«Men»ing «Sir»im
«Men»ing «sir»im biri nafsdan biri o'limdan hikoya qiladi. O'z holimizda: biri juda yoqimli birini o'ylash esa qo'rquv beradi. Yakunda yo'limiz bu ikkisi haqidagi fikrimizni teskari qilishdan iborat. Birini yoqimsiz, birini mujda deb bilamiz. Biz yo'lga chiqdikmi yoki hali ham to'xtab turibmizmi yoki ortga ketdikmi, buni ham bilishimiz mushkul. Aslida qayoqqa qarab yurishimiz kerak? Qay bir yo'l bizni maqsadga yetaklaydi?
Hozirda turk tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinayotgan asarlar, o'z tilimizdan yozilayotganlaridan ko'p desak adashmaymiz. Bu aslida fojeamiz. Bu haqida to'xtalmaymiz. Turk adabiyotlari haqida bir ikki shaxsiy firklarni bildirib o'tsam.
O'nga yaqin turk yozuvchilarining yigirmadan ortiq asarlari bilan tanishib chiqqan bo'lsam, birgina Rashod Nuri Guntekinning asarlari haqida ijobiy fikrga kelganman. (Balkim asarlari menga qiziq bo'ladigan yana boshqa adiblar ham bordir, lekin hozirgacha bo'lgan xulosam shunday). Badiiy asarlardagi qahramonlarning harakterlari, voqealarning real hayotga muvofiq ekanligi (fantastik, anti-utopik asarlar mustasno), asarning til uslubi, asarning g'oyasi jihatidan baholaganda yuqori saviyadagi asarlar kam. (Bu fikrlar faqat badiiy asarlar haqida. Ilmiy, shaxsiy rivojlanishga oid, diniy asarlarda yuqoridagi kabi jihatlar istisno qilinadi).
Ba'zi bir kitoblar yoki filmlar bo'ladi, uni siz nimani hikoya qilinishini bilsangiz ham qayta-qayta o'qiyverasiz. Chunki uni sizga o'zingiz bilmaydigan qandaydir zanjir bog'lab turadi. Doim o'ziga tortadi va qalbingizni so'zi bilan muvofiq keladi. Yosh turk yozuvchisi Fotih Duman turk adiblari orasida kitoblari menga yoqadigan ikkinchi shaxs bo'ldi desam xato bo'lmaydi. Muallifning "Men" asaridagi Aziz Mahmud Hudoiy hazratlarining hikoyasi o'zbek xalqi uchun begona emas. Ko'pchilik Aziz Mahmud Hudoiy haqidagi film orqali u kishini yaxshi tanishadi. Kitobda hikoya qilinadigan hodisalar ham aynan filmda taqdim qilingan ma'lumotlarni beradi. Ammo kitobda foydanilgan uslub, avval bironta asarda uchramagan (to'g'rirog'i men uchun yangi) uslubda bayon qilingan. O'quvchi kitobni mutolaa qilar ekan huddi o'zi bilan suhbat qilayotgandek tuyiladi. Unda aytiladigan so'zlar begona emas. Huddi har kuni eshitagan o'z ismi kabi tanish. Asar huddi yuzingizga oyna tutib undagi loylarni ko'rsatib beradigandek. U aytadigan har bir so'zni beixtiyor tasdiqlab yuborasiz.
Nafs shunday raqibki, u ochiq oydin oldingizda turmaydi. Uning maqsadi nimani o'ylayapti bilmaysiz. Har gal zarbani o'tkazib yuborgandan keyingiga og'riqni sezasiz. Ammo ko'pchilik bu zarbani nafs berganlini sezmaydigan darajada befarq bo'lib ketadi. Kitob sizga nafsni bir ma'noda oldingizga olib chiqib ko'rsatadi. Uni yaxshiroq tanib olasiz va uning hiylalarini o'z tilidan eshitasiz. Shunday bo'lganda ham bu uni to'liq tanib olganingizni yoki qisman tanib olganingiz bilan ham uni yenga olasiz degani emas. Nafs devorini ko'rib turibman ham boshingizni qayta-qayta unga uraverasiz. Har urishingizga undov har gal har xil uslubda har xil tomondan bo'ladi. Siz kitobda nafsning asosiy hiylalari haqida xabardor bo'lasiz.
Tarixda nafsni qaddini bukib, uning burini yerga ishqalagan kishilar, umum insoniyatga nisbatan olganda juda kam. Aziz Mahmud Hudoiy hazratlari ana shundan kishilar silsilasining bir zanjiri hisoblanadi. U zotning bu mashaqqatli yo'lni qanday bosib o'tganlari, qiyinchiliklar, yo'qotishlar qanday kechgani mahorat bilan tasvirlangan. Agar mulohaza qilib ko'radigan bo'lsak, nafs bilan kurash va uning hiylalari insonlarning yuzlari kabi ko'p. Ammo jism kabi o'xshashliklar ham borki, bu har bir insonda takrorlanadi.
Agar ushbu asar kim uchundir qiziq bo'lsa, tasavvuf ahllarining manoqiblari haqida hikoya qiluvchi boshqa asarlarga ham murojaat qilsalar manfaatli bo'ladi. Har bir shaxsiyat haqida o'rganilar ekan, ayni kitobda keltirilgan uslub jihatiga moslab tafakkur qilinsa, maqsad xosil bo'ladi. Ana shunday asarlardan biri Fariduddin Attorning "Tazkiral-avliyo", Abdulfattoh Abdul G'uddaning "Sahifalar", "Ulamolar nazdida vaqtning qadri", Muhammad Shafe' Usmoniyning "Majolisul hakimul umma" va Imom Qushayriyning "Risolatul-Qushayriyya" asarida keltirilgan shaxsiyatlar bilan tanishib chiqishlari mumkin.
Insonning aqli cheklangan. Hamma narsani ham qabul qilolmasligi, ishonolmasligi mumkin, ammo bu haqiqatni yo'qqa chiqarmaydi. Shaxsiyatlar haqida, ular qilgan amallarni o'rganar ekansiz, sizda ham ayni shunday fikrlar kelishi tabiiy. Qanday qilib, bo'lishi mumkin emas degan fikr aqlga keladi. Abdulfattoh Abulg'udda rahimalullohning "Sahifalar" asarining boshlanishi ham ayni mana shu narsani muolaja qilish uchun insonning aqli qabul qilmasa-da, hayotida davomida biron marta yolg'on gapirmagan o'ta rostgo'y ulamolarning xabarlari berilgan. Hayotda shunday kishilar yashab o'tganki ularning qilgan ishlarini inson aqli qabul qilolmaydi, ammo bu ularning ana shunday ishlarni qilganlarini inkor qilishga asos bo'lmaydi.
"Men" asarining muallifi qo'llaydigan uslublaridan yana biri, ikki davrdagi ikki voqelikni, bir-biriga bog'lagan holatda hikoya qilish ekan. Bu bir jihatda tarixda bo'lgan holatlarni bugungi kunimiz bilan taqqoslashga yordam beradi. Zamon o'zgargani, qarashlar, fikrlar turlicha bo'lgani bilan rioyalar, hodisotlar, umum maslaklar o'zgargan emas.
Ba'zi narsalar bizning fikrimizcha yomon ko'rinadi, aslida uning yaxshi yoki yomon ekanligi bizni tushunchamizga ko'ra, bizning fikrimizcha bo'ladi xolos. Aslida biron nimaning moyihatini Alloh belgilab beradi. Bir yomon ish deb bilgan narsamizni ko'rdik. Jumla insondan so'rasangiz uni yomon deydi. Uning asli Allohning hikmatida yaxshi narsa bo'lishi mumkin. Yoki aksincha, bir nimani butun insoniyat yaxshi deb biladi. Aslida u Allohning huzurida eng yomon ish bo'lib chiqishi mumkin.
Hamma yomon deb o'ylagan o'lim ham kishilarning qarashlarida yaxshi yoki yomondek ko'rinadi. Ko'p kishilar o'limdan qo'rqadi. Huddi imtihonga tayyorgarlik ko'rmagan odamdek hadikda turadi. Biladiki imtihonga kirib, o'tolmasligini va sharmanda bo'lishini. Unga tayyor bo'lgan kishi uchun esa imtihon bir bayram. Chunki bu uni yuksak darajaga olib chiqadi, avvalgi holatidan yaxshi tomonga yo'naltiradi. O'lim atrofimizdagi kishilarni, yaqinlarimiz, tanishlarimizni olib ketganda biroz tafakkur qilamiz. O'limni eslaymiz, biroz ibrat olgandek ham bo'lamiz. Ammo yana dunyo o'zining nag'masi bilan qalblarimiz, aqlimizni egallab o'limni unuttiradi. Bizni sog'ligimiz, boyligimiz, mavqe martabamiz aldab qo'yadi. O'lim uchun bu narsa zarracha to'siq bo'lolmasligini bot-bot aytib tursakda, uning tub mohiyatini anglamaymiz.
Salaf ulamolaridan ba'zilarining hayotlaridan hikoya qilinib, agar unga bugun o'lishi haqida xabar berilsa, doim qiladigan amalidan hech narsa ziyoda qilolmasdi, deyiladi. Ya'ni shundoq ham ular har kunini o'ladigan kishidek yashashgan va shunga yarasha amal qilishgan. Biz ortga surayotgan amallarimiz, ayni sog'lig'imiz va boshqa imkoniyatimizga suyanishimiz desak xato bo'lmaydi.
Endi kitob haqidagi fikrlarga o'tsak.
Muallif avvalgi kitobdagi kabi hozirgi va o'tmishdagi voqealarni hikoya qiladi. Biridan ikkisiga ko'chib o'tarkan, ikki davrning bir-biriga qilingan ishoralarini uqish mumkin. Bu safargi asar qahramoni yana bir turkiy tasavvuf namoyondalaridan biri Yahyo afandi hazratlari. Bu zot bizning diyorlardagi ko'pchilik uchun noma'lum bo'lishi mumkin. Shu sabab u kishi haqlarida ba'zi ma'lumotlarni tanishib o'tsak.
Beshiktoshi Yahyo Afandi yoki Mulla Shayhzoda Yahyo 1494 yil Turkiyaning Trabzon shahrida tug'ilgan. Uning otasi Shomiy Umar Afandi onasi esa Afifa xotun bo'lgan. Shomiy Umar Afandi Trabzon qozisi bo'lgan. U kishi shahzoda (keyinchalik Usmonli xalifasi) Sulton Salim bilan qadrdon bo'lgan. Oilalari ham bir-birlari yaqin bo'lgan. Yahyo Afandi Sulton Salimning o'g'li Sulaymon bilan emikdosh aka-uka hisoblanishadi.
Shomiy Umar Afandi Trabzondan keyin qayerda faoliyat olib borganligi haqida ma'lumot yo'q, ammo Damashqda vafot etganligi aytiladi.
Yahyo Afandining bolaligi Trabzonda o'tgan. U yerda madrasalarda ta'lim olgan va o'zi ham keyinchalik mudarrislik qilgan. Sulton Salim taxtga o'tirgach va Yahyo Afandi ham oilasi bilan Istanbulga ko'chib o'tadi. Yahyo Afandining Istanbulda Zenbilli Ali Afandida ta'lim oladi. Ustozining vafotidan so'ng Jonzob Mustafo Afandi madrasasida mudarrislik qilishni boshlaydi. Shundan so'ng bir qancha madrasalarda mudarris bo'lib ishlaydi. Xususan, Xojihasanzoda, Efdaliya, Gebzoda Koban Mustafo Posho, Üskudarda Mihrimah Sulton va Sahn-i Seman madrasalarida faoliyat boshlagan. Sulton Sulaymon taxtga o'tirgan, juda ko'p masalalarda Yahyo Afandidan maslahat qilar edi.
Yahyo Afandi umrining so'ngiga qadar talabalarda ilm o'rgatish va ularni tarbiyalash bilan mashg'ul bo'ldi. Zulhijja oyining 9 kuni 978 yilda (4 May. 1571 yil) vafot etdi. Janozasi hayit namozidan so'ng o'qilgan. Alloh u kishini rahmatiga olsin!
Fotih Dumanning "SIR" asari boshidanoq o'quvchini sirga qiziqtirib qo'yadi. Asarning so'nggigacha o'qib borilar ekan, o'sha sir nimadan iborat ekanligini asta-sekin tushunib olinadi. Avvalgi asarda asosiy voqealiklar "nafs" atrofida aylansa, bu asarda "o'lim" mavzusi atrofida jarayonlar sodir bo'ladi. Avval boshda o'limni o'ylab qattiq qo'rquvga tushadigan qahramon, o'lim aslida rahmat ekanligini tushunib yetadi.
Ikki asarning syujet voqealiklariga ko'p to'xtalib o'tirmay, xulosani o'quvchining o'zi anglab olishini to'g'ri deb o'ylayman. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, ikki asarni o'qish uchun ajratgan vaqtingizga achinmaysiz. U sizga avval hech qayerda olmagan tassurotlarni beradi.