarzda olib chiqib bergan bu epizod hozircha sitkomning eng baland bal bilan baholangan epizodi bo'lib turibdi IMDb saytida. Yoki qo'rquv haqida tushunchalarimizni burib yuborgan so'nggi mavsum finali "Fear no Mort" epizodi ham inson haqida, judolik haqida o'ta jiddiy qarashlarni olib chiqadi, bunga boshqa misol sifatida 3-mavsum ochilish qismi bo'lgan "The Rickshank Rickdemption" epizodini aytish mumkin.

Albatta bu yerda serial ijodkorlari o'zlarini o'ta jiddiy olib yubormasliklarini har qismda bizga eslatib turishadi, har qanday mavzuda hazil qila olish qobiliyatlari bilan.

Rik va Morti - dunyodagi eng absurd narsalar haqidagi eng dohiyona loyiha

Yuqorida aytganimday sitkom ijodkorlari o'zlarini jiddiy olib yuborishmaydi, hamda istalgan taraflama hazil qila olishadi, AQSh prezidentini kurkaga aylantirishdan tortib, repper Ice-T ni chinakam muzga aylantirishgacha. Bu kabi eksperimentlardan ular hech qachon qochmagan. Misol uchun, ularning so'nggi mavsumdagi Transformerlar franshizasiga qilingan parodiyasi "Rise of the Numbericons: the movie" epizodi hozirda sitkomning eng past bal olgan qismi bo'lib turibdi (IMDb- 4.5), yoki "Gotron Jerrysis Rickvangelion" epizodi ham past bal to'plagani ma'lum. Lekin bu kabi qismlar ijodkorlarni hech qanaqa chegara bilmasdan, istalgan tomoniga yura olib ijod qilishlari mumkinligini isbotlaydi.

Bundan tashqari, serial o'z dohiyligini, insonni eng hayron qoldiradigan ishlarini doim eng oddiy ko'ringan ishlar bilan, qanaqadir g'alati narsalar bilan o'tkazadi. Yuqorida aytganim "Pickle Rick" epizodida oddiy tuzlama bilan shunaqa sarguzasht yaratishni boshqacha qanday tushuntirish mumkin? Yoki serialning hozircha eng katta yovuzi Rick Prime haqidagi epizodni ham o'ta noodatiy tarzda boshlashgan ijodkorlar, doim siz kutmagan tarafdan "hujum" qilishadi, va bundan ham yoqimli his yo'q odamda.

Rik va Morti: Sitkomdanda ko'proq.

Rik va Morti mutlaqo bir-biriga o'xshamaydigan qismlari evaziga o'zini juda ham tomoshabopligini saqlab qoladi. Uni istalgancha qismini bir o'tirishda tugatib qo'yish mumkin. Bu serialga nisbatan sitkom atamasi biroz torlik qiladi, to'g'ri sitkom bo'lishning har qanday talablarini qanoatlantiradi. Lekin Rik va Morti sarguzashtlarida voqealarning davomiyligi, bir-biriga bog'liqligi bor. Bundan tashqari ular har bir qism, yoki mavsum davomida rivojlanib boradi. Shunga ko'ra uni toza serial deb atasak ham hech kim xafa bo'lmaydi. Serialdagi yumor darajasi, Rikning 4-devorni buzishdagi hazillari, bundan tashqari o'zidagi o'ta jiddiy mavzularni, o'ta qiziq sarguzashtlar bilan yaxshi muvozanatda ushlovchi hikoya uslubi uning muxlislarini soni katta tezlik bilan ko'payishiga xizmat qiladi.

Yakun sifatida o'zimning serialdan hozirgacha bo'lgan top10 ro'yxatimni taqdim etsam:

  1. Ricklantis Mixup (s03e07)
  2. The Rickshank Rickdemption (s03e01)
  3. Fear no Mort (s07e10)
  4. Pickle Rick (s03e03)
  5. The Vat of Acid episode (s04e08)
  6. Rattlester Ricklactica (s04e05)
  7. Close Rick-Counters of the Rick Kind (s01e10)
  8. Unmortricken (s07e05)
  9. Total Rickall (s02e04)
  10. The Ricks must be crazy (s02e06)

Eslatma: serialning sakkizinchi mavsumi 2025-yilda chiqishi ko'zda tutilgan.

Hammaga yoqimli tomosha, yokida qayta tomosha tilaydigan jazz klubi sifatida:

Seb's !!!