March 11, 2020

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI Davlat tili haqida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 21-dekabrdagi 168-I-sonli qarorining

2-bandiga

muvofiq mazkur Qonunning

9

va

10-moddalari

2005-yilning 1-sentabridan e’tiboran kuchga kiradi.

1-modda.

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.

2-modda.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi.

3-modda.

O‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilab beriladi.

Tilning Qoraqalpog‘iston Respublikasida amal qilishiga bog‘liq masalalar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Ushbu Qonun tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bog‘liq udumlarni ado etishda qo‘llanishini tartibga solmaydi.

Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar.

4-modda.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi.

Fuqarolarga davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshiriladi.

5-modda.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tilida faoliyat ko‘rsatadigan, milliy guruhlar zich yashaydigan joylarda esa — ularning tillarida faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarini tashkil etish ta’minlanadi.

6-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olishni ta’minlaydi.

7-modda.

Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi.

Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi.

Oldingi

tahrirga qarang.

Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin va Oliy Majlis palatalari tegishli qo‘mitalarining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etiladi.

(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son

Qonuni

tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 51-son, 514-modda)

8-modda.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi.

Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Muayyan millat vakillari zich yashaydigan joylarda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari respublika davlat tilida hamda mazkur millat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi.

9-modda.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi.

10-modda.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.

11-modda.

Sudlov ishlarini yuritish davlat tilida yoki o‘sha joydagi ko‘pchilik aholi tilida olib boriladi. Ishda ishtirok etayotgan, sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan tanishish, sud jarayonida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.

Oldingi

tahrirga qarang.

Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilishda davlat tili qo‘llaniladi. Iqtisodiy nizolar taraflarning roziligi bilan boshqa tilda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli

Qonuni

tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)

12-modda.

Oldingi

tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Fuqarolarning talabiga ko‘ra rasmiylashtirilgan hujjat matni notarius yoki notarial harakatni bajarayotgan shaxs tomonidan rus tilida yoki imkoniyat bo‘lgan taqdirda — boshqa maqbul tilda beriladi.

(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-255-sonli

Qonuni

tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 37-son, 313-modda)

13-modda.

Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin.

14-modda.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi.

15-modda.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar.

16-modda.

Televideniye va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olib boriladi.

17-modda.

Noshirlik faoliyati davlat tilida, ehtiyojlarni hisobga olgan holda esa, boshqa tillarda ham amalga oshiriladi.

18-modda.

Pochta-telegraf jo‘natmalari davlat tilida yoki fuqarolarning xohishiga ko‘ra — boshqa tilda amalga oshiriladi.

19-modda.

Muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matnlari davlat tilida bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan xalqaro tashkilotlar va muassasalar, qo‘shma korxonalarning, shuningdek milliy madaniyat jamiyatlari va markazlarining muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlari matnlarining tarjimasi davlat tilida takrorlanadi.

20-modda.

Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.

21-modda.

Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yo‘riqnomalar, etiketkalar bilan ta’minlanadi.

Oldingi

tahrirga qarang.

22-modda.

Geografik obyektlarning nomlari davlat tilida aks ettiriladi.

(22-modda O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-304-sonli

Qonuni

tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 41-son, 449-modda)

23-modda.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi matnlari, agar shartnomaning o‘zida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat tilida va ahdlashuvchi tomonning (tomonlarning) tilida yoziladi.

24-modda.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining

42-moddasi

.

(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 257-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2010-y., 37-son, 313-modda; 2011-y., 41-son, 449-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda)