April 19, 2024

O'zbekiston davlat san'at muzeyi.

Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi — madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasa; Oʻrta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey. 1918 yilda Toshkent shahrida Xalq universiteti muzeyi sifatida asos solingan; keyinchalik Markaziy badiiy muzey, 1924 yildan Toshkent sanʼat muzeyi, 1935 yildan hozirgi nomda. Muzey Toshkentda yashagan knyaz N.K.Romanovning shaxsiy toʻplami (rus va Gʻarbiy Yevropa rassomlari yaratgan portret va tarixiy kartinalar, grafika va hay kaltaroshlik asarlari, badiiy mebel, chinni buyumlar va boshqalar) negizida vujudga kelgan. Turkiston oʻlkashunoslik muzeyining badiiy boʻlimidan va boshqalar muzeylarning fondlaridan, shaxsiy toʻplamlardan sanʼat asarlari keltirilib boyitilgan (V.L. Borovikovskiy, K. P. Bryullov, V. A. Tropinin, I.M.Nikitin, O.A.Kiprenskiy, I.K.Ayvazovskiy, S.V.Ivanov, I.N. Kramskoy, N.N.Ge, A.K. Savrasov, I. I.Shishkin, V.G. Perov va boshqalar); muzeyda 19-asr rus rassomlarining nodir asarlari toʻplangan (I.Ye.Repin, V. A. Serov, I.I. Levitan, N.K.Rerix va boshqalar). Muzey fondi 50 mingdan ziyod eksponatga ega (2005), tomoshabinlar soni yiliga 250 mingdan oshadi.Muzeyda Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati, Oʻzbekiston tasviriy sanʼati, rus sanʼati, Gʻarbiy Yevropa sanʼati, Xorijiy Sharq xalklari sanʼati boʻlimlari, xazina, taʼmirlash ustaxonasi, fotolaboratoriya bor, lektoriy tashkil etilgan. Muzey ilmiy muassasa sifatida Oʻzbekiston tasviriy sanʼati boʻyicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradi: sanʼat asarlari sotib oladi, ularni ilmiy yoritadi, muzey xazinasidagi sanʼat asarlarini tahlil qiladi, tavsiflaydi, ilmiy asarlar, katalog , albomlar nashr etadi (mas, "Yapon gravyurasi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi toʻplamida" katalogi; "Davlat sanʼat muzeyi" albomi, "Toshkentda eng yaxshi" turkum maʼlumot kitobi va boshqalar), xazinasidagi sanʼat asarlari asosida mavzuli koʻrgazmalar tashkil etadi, chet mamlakatlar (AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqalar) koʻrgazmalarida ishtirok etadi (jumladan, "EKSPO—2000" xalqaro koʻrgazmasi, Germaniyada; Xalqaro gilamdoʻzlik koʻrgazmasi hamda "Qadimshunoslik va amaliy sanʼat", AQShda va boshqalar). Ayniqsa, mustaqillik yillarida xorijiy mamlakatlar bilan ijodiy aloqalar kengaydi. Muzey Xalqaro muzeylar qoʻmitasi (IKOM) aʼzosidir.

Shu kabi qiziqarli malumotlarni o'qish uchun telegram kanalimizni kuzatib boring

👉 Telegram kanal