April 24, 2020
Sifat
Narsaning belgisini bildirib, qanday? qanaqa? qaysi? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladigan so‘zlar turkumi sifat deyiladi. Sifat asosan otga bog‘lanadi va uning belgisini aniqlaydi. Masalan: oq ko‘ylak, kuzgi ekin, aqlli qiz, yumshoq non, o‘rtancha o‘g‘il. Bunda belgi bildiruvchi so‘z sifatlovchi, uni boshqarib kelgan ot esa sifatlanmish deyiladi.
Sifat bog‘lanib kelgan ot turli so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalar bilan qo‘llanish mumkin, lekin sifat o‘zgarmaydi: ko‘k qalam, ko‘k qalamning, ko‘k qalamdan kabi. Sifat gapda asosan a) sifatlovchi-aniqlovchi vazifasini bajaradi: Bir ozdan so‘ng yoqimli shamol esa boshladi; b) kesim bo‘lib keladi: Osmon tiniq.
Sifat ba’zan fe’lga bog‘lanib, harakatning belgisini bildirishi mumkin. Bunday holda sifat ravish kabi gapda hol vazifasini bajaradi: U do‘stining yuragida kechayotgan tuyg‘ularni yaxshi tushunardi.
Sifatlar ma’no jihatdan quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) xususiyat bildiruvchi sifatlar: kamtarin, sho‘x, ziqna, sodda, yo‘rg‘a, mehribon;
2) holat bildiruvchi sifatlar: keksa, badavlat, iliq, tinch, salqin, ochiq, xursand;
3) shakl- ko‘rinish bildiruvchi sifatlar: gavdali, novcha, qiyshiq, yassi;
4) rang - tus bildiruvchi sifatlar: oq, qora, qizil, pushti;
5) hajm – o‘lchov bildiruvchi sifatlar: keng, tor, uzun, yaqin, katta, og‘ir;
6) maza - ta’m bildiruvchi sifatlar: nordon, achchiq, bemaza, shirin.7) hid bildiruvchi sifatlar: muattar, xushbo‘y, badbo‘y;
8) o‘rin va paytga munosabat bildiruvchi sifatlar: kechki, tonggi, kuzgi, bahorgi.
Narsaning belgisini bevosita ifodalaydigan, belgini darajalab ko‘rsata oladigan sifat asliy sifat deyiladi. Masalan: yaxshi, katta, uzun, qisqa, oq, qora, semiz, kamtar kabi tub so‘zlar asliy sifatlardir.
Narsa belgisini o‘rin yoki paytga nisbatlash, boshqa narsaga o‘xshatish, chog‘ishtirish kabi ma’nolar vositasida ifodalaydigan sifat nisbiy sifat deyiladi. Ular - roq qo'shimchasini qabul qilmaydi. Daraja ko'rsatmaydi. M-n, kuzgi, devoriy, mevali, do'ppili, g'ishtin.
Oddiy daraja. Bir narsa belgisining boshqa narsa belgisiga nisbatlanmay ifodalanishi oddiy daraja deyiladi. Bunday sifatlar daraja bildiruvchi affikslarga ega bo‘lmaydi. Masalan: yorug‘, yaxshi, og‘ir, chaqqon, yumshoq, baland, to‘g‘ri.
Qiyosiy daraja belgining oddiy darajaga nisbatan ortiq yoki kam ekanligini qiyoslab ko‘rsatadi. Qiyosiy darajadagi sifat asosan -roq affiksi bilan shakllanadi: kattaroq, kichikroq, ko‘kroq, balandroq, mazaliroq, achchiqroq.
Orttirma daraja belgining oddiy darajadan ortiq, yuqori ekanligini ifodalaydi. Orttirma daraja quyidagicha usullar vositasida hosil bo‘ladi:
1.Fonetik usul: a) sifatning bosh qismi va oddiy darajadagi shaklning maxsus takrori orqali: ko‘m-ko‘k, dum-dumaloq, yam-yashil, oppa-oson, teppa-teng; b) sifat tarkibidagi unlini cho‘ziq talaffuz qilish orqali: baaland, achchiq.
2.Leksik usul: a) sifat oldidan eng, juda, g‘oyat, g‘oyatda, nihoyatda, behad, biram, tim, naq, cheksiz kabi so‘zlarni keltirish orqali: juda go‘zal, behad xursand, nihoyatda baland, g‘oyat minnatdor, biram yoqimli, o‘ta g‘irrom, o‘lgiday ziqna, naqadar ulug‘vor, tim qorong‘u; b) turg‘un birikmalarni sifat oldidan keltirish orqali: xaddan ziyod achchiq, haddan tashqari maroqli, bahosi yo‘q juvon; v) takroriy sifatlarni ot oldidan keltirish orqali: baland-baland imoratlar, zo‘r-zo‘r yigitlar, hashamatli-hashamatli binolar, shirin-shirin orzular.
Ozaytirma daraja ko‘proq rang-tus belgilariga xos bo‘lib, belgining oddiy darajadan kamligi, pastligini ifodalaydi. Ozaytirma darajadagi sifatlar quyidagicha usullar yordamida hosil qilinadi:
1.Leksik usul. Belgining kuchsizlik darajasi sifat oldidan yarim, nim, och, xiyol, xiyla, sal, aytarli, u qadar kabi maxsus yordamchi so‘zlarni keltirish yordamida hosil qilinadi: sal durust, xiyol ochiq, bir oz yaxshi, yarim qorong‘u, nim pushti, xila shum, u qadar shirin emas. Bunda ba’zan–roq affiksi ishtirok etishi ham mumkin: sal g‘o‘rroq, xiyol kichikroq, bir oz torroq kabi.
2.Morfologik usul. Bunda darajaning kuchsizligi oddiy darajadagi sifatga quyidagi affikslarni qo‘shish orqali shakllanadi:
a)–ish affiksi orqali: qizg‘ish, sarg‘ish, ko‘kish, oqish; v)–mitir\-imtir affiksi orqali: qoramtir, ko‘kimtir, oqimtir; g)–gina\-kina\-qina affiksi orqali: kattagina, shiringina, oppoqqina, kichikkina.
d)–roq affiksi qiyosiy daraja hosil qilish bilan bir qatorda, belgining kuchsizlik darajasini shakllantirishda ham ishlatiladi.
Yuqoridagi ma'lumotlar sizlar uchun qo'shimcha ma'lumot sifatida mustaqil o'ish uchum taqdim etildi.