Donishmandlik siri | Rey Bredberi
Xona ko‘zga ko‘rinmas olovdan yorug‘ va shinam bo‘lgan katta issiq o‘choqqa o‘xshardi. Kaminning deyarli o‘chib qolgan, unda faqat nam xodalar ustida cho‘g‘lanib turgan uchqunlar va ozgina taft bor edi, undan faqat tutun va to‘q sariq ko‘zlari miltillayotgan bir nechta cho‘g‘ qolgandi. Xonani asta-sekin to‘ldirib, so‘ng yo‘qolib, yana qayta to‘ldirayotgan musiqa sadolari yangramoqda edi. Uzoq burchakda, yozgi sarg‘ish devorlarni yoritib limon rangli abajurli yolg‘iz chiroq yonib turardi. Benuqson sayqallangan parket qora daryo suvidek yaltirar, unda Janubiy Amerikaning yovvoyi qushlarini eslatuvchi gilamchalar suzib yurardi, ularning patlari ko‘m-ko‘k, oppoq va yam-yashil changalzorga o‘xshardi. Yangi uzilgan issiqxona gullarining sokin alangasi bilan to‘la oq chinni guldonlar to‘rtta kichkina stolcha ustiga terib qo‘yilgandi. Kamin tepasidagi devordan esa ko‘zlari xuddi kamin koshinlari rangidek tiniq moviy, jonli va ziyolilarcha ta’sirchan bo‘lgan jiddiy yigitning portreti qarab turardi.
Agar bu xonaga birov ohista kirib kelganida, u bu yerda ikki kishi borligini payqamasdi ham - ular shu qadar jim va qimirlamay o‘tirishardi.
Biri oppoq divanga suyanib, ko‘zlarini yumib o‘tirardi. Ikkinchisi shu divanda yotar, boshini birinchisining tizzasiga qo‘ygandi. Uning ham ko‘zlari yumuq, quloq solardi. Deraza ortida yomg‘ir shitirlardi. Musiqa tindi.
Shu zahoti eshik orqasida ohista tirnash eshitildi.
Ikkovi ham bir-biriga hayron bo‘lib qarab qo‘yishdi, go‘yo: odamlar, ma’lumki, tirnamaydi, odamlar taqillatadi, deyishayotgandek edi.
Divanda yotgan kishi sapchib o‘rnidan turdi-da, eshik oldiga yugurib borib, chaqirdi:
- Bo‘lmasa-chi! - cholning yengil irlandcha talaffuzli ovozi eshitildi.
Yigit eshikni lang ochib, past bo‘yli, dum-dumaloq cholni isitilgan xonaga sudrab kirdi.
- Tom, bolaginam, Tom, seni ko‘rganimdan juda xursandman!
Ular bir-birlarini ayiqday quchoqlab, yelkalarini qoqib qo‘yishdi. Keyin chol xonada yana kimdir borligini payqab, orqaga tisarildi.
Tom keskin o‘girilib, boshqa yigitni ko‘rsatdi:
- Bobo, bu Frenk. Frenk, bu bobom, ya’ni... jin ursin...
Qariya bir daqiqalik sarosimani bartaraf etdi: mayda-mayda qadam tashlab Frenkning yoniga yugurib keldi, uning qo‘lidan ushlab tortdi. U o‘rnidan turdi va endi chaqirilmagan tungi mehmon tepasida tog‘dek ko‘tarilib turardi.
- Demak, sen Frenksan-da? - qichqirdi unga chol.
- Ha, ser, - balandlikdan javob berdi Frenk.
- Men besh daqiqacha eshik tagida turdim... - dedi bobo.
- Besh daqiqa? - xavotirlanib so‘rashdi ikkala yigit.
- ...taqillatish yoki taqillatmaslikni o‘ylab. Bilasanmi, musiqani eshitib, oxiri o‘zimga-o‘zim dedim: jin ursin, agar u yerda qiz bola bilan bo‘lsa, yo uni yomg‘irda derazadan tashlab yuborsin, yoki bobosiga uning qanday go‘zalligini ko‘rsatib qo‘ysin. Jin ursin, dedim-da, eshikni taqillatdim va... - u yirtiq sakvoyajini yerga qo‘ydi, - bu yerda hech qanaqa qiz yo‘q, ko‘ryapman... yoki siz, jin ursinlar, uni omborxonaga tiqib qo‘ydingizmi, a?
- Bu yerda hech qanaqa qiz yo‘q, bobo, - Tom qo‘llari bilan xonani ko‘rsatdi.
- Biroq... - Bobo yaltirab turgan polga, oppoq gilamchalarga, yorqin gullarga, devorlardagi portretlardagi sergak nigohlarga ko‘z yugurtirdi. - Demak, siz undan vaqtincha kvartira olib turgan ekansiz-da?
- Aytyapman-ku, bu xonaning ko‘rinishi shunaqa, ayol kishining qo‘li sezilib turibdi. Xuddi sayyohlik idoralari vitrinalaridagi kruiz paroxodlari reklamasiga o‘xshaydi, men bunday reklamalarni umrimning yarmida tomosha qilganman.
- Xo‘sh, biz... - gap boshladi Frenk.
- Bilasizmi, bobo, - dedi Tom yo‘talib, - bu yerda hamma ishni o‘zimiz qildik. Ta’mirladik.
- Ta’mirladingizmi? - Cholning jag‘i ochilib qoldi. Uning ko‘zlari hayrat bilan xonani aylanib chiqdi. - Bularning hammasini ikkovingiz qildingizmi? Qoyil!
U ko‘k-oq sopol kuldonni ushlab ko‘rdi va engashib, kakadu singari yorqin gilamchani siladi.
- Xo‘sh, qaysi biringiz nima qildingiz? - deb so‘radi u bir ko‘zini qisib, sinchkovlik bilan ularga qarab.
Tom qizarib ketdi va duduqlanib dedi:
- E, yo‘q-yo‘q, jim bo‘l! - qichqirib yubordi chol qo‘lini ko‘tarib. - Nima balo, ostonadan turib ahmoq itga o‘xshab hidlay boshladim-ku, lekin hech qanaqa tulki yo‘q. Bu la’nati eshikni yoping. Yaxshisi, mendan so‘ra, qayerga ketyapman, nima qilmoqchiman, qani, so‘ra-chi. Darvoqe, biz chalg‘ib ketgunimizcha, suratlar galereyangizda bitta Yirtqich yugurib o‘tmadimikin?
- Bu yerda shunday Hayvon bor!
Tom eshikni yopdi, bobosining issiq paltosini qoqdi, uchta stakan va bir shisha irlandcha viski olib keldi; chol uni xuddi chaqaloqdek mehr bilan siladi.
- Mana bu boshqa gap. Nima uchun ichamiz?
- Nima uchun? Siz uchun, bobojon!
Chol avval Tomga, keyin uning do‘sti Frenkka qaradi.
- Voy Xudoyim-ey, - xo‘rsindi u, - ikkovingiz ham juda yoshsizlar, yuragim achiydi. Qani, kelinglar, yosh qalblar, qizil yuzlar uchun, butun hayotingiz oldinda ekanligi va qayerdadir faqat baxt kutayotgani uchun ichaylik - kel, ol. To‘g‘ri aytyapmanmi?
- To‘g‘ri! - deyishdi ikkovlari baravariga va ichib yuborishdi.
Ular ichishar ekan, uchovlari bir-birlariga quvnoq, ehtimol, hadiksirab qarab turishardi. Yoshlar cholning qizil va quvnoq yuzida, garchi ajin bosgan bo‘lsa-da, hayotning murakkab izlari borligini, yillar osha ko‘rinib turgan Tomning yuzi aksini ko‘rishdi. Ayniqsa, cholning moviy ko‘zlarida devorga osib qo‘yilgan portretning ko‘zlaridagi kabi o‘tkir aql uchquni sezilib turardi - bu ko‘zlar to dafn tangalari og‘irligidan yumilmaguncha yosh bo‘lib qolaveradi. Cholning lab burchaklarida Tomning yuzida tez-tez paydo bo‘lib turadigan o‘sha tabassum bor edi, cholning qo‘llari esa Tomning qo‘llari kabi hayratlanarli darajada chaqqon va epchil edi, go‘yo cholning ham, yigitning ham qo‘llari qandaydir mustaqil hayot kechirayotgandek va ataylab har xil sho‘xliklar qilayotgandek edi.
Ular shunday ichishar, bir-birlariga engashishar, jilmayishar, yana ichishar, har biri o‘zini xuddi ko‘zguda ko‘rgandek boshqasida ko‘rardi, ikkalasi ham mana shu yomg‘irli kechada ko‘zlari, qo‘llari, fe’l-atvori o‘xshash keksa chol bilan navqiron yigitcha uchrashganidan, yana yaxshi viski ichganlaridan zavqlanishardi.
- Oh, Tom, Tom, seni ko‘rish naqadar yoqimli! - derdi bobo. - Dublinda to‘rt yil sensiz zerikdim. Lekin, jin ursin, endi o‘lib ketyapman. Yo‘q, sababini so‘rama. Doktor menga, uning jonini olsin, shunday dedi, bu xabar men uchun xuddi boshimga bolg‘a bilan urgandek bo‘ldi. Shunday qarorga keldim: qarindosh-urug‘larimning yo‘l xarajatlarini to‘lashidan ko‘ra, qari qirchang‘i bilan vidolashish uchun o‘zim xayrlashuv safarini uyushtirib, hamma bilan qo‘l berib ko‘rishaman, hamma bilan ichib qo‘yaman. Shuning uchun bugun shu yerdaman, ertaga Londondan tashqariga chiqib, Lyusini ko‘raman, keyin Glazgoga borib Dikni ko‘raman. Hech kimga og‘irligim tushmasligi uchun har birining uyida bir kundan ortiq qolmayman. Xo‘sh, nega menga og‘zingni ochib qolding? Menga achinishing uchun kelganim yo‘q. Men sakson yoshga kirdim, endi ma’rakalarni o‘tkazish payti keldi, buning uchun pul yig‘ib qo‘yganman, shuning uchun pul haqida og‘iz ochmayman. Men hamma bilan ko‘rishgani, hamma sog‘-salomat va quvnoq ekanligiga ishonch hosil qilgani ketyapman, shunda xotirjam bo‘lib, yengil jon bera olaman, agar imkon bo‘lsa. Men...
- Bobo! - xitob qildi birdan Tom va uning yelkasidan ushlab mahkam quchoqladi; nabirasini ko‘z yoshlari tomog'iga tiqildi.
- Bo‘ldi-bo‘ldi, yetar, bolakay, rahmat, - dedi chol. - Menga sening nigohingdan ko‘rganlarimning o‘zi kifoya. - U nabirasini sekingina o‘zidan nari surdi. - Menga Londonni, ishingni, uyingni gapirib ber-chi. Sen ham gapir, Frenk. Tomning do‘sti men uchun qarindoshdek gap! Hammasini gapiraver, Tom!
- Kechirasiz. - Frenk eshikka otildi. - Ikkovingizni ham gaplashadigan gaplaringiz bor. Men ba'zi narsalarni xarid qilishim kerak, shunga ma'zur tutasizlar...
Faqat shundan keyingina chol kamin ustidagi portretga astoydil razm soldi, yaqinroq kelib, qo‘lini cho‘zdi va ko‘zlarini qisib, pastdagi imzoni o‘qidi.
- Frenk Devis. Senmisan, bolakay? Buni sen chizganmiding?
- Ha, ser, - javob berdi Frenk eshik oldida turib.
- Uch yilcha bo‘ldi shekilli. Ha, uch yil.
Chol asta bosh chayqadi, go‘yo bu tafsilot u tinmay o‘ylayotgan ulkan jumboqqa nimanidir qo‘shgandek edi.
- Bilasanmi, Tom, bu kimga o‘xshaydi?
- Ha, bobo. Sizga. Ko‘p yillar muqaddam.
- E, sen ham sezdingmi? Xudo haqqi, aniq. Axir bu men o‘n sakkiz yoshimda, butun Irlandiya, uning yam-yashil o‘tloqlari, nozik qizlari hali oldinda bo‘lgan paytim. Bu xuddi o‘zimman. Xudo shohid, men yaxshi yigit edim, sen ham, Tom. Sen esa, Frenk, xudo shohid, haqiqiy sehrgarsan. Sen zo‘r rassomsan, bolakay.
- Qo‘limdan kelganini qilyapman. - Frenk asta-sekin xona o‘rtasiga qaytdi. - Bilganimni qilaman.
- Tomni esa sochlarining uchigacha, kipriklarining uchigacha bilasan. - Chol kulimsirab o‘girildi. - Xo‘sh, Tom, mening ko‘zlarim bilan dunyoga qarash senga yoqadimi? O‘zingning qahramon ekanligingni, dunyo Dublin bozoridagi baliq qatoridek oyoqlaring ostida yotganini his qilyapsanmi?
Tom kulib yubordi. Bobo ham. Ularning ortidan esa Frenk ham.
- Yana bir stakandan. - Chol hammaga viski quydi. - Keyin esa odob bilan qochib ketishingga yo‘l qo‘yamiz, Frenk. Faqat albatta qaytib kel. Sen bilan gaplashib olishim kerak.
- Nima haqida? - so‘radi Frenk.
- Buyuk sirlar haqida. Hayot haqida, Vaqt haqida, Borliq haqida. Seningcha, yana nima haqida bo‘lishi mumkin, Frenk?
- Bo‘ldi, yetar, bobo... - dedi Frenk va tilidan chiqib ketgan so‘zni eshitib, hayratdan tutilib qoldi. - Aytmoqchimanki, mister Kelli...
- Men ketishim kerak. - Frenk viskisini bir ko‘tarishda ichib tugatdi. - Qo‘ng‘iroq qilamiz, Tom.
- Siz, albatta, menikida yotib qolasizmi, bobo? - Tom sakvoyajni qo‘liga oldi. - Frenk qaytmaydi. Siz uning karavotiga yotasiz.
Tom narigi devor yonidagi ikkita kushetkadan birini to‘shamoqda edi.
- Hali uxlashga erta. Shunday ekan, keling, bobo, yana ozgina ichaylik-da, suhbatlashaylik.
Lekin chol hayron bo‘lib, devorlarga osib qo‘yilgan suratlarni jim tomosha qilardi.
- Voy xudoyim-ey, - shivirladi chol, - bu Frenk naqadar mehnatkash-a!
U muzeydagidek xonada sekin sudralib yurdi.
- Bu yer shoh asarlar bilan to‘lib ketibdi, - derdi u. - Dublinda sen bunday narsalarni yarata olmasding.
- Uydan uzoqda yashasang, ko‘p narsani o‘rganar ekansan, - dedi Tom xijolat bo‘lib.
Chol ko‘zlarini yumib, stakanini ichib tugatdi. - Tobingiz yo‘qmi, bobo?
- Meni tun yarmida og‘riq tutadi, - javob berdi chol. - Balki, o‘rnimdan sakrab turib, telbaday baqirib yuborarmam. Hozircha hech narsa bo‘lgani yo‘q, faqat qornim aylanib, ensam og‘riyapti. Kel, gaplashib olaylik, bolakay.
Ular yarim kechagacha suhbatlashib, ichishdi, keyin Tom bobosini yotqizib, o‘zi yotdi, ular anchagacha uxlay olishmadi.
Kechasi soat ikkilarda chol birdan uyg‘onib ketdi.
U atrofga alanglab, qorong‘ilikka tikilib, qayerda ekanini tushunishga urindi, keyin rasmlar, yumshoq kreslolar, chiroq va Frenk yasagan gilamchalarni ko‘rib, karavotga o‘tirdi. Mushtlarini qisdi. So‘ng o‘rnidan turib, shoshilinch kiyindi-da, xuddi biror dahshatli voqea sodir bo‘lguncha kechikib qolishdan qo‘rqqandek, gandiraklagancha eshik tomon otildi.
Eshik qarsillab yopildi, Tom ko‘zlarini ochdi.
Tun qorong‘usida allakimning ovozi eshitilardi: kimdir chaqirar, baqirar, tabiat kuchlariga xitob qilar, bor ovozi bilan la’natlar yog‘dirar, xudoga shak keltirardi, oxiri kimdir devorga yoki qandaydir dushmanga musht tushirayotgandek ketma-ket zarbalar ovozi eshitildi.
Ancha vaqtdan so‘ng bobosi shalabbo bo‘lgan, oyoqlarini sudrab uyga kirib keldi.
Chayqalib, nimalarnidir g‘o‘ldirab va shivirlab chol o‘chib qolgan kamin oldida ho‘l kiyimlarini yechdi, keyin cho‘g‘ ustiga gazeta tashladi: u lovullab yonib, g‘azab asta-sekin karaxtlikka aylanayotgan yuzini bir lahzaga yoritdi. Chol Tom tashlab ketgan xalatni topib kiydi. U qon tomirlari ko‘rinib turgan qo‘llarini so‘nib borayotgan alangaga cho‘zganida Tom ko‘zlarini mahkam yumib oldi.
— La’nati, la’nati, la’nati! Ming afsus!
Bobosi o‘ziga viski quyib, bir ko‘tarishda ichdi. Ko‘zlarini qisib Tomga qaradi, keyin devorlardagi suratlarga, yana Tomga, guldonlardagi gullarga nazar tashladi, so‘ng yana ichdi. Ancha vaqtdan keyin Tom o‘zini uyg‘onganga soldi.
— Tun yarimdan og‘di. Siz dam olishingiz kerak, bobo.
— Ichib bo‘lganimdan keyin dam olaman. Va o‘ylashni davom ettiraman!
— Nima haqida o‘ylayapsiz, bobo?
— Hozir, — dedi chol g‘ira-shira xonada stakanni ikki qo‘llab ushlagancha, kamindagi so‘nggi xira alangalar so‘nib borayotganda, — ming to‘qqiz yuz ikkinchi yilning iyunida aziz buvingni esladim. Otangning tug‘ilishi, bu qanday ajoyib bo‘lgani, keyin sening tug‘ilishing, bu ham qanday ajoyib bo‘lganini xotirlayapman. Sen juda kichkinaligingda otangning vafot etgani, onangning ahvoli nechog‘lik og‘ir bo‘lgani, o‘sha och-yupun, izg‘irin Dublindagi kunlarda u sening tepangda qanchalar qayg‘urgani, ehtimol haddan ziyod qayg‘urganini ham esladim. Men esa doim ishda, dalada bo‘lardim, sen bilan faqat oyda bir marta ko‘rishardik. Odamlar tug‘iladi, odamlar o‘ladi. Cholning miyasida tunlari mana shunday fikrlar charx uradi. Sening tug‘ilishingni esladim, Tom, u baxtli kun edi. Endi esa mana bunday bo‘lib o‘tiribsan. Shunday.
Chol jim bo‘lib, viskini ichib tugatdi.
— Bobo, — dedi nihoyat Tom, xuddi hali aytilmagan gunohi uchun jazo va kechirim kutib, uyga o‘g‘rincha kirib kelgan boladek, — men sizni tashvishga solyapmanmi?
— Yo‘q, — dedi chol va qo‘shib qo‘ydi: — Faqat sen qanday yashashing, odamlar senga qanday munosabatda bo‘lishi, yaxshimi yoki yomonmi, mana shular meni tinch qo‘ymayapti.
Chol qimirlamay o‘tirardi. Yigit unga tikilib qarab yotardi va nihoyat uning fikrini uqqandek dedi:
— Hayotimda hech qachon bunday bo‘lmagan.
— Shundaymi? — G‘ira-shirada chol yigitning yuziga tikildi. — Ha, ko‘rib turibman. Lekin sening baxting uzoq davom etarmikin, a, Tom?
— Abadiy baxt bo‘ladimi, bobo? Dunyoda hamma narsa o‘tkinchi emasmi?
— Jim bo‘l! Buving bilan hayotimiz mutlaqo o‘zgarmadi!
— Yo‘q, lekin hamma vaqtingiz bir xil bo‘lmagan-ku? Dastlabki yillar boshqacha, keyin yana boshqacha bo‘lgan.
Chol qo‘li bilan og‘zini berkitdi, keyin ko‘zlarini yumib, yuzini siladi.
— Ha, gaping to‘g‘ri. Har birimizning ikki, yo‘q, uch, hatto to‘rt hayotimiz bor. Va ularning barchasi o‘tib ketadi, bu haq gap. Lekin ularning xotirasi saqlanib qoladi. Sen yashab o‘tgan to‘rt, besh yoki o‘n ikki umringdan bittasi o‘zgacha. Esimda, bir safar...
Chol to‘satdan jim bo‘lib qoldi.
— Bir safar nima bo‘lgan, bobo? — so‘radi yigitcha.
Cholning nigohi uzoq o‘tmishga qadalgan edi. Endi u na bu xonaga, na Tomga, umuman hech kimga murojaat qilmayotgandek edi. U hatto o‘zi bilan o‘zi gaplashmayotgandek tuyulardi.
— O, bu juda qadim zamonlarda bo‘lgan. Bugun bu xonaga birinchi marta kirganimda, negadir darrov esimga tushdi. Go‘yo yana o‘sha unutilmas haftadagidek Goluey sohili bo‘ylab chopib ketayotgandek edim...
— O‘sha hafta, yozda mening o‘n ikkinchi tug‘ilgan kunim nishonlangan edi, tasavvur qil! Bu qirolicha Viktoriya davrida bo‘lgandi, biz o‘shanda Goluey yaqinidagi torf kulbasida yashardik, men qirg‘oqda sayr qilardim, dengiz qirg‘oqqa chiqarib tashlagan har xil narsalarni terib yurardim, kun shunchalik yoqimli ediki, hatto g‘amgin bo‘larding, chunki bilasan: bu uzoqqa cho‘zilmaydi.
Ana shunday ochiq kunlarning birida peshindan keyin sohil bo‘ylab o‘tadigan yo‘ldan dengiz yoqasida to‘xtagan qorachadan kelgan lo‘lilar bilan to‘la arava yetib keldi.
U yerda ota-ona, qizcha va yana bir o‘g‘il bola bor edi, u darrov yolg‘iz o‘zi qirg‘oq bo‘ylab yugurib ketdi, ehtimol, u ham sherik izlayotgandir, chunki men ham u yerda bekorchilikdan zerikib yurardim va yangi odamdan xursand edim.
Mana, u oldimga yugurib keldi. O‘shanda uni birinchi marta qanday ko‘rganimni hech qachon unutmayman, to qabrgacha eslayman. U...
Eh, so‘z topolmay qoldim! To‘xta, unday emas. Yana orqaga qaytish kerak.
Dublinga sirk keldi. Men borib ko‘rdim: u yerda tentaklar, pakanalar, kichkina badbashara odamlar, semiz ayollar va qoq suyakdek ozg‘in erkaklarni ko‘rsatishardi. So‘nggi ko‘rgazma oldida esa haqiqiy olomon to‘plangan edi; menimcha, eng dahshatlisi o‘sha yerda bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Men misli ko‘rilmagan dahshatni ko‘rish uchun ichkariga suqilib kira boshladim. Xo‘sh, nimani ko‘rdim deysiz?
Bu olomon olti yoshlardagi kichkina qizchani tomosha qilish uchun yig‘ilgan edi: u shu qadar oppoq, chiroyli, yonoqlari nozik, ko‘zlari moviy, sochlari tillarang, o‘zi shunchalik sokin ediki, bu anatomik teatrning o‘rtasida hammaning e’tiborini o‘ziga tortardi. Uning go‘zalligi so‘zsiz hayqirar, butun tomoshani yo‘qqa chiqarardi. Butun xalq unga intilardi, shifo izlardi. Chunki bu kasalmand hayvonot bog‘ida u bizni hayotga qaytaradigan yagona yoqimli va ardoqli shifokor edi.
Demak, sirkdagi o‘sha qizaloq ham qumloq sohilda toychoqdek sakrab yurgan mana bu yigitcha singari kutilmagan mo‘jiza ekan-da.
U ota-onasi kabi qora emas edi.
Uning oltin jingalak sochlarida quyosh nurlari jilvalanardi. Yorqin yorug‘likda uning tanasi go‘yo bronzadan quyilgandek, bronza bo‘lmagan joylari esa misdan edi. Hayratlanarli edi, lekin menga o‘xshagan o‘n ikki yoshli bu bola go‘yo hozirgina dunyoga kelgandek tuyulardi - u shunchalik yangi va yangicha edi. Uning yaltiroq qo‘ng‘ir ko‘zlari dunyoning barcha sohillarida ta’qibdan qochib, uzoq yugurgan hayvonnikiga o‘xshardi.
U to‘xtadi va men undan birinchi bo‘lib kulgisini eshitdim. U hayotdan zavqlanar va buni o‘z kulgisi bilan e’lon qilardi. Ehtimol, men ham kuldim, chunki uning quvonchi yuqumli edi. U qoramag‘iz qo‘lini menga uzatdi. Men ikkilandim. Shunda u sabrsizlik bilan kaftimni ushladi.
Xudoyim, oradan qancha yillar o‘tdi-yu, o‘shanda bir-birimizga aytgan gapimiz hali ham esimda. - Rostdan ham kulgili, shunday emasmi?- dedi u.
Nima kulgililigini so‘ramadim. Men bilardim. U o‘zining ismi Jo ekanini aytdi. Men ismim Tim ekanini aytdim. Mana, biz plyajda turibmiz, ikki bola, o‘rtamizda esa - ulkan olam, xuddi katta, mehribon, ajoyib hazilga o‘xshaydi.
U katta-katta, dumaloq, mis rangidagi qo‘ng‘ir ko‘zlarini menga tikdi-da, chin dildan kulib yubordi, men esa o‘yladim: e, u pichan chaynagan ekan! Uning nafasidan o‘t hidi kelardi. To‘satdan boshim aylanib ketdi. Bu hid meni gangitib qo‘ydi. - Xudoyim, - deb o‘ylardim gandiraklab, - mastman, lekin nimadan?- Men yashirincha otamning viskisini tatib ko‘rgandim, lekin bu yerda nimadan mast bo‘lishim mumkin? Men bu tushki payt, bu quyoshdan mast edim, boshim aylanardi - nimadan? Bu notanish yigitcha shirin poyalarni chaynagani uchunmi? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!
Shunda Jo menga tikilib qaradi va dedi: - Vaqtimiz oz.
- Vaqt tig‘izmi?- - so‘radim men.
- Ha, - javob berdi Jo, - do‘st bo‘lish uchun. Axir biz sen bilan do‘stmiz-ku?
Uning nafasidan yangi o‘rilgan o‘tloqlar hidi dimog‘imga urildi.
Xudoyim, qichqirgim keldi, albatta ha! U meni do‘stona turtgandek yiqilib tushishimga sal qoldi. Lekin og‘zim ochilib-yopildi-yu, so‘radim: - Nega vaqtimiz kam?
- Chunki, - dedi Jo, - biz ota-onam bilan bu yerda atigi olti kun, nari borsa bir hafta bo‘lamiz, keyin butun Irlandiyani aylanib chiqamiz. Men seni boshqa hech qachon ko‘rmayman, Tim. Shuning uchun bu bir necha kun ichida juda ko‘p ishlarni qilishimiz kerak.
- Olti kun? Bu deyarli hech narsa-ku!- - deb g‘azablandim va negadir bu sohilda birdan g‘amgin bo‘lib qoldim. Bizning tanishuvimiz endigina boshlangan, men esa uning tugashiga aza tutayotgan edim.
- Bir kun bu yerda, bir hafta u yerda, yana bir oy qayerdadir, - dedi Jo. - Men juda tez yashashim kerak, Tim. Mening uzoq vaqt do‘stlarim bo‘lmaydi. Faqat esimda qolganlari. Shuning uchun qayerga bormay, yangi do‘stlarimga shunday deyman: tezroq u ishni qilaylik, bu ishni qilaylik, ko‘proq ish qilaylik, uzun ro‘yxat tuzaylik, shunda men ketganimdan keyin sen meni eslaysan, men esa seni, mana bu haqiqiy do‘st edi, deb gapiramiz! Qani, boshladik. Yetib ol!
Jo meni quchoqladi-da, qocha boshladi.
Men uning orqasidan yugurardim va kulardim: bor-yo‘g‘i besh daqiqagina tanish bo‘lgan qandaydir bolakayning orqasidan jon-jahdim bilan yugurish ahmoqlik emasmi? Biz uzun yozgi plyajda bir milcha yugurgan bo‘lsak kerak, unga yetib olgunimcha. Meni shuncha yo‘lga behuda, noma’lum sababga ko‘ra haydab yuborgani uchun uni do‘pposlashni o‘ylab qo‘ygandim. Lekin biz yerga yiqilib, uning ikkala kuragidan ushlaganimda, u faqat bir marta yuzimga o‘z nafasi bilan urdi, men boshimni silkitib orqaga tisarildim va xuddi ho‘l qo‘llarimni elektr rozetkasiga tiqqandek, unga hayron bo‘lib tikilib qoldim. U esa yashin tezligida o‘zimni orqaga tashlab, dovdirab o‘tirganimni ko‘rib kulib yubordi.
- O-ho, Tim, - dedi u, - sen bilan do‘stlashamiz.
Bilasanmi, bizning Irlandiyada bir necha oy davomida qanday zerikarli, sovuq va yomg‘irli ob-havo hukm suradi? Shunday qilib, men o‘n ikki yoshga to‘lgan hafta, Jo oxirgi kunlar deb aytgan yetti kun davomida har kuni ajoyib yoz havosi turdi. Biz qirg‘oqda sayr qilardik, boshqa hech narsa qilmasdik, shunchaki qirg‘oqda bo‘lardik, qumdan qasrlar qurardik yoki tepaliklarga chiqib, qo‘rg‘onlar orasida urush o‘ynardik. Biz qadimiy dumaloq minora topib, qichqirgancha u yoqdan-bu yoqqa yugurardik. Ammo ko‘pincha pichoq ham, chaqmoq ham ajratmagan siam egizaklari kabi yelkamizdan quchoqlab, shunchaki sayr qilardik. Men nafas olardim, u nafas chiqarardi. Unga mos nafas olishga harakat qilardim. Biz yarim kechagacha, ota-onalar o‘zlari tushunolmaydigan narsani topgan bolalarini izlab kelguncha, qum ustida o‘tirib gaplashardik. U meni yoniga chaqirganda, men uning yoniga yotardim, yoki u mening yonimga yotardi va biz gaplashib, xudo haqqi, tong otguncha kulardik. Keyin yana erkinlikka chiqib, holdan toyguncha xaxolab kulardik. Mana, biz quvnoq, ko‘zlarimizni yumib, bir-birimizga mahkam yopishib yotibmiz, kulgimiz esa quvlashmachoq o‘ynayotgan kumushrang forellar singari hamma yoqqa taraladi. Xudo haqqi, men uning kulgisiga, u esa mening kulgimga to charchagunimizcha, go‘yo bu muhabbat bizni toliqtirib, holdan toydirguncha cho‘milardik. Issiq kundagi kuchukchalardek tillarimizni chiqarib o‘tiribmiz, do‘stligimizdan uyqusirab qolamiz. Butun hafta davomida kunlar moviy va oltin rangda bo‘ldi, na bulut, na yomg‘ir bo‘ldi, shamoldan olma hidi kelardi... yo‘q, shamoldan emas, faqat o‘sha bolaning erkin nafasidan.
Oradan ko‘p yillar o‘tgach, o‘ylab qoldim: keksa odam o‘sha yoz bulog‘iga yana bir marta sho‘ng‘ib, burun kataklari va og‘zidan chiqayotgan jo‘shqin nafas oqimi bilan yuvinib olishi mumkinmi, nima uchun yillar qatlamini tashlab, yosharmasligi kerak, tana bunday vasvasaga qanday bardosh bera oladi?
Ammo o‘sha kulgi endi yo‘q, o‘sha bola ham endi yo‘q - u ulg‘ayib, katta dunyoning qayeridadir yo‘qolib ketdi va mana, ikki umrdan so‘ng bu haqda birinchi marta gapiryapman. Kimga aytardim? Men o‘n ikki yoshga to‘lgan va uning do‘stligini sovg‘a qilgan o‘sha haftadan boshlab to shu paytgacha o‘sha qirg‘oq va yoz haqida, ikkalamiz qo‘llarimizni va hayotimizni bir-biriga bog‘lab sayr qilganimiz haqida gapirib beradigan hech kim yo‘q edi va hayot "O" harfi kabi mukammal bo‘lib tuyulardi - ajoyib kunlar va quvnoq suhbatlarning ulkan doirasi va biz abadiy yashashimizga, hech qachon o‘lmasligimizga va abadiy do‘st bo‘lib qolishimizga hech qanday shubha yo‘q edi.
Keyin hafta tugadi va u jo‘nab ketdi.
U yoshiga nisbatan dono edi. Xayrlashmadi. Kutilmaganda ularning aravasi g‘oyib bo‘ldi.
Qirg‘oq bo‘ylab yugurib, chaqirdim. Uzoqda tepalik ortida yashirinayotgan aravani ko‘rdim. Shu payt qalbimda do‘stimning donoligi tilga kirdi. Quvib yetma. Qo‘yib yubor. Endi yig‘lashing mumkin, dedi menga donoligim. Men yig‘lab yubordim.
Uch kun yig‘ladim, to‘rtinchi kuni tinchlandim. Ko‘p oylar qirg‘oqqa bormadim. O‘shandan buyon o‘tgan shuncha yil ichida men biror marta ham bunday holatni boshdan kechirmadim. Men yaxshi hayot kechirdim, yaxshi xotinim, yaxshi farzandlarim bor edi, sen ham, kichkintoy Tom, sen ham. Lekin yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam, bu yerdan qimirlay olmayman: hech qachon bunchalik telbalarcha, aqldan ozgandek, vahshiyona umidsizlikka tushmaganman. Men hech qachon hatto vinodan ham bunchalik mast bo‘lmaganman. Hech qachon o‘shandagidek ho‘ngrab yig‘lamaganman. Nima uchun, Tom? Nima uchun bularning barini hikoya qilyapman va bu nima edi? Nega men hali hech narsani bilmagan, yolg‘iz bo‘lgan o‘sha olis beg‘ubor davrlarga qaytyapman? Bu qanday bo‘lyapti: men uni eslayman-u, boshqa hamma narsa xotiramdan ko‘tarilib ketadi? Nima uchun, xudo kechirsin, men ba’zan buvingning yuzini eslay olmayman-u, uning dengiz sohilidagi yuzi ko‘z oldimda turaveradi? Nima uchun men u bilan yerga yiqilayotganimizni va yer o‘z bag‘riga shirin o‘t-o‘lanlarning mo‘l-ko‘lligi va yorug‘ kunlarning uzluksiz ketma-ketligidan es-hushini yo‘qotgan bebosh toychoqlarni qabul qilayotganini qayta-qayta ko‘raman?
Chol jim bo‘ldi. So‘ng qo‘shimcha qildi:
— Aytishlaricha, donolikning siri aytilmagan narsada ekan. Boshqa hech narsa demayman. Bu gaplarni nima uchun aytganimni o‘zim ham bilmayman.
— Lekin men bilaman, — dedi Tom qorong‘ulikda yotarkan.
— Rostdanmi? — so‘radi chol. — Mayli, menga aytib berasan. Qachondir.
— Ha, — javob berdi Tom, — qachondir.
Ular deraza ortida yomg‘irning taqillashiga quloq solishdi.
— Siz buni mendan so‘ragandingiz, ser.
— Yana bir bor so‘rayapman. Baxtlimisan?
— Demak, hozir dengiz bo‘yida yoz faslida yuribsan-da, Tom? O‘sha sehrli yetti kunmi? Mast ham bo‘lgandirsan?
Tom uzoq vaqt javob bermadi, keyin faqat bitta so‘z aytdi:
— Bobo, — dedi-da, bosh irg‘adi, xolos.
Chol o‘zini kresloga tashladi. U: bu o‘tib ketadi, deyishi mumkin edi. U: bu uzoqqa cho‘zilmaydi, deyishi mumkin edi. U ko‘p narsa aytishi mumkin edi. Ammo buning o‘rniga u shunday dedi:
— Voy, jin ursin! — baqirib yubordi birdan chol. — Parvardigori olam! Xudoyim!
Shu yerda u jim bo‘ldi va nafasi rostlandi.
— Mana. Telba tun. Oxirida baqirmasdan ilojim yo‘q edi. Qo‘limdan kelmadi, bolakay.
Nihoyat, ular yomg‘irning nog‘oradek sadosi ostida uyquga ketishdi.
Quyoshning ilk nurlari bilan chol sekin va ehtiyotkorlik bilan kiyindi, sakvoyajini oldi va uxlab yotgan yigitga engashib, kaftini uning yuziga tekkizdi.
U g‘ira-shira zinapoyadan pastga, tinmay yog‘ayotgan yomg‘ir tomon tushayotib, birdan pastki pog‘onada kutib o‘tirgan Tomning do‘stini ko‘rib qoldi.
— Frenk! Nahotki tuni bilan shu yerda o‘tirgan bo‘lsang?
— Yo‘q-yo‘q, mister Kelli, — shoshib javob berdi Frenk. — Bir do‘stimnikida tunab qoldim.
Chol qorong‘i zinapoya tomon o‘girilib, yuqoriga qaradi, go‘yo bu yerdan xonani va issiqda uxlab yotgan Tomni ko‘ra oladigandek.
Hayvon irillashiga o‘xshash tovush uning tomog‘idan chiqmoqchi bo‘ldi-yu, lekin so‘ndi. U noqulay holatda bir oyog‘idan ikkinchisiga og‘irligini o‘tkazdi-da, yuqoridagi xonada kamin ustida osilib turgan suratni chizgan yigitning tong yorishidan yorishib ketgan yuziga yana bir bor qaradi.
— Bu la’nati tun tugadi, — dedi chol. — Agar ozgina chetga chiqsang...
Chol bir pog‘ona pastga tushdi va birdan portlab ketdi:
— Menga qara! Agar qachondir Tomni biror narsada xafa qilsang, xudo haqqi, seni qo‘chqor shoxidek egib qo‘yaman! Tushundingmi?!
— Xavotir olmang, — dedi Frenk unga qo‘lini uzatib.
Chol go‘yo hech qachon salomlashish uchun uzatilgan qo‘lni ko‘rmagandek unga tikildi. Va xo‘rsindi.
— Eh, jin ursin, Frenk, Tomning do‘sti, sen juda yoshsan, senga qarash ko‘zni achishtiradi. Yo‘ldan qoch!
— Voy-bo‘, qo‘ling qattiq ekan-ku, — dedi chol hayratlanib.
U go‘yo son-sanoqsiz yomg‘ir tomchilari yuvib ketganday g‘oyib bo‘ldi.
Yigit yuqori qavatdagi eshikni yopib, uxlab yotgan odamga biroz tikilib turdi, so‘ng yaqinlashdi va go‘yo qandaydir ichki tuyg‘u bilan besh daqiqa oldin xayrlashayotganda cholning qo‘li teggan joyga xuddi o‘sha tarzda kaftini Tomning yuziga tekkizdi. U yozdagidek iliq yuzga tegib qo‘ydi.
Tom uyqusida otasining otasiga o‘xshab jilmaydi va uyqu aralash qariyaning ismini aytib chaqirdi.