19. Men – tangaman | Mening ismim Qirmizi
Men Usmonli davlatining yigirma ikki qiyratli oltin tangasiman. Ustimga sultonimiz, butun olamning hokimi hazratlarining muborak tug‘rosi zarb etilgan. Meni sulton xizmatidagi mashhur ustalardan biri, rassom Laylak chizgan; u meni shu yerda, ana shu shinam va mahzun qahvaxonada, dafn marosimidan so‘ng tasvirlagan. Yarim tunda bo‘lgani uchun u meni oltin suvi bilan qoplay olmadi, ammo bu yerda o‘zingiz ham hamma narsani tushunasiz. Mening tasvirim ko‘z oldingizda, lekin aslida men buyuk ustaning, birodaringiz Laylakning hamyonidaman. Mana, u o‘rnidan turib, meni hamyonidan oladi va sizga ko‘rsatadi. Assalomu alaykum, assalomu alaykum, usta rassomlar va boshqa mehmonlar, sizlarga tinchlik bo‘lsin! Mening yarqirashimdan ko‘zlaringiz katta ochiladi, oltin yonboshlarimda aks etgan sham shu’lalari yuragingizni hayajonga soladi va siz mening egam, usta Laylakka havas qilasiz. Ha, siz haqsiz, chunki men rassomning iste’dodini o‘lchash mumkin bo‘lgan yagona mezonman.
So‘nggi uch oy ichida usta Laylak xuddi menga o‘xshagan roppa-rosa qirq yetti oltin tanga ishlab topdi. Barchamiz mana shu hamyonda yotibmiz va ko‘rib turganingizdek, usta Laylak bizning borligimizni yashirmayapti. U Istanbulda bundan ko‘proq daromad qiladigan rassom yo‘qligini biladi. Men rassomlar tomonidan iste’dod va hurmat o‘lchovi sifatida qabul qilinishimdan, har qanday behuda bahslarga chek qo‘ya olishimdan juda faxrlanaman. Ilgari, siz qahva ichishga o‘rganib, ongingiz tiniqlashtirmasdan oldin, nodon rassomlar kechalari kimning mohirroq ekanligini, kimning ranglarni yaxshiroq uyg‘unlashtira olishini, kim daraxt yoki bulutlarni go‘zalroq chizishini aniqlashga urinib, bahslashishardi. Ish bahs bilan cheklanmas, deyarli har kecha ustalar mushtlashib, bir-birlarining tishlarini sindirishardi. Endi esa mening oqilona hukmronligim ustaxonalarda qadimgi Hirotdagidan qolishmaydigan do‘stona kelishuv va uyg‘unlikni o‘rnatdi.
Mantiqiy va izchil mulohaza yuritib, sizga bir oltin tangaga nimalar sotib olish mumkinligini aytib beraman: yosh va go‘zal cho‘rining oyog‘i, ya’ni cho‘rining ellikdan bir qismi; yong‘oq va suyakdan yasalgan ramkali yaxshi sartarosh ko‘zgusi; quyosh tasviri tushirilgan, to‘qson aqchaga kumush bilan bezatilgan va tortmalari bor chiroyli bo‘yalgan sandiq; bir yuz yigirma dona yangi pishgan non; qabristonda uch qabr uchun joy va marhumni ko‘tarish uchun zambil; kumush tumor; otning o‘ndan bir qismi; yoshi o‘tgan semiz cho‘rining oyoqlari; buzoq; Xitoydan keltirilgan ikkita a’lo likopcha; qafasi bilan birgalikda ov qarchig‘ayi; yunon Panayotning uzumzoridan o‘nta ko‘za sharob; va yana ko‘p narsalar - hammasi sanab bo‘lmaydi. Aytgancha, bir oltin tanga - bu saroy ustaxonasida ishlaydigan eronlik rassomlardan biri bo‘lmish tabrizlik Darvesh Mehmet va unga o‘xshagan juda ko‘pchilik bir oyda topadigan daromaddir.
Bu yerga kelishimdan oldin, men kambag‘al etikdo‘z shogirdning iflos paypoqida o‘n kun o‘tkazdim. Har kecha, uyquga ketishdan oldin, bechora meni nimaga sarflashi mumkinligini sanab chiqardi - bu uning allasi edi, uzoq va sehrli alla. Uni tinglar ekanman, pul hamma narsaga qodir, degan xulosaga keldim.
Eslay boshlaganim uchun davom etaman. Agar barcha sarguzashtlarim haqida yozib chiqilsa, bir nechta kitob bo‘lardi. Biz bu yerda o‘z davramizda o‘tiribmiz va agar siz sir saqlamoqqa qasam ichsangiz, usta Laylak esa xafa bo‘lmaslikka va’da bersa, men sizga bir sirni ochaman. Va’da berasizmi?
Yaxshi. Tan olaman. Aslida men Chemberlitashdagi zarbxonada zarb qilingan yigirma ikki qiyratli haqiqiy tanga emasman. Men qalbaki tangaman. Meni Venetsiyada past navli oltindan yasashgan, bu yerga olib kelishgan va usmonli oltini deb o‘tkazishgan. E’tirofimni bag‘rikenglik bilan qabul qilganingiz uchun tashakkur.
Venetsiya zarbxonasida bilganimday, bu ishni ko‘p yillardan beri qilishadi. Biroq yaqin vaqtlargacha g‘ayridinlar Sharqqa xuddi shu past navli oltindan o‘sha zarbxonada yasalgan Venetsiya dukatlarini olib kelishardi. Yozuvga ishonishga o‘rgangan usmonlilar, agar tangada "Venetsiya dukati" deb yozilgan bo‘lsa, bu haqiqiy Venetsiya dukati deb o‘ylashar, oltinning tarkibini tekshirish ularning xayoliga ham kelmasdi. Shu sababli soxta dukatlar butun Istanbulni to‘ldirib yubordi. Keyin usmonlilar tangalarni tishlab ko‘rishni o‘rganib oldilar: oltin kam, mis ko‘p tangalar qattiqroq bo‘ladi. Soxta dukatlarning bunday ayanchli taqdirga duchor bo‘lganini ko‘rgan venetsiyalik g‘ayridinlar usmonli oltin tangalarini zarb qilishga qaror qildilar: yana hech narsani payqashmaydi, deb o‘ylashdi.
G‘alati, shunday emasmi: hozirgi kunda venetsiyalik g‘ayridinlar mo‘yqalamni mato ustida yurgizganlarida go‘yo rasm chizmayotgandek, balki mavjud narsani qayta yaratayotgandek; biroq tangalar masalasiga kelganda, haqiqiy pullarni emas, qalbaki pullarni zarb qilishadi.
Venetsiyada bizni temir sandiqlarga solib, kemalarga joylashtirishdi. Kemalar to‘lqinlarda chayqalib, bizni Istanbulga olib ketdi. Yetib kelganimdan so‘ng ko‘p o‘tmay sarrofning do‘koniga tushib qoldim. Xo‘jayin meni sarimsoq hidi anqib turgan og‘ziga soldi. Tez orada do‘konga oltinni maydalatmoqchi bo‘lgan bir sodda dehqon kirib keldi. Firibgar sarrof: "Qani, tangangni ber-chi, tishimga solib ko‘ray-chi, soxta emasmi," dedi-da, uni ham og‘ziga soldi.
Sarrofning og‘zida uchrashganimizda, o‘sha tanga haqiqiy usmoniy ekanini ko‘rdim. U esa sarimsoq hidi anqib turgan og‘iz tubida meni ko‘rib: "Sen soxta ekansan-ku!" dedi. U haq edi, lekin uning takabburona qiyofasi meni shu qadar ranjitdiki, men: "O‘zing soxtasan!" deb yubordim.
Sodda dehqon esa shu payt maqtanardi: "Axir mening oltinim qalbaki bo‘lishi mumkinmi? Men uni yigirma yil oldin yerga ko‘mganman, o‘shanda bunday razilliklar haqida hech kim eshitmagan edi!"
Hammasi qanday tugashini taxmin qilayotganimda, sarrof dehqonning oltinini emas, meni og‘zidan oldi. "Ol, - deydi, - menga bunday matoh kerak emas! Bu Venetsiyaning yaramas kofirlarining qalbakilashtirgani-ku! Uyalmaysanmi?" Dehqonni butunlay uyaltirib tashladi. U nimadir aytmoqchi bo‘ldi-yu, ammo indamay meni olib, chiqib ketdi. Boshqa sarroflardan ham xuddi shuni eshitgach, u xafa bo‘lib, meni to‘qson akchaga almashtirdi - axir menda oz-moz oltin bor edi-da. Shu tariqa mening yetti yillik qo‘ldan-qo‘lga o‘tib sarson-sargardonligim boshlandi.
G‘urur bilan aytamanki, bu vaqtning ko‘p qismini, har qanday aqlli tangaga xos bo‘lganidek, Istanbulda, bir hamyondan boshqasiga, belbog‘dan cho‘ntakka o‘tib o‘tkazdim. Bir necha yil tosh ostida, qandaydir bog‘dagi ko‘zaga ko‘mib qo‘yilish haqidagi dahshatli tushim bir-ikki marta ro‘yobga chiqdi-yu, ammo to‘liq amalga oshmadi: g‘amgin tutqunlik davri har safar negadir uzoqqa cho‘zilmasdi. Men duch kelgan odamlarning ko‘pchiligi, ayniqsa soxtaligimni payqaganlar, mendan tezroq qutulishga intilishardi. Meni bergan odamni mening soxtaligim haqida ogohlantiradigan birorta ham kishiga duch kelmadim. Odatda boshqacha bo‘lardi: meni bir yuz yigirma akchaga sotib olgan bechora aldanganini sezishi bilanoq g‘azablanib, azob cheka boshlardi va mendan qutulmaguncha tinchini yo‘qotardi. Garchi bu azob chekuvchi o‘zi ham bir necha marta boshqalarni aldashga uringan bo‘lsa-da (bir necha marta - chunki shoshqaloqligi va g‘azabi tufayli ko‘p marta muvaffaqiyatsizlikka uchrardi), u o‘zini aldagan "vijdonsiz"ni chin dildan la’natlashda davom etardi.
Shu yetti yil ichida men besh yuz oltmishta egani almashtirdim. Istanbulda men bormagan uy, do‘kon, bozor, masjid, cherkov, sinagoga qolmadi. Sayohat qilib yurib, haqimda ko‘plab behuda mish-mishlar va afsonalar yurganini angladim - bunchalik ko‘pligini tasavvur ham qilmagan edim. Qanchadan-qancha yolg‘onlar to‘qishadi! Meni shafqatsiz, ko‘r, mendan boshqa qimmatli narsa yo‘q, boshqa pullarga yopishib olaman, afsuski, butun dunyo mening atrofimda aylanadi, meni tuban, iflos, razil, xohlagan narsani sotib olishi mumkin, deb yuzimga solishga urinishardi. Soxtaligimni fosh qilganlar esa bundan ham battar gaplarni aytishardi. Haqiqiy qiymatim qanchalik pasaysa, xayoliy qiymatim shunchalik ko‘tarilardi. Biroq, barcha ahmoqona ta’nalar va nohaq tuhmatlar-u bo‘htonlarga qaramay, ko‘pchilik meni chin dildan va ehtiros bilan sevishiga ishonch hosil qildim. Menimcha, dunyoda muhabbat kam bo‘lgan hozirgi paytda odamlarning bunday jo‘shqin, hatto ortiqcha tuyg‘ularga qodir ekanligi bizni quvontirishi kerak.
Ko‘chama-ko‘cha, mahallama-mahalla Istanbulning hamma burchaklarini aylanib chiqdim, yahudiy va abxazlar, arablar va mingrellarning qo‘llarini tanidim. Bir kuni Istanbulni tark etdim: meni Edirnadan Manisaga ketayotgan bir xo‘ja o‘z hamyonida olib ketdi. Yo‘lda "Hamyon yoki jon!" deb qaroqchilar hujum qilganda, bechora xo‘ja qo‘rqqanidan bizni orqa teshigiga yashirdi. U yerdan sarimsoqxo‘r odamning og‘zidan ham badbo‘yroq hid kelardi va umuman juda noxush edi. Yaxshisi, bu tor teshikda qanday dahshatlarni boshdan kechirganimizni sizga so‘zlab bermayman. Mana shu sababdan ham Istanbuldan tashqariga chiqishni yoqtirmayman.
Istanbulda meni doim erkalatib, e’zozlab kelishgan. Yosh qizlar meni xuddi xayolidagi erlaridek o‘pishardi, duxoba xaltachalarga solib, yostiqlar ostiga, to‘liq ko‘kraklari orasiga va ich kiyimlariga yashirishardi, hatto ba’zan uyqusida ham joyimda ekanligimni tekshirib ko‘rishardi. Meni hammom o‘chog‘iga, etikka, kichkina shishaga (bu atir sotuvchining do‘konida edi, u yerda ajoyib hid bor edi!), bir oshpaz yasmiq solingan qopning ichiga yasagan yashirin joyga berkitishardi. Men tuya terisidan yasalgan kamarlarda, Misr guldor matosidan tikilgan kiyimlar astarida, movut patakli tuflilar ichida, rang-barang ishtonlarning maxfiy cho‘ntaklarida Istanbulni kezib yurardim. Soatsoz Petro meni mayatnikli soat ichida, yunon baqqol esa qo‘y pishlog‘ining boshchasida saqlardi. Meni muhrlar, qimmatbaho toshlar va kalitlar bilan birga jun matoga o‘rab, mo‘rikonlarga, o‘choqlarga, deraza tokchalari ostiga, dag‘al poxol to‘ldirilgan yostiqlar orasiga, javon va sandiqlarning yashirin bo‘lmalariga berkitishardi. Tushlik paytida yashirin joyimdan g‘oyib bo‘lmaganimni tekshirish uchun bir necha bor dasturxondan turadigan oila boshliqlari, hech qanday zarurat bo‘lmasa-da, xuddi qand bo‘lagidek og‘ziga solib yuradigan emizikli onalar, meni hidlab, burunlariga tiqib oladigan bolalar, kuniga yetti marta menga qarashga majbur bo‘lgan, bir oyog‘i go‘rda turgan qariyalarni ko‘rdim. Bir cherkas ayoli uyni kun bo‘yi yig‘ishtirib, yuvib, supurib-sidirardi, keyin bizni xaltachasidan chiqarib, cho‘tka bilan artardi. Bir ko‘zli sarrofning bizdan to‘xtovsiz minoralar yasashini, atirgul hidi anqib turgan hammol va uning butun oilasining bizni go‘zal bog‘ni tomosha qilgandek zavq bilan kuzatishini, hozir biz bilan birga bo‘lmagan bir rassom esa (uning ismini aytmaylik) kechqurunlari bizni goh u yoqqa, goh bu yoqqa terib chiqishini ko‘rdim. Qizil yog‘ochdan yasalgan qayiqlarda suzdim, saroyda bo‘ldim. Meni Hirot san’ati bilan bezatilgan kitoblarda, atir sepilgan tuflilardagi poshnalarda, egar qoshlarining ostida saqlashardi. Men yuzlab qo‘llarni ko‘rdim - iflos, tukli, semiz, yog‘li, qaltiroq, ajin bosgan. Afyunxonalar, shamxonalar, baliq dudlash ustaxonalari va butun Istanbulning ter hidiga to‘yindim. Barcha bu tashvishlar va sarguzashtlardan so‘ng, navbatdagi egamning tomog‘ini kesgan tungi o‘g‘ri o‘z kulbasida meni hamyondan chiqarib, ustimga tupurib: "Eh, hammasi sening kasofatingdan!" deganida, yuragim shunchalik o‘rtandiki, yo‘q bo‘lib ketgim keldi.
Lekin agar men yo‘q bo‘lsam, rassomlar qaysi biri yaxshi-yu, qaysi biri yomon ekanligini aniqlay olmaydilar va bir-birlarini yo‘q qila boshlaydilar. Shuning uchun ham men g‘oyib bo‘lmadim, balki eng iste’dodli va aqlli rassomning hamyoniga tushib, bu yerga keldim.
Agar siz undan yaxshiroq bo‘lsangiz - marhamat, meni qo‘lga kiriting.