May 5, 2020
Fe’l III
Mavlon Burxanov
Mayl kategoriyasi. Ish harakatning voqelikka munosabatini ifodalovchi fe’l shakli mayl deyiladi. Fe’l mallari harakatning voqelikka munosabatini ifodalab, grammatik zamon, grammatik shaxs bilan uzviy bog‘lanadi. Bu uch hodisa fe’lning gapda kesimlik vazifasidan kelib chiqadi. O‘zbek tilida fe’l mayllarining to‘rt turi bor: 1) xabar mayli, 2) buruq-istak mayli, 3) shart mayli, 4) maqsad mayli.
Xabar mayli. Ish-harakatning uch zamondan birida bajarilish va bajarilimaganligini ifodalaydi. Xabar maylining maxsus grammatik ko‘rsatkichi yo‘q. U fe’lga uchala zamon va shaxs-son affikslarini
qo‘shib tuslash orqali shakllanadi. Masalan: o‘qidim, o‘qiding, o‘qidi, o‘qiganman, o‘qigansan, o‘qigan, o‘qimoqchiman, o‘qimoqchisan, o‘qimoqchi. Xabar maylidagi fe’lning asosiy sintaktik vazifasi gapda kesim bo‘lib kelishdir.
Buyruq-istak mayli. Ish-harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, istash, so‘rash,iltimos, maslahat,chaqiriq kabi ma’nolarni ifodalaydi. Buyruq-istak maylidagi fe’l xabar maylidan farqli ravishda maxsus mayl ko‘rsatkichlariga ega bo‘lib, bu mayl quyidagicha tuslanadi:
birlik - yoz+ay, yoz/gin, yoz/sin; yoz/aylik, yoz/ingiz, yoz/sinlar. Birinchi shaxs ko‘plik faqat istakni emas, harakatga da’vat, iltimos kabi ma’nolarni ham ifodalaydi. Chunki bu shakl so‘zlovchidan tashqari u bilan birga bo‘lgan shaxslarni ham o‘z ichiga oladi: Bir yoqadan bosh chiqaraylik. Keling, mana shu ona-yer oldida so‘z
beraylik. (P.Qodirov)
Qat’iy buyruq ma’nosi ikkinchi shaxs vositasida ifodalanadi. Chunki bunda nutq qaratilgan shaxsning o‘zi qatnashadi: Salim qoraga ayting, fermada hisob-kitobni to‘g‘rilab qo‘ysin. (H. F.)
Shart mayli biror ish-harakatning yuzaga chiqishi uchun undan oldin bajarilishi shart bo‘lgan harakatni ifodalaydi. Shart mayli -sa affiksi va shaxs-son qo‘shimchalarining qo‘shilib tuslanishidan hosil bo‘ladi. 1. Shart mayli shaklidagi fe’l boshqa biror harakatning bajarilishi uchun shart bo‘lgan harakatni bildiradi: Mana bu kanal bitsa, yangi yer ochilsa, paxta ham ko‘payadi (A.R). 2. Shart maylidagi fe’l payt ma’nosini bildiradi va payt ergash gapning kesimi vazifasini bajaradi: Ertalab derazadan qarasam, hammayoq oppoq qor ekan. 3. Istak ma’nosini bildiradi. Bunday holda edi to‘liqsiz fe’li ishtirok etib bu ma’noni kuchaytiradi: Qani edi bir parcha soya- salqin joy topilsa...(H.G‘). 4. Agar edi to‘liqsiz fe’li bilan qo‘llangan shart maylidagi fe’l bo‘lishsiz shaklda qo‘llansa, gumon manosi hosil bo‘ladi: Biror qaltis gap aytib, sharmanda qilmasa edi.
Maqsad mayli -moqchi affiksi yordamida yasaladi va harakatning bajarish maqsadini, niyatini, mo‘ljalini bildiradi. Fe’lning bu shakli faqat maqsad, mo‘ljal ma’nosini bildiradi. - moqchi affiksli fe’l edi to‘liqsiz fe’li bilan qo‘llanganda, o‘tgan zamon ifodalanishi mumkin. Lekin bunda harakat o‘tgan zamonga (o‘tgan zamonda bajarilishi) emas, balki maqsad o‘tgan zamonga oid bo‘ladi: bormoqchi edim, bormrqchi eding, yubormoqchi edi.
-moqchi affiksi bilan yasalgan shakl bo‘l fe’lining o‘tgan va hozirgi zamon shakllari bilan qo‘llanganda ham harakatning emas, balki maqsadning hozirgi zamon yoki o‘tgan zamonga oidligi ifoda- lanadi: bormoqchi bo‘layapman, bormoqchi bo‘laman, bormoqchi bo‘ldim.
Mayl shakllarining uslubiyati. 1. Xabar maylidagi fe’l buyruq-istak mayli manosini ifodalashda ishlatiladi: Qani, yigitlar, ketdik! Kechagi qiliqlaring uchun bugun hech yoqqa chiqmaysan, tushundingmi!
2. Xabar maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi: Va’da berdingmi-bajar. Boshga bir ish tushdimi, yagona yo‘l- uni jasorat bilan yengishdir.
3. Buyruq-istak maylidagi fe’l xabar mayli vazifasida ishlatiladi:
Bolani o‘qitish o‘rniga xizmatingizni qildiring, yana urdiring! Sizda insof bormi? (xizmatingizni qildiribsiz, urdiribsiz)
4. Buyruq–istak maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi:
Kimlardir mehnat qilsin-u, rohatini siz ko‘rasizmi?! Avval qo‘ng‘iroq chalsin, keyin hammamiz birga tashqariga chiqamiz.
5.Shart maylidagi fe’l xabar mayli ma’nosini ifodalashga xizmat qiladi: Kenjaboyning o‘g‘li yugurib kelsa-yu, to‘ni bilan sumkasini qo‘limga tutqazsa bo‘ladimi? (O.) (qo‘limga tutqazdi).
Yuqoridagi ma'lumotlar o'quvchilar, abituriyentlar va o'qituvchilar uchun taqdim etildi. Ilm olishdan to'xtamang!