February 19, 2019

O'tkir Hoshimov "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" ZULMAT BANDALARI

Islom dini - muqaddas din. Insonni eng mukarram zot deb ulug'lovchi, begunoh qon to'kishni qoralovchi din.

Sho'ro siyosatining barcha din arboblarini "tekinxor, dushman" deb atagani tuhmatdir. Tarixda ulusni hidoyat sari boshlagan, chet el bosqinchilari hurujidan himoya qilishga bosh-qosh bo'lgan alloma, ulamolar oz bo'lgan. Afsuski,ayrim zulmat bandalari dinni niqob qilib, ne-ne buyuk zotlarning umriga zomin bo'lgani ham bor gap. Shunday jaholat qurbonlaridan biri 1370-yili Ozarbayjonda tug'ulgan ulug' shoir Imomuddin Nasimiy edi. Diniy ilmdan ham, dunyoviy bilimdan ham yaxshi xabardor bo'lgan shoir inson erkini kuylovchi g'azallari uchun hukmdor Mironshoh va o'z yurtidagi mutaassiblar zug'umidan bezor bo'lib, Shom (Suriya) ga ketishdan o'zga chorasi qolmaydi.

Suriya hukmdori sulton Muayid shoir Nasimiyni ehtirom bilan qarshi oladi. Afsuski, johillar bu yerda ham jirkanch fitna uyushtirdilar.

Ijod ahli anchayin samimiy, sodda bo'ladi. O'zining ko'nglida birovga yomonlik bo'lmagani uchun boshqalardan ham yomonlik kutmaydi. G'animlar uning shu ojizligidan ustalik bilan foydalanadilar. Sulton bilan shoir ishtirok etayotgan juma nomozida jaholatparastlar "Oramizda dinni tahqirlovchi kimsalar bor, u "Yosin" surasini oyog'i ostiga olib tepkilab yuribdi", degan gap tarqatdilar. Tabiiyki, bu sultonning g'azabini qo'zg'atadi. Sulton bunday shakkokni qanday jazolash kerakligini Nasimiydan so'raydi. " Bunaqa dahriyni tiriklayin terisini shilish kerak", deydi shoir komil ishonch bilan. Buni qarangki, muqaddas Kalom surasini aynan uning kavushidagi patak ostidan chiqadi! Shoir bu fitnani g'alamislar puxta o'ylab uyushtirganini, surani uning kavushidan tiqib qo'yganini xayoliga keltirmagani aniq edi!

Sulton ham, shoir ham hayratdan yoqa ushlab qoladilar. Sulton endi nima qilish kerakligini tag'in shoirning o'zidan so'raydi. Shunda Nasimiy beqiyos mardlik qiladi. "Nachora, podahohning hukmi vojib, hukmni ijro etishsin" deydi.

Razil niyatiga yetgan jaholatparastlardan biri namozxonlarga qarab, "Dindan qaytgan bu shakkokning qoni haromligi, bir tomchi qoni tekkan joyni kesib tashlash zarurligini" aytib, va'zxonlik qiladi.

Xudoning qudratini qarangki, shu payt tiriklayin terisi shilinayotgan shoir tanasidan sachragan qon xuddi o'sha kimsaning qoliga kelib tegadi!

Ahli mo'min jumbushga kelib, undan o'z so'zini isbot qilishni talab etadi.

"Peshvo" esa "Men shunchaki misol uchun aytuvdim" deb panaga berkinadi... Bu fojia 1417-yili ro'y beradi...

Afsuski, tarixda bunday misollar oz emas. Bir vaqtlar Abu Ali ibn Sino "Agar men dahriy bo'lsam, bu dunyoda musulmon yo'q ekan", deb yozgani bejiz emas. Buyuk olimni "dahriy"deb e'lon qilganlar shular edi. Ulug'bekni pushti kamaridan bo'lgan farzandining hukmi bilan so'ydirdilar, ishqi boqiyni kuylab go'zal g'azallar yozgan Mashrabni dorga torttirganlar, elning suyukli shoirasi Nodiraning ko'z o'ngida avval go'dak nabirasini, song o'g'lini, undan keyin o'zini bo'g'izlatkanlar ham shunday zulmat bandalari edi ...

Yaratganning adolatini qarangki, jaholat qurbonlarining nomi tarixda abadiy qoldi. Johillarga esa abadiy la'nat tamg'asi bosildi!