May 3, 2020
Fe’l I qism
Fe’l so‘z turkumi
1-§. Harakat tushunchasini anglatuvchi so‘zlar fe’l deyiladi. Harakat ma’nosi juda keng tushuncha bo‘lib, o‘ylamoq, xayol surmoq fikrlamoq singar tafakkur, yugurmoq, sakramoq., ishlamoq kabi jismoniy
faoliyat, so‘zlamoq, demoq, aytmoq kabi nutq, uxlamoq, mudramoq, kutmoq , kulmoq kabi holat, qurmoq, chizmoq, yasamoq, yaratmoq kabi natijali faoliyat bilan bog‘liq ma’noviy guruhlarga mansub fe’llarni o‘z ichiga oladi. Fe’llar bir umumiy so‘roqqa-nima qilmoq? so‘ro-g‘iga javob bo‘ladi. Fe’llar leksik-grammatik xususiyatlariga ko‘ra ham ikki guruhga bo‘linadi: 1) mustaqil fe’llar; 2) yordam-chi fe’llar.
1)Mustaqil fe’llar lug‘aviy ma’noga ega bo‘lib, nutqiy jarayonda biror gap bo‘lagi vazifasida ishlatiladigan fe’llardir. Mustaqil fe’llar turli grammatik kategoriyalarga birlashadigan sof fe’l va vazifadosh shakllardan tashkil topadi. Masalan: keldim — aniq nisbat, bo‘lishli, xabar mayli, o‘tgan zamon, birinchi shaxs, birlik kabilar muayyan grammatik kategoriyalarni ifodalovchi sof fe’llar hisoblansa; kelgan - sifatdosh, kelgach - ravishdosh, kelish - harakat nomi shaklida ekanligi esa fe’lning vazifadosh shakllaridir.
2)Yordamchi fe’llar mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lmay, turli grammatik ma’no va vazifalarni yuzaga chiqarish uchun xizmat
qiladigan fe’llardir. Yordamchi fe’llar o‘z xususiyatiga ko‘ra quyidagi turga bo‘linadi: 1) qo‘shma fe’l yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi fe’llar. Masalan:xabar qilmoq, xursand bo‘lmoq, tasdiq etmoq kabi; 2) kesim tarkibida bog‘lama vazifasini
bajaruvchi yordamchi fe’llar. Bu vazifadagi yordamchi fe’llarga a)leksik ma’nosini mutlaqo yo‘qotgan sof bog‘lamalar, ya’ni edi, ekan, emish to‘liqsiz fe’llari kiradi; b) leksik ma’nosini tamomila yo‘qotmagan bo‘ladi, bo‘lmaydi, deyiladi, hisoblanadi kabi bog‘lamalar kiradi; 3) fe’llarga birikib, turli qo‘shimcha ma’no ifodalovchi ko‘makchi fe’llar: chiq-o‘qib chiq, qol-uxlab qol kabi.
Fe’llarning bosh shakli uning o‘zak-negiziga –moq affiksini qo‘shish orqali yasaladi: o‘qimoq, ishlamoq, yozmoq, o‘tirmoq, o‘qib chiqmoq, bilib olmoq. Ular lug‘atlarda ham shu shaklda beriladi.
O‘timli va o‘timsiz fe’llar. Fe’llar undan anglashilgan ish-harakatning narsaga munosabatiga ko‘ra o‘timli yoki o‘timsiz bo‘ladi.
1.Harakatning tushum kelishigidagi ot bilan ifodalangan narsaga o‘tishini bildiruvchi fe’llar o‘timli fe’l deyiladi. Masalan: ol, o‘qi, saqla, tozala fe’llari o‘timlidir.
2.Narsaga bevosita o‘tmaydigan harakatni anglatadigan fe’llar o‘timsiz fe’llardir. Masalan: bor, kel, o‘tir kabi fe’llar o‘timsizdir.
Nisbat kategoriyasi. Fe’ldan anglashilgan harakatning
bajaruvchi va bajariladigan harakat o‘rtasidagi munosabatining ifodala- nishi fe’l nisbati deyiladi. 1. Aniq nisbat. Harakatning ega orqali ifodalangan shaxs yoki narsa tomonidan bajarilganini yoki bajarilmaganini ifodalaydi. To‘ldiruvchi esa harakatning obyekti bo‘ladi. Aniq nisbat maxsus affiksga ega emas: o‘qidi, yozdi, kutdi kabi sof fe’llar ana shu nisbatdadir.
2) O'zlik nisbat. Harakatning bir shaxs yoki narsaning o‘zida
sodir bo‘lishini anglatadi. Bu nisbat quyidagi affikslar orqali hosil
bo‘ladi: a) fe’l o‘zak-negiziga unlidan keyin -n, undoshdan keyin -in affiksini qo‘shish orqali: o‘ra+n, yuv+in; b) fe’l o‘zak-negiziga unlidan keyin -l, undoshdan keyin -il affiksini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi: cho‘m+il, surka+l; d) fe’l o‘zak-negiziga unlidan keyin -sh, undoshdan keyin -ish affiksini qo‘shish orqali hosil bo‘ladi: joyla+sh, ker+ish. Yetakchi ko‘makchi fe’lli birikmalarga o‘zlik nisbati
qo‘shimchasi, asosan, yetakchi fe’lga qo‘shilib keladi: suya+n+ib turmoq, yuv+in+ib kelmoq, qo‘zg‘a+l+ib ketmoq kabi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, tilimizdagi zavq+lan, achchiq+lan, foyda+lan, o‘ng‘aysiz+lan kabilar o‘zlik nisbatdagi fe’llar hisoblanmaydi. Chunki zavqlanmoq, achchiqlanmoq kabi fe’llar tarkibidagi -n nisbat yasovchi emas, balki -la va -n bir butun holda (-lan) affiksidir. Shu bois, zavqlan, achchiqlan fe’llari aniq nisbat shakli hisoblanadi. Xuddi shuningdek, ba’zi o‘timli va o‘timsiz fe’llardan ham o‘zlik nisbati yasalmaydi: bor, yugur, o‘qi, hayda, ek, min, sug‘or kabilar, shular jumlasidandir.
Orttirma nisbat. Harakatning boshqa bir shaxs yoki narsa ta’sirida, tazyiqida bajarilishi, orttirilishini ifodalovchi fe’l shaklidir. Quyidagicha affikslar orqali hosil qilinadi: 1) - dir (tir): yozdir, kuldir; 2) - gaz (-giz, -g‘az, -g‘iz, -kaz, -kiz, -qaz, -qiz): ko‘rgaz, ketkiz, o‘tqaz; 3)t: o‘qit, qurit, ishlab; 4) - iz: oqiz, tomiz; 5) - ir: botir, tomir,oqir; 6) – ar: chiqar, qaytar; 7) - sat: ko‘rsat.
Ayrim fe’llarning orttirma nisbatni yasashda ko‘rsatilgan affikslardan faqat bittasini, boshqa fe’llarda esa bir nechtasini sinonim sifatida qo‘llash mumkin: ko‘n+dir - to‘la+t-to‘l+dir - to‘l+g‘iz kabi.
Shuningdek, orttirma nisbat boshqa nisbatlardan farqli ravishda fe’lga birdan ortiq affikslar qo‘shish bilan yasalishi mumkin: jo‘na+t+tir+di, yoz+dir+tir+di.
Orttirma nisbat o‘timli yoki o‘timsiz fe’llardan ham yasaladi: uxla - uxlat, o‘qi-o‘qit kabi. Orttirma nisbat o‘timsiz fe’llardan yasalganda, o‘timli fe’l yuzaga keladi: ko‘kar- ko‘kartir, uch - uchir kabi.
Majhul nisbat. Harakat to‘ldiruvchi anglatgan narsa yoki shaxs tomonidan bajarilib, egaga o‘tadi yoki haqiqiy bajaruvchisi noma’lum bo‘ladi: O‘qish boshlandi (bajaruvchisi noma’lum), yer haydaldi (harakat bajaruvchisi traktorchilar).Bu nisbatan -in / -n va -l / in affikslari orqali hosil qilinadi: tara+l, ulu+n, keltir+il, ol+in kabi. O'zlik va majhul nisbat qo'shimchalari bir xil. Farqlash usullar:1) O'zi so'zi bilan moslasha olsa, o'zlik nisbat; 2) Kim tomonidan? nima tomonidan? so'roqlarini qabul qilsa, majhul nisbat! Chiqindilar ko'chaga tashlandi(kim tomonidan) - majhul, Ko'chada nogohon it tashlandi(o'zi) - o'zlik; Mix qoqildi(kim tomonidan) - majhul, Qiz toshga qoqildi(o'zi) - o'zlik!
Birgalik nisbat shakli -(i)sh affiksi yordamida yasaladi va harakatning birdan ortiq shaxs tomonidan bajarilishini bildiradi: yozishdi,tozalashdi. Birgalik nisbatdagi fe’llar mazmunan a) harakatni bajarishda birga ishtirok etish ma’nosi: tozalashdim, yuvishdim ; b) o‘zaro, galma-gal bajarilgan harakat ma’nosi: urishdi, tortishishdi, talashishidi kabilarni ifodalaydi.
Birgalik nisbat shaklidagi fe’l ko‘plik ifodalovchi -lar affiksi bilan sinonim hisoblanadi: keldilar-kelishdi, o‘qidilar-o‘qishdi.
Yetakchi va ko‘makchi felli birikmalarda birgalik nisbat ko‘rsatkichi quyidagi tartibda qo‘shiladi: a) yetakchi fe’lga: kel+ish+ib
qoldi, quv+ish+ib ketdi; b) ko‘makchi fe’lga: quvib ket+ish+di, kelib qol+ish+di; b) har ikkalasiga qo‘shiladi. Bunda yetakchi fe’ldagisi birgalik ko‘makchi fe’ldagisi esa ko‘plik ifodalaydi: kul+ish+ib qo‘y+ish+di, ayt+ish+ib qol+ish+di.
Yuqoridagi ma'lumotlar mustaqil o'qish uchun taqdim etildi. O'qib chiqing: foydadan xoli bo'lmaydi!