April 5, 2025

Yevroittifoq bilan iqtisodiy hamkorlik – O‘zbekiston tashqi siyosatining muvaffaqiyatli yo‘nalishi

O‘zbekistonning so‘nggi yillarda olib borayotgan ochiq iqtisodiy siyosati, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit, valyuta bozorining liberallashuvi va soliq tizimidagi islohotlar mamlakatni xalqaro moliyaviy maydonda yanada jozibador qilib ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlik borasidagi yutuqlar ushbu siyosatning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.

2024-yilda O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi savdo hajmining 6,4 milliard dollarga yetgani, bu esa 5,2 foizlik o‘sishni anglatadi, aynan shu yo‘nalishdagi islohotlarning samaradorligidan dalolat beradi. Yana bir muhim ko‘rsatkich – mamlakatda faoliyat yuritayotgan mingdan ortiq Yevropa kapitaliga ega korxonalar va umumiy investitsiyalar hajmining 30 milliard yevroga yetgani – bu ikki tomonlama ishonch darajasining balandligidan dalolatdir.

Ayni paytda, imzolanishi kutilayotgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) bu munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu bitim savdo, investitsiyalar, texnologik almashinuv, huquqiy muvofiqlashtirish va ekologik me'yorlarga muvofiqlik kabi ko‘plab sohalarda o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Ushbu jarayon O‘zbekiston uchun ikki yo‘nalishda katta ahamiyat kasb etadi:

  1. Ichki iqtisodiy rivojlanish – yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va sarmoyalar kirib keladi.
  2. Xalqaro iqtisodiy integratsiya – O‘zbekiston Yevroittifoq singari kuchli va barqaror bozorlar bilan tizimli, institutsional hamkorlikka ega bo‘ladi.

Umuman olganda, Yevroittifoq bilan iqtisodiy hamkorlikning kengayib borayotgani – bu O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini mustahkamlashga, aholi farovonligini oshirishga va barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi eng muhim omillardan biridir.

Malikova Shoira Baxtiyorovna

"Buxgalteriya hisobi va statistika" kafedrasi o'qituvchisi