March 19, 2021

Najot farishtasi 🕊️

Dushanba kuni barvaqt Sadiya oʻqishga otlandi. Alining uyiga nigoh tashlamay oʻtib ketmoqchi edi, osmondan tushgandek qarshisida yigit paydo boʻldi.
- Gaplashib olaylik! - buyruq ohangida dedi Ali.
- Daf boʻl! - dargʻazab boʻldi Sadiya uning ohangidan. - Shundoq ham kech qolyapman.
- Oʻzim eltib qoʻyaman. Bir necha soniya muhlat ber.
- Koʻzimga koʻrinma! - Alining koʻzlariga bor nafratini nigohi ila sanchib qoʻydi qiz.
Ali bunday munosabat kutmagan edi. Axir bu Sadiya! U arazlaydi ammo tez unutadi. Yana kuladi, kuldiradi. Nahotki xizmatkorligini yuziga solish shunchalar ogʻir botgan boʻlsa? Alining yaqinlaridan biri... yoʻq, eng yaqin odami ekanligini bilib turib shu birgina soʻz uchun uni zulmat ichra yolgʻiz tashlab ketish insofdanmi?
Ammo, Ali bilmas edi-ki, u ham qizning hayotidagi eng yaqin... hattoki xolasidan ham mehribon boʻlishi mumkin boʻlgan inson edi. Yagona najotkoridan ham haqorat eshitgach yana nima qilsin bu tilka-pora boʻlgan qalb?!
***
Oradan uch kun oʻtib oʻqishdan qaytayotgan Sadiya mahalla boshida motosiklda ketayotgan Aliga koʻzi tushdi. Uni koʻrdi-yu joyida qotib qoldi. Ali esa boshiga shlemni kiyib muyulish ortiga oʻtib ketdi. Sadiya bolaning ortidan uzoq termulib qoldi. Alining yuz-qoʻli shilinib yara-chaqa boʻlib ketgan, yanoqlari esa koʻkarib yotgan edi. Oynalarni sindirib isyon qilsa bunday koʻkarmaydi. U kim bilandir mushtlashgan. Yoʻq, aniqrogʻi oʻzini doʻpposlashlariga qoʻyib bergan.
Ertasi kuni Sadiya oʻqishdan vaqtli qaytib toʻgʻri Alining eshik qoʻngʻirogʻini jiringlatdi. Eshik ha deganda ochilavermadi, ammo Sadiyaning qarori qatʼiy edi. Birozdan soʻng Ali eshikni ochdi. Uning kepatasiga qarab boʻlmaydi.
- Yoʻqol, Sadiya.
Qiz indamay uni turdida ichkariga kirib ketdi. Ali dargʻazab boʻlib eshikni yopdi-yu qizning ortidan ergashdi.
- Shu yerda oʻtir! - dedi Sadiya mehmonxonaga kirib kelgan Aliga. - Oʻtir dedim, Ali Xan Saidov!
Sadiyaning jaxli chiqqan edi. Uning koʻzlarida olov yonib turardi. Ali hayrat ila unga tikilib kursiga qanday oʻtirganini bilmay qoldi. Sadiya boshqa xonadan dori qutisini olib keldi. Alining shilingan yuzini davolayman deb yaqinlashsa, dimogʻiga aroq hidi urildi.
- Ichdingmi?! - Ali yuziga tekkan paxtadan oʻzini olib qochish barobarida boshini irgʻib qoʻydi. - Ahmoq! Yaqinlaridan ayrilgan faqat senmi? Nyut seni shu ahvolda koʻrsa xursand boʻlarmidi? Boshqa jonivorlarga nima boʻldi? Shoʻrliklar dasdingdan och qolib ketgandir?
Ali spirtning achishtirishidan yuzini bujmaytirib turaverdi. Sadiya ishni yakunlab yigitning qoʻlini bint bilan qattiq bogʻlab qoʻydi.
- Nega kerak bu? - ajablandi Ali.
- Paying choʻzilgan. - dedi Sadiya yigitning qoʻlini sal burab.
Ali ogʻriqdan koʻzida oʻt chaqnab qoʻlini tortib oldi.
- Nima, shifokormisan?
- Yoʻq. Oyim doktor boʻlgan ekan.
Sadiya pastga tushib bir stakan suv olib chiqdi va dorilardan birini olib Aliga uzatdi.
- Mana buni ich.
Ali qarshiliksiz dorini ichib oldi.
- Endi uxla.
- A? - koʻzlarini chaqchaytirdi bola.
- Uxla dedim, Ali! Qayerda uxlash kerakligini bilsang kerak? Bir kami enagalik qilishim qolgandi.
Ali oʻrnidan turib oʻz xonasiga yoʻl oldi. Sadiya uning ortidan ergashib kelardi. Ali koʻrpani ochib joylashar ekan, Sadiya xona chetidagi stulga oʻtirib sumkasidan kitob chiqargancha mutolaaga kirishib ketdi.
- Nima sen shu yerda qolasanmi? - poʻngʻilladi Ali yumilib ketayotgan qovoqlarini arang ochib.

- Senga ishonch yoʻq... Darvoqe bir savol bersam?
- Xoʻsh?
- Dori qutidan biror marta foydalanmaysan. Lekin ichi doim toʻla boʻladi. Kerak boʻlmasa nega uyingda turadi?
- Bilmasam... Ehtimol bir kun kelib sen foydalanishingni bilgandirman? - Sadiya javob qaytarmadi. Ali koʻzini ochib yana gʻoʻngʻilladi. - Normal odamlarni uyida boʻladi-ku odatda?
- Ha, lekin sen normal odam emassan.
- Noyob nusxaligimni bilaman. - tirjaydi Ali koʻzlarini yumib.
- Maqtanchoq!
Ali yana nimadir demoqchi edi-yu qovogʻi koʻzini ochirmadi, tovushlar tomogʻidan yuqoriga koʻtarila olmay miyasida jaranglagancha qolib ketdi. Uyqu Alini yengdi. Birozdan soʻng yigit hurrak ota boshladi.
- Yana bu kishim umuman uxlamas emish. - kulib yubordi Sadiya uning qotib qolganini koʻrib.
Sadiya bir parcha qogʻozga uch-toʻrt satr soʻz yozib uydan chiqib ketdi.
Ali uygʻonganida quyosh endi ufqdan bosh koʻtargan edi. Atrofga alanglab koʻzi javon ustidagi yozuvga tushdi.

"Eshikni kalit bilan qulflab ketyapman. Hech qayerga chiqma, ertaga tushdan soʻng kelaman. Boʻrilar kelsa eshikni ochma, aqlli bola boʻlib oʻtir.
Sadiya"

- Voy shayton-ey! - kulib yubordi Ali.
Sadiya darsdan chiqib yana Alining uyiga keldi. Eshikni kalit bilan ochib ichkariga nigoh tashlagan edi, unga qurol oʻqtalib turgan Alini koʻrib baqirib yubordi.
- Nima balo esingni yeganmisan? Oʻzim kalit bilan qulflab ketgandim-ku! Yana kim ham kelardi, buncha vahimachisan? - dodlab berdi qiz.
- Vahimachi emasman, ehtiyot chorasi bu. - dedi Ali bir harakat bilan toʻpponchani koʻzdan gʻoyib qilib.
- Nima qilyapsan? - qiziqdi Sadiya.
- Reks bilan oʻynab oʻtirgan edik.
- Ali?
- Hm?
- Metroga tushganmisan?
- Ha, ish yuzasidan.
Sadiya koʻzlarini tepaga qilib oldi. Yana "ish"!
- Bugun boʻshmisan? Bilaman bekorchisan. Yur yangi ochilgan metrolarni aylanib kelamiz.
- Metroni aylanamiz? - ajablandi Ali. - Nima keragi bor?
- Yo tavba shunchaki aylanish mumkinmi, yoʻqmi?! Odamlar odatda yangi ochilgan joylarga boradi, qiziqqanidan koʻrib keladi. Men hali bora olmadim. Seni hamroh boʻl deyapman.
- Y-yaxshi. Hozirmi?
- Ha turaqol.
Ali uyda zerikib oʻtirgani yoki boshqa bir sababga koʻra osongina rozi boʻldi. Xonasiga kirib tayyorgarlik koʻrar ekan Sadiya ham sumkasini uyga tashlab chiqdi.
- Yoʻq yoʻq, yayov ketamiz. - eʼtiroz bildirdi Sadiya Alining garajga yoʻl olganini koʻrib.
- Yayov?
- Ha. Shunchaki sayr qilib borib kelamiz. Orqa mahalladan chiqsak, metro uzoq emas.
- Uzoq emas, atiga 26 daqiqalik yoʻl.
- Ana, aniq hisobini ham bilib oldik. - jilmaydi Sadiya.
Ali va Sadiya uzun-qisqa boʻlib yoʻlga otlanishdi. Sadiya Aliga bir necha bor qarab qoʻyib yana gap boshladi.
- Boʻying bunchalik balandligini bilmas ekanman.
- Sen koʻp narsani payqamaysan. - quruqqina javob berdi yigit.
- Ehtimol... Ali, nimalarni oʻylayapsan?
- Nyutni. Shu koʻchadan oʻtganimizda nimalar boʻlganini eslab ketyapman.
Odatda Ali sher bilan doim bir xil tarzda sayr qilgan boʻlsa-da bu Ali uchun juda koʻp narsalarni anglatardi. Goʻyo ular har safar qiziq mavzularda suhbatlashgan-u, gʻaroyib hodisalarga guvoh boʻlgandek.
- Ali menga ota-onang haqida gapirib ber. - soʻrab qoldi qiz yigitga eʼtiroz bildirib boʻlmaydigan nigoh bilan termulib.
- Onamni eslay olmayman. Ulgʻayishimdan oldin vafot etgan. Otam esa juda kambagʻal odam edi. Oʻzi piyonista va kashanda boʻlgan. Menga asosan ammam koʻz-quloq boʻlib turardi... Otam dori olib yurgan joyida katta qarzdor boʻlib qolgan edi. Vositachilar mening chaqqonligim, zehnim oʻtkirligi, topqirligim... Nima? - tutilib qoldi Ali Sadiyaning kulayotganini koʻrib.
- Oʻzingni maqtashni biram yaxshi koʻrasan-ki!

- Hechamda. Qanday taʼrif berishgan boʻlsa shunday aytyapman. Eshitmasang eshitma.
- Hazillashdim, arazlama. - yolgʻondan ensasini qotirdi Sadiya.
- Arazlamadim. - peshonasiga urdi Ali qizning gaplaridan jigʻibiyron boʻlib. - qisqasi mendan yaxshi yordamchi, aniqrogʻi xizmatkor chiqishini bilib oʻzlari bilan olib ketishgan. Evaziga otamning qarzlaridan kechib yuborishgan. Keyinchalik unga dori bermay qoʻyishdi. Nazarimda, shundan keyin u oʻlgan.
Ali otasiga nisbatan "oʻlgan" soʻzini shu qadar hissiz aytdi-ki, Sadiyaning eti jimirlab ketdi.
- Men esa xizmatkorligimcha qoldim. Taqdirimdan minnatdorman... U yerda juda koʻp narsani oʻrgandim.
- Taqdirga ishonasanmi?
- Ha... - esankirab qoldi Ali dabdurustdan berilgan bu savoldan. - Shekilli, qaydam. Oʻzing-chi?
- Ishonaman. Yo yaxshi boʻladi, yo yaxshilikka boʻladi.
- Sen ham aytib ber... Ota-onang haqida.
- Ularni umuman bilmayman. Otamni ham onamni ham ancha erta yoʻqotganman. Zigʻirday xotira ham qolmagan. Meni xolam katta qildi. Undan soʻrasam doim mavzuni burib yuboradi. Negaligini bilmayman.
- Sehrgar boʻlishsa kerak-da. - jilmaydi Ali.
- Sehrgar? - ajablandi Sadiya.
- Ota-onang sehrgar boʻlgani uchun xolang buni sendan sir saqlagan. Sening ham moʻjizakor qobiliyatlaringni yashirib kelishgan.
- Rostdanmi?
Sadiyaning bolalarcha hayratlanganini koʻrgan Ali bir tomondan kulgisi qistasa, bir tomondan qizning soddaligiga ham achindi.
- Sadiya, hazillashdim. Garri Potter ham xolasidan ota-onasi haqida soʻrab hech narsa bila olmagan. Shunchaki oʻxshatish-da...
- Ha... Men boʻlsam ishonib oʻtiribman.
- Soddasan-da!
- Shunaqaman-da. - koʻzlarini suzib jilmaydi Sadiya. - Demak, sen ham oʻxshatishlar qilyapsan. Qoyilmaqom!
- Bir kelib qoldi-da. - jilmaydi Ali.
Ular metroga yetgunga qadar turli mavzulardan gaplashib ketishdi. Ali yer ostidagi tumonat odamni koʻrib asabiylashdi. Poyezd kelgach ular ketadigan yoʻnalishda nisbatan odam kam boʻlgani uchun hotirjam boʻldi. Sadiya poyezd yurishidan oldin tutqichlarni mahkam ushlab oldi. Odatda muvozanatni saqlab qolishga juda qiynaladi. Alining oldida shart yiqilib tushsa bormi, ana sharmanda-yu mana sharmanda!
- Mana shu shovqinni jinim suymaydi. - butun poyezdga eshitiladigan qilib baqirdi Ali Sadiyaga biroz yaqinlashib.
- Buni ham oʻziga xos gashti bor. - oyoqlari uchida turib dedi qiz.
Ali yelka qisib qoʻya qoldi. Birozdan soʻng sal narida oʻtirgan ayolga oʻqrayib qoʻydi-yu Sadiyaga keyingi eshik oldiga borish kerakligini aytdi.
- Nima gap? - hech narsani tushunmadi qiz bazoʻr oldinga intilar ekan.
- Anavi ayolning atiri dimogʻni boʻgʻib qoʻyadi. Yana gupillatib sepib olibdi.
Sadiya Alining hid bilish qobilyati favqulodda kuchli ekanligini esladi. Yana "sassiq atir sepib olibsan" deb janjal koʻtarmasa boʻldi.
- Ali, kel bir oʻyin oʻynaymiz. - dedi Sadiya yangi bekatga yetib kelib, shovqin pasayganida.
- Qanday?
- Atrofdagi odamlarga qarab kuzatuvchanligingni ishga sol va meni hayron qoldir.
Ali jilmaydi. Chindan ham ajoyib tajriba maydoni. U hammani bir chetdan kuzatib chiqdi. Keyin Sadiya tomonga engashib xulosalarini aytdi.
- Chap tomondan boshlasak, birinchi yigit uchrashuvga ketyapti. Qimmatbaho soat, atir, sovgʻa. Lekin oʻzi metroda ketyapti. Sevgan qiziga ekanligi aniq. Uning oldidagi chol esa nabiralarini koʻrgani ketyapti. Qoʻlida shirinliklar solingan sumka bor. Ularning qarshisidagi ayol esa...
Poyezd toʻxtasa ham Ali ovozini pasaytirmagan edi, vagondagilar ularga tikilib qoldi. Sadiya esa uning gapini boʻlib qoʻydi.
- Ali, sekinroq gapir. - kulib yubordi qiz. - Men-ku yaxshi eshitaman, lekin atrofdagilar ham kar emas.

Ali keyingi odamlar haqidagi fikrlarini nisbatan past ovozda aytib chiqdi. Sadiya esa unga tan bermay iloj yoʻqligini anglab yetdi.
- Xoʻsh, agar shunchalik eʼtiborli boʻlsang, bitta oldingi bekatda tushib qolgan bolaning oyoq kiyimi rangini eslab qolishing kerak. - dedi Sadiya mamnun jilmaygancha. Ushbu savol diqqati boshqalarda boʻlgan Alini yengishiga qiz ishonar edi.
- Qizil. - Sadiyani lol qoldirib dedi Ali. - Ammo unga yarashmagan. Odatda yigitlarga bu rang yarashmaydi.
- Barakalla Ali Xan. Chindan ham hayron qoldirding.
Oʻsha kuni ular kech tushmasidan qaytib kelishdi. Yoʻl-yoʻlakay Sadiya Alining diqqatini tekshirish uchun turli savollar berib bordi. Va kutilganidek bexato javob olardi.
Metrodan chiqishganida Sadiya tilanchilik qilib oʻtirgan bir loʻli ayolga sadaqa berdi.
- Qizim, umringdan baraka top. Umring uzoq boʻlsin. Baxtli boʻlinglar. - Aliga ishora qilib qoʻydi ayol. - Shirindan-shakar farzandlaringiz boʻlsin.
- Yoʻq, xola notoʻgʻri tushundingiz. - izohlashga tushdi Sadiya.
- Ketdik. - Ali qizni tilanchidan uzoq olib ketdi. - Bundaylarga sadaqa berma. Oyoq-qoʻli butun boʻla turib ishlamaydi. Tekindan-tekinga odamlarning pulini olib parazitdek birovning hayoti evaziga yashaydi.
Sadiya "Senga oʻxshab ishlagandan koʻra tilanchilik qilgan yaxshi emasmi" demoqchi boʻldi-yu fikridan qaytdi.

Eng qiziqarlisi oldinda, bizdan uzoqlashmang