April 21, 2019

Uchta istak. Istaklarning asl ahamiyati to’g’risidagi rivoyat.

Bir odam yashagan ekan. Hamma kabi u ham mo’jizadan umidvor bo’lib yurgan ekan, bir kuni mo’jiza ro’y beribdi: ishga ketayotganida uni kimdir chaqiribdi. U orqaga qarabdi va haqiqiy sehrgarni ko’rib qolibdi.

— Bugun juda ajoyib kun va men sening uchta istagingni bajarishim mumkin – ammo, aytishdan avval yaxshilab o’ylab ko’r! — debdi u.

— Muncha yaxshi! Men nimani xohlayotganimni aniq bilaman! Men tomi ochiladigan serhasham mashinaga ega bo’lishni xohlayman, — debdi u odam.

— Yaxshi, —javob beribdi sehrgar, qopidan mashinaning kalitini olib beribdi.

— Kalit? — hayqiribdi haligi odam — menga mashina to’lig’icha kerak!

— Atrofingga bir qara, — javob beribdi sehrgar. U odam atrofiga qarabdi-da tomi ochiladigan, oq charmli o’rindiqlarga ega serhasham mashinani ko’ribdi.

— Qoyil! Aynan shunaqasidan xohlagan edim! — deb haligi odam hayqiribdi-da va yangi taasurotlar tomonga qarab ketib qolibdi.

Ertasi kuni u huddi o’sha joyga qaytib kelibdi. U odamning hafsalasi yo’q edi, shuning uchun Sehrgar undan so’rabdi:

— Nima bo’ldi?

— Men kun bo’yi shaharda yurdim, qayerga borsam ham hamma menga qaradi, chunki men uning ichida edim. Biroq keyin shuni angladimki, shaharda chiroyli mashinalar to’lib yotibdi va odamlar hamma mashinaga qarayapti… Bu esa men xohlagan narsa emas.

— Unda nimani xohlaysan? Men ikkinchi istagingni bajara olaman, — debdi sehrgar.

— Pulni xohlayman!— debdi u odam. Juda ham ko’p pul, istagan narsamni olish imkoni bo’lishi uchun.

— Yaxshi, —debdi Sehrgar va qo’lini qopga solib undan chek daftarchasini olibdi-da haligi odamga beribdi. U odam chek daftarchasini ochganida unda o’zining ismini va hisob raqamida qandaydir ma’lum miqdorda pul borligini ko’ribdi. U darhol daftarchani yopib, cho’ntagiga solibdi va shunday debdi:

— Men ertaga kelaman, axir menda sen bajo keltirishga va’da bergan uchinchi istagim bor.

—Albatta, men seni kutaman, — deb javob beribdi Sehrgar.

Ertasi kuni huddi shu yerda va huddi o’sha paytda, u odam bilan sehrgar yana uchrashibdi. Biroq haligi odamning yana kayfiyati yo’q va tushkunlikka tushgan ekan. Sehrgar so’rabdi:

— Bu safar nimabo’ldi?

— Men istagan narsamni sotib oldim. O’zimga yoqqan narsani ko’rishim bilan uni darhol sotib olaverdim. Juda tez vaqt o’tib yana biror narsa sotib olishim mumkinmi-yo’qmi menga baribir bo’lib qoldi. Axir men hamma narsani sotib olishim mumkin, shuning uchun ham, buning farqi yo’q. Sen menga men istagan narsani berganing yo’q.

— Unda ayt, nimani xohlaysan? — so’rabdi Sehrgar. Bu safar u odam o’z javobini yaxshilab o’ylab ko’rib, keyin shunday debdi:

— Men nimani istaganimni bilaman. Men mislsiz go’zal… yor istayman. Qo’lingdan keladimi?

—Yaxshi, — javob beribdi Sehrgar, va shu zahotiyoq uning yonida mislsiz go’zal qiz paydo bo’lib qolibdi.

— Qayerda desang sen bilan ketishga tayyorman, — debdi u shirin ovoz bilan.

— Ha! — deb hayqiribdi-yu, uni yetaklab olib ketib qolibdi. Oradan ikki hafta o’tganidan so’ng u huddi o’sha joyga yana qaytib boribdi. U juda hafa va esankirab qolgan edi. Sehrgar undan yana so’rabdi:

— Endi nima bo’ldi? Men senga mislsiz go’zal bir qizni berdim-ku!

— U juda itoatkor va mo’min, qobil edi. Bu mening jonimga juda tez tegib ketdi. Unga faqat mening pullarim kerak ekan, o’ziga kerakligicha to’plab olganidan keyin ketib qoldi. Sen qanaqadir g’alati Sehrgar ekansan. Men sendan doim istagan narsamni so’rayman, sen bo’lsa butunlay boshqacha narsani berasan.

— Buning sababi shuki, — debdi Sehrgar — sen biror marta ham istagan narsangni so’ramading.

— Yolg’on, men doim o’zim istagan narsani so’rayman!

— Yo’q — debdi Sehrgar. — Sen mashina so’rading, aslida esa hurmat-ehtiromni istaysan, pul so’rading, aslida esa ozodlikni istaysan, mislsiz go’zal qizni so’rading, aslida esa muhabbatni istaysan.