O'rxon Pomuq
December 6, 2024

16. Men – Shokira | Mening ismim Qirmizi

Ilgarilari, savdogar Ester kelganda, men har safar orzuimdagi noma’lum erkak nihoyat harakatga kelishga jazm etib, menday aqlli, chiroyli, yaxshi oilada o‘sgan, beva qolgan, ammo juda vijdonli ayolning yuragini hapriqtiradigan maktub yozgandir, deb umid qilardim. Odatdagi muxlislarimdan birining navbatdagi xatini ko‘rgach, hech bo‘lmasa erimning qaytishini kutishga sabr-toqat va kuch to‘plardim. Endi esa Ester har kelganidan so‘ng fikrlarim chalkashib ketadi va o‘zimni yanada baxtsizroq his qilaman.

Atrofdagi ovozlarga quloq soldim. Oshxonadan qaynayotgan suv, limon va piyoz hidi kelmoqda: Xayriya qovoqcha pishiryapti. Shavkat bilan O‘rxon hovlida, anor daraxti yonida o‘yinchoq qilichlar bilan jang qilishmoqda, ularning qiyqiriqlari qulog‘imga chalinmoqda. Otam yon xonada, u yer jimjit. Hasanning xatini ochib o‘qidim - yana umid uyg‘otadigan hech narsa yo‘q. Men undan yanada ko‘proq qo‘rqadigan bo‘lib qoldim va u bilan bir uyda yashaganimda uning tazyiqlariga qarshilik ko‘rsata olganim uchun o‘zimni maqtadim. So‘ngra Qoraning xatini qo‘limga oldim - xuddi sinib ketishi mumkin bo‘lgan nozik buyumdek ehtiyotkorlik bilan - uni qayta o‘qidim va fikrlarim yana to‘zg‘ib ketdi. Boshqa o‘qishga madorim qolmadi. Quyosh chiqdi va men o‘yladim: agar bir kuni kechasi Hasan bilan yotgan bo‘lsam, buni Allohdan boshqa hech kim bilmasdi. U yo‘qolgan erimga juda o‘xshaydi - xuddi bir qiyofada. Ba’zan miyamga qanday bema’ni va g‘alati fikrlar keladi! Eshik tirqishidan tushayotgan quyosh nurlari badanimni isitdi va men to‘satdan qizigan terimni, butun vujudimni, hatto ko‘krak uchlarimgacha his qildim. Shu payt O‘rxon kirib keldi.

- Oyi, nimani o‘qiyapsiz? - deb so‘radi u.

Esingizda bo‘lsa, sizga Ester olib kelgan xatlarni o‘qishni davom ettirishga qurbim yetmadi, deb aytgan edim. Bu safar esa haqiqatan ham xatlarni buklab qo‘ynimga soldim-da, O‘rxonga:

- Qani, yonimga kel-chi! Voy, qanday og‘ir bo'libsan, qancha katta bo‘lib qolibsan-a! - dedim. Uni o‘pdim-da, qo‘shib qo‘ydim: - Muzdek sovuqsan-ku.

- Siz esa, oyi, juda issiqsiz! - dedi u va orqasini ko‘ksimga tirab oldi.

Ikkalamiz ham bir-birimizga mahkam yopishib, shunday jim o‘tirishni yaxshi ko‘rardik. Men burnimni uning bo‘yniga tegizib, o‘pdim va o‘g‘limni yanada qattiqroq bag‘rimga bosdim. Shu zaylda ancha vaqt jim o‘tirdik, to u:

- Qitiqg'im kelyapti, - demaguncha.

- Menga aytgin-chi, - dedim men jilmaymasdan, - agar oldingda jinlar podshosi paydo bo‘lib, har qanday tilagingni bajarishga va’da bersa, nimani so‘ragan bo‘larding? Eng katta orzuing nima?

- Shavkat biz bilan bo‘lmasin.

- Yana-chi? Otang bo‘lishini xohlaysanmi?

- Yo‘q. Katta bo‘lganimda o‘zim sizga uylanaman.

Keksayish, xunuklashish, hatto ersiz qolish va kambag‘allashish hayotda yuz berishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa emas, deb o‘yladim. Haqiqiy yomonlik - seni hech kim qizg‘anmaganida. Men isib ketgan O‘rxonni tizzamdan tushirdim-da, bunday yaramas ayol albatta yaxshi odamga turmushga chiqishi kerakligi haqida o‘ylab, otamning oldiga yo‘l oldim.

- Mehribon sultonimiz tugallangan kitobni ko‘rgach, sizni taqdirlaydi, - dedim, - so‘ng yana Venetsiyaga jo‘naysiz.

- Bilmayman, - dedi otam. - Bu qotillik meni qo‘rqitib yubordi. Dushmanlarimiz juda kuchli bo‘lsa kerak.

- Mening hozirgi ahvolim ham ularga dadillik berayotgani, yolg‘on mish-mishlar va asossiz umidlar tug‘dirayotgani menga ma’lum.

- Nimani nazarda tutyapsan?

- Men iloji boricha tezroq turmushga chiqishim kerak.

- Nima? - dedi otam menga tikilib. - Kimga? Axir sen turmushdasan-ku! Qanday g‘alati fikr! Kim senga uylanishni xohlaydi? Bordi-yu, shunday odam topilsa ham, hatto u aqlli bo‘lsa ham, uni osonlikcha qabul qila olamiz deb o‘ylamayman, - deb e’lon qildi juda aqlli bo‘lgan otam va so‘zini yakunladi: - Sen turmushga chiqishingdan oldin qanday jiddiy qiyinchiliklarni yengishimiz kerakligini bilasan, albatta.

Uzoq jimlik cho‘kdi. Keyin otam yana gapira boshladi:

- Nima, meni tashlab ketmoqchimisan, Shokira?

- Kecha tushimda erimning o‘lganini ko‘rdim, - dedim, lekin haqiqatan ham shunday tush ko‘rgan ayolga o‘xshab yig‘lamadim.

- Rasmni tushunish uchun uni o‘qiy bilish kerak. Tushlar ham xuddi shunday.

- Bu tushimni sizga aytib berishim kerak, deb o‘ylaysizmi?

Og‘ir sukunat cho‘kdi. Biz bir-birimizga aytilgan gaplardan xulosa chiqarish mumkin bo‘lgan barcha narsani shoshilinch o‘ylab ko‘rayotgan odamlardek jilmayib qo‘ydik.

- Men, albatta, tushingni ering chindan ham o‘ldi, deb talqin qilishim va bunga ishonishim mumkin, lekin qaynotang bilan qaynog‘ang, shuningdek, ularning gapiga quloq soladigan qozi boshqa dalillar talab qiladi.

- Bolalarim bilan bu yerga ko‘chib kelganimizga ikki yil bo‘ldi, qaynotam bilan qaynog‘am esa qaytishimni talab qilishmayapti.

- Chunki o‘zlarini benuqson tutmaganlarini juda yaxshi bilishadi. Lekin bu ular seni turmushga chiqmagan deb tan olishadi, degani emas.

- Agar siz bilan biz molikiylar yoki hanbaliylar mazhabiga mansub bo‘lganimizda, - dedim, - erim g‘oyib bo‘lganiga to‘rt yil o‘tgani uchungina qozi meni ersizdek tan olgan va buning ustiga nafaqa tayinlagan bo‘lardi. Lekin biz, Allohning irodasi bilan, hanafiylarmiz va bizga bunday yo‘l buyurilmagan.

- Faqat menga Uskudar qozisining yordamchisi, ya’ni shofe’iy haqida gapirib o‘tirma. Ular u yerda juda shubhali ishlar qilishyapti.

- Urushda erlari yo‘qolgan barcha istanbullik ayollar uning oldiga guvohlar bilan borishadi, u esa shofe’iy bo‘lgani uchun, erning qachon yo‘qolganini, tirikchilik uchun mablag‘ing yetadimi, guvohlar bilan tanishmisan, deb surishtirmay, darhol seni ersiz deb e’lon qiladi.

- Bularni qayerdan o‘rganding, qizim? Kim seni aqldan ozdirdi?

- Avval meni beva xotin deb e’tirof etishsin, keyin, agar meni aqldan ozdira oladigan odam topilsa, uni, albatta, siz ko‘rsatasiz va men sizning tanlovingizga hech qarshi chiqmayman.

Ayyor otam qizining ham ayyorligini ko‘rib, tez-tez ko‘z qisib qo‘yardi. Uchtadan biri: yo u mushkul ahvolga tushib qolib, tezda biror hiyla o‘ylab topishga urinmoqda; yoki chindan ham umidsizlik va g‘am-g‘ussadan yig‘lab yuborishga tayyor; yoki mushkul ahvoldan qutulish uchun o‘zini yig‘lamoqchi bo‘lganga solyapti.

- Demak, bolalaringni olib ketmoqchisan-u, keksa otang yolg‘iz qolsin, shundaymi? Bilasanmi, men kitobimiz tufayli meni o‘ldirishlaridan qo‘rqqan edim, - u shunday dedi: "Bizning kitobimiz," - lekin endi, meni tashlab ketmoqchi bo‘lganingda, o‘zim ham o‘lishni istayman.

- Jon dadajon, meni beva deb topmagunlaricha tentak qaynog‘amning da’vosidan qutula olmayman, deb o‘zingiz aytmaganmidingiz?

- Meni tashlab ketishingni istamayman. Kim biladi, balki ering yana qaytib kelar. Agar qaytib kelmasa ham, sening turmushga chiqqan deb hisoblashingda hech qanday yomonlik yo‘q. Eng muhimi, sen shu uyda otang bilan birga yashayapsan.

- Men siz bilan shu uyda yashashdan boshqa narsani istamayman.

- Azizim, hozirgina iloji boricha tezroq turmushga chiqishni xohlayotganingni aytmadingmi?

Har doim shunday bo‘ladi: otam bilan bahslashaman, oxir-oqibat o‘zim nohaq ekanligimga ishona boshlayman.

- Aytdim.

Yig‘lab yubormaslik uchun o‘zimni bosib, yerga qaradim. Keyin o‘zimning haqligimni anglab, dadillanib so‘radim:

- Nima, men endi hech qachon erga tegmaymanmi?

- Agar sen shu yaqin atrofda yashaganingda, men sening yangi turmushga chiqishingga ko‘nikardim. Seni xotinlikka olmoqchi bo‘lgan odam kim o‘zi? U shu yerda yashashga rozi bo‘ladimi?

Men indamadim. Turgan gapki, biz ikkimiz ham bilardik, otam uning uyiga ko‘chib kelishga rozi bo‘lgan kuyovni hurmat qilolmasligini, uni shunday ayyorlik va ustomonlik bilan xo‘rlashini bilardikki, bu odam bilan yashashni o‘zim ham istamasdim.

- Sen o‘z ahvolingda otangning roziligisiz turmushga chiqish mumkin emasligini bilasan-ku, axir. Shunday ekan, men buni istamayman va o‘z roziligimni ham bermayman.

- Men erga tegishni emas, meni beva deb e’tirof etishlarini istayman.

- O‘zining foydasidan boshqa narsani o‘ylamaydigan birorta ablahga turmushga chiqasan, u seni qiynaydi, xafa qiladi. Qizim, seni qanchalar yaxshi ko‘rishimni bilasan-ku. Kitobni ham tugatishimiz kerak.

Men indamadim. Men shu qadar g‘azabga to‘lib ketgan edimki, agar gapirganida shayton meni otamning yuziga uloqtirib tashlardi, kechalari Xayriyani o‘z to‘shagiga olib kirgani menga ma’lum, - qari otasiga bunday deyishga qizning haqqi bormi?

- Kim senga uylanmoqchi?

Men yerga qarab turardim, xijolat tortganimdan emas, g‘azabdan indamay qoldim, javob berolmaganimdan battar g‘azablanib ketdim. Ko‘z oldimda kulgili va jirkanch manzara gavdalandi: otam Xayriya bilan to‘shakda yotibdi. Ko‘zlarimga yosh keldi, lekin yig‘lamadim, aksincha dedim:

- Oshxonadagi qovoqlar kuyib ketmasin.

Zinapoyaga yetib, doim yopiq turadigan, quduqqa qaragan derazali xonamga kirib oldim, qorong‘ida paypaslab ko‘rpa-to‘shagimni tezdagina yozdim-da, uning ustiga o‘zimni tashladim. Bolalikda xafa bo‘lganingda o‘zingni o‘ringa tashlab, yig‘lab-yig‘lab uxlab qolish qanday yaxshi edi-a! Meni o‘zimdan boshqa hech kim sevmaydi, yolg‘izlikdan shunday azob chekamanki, ko‘zlarimdan yosh quyiladi, sizlar esa mening oh-vohlarimni eshitib, yordamga kelasizlar.

Bir ozdan keyin yonimda, boshini ko‘ksimga qo‘yib yotgan O‘rxonning ham achchiq-achchiq yig‘layotganini sezdim. Uni bag‘rimga mahkam bosdim.

- Yig‘lamang, oyi, - dedi u. - Otam urushdan qaytadi.

- Sen qayerdan bilasan?

U indamadi. Lekin men uni bag‘rimga bosib, shunday muhabbat his qildimki, barcha g‘am-g‘ussalarim unutildi. Hozir O‘rxonning nozik, oriq gavdasini quchoqlab uxlab qolaman, lekin avval sizga bir narsani aytmoqchiman: otam bilan Xayriya haqida g‘azablanib og‘zimdan chiqib ketgan gaplar uchun juda afsusdaman. Yo‘q, men yolg‘on gapirmadim, lekin baribir juda uyalyapman, shuning uchun, iltimos, buni unuting, go‘yo men hech narsa demagandek, go‘yo siz otam va Xayriya nima qilayotganini bilmagandek, xo‘pmi?

(Davomi bor...)

O'rxon Pomuq (Turkiya)

Adabiyot yo'nalishida Nobel mukofoti sovrindori