June 6

Жизнь с прошлым

2-qism

Oʻtmish — bu qaytib boʻlmas goʻzal bogʻ, ammo uning gullari allaqachon qurib, tikanakka aylangan. Agar sen oʻsha bogʻdan chiqib ketishni istamasang, har bir qadamingda qonaysan. U har tunda oʻsha xotiralar sahifasini varaqlardi. Har bir sahifa qalbida yangi chiziq, yangi jarohat qoldirardi. Tirik boʻla turib, oʻliklar dunyosida yashash qanchalik ogʻir? Shunchaki eski xotiralar bilan yashash, oʻzingga doʻzaxni yaratishdek gap. Bu doʻzaxning na olovi bor, na tutuni, lekin u ich-ichingdan seni kulga aylantiradi. Inson oʻz xotiralarining asiriga aylangan kundan boshlab, uning kelajagi oʻladi.

Sulli hayolidagi og‘riqli fikrlarni unutish uchun qadamlarini tezlashtirdi. Sovuq tong havosi yuziga urilar, ammo bu ham uning ichidagi bosimni kamaytirmasdi.

Maktab binosi uzoqdan ko‘rina boshlagach, hovlida yig‘ilib turgan o‘quvchilarni payqadi. Bugun hamma odatdagidan erta kelgandi.

Shu payt uzoqdan Mina uni ko‘rib qoldi.

— O‘o‘o‘ Sulli!

Mina qo‘l silkigancha yugurib keldi.

— Yaxshimisan? Kecha sizlarnikiga bormoqchi edim, ammo darslar ko‘pligidan ulgurmadim.

Sulli unga qaradi.

— Salom…. – Ovozi hissiz chiqdi.

Mina birdan qoshlarini chimirdi.

— Sulli, senga nima bo‘ldi? Nega bugun kayfiyating yo‘q?

— Hech qisi yo‘q. Yaxshiman. O‘zingchi?

— Men yaxshiman! — Mina odatdagidek quvnoq gapirdi. — Aytgancha, eshitmadingmi? Endi 12ga kirdik, yuqori maktabga o‘tamiz. Bugun hamma maktab tanlaydi!

Sulli indamay qarab turdi.

— Sen qaysi maktabni tanlaysan?

— Men… bilmayman.

— Yo‘q, yo‘q! — Mina kulib uning qo‘lidan ushladi. — Ikkimiz bir maktabda, bitta sinfda bo‘lishimiz shart!

Sulli uning sho‘x harakatlariga biroz charchoq bilan qaradi.

— “Xo‘p” demagunimcha qo‘ymaysan, buni bilaman.

— Albatta! Endi yur, sinfga kiramiz!

Mina Sullining qo‘lidan tortib ichkariga olib ketdi.


Sinfga kirishlari bilan shovqin quloqqa urildi. Hamma o‘quvchilar allaqachon yig‘ilgan, kimdir blankalarni to‘ldirar, yana kimdir qaysi maktab yaxshi ekanini muhokama qilardi.

O‘qituvchi har bir o‘quvchiga tanlov blankasini tarqatdi.Sulli qog‘ozni qo‘liga oldi.Bir necha soniya maktablar ro‘yxatiga tikilib qoldi.Keyin sekin ruchkasini olib bir maktab nomini belgiladi.Bu uyidan ancha uzoqdagi maktab edi.

Sababi oddiy edi.U endi uyda kamroq vaqt o‘tkazishni istardi.Mina yon tomondan qarab qoldi-da, hayrat bilan dedi:

— Voy… sen shunchalik uzoq maktabni tanladingmi?

— Ha.

— Senga qiyin bo‘lmaydimi?

— Yo‘q.

Sulli bir soniya ham ikkilanmadi.Mina unga bir necha soniya qarab turdi. Keyin birdan jilmayib qo‘ydi.

— Unda birga qiynalamiz!

U ham o‘sha maktabni belgilab qo‘ydi.Sulli hayron bo‘lib unga qaradi.

— Mina…

— Nima? Seni yolg‘iz qo‘yaman deb o‘yladingmi?

Mina kuldi.Ammo ichida boshqa his bor edi.U bugun Sullining nimadir yashirayotganini aniq sezayotgandi.Odatda jim bo‘lsa ham, bugungi sukunat boshqacha edi.Juda sovuq.Juda charchagan.Va negadir… juda yolg‘iz edi.

O‘quvchilar qo‘llariga berilgan blankalarni topshirishdi. Direktor va eski sinf rahbari ularni sanab tekshirdi. Koreyada yuqori maktab majburiy emas, lekin hamma uni o‘qiydi.

Sinfda o‘quvchilar o‘zaro bahslasha boshlashdi. O‘quvchilar keyingi yil yangi maktabga o‘tishlari, bu yillari ortda qolishini anglashgandi. Ammo keyingi yildan maktabga topshirishlari g‘alati bo‘ldi. Aynan shu savol Sullini qiynadi va Minani turtib dedi:

— Mina, senga bir gap aytsam, nega biz o‘tgan yil oxirida emas, hozir maktab blankasini to‘ldirdik?

— Bilmadim, shu yil menimcha shu ish qo‘llangan. Endi nima bo‘lsa ham yangi maktab va yangi hayotga qadam qo‘yamiz. — Mina afsuslangandek chiqdi.

— To‘g‘ri. — Sullining ovozi past chiqdi.

Mina jim bo‘lib qoldi. Direktor gap boshladi:

— Xullas, o‘quvchilar, endi siz yosh bola emassizlar! Endi katta hayotga qadam qo‘yyapsizlar. Shunday ekan, har biringizga omad! Hayotda o‘z o‘rningizni toping. Kechgacha hujjatlaringiz boshqa maktab bazasiga kiradi va telefoningizga qaysi maktabni tanlagan bo‘lsangiz, lokatsiya, sinf xonangiz va sinf rahbaringiz haqida ma’lumot boradi. — Direktor vazminlik bilan gapni tugatib chiqib ketdi.

Sinfda hamma jim bo‘lib qoldi. Muhokama ham, so‘zlashuv ham yuraklariga sig‘may qoldi. Ular endi butunlay begona bo‘lishlari, boshqa ko‘rishishmasliklari mumkin. Aslida hammasi shunday: katta hayotga qadam qo‘yayotganda kimdir yoki nimadandir ayrilasan. Bugun esa buni ushbu sinfdagi barcha o‘quvchilar his qildi.

Sinf rahbari astagina so‘z boshladi. Uning ovozida o‘quvchilarga bo‘lgan mehr va cheksiz g‘am bor edi:

— Mana, o‘quvchilar, ko‘rib turganingizdek, endi rostdan katta hayotga otlanyapsizlar. Bu boshlanishi ekanini unutmang! Bu maktabdan ketganingizdan so‘ng hammasi tugamaydi, aksincha boshlanadi. Shunday ekan, hech qachon yo‘ldan va tanlovdan adashmang! Sizlar men uchun doim yosh bola bo‘lib qolasizlar!

Sinf rahbari ko‘zlarini burdi. Undan ikki tomchi yosh chiqdi. O‘quvchilar chiday olmay o‘qituvchisini oldiga borib, uni quchoqlashdi.

Sulli ustozini juda yaxshi ko‘rardi. U ham uni quchoqladi, yig‘ladi. Ammo bu tugash emas, boshlanish edi. Albatta, bu hayot davom etadi. Sinf rahbari hammaga javob berdi. Endi hamma boshqa-boshqa maktabga qadam qo‘yishadi.

Sulli va Mina tashqariga chiqishdi. Sulli bir bor maktab isini tuydi. Mina esa maktab bog‘ini ko‘zdan kechirdi, u Sullining harakatlarini ko‘rib kulib qo‘ydi. Uni suratga tushirib oldi. Buni sezgan Sulli norozi bo‘lib dedi:

— Mina, senga ruxsatsiz rasmga olish juda yoqadi-a? — Ikki qo‘li belida Sulli Minaga qarab turib oldi.

Mina qattiq-qattiq kulib yubordi va Sullini shu holida ham rasmga oldi. Buni ko‘rgan Sullining fig‘oni falakka chiqdi. U Minani quvlay ketdi. Mina juda tez yugurar, Sulli esa uning ortidan qolmasdi. Sulli charchab o‘rindiqqa o‘tirib qoldi. U hansirar, chuqur-chuqur nafas olardi. Ammo bu charchoqdan emas, tushunib bo‘lmas quvonchdan edi.

Mina uning oldiga o‘tirdi, qo‘lini Sullining yelkasidan o‘tkazib dedi:

— Sulli, xafa bo‘lma, buni bir necha yildan keyin ko‘rib kulib o‘tiramiz. — U kuldi.

Sulli Minaning sochlaridan tortib, kulib dedi:

— Boshqa ruxsatimsiz suratga olma, tushundingmi? — Uning so‘zlarida na g‘azab, na tahdid bor edi. Faqat hazil aralash so‘zlar.

— Xo‘p, sochimni qo‘yib yubor, iltimos. Boshqa bunday qilmayman. — Mina qiqir-qiqir kulardi.

Sulli Minaning sochlarini qo‘yib yubordi. Ikkisi ham betartib nafas olar edi. Ular har bir nigohi bilan maktabni kuzatishdi. Mina qo‘liga telefonini olib, yangi maktab haqida izlay boshladi. Sulli esa faqat kuzatar, telefonini olmoqchi bo‘ldi, ammo ichidagi bir og‘riq qo‘ymadi. U na telefon, na kompyuter ishlatishni xohlayotgandi.

Sulli o‘rnidan turib bog‘dagi romashkalardan terdi. Ularni sumkasidagi tasma bilan bog‘lab, Minani turtdi.

— Hoy, ketdik kutubxonaga. U yerga kitob topshirib, aylanib kelamiz.

— Qara, yangi maktab haqida qizlardan surishtirdim. U yer juda katta va muqobil maktab ekan. — U Sullining gaplariga e’tibor bermay telefonni tutdi.

Sulli muqobil maktab nima ekaniga hayron qoldi va savolli nigoh bilan Minaga tikildi.

— Ya’ni? U qanday maktab?

— Biznikiga o‘xshab o‘quvchilar boshqa maktabga ketishmaydi, oxirigacha o‘qishadi, albatta xohlashsa. Ammo u yerda ta’lim kuchli ekan. Tungi darslar va to‘garaklar ham bor ekan. — Mina quvonch bilan aytardi.

— Unda yaxshi ekan, demak salohiyati kuchli maktabda o‘qiymiz. — Sulli mamnun jilmaydi.

— U yerda chiroyli yigitlar va chiroyli qizlar ko‘p ekan, qara-qara! — U telefonni Sullining yuziga yaqin olib keldi.

— Hoy, senga odamlar emas, o‘qish muhimroq bo‘lsin. Adashmasam, sening ko‘ngling kimdadir bor edi. Yoki endi uni unutdingmi? — Sulli kuldi.

— Jinnimisan? Kimnidir sevib qolsam, unutmayman. Faqat endi yo‘q. Axir hamma o‘z yo‘lidan ketdi. — Mina hovuri bosilib dedi.

— Demak, u inson men o‘ylagan inson yoki sinfdoshlarimiz orasidan. Yoki o‘zing aytasanmi? — Sulli Minani joyidan turg‘izdi.

— Hali aytmayman, bu isbotlansa aytaman, xo‘pmi?

— Xo‘p, yaramas qiz. Ketdik endi kutubxonaga! — Sulli Minani sudradi.

— Sen hali yangi maktabda ham kutubxona topib, o‘sha yerdan beri kelmaysan, bu aniq! — Mina kuldi.

Sulli qattiq-qattiq kuldi. U hozir kulayotgan bo‘lsa-da, yangi maktab va yangi o‘quvchilar haqida o‘ylar edi. U o‘zini yangi hayotda qanday qabul qilishlarini bilmasdi. Asta-sekin ichidagi g‘am tugunlari qattiq tortildi. Ammo eski maktabidagi oxirgi kunini g‘am bilan o‘tkazishni istamadi.

Ular kutubxona tomon yugurishdi. Kutubxonaga kirishar ekan, Sulli chuqur nafas oldi. Bu yerda u yosh bo‘lishiga qaramay juda ko‘p vaqtini o‘tkazgan. To‘garaklarining oxirgi kunlarini shu yerda o‘tkazdi. Bu yer u uchun qadrli edi.

Kitob javonlari orasidan yurarkan, Mina ortda qoldi. Sulli uni chaqirdi:

— Hoy, Mina, qayerdasan?

Javob yo‘q.

Mayli, deya Sulli kutubxonaning oxiriga bordi. Javondan olgan kitobini qo‘ydi-da, chuqur nafas oldi.

Oyoqlari gavdasini ko‘tara olmay, asta-sekin marmar ustida sirpandi. Javonga suyangancha yerda qotib qoldi. Ko‘zlaridan yosh oqdi. U endi nima bo‘lishini va hayoti qanday davom etishini bilmasdi.

Xayolida o‘tmish va oilasidagi chalkashliklar, endi esa yangi hayot haqidagi qorong‘u hislar paydo bo‘ldi. U sekin va unsiz yig‘lay boshladi. Kutubxonaning tinchligi endi battar sukut bilan to‘qnashdi.

Sulli xayolidagi barcha o‘ylarni quvishga urinar, ammo qo‘lidan kelmasdi.

Uning xayollari:

"Endi nima bo‘ladi? Nahotki endi hayotim tubdan o‘zgarsa? Yolg‘izman. Meni qo‘llaydigan akam ham yo‘q. Mina men bilan, ammo u ham doim yonimda bo‘lavermaydi. Onam bugun meni urushmaydimikan? Uzoq maktab tanladim. Endi afsuslanish yo‘q. Balki bu yo‘l bilan men uydan qochib qutularman.

Otam kecha aytgan gaplar... Nahotki men ularning farzandi emasman? Nahotki?!"

Sulli yig‘lay boshladi.

"Yo‘q, unday emas. Jahl bilan aytilgan gaplar bu! Ular meni amakimdan qutqarishmadi. Ular meni shu olovga topshirdi. Yoshligimni ham, kelajagimni ham ular barbod qilishdi. Nafratlanaman!"

Sulli xayollarini yig‘ishtirib o‘rnidan turdi, kiyimlarini to‘g‘irlab yuzini artdi. U sumkasini qayta ilib, javonlar orasidan Minaning oldiga qaytdi.

Mina Sullining ko‘zlaridagi birdan so‘ngan quvonchni tezda sezdi.

— Yur, endi biror parkni aylanib rasmlarga tushamiz. Mening dadam mashina haydovchisiga ertalab park haqida gaplashgan edi. — U Sullining qo‘lini tutdi.

— Eyy, nima qilasan? Uyga borib darslarimni qilishim kerak. O‘zing aylanib kelaver! — Sulli qo‘llarini tortdi.

— Yo‘q! — dedi qat’iy Mina. — Borasan. Uyingga ham tashlab qo‘yamiz, yur! — U Sullini tortqilay ketdi.

Ular birga mashinaga o‘tirishdi. Mashina haydovchisi sekingina Sulliga salom berdi. Mashinani yurgizishi barobarida qizlarga savol berdi:

— Qani, kichik xonimlar, endi qayerga yo‘l oldik?

Sulli endigina "uyga" deya og‘iz juftlamoqchi bo‘ldi, afsuski ulgirmadi.

Mina vaziyatni qo‘lga olib, quvnoq holda dedi:

— Parkka yo‘l olamiz. Endi oxirgi kunni quvonch bilan o‘tkazamiz.

— Mayli, unda ketdik! — dedi haydovchi Han.

Ular parkka yetib borishdi, juda katta, Seouldagi eng yaxshi park edi. Ular park oralab yugura ketishdi. Ular birinchi katta charxpalakka chiqishdi, muzqaymoq yeyishdi. Sulli qiziquvchanligi bilan ular kuchli atraksion tomon ketishdi. Chipta olishar ekan, ikki kishilik o‘rindiqqa birga o‘tira olishmadi. Mina bir qiz bilan rosa tortishdi, ammo u chiptasini bermadi. Sulli tezroq chiqishni istagani uchun oxirgi chiptani olaqoldi. Mina esa ichida yengil bo‘ldi, u bunday joylarda qo‘rqar edi.

Sulli chipta raqami yozilgan joyga o‘tirdi, u yonidagi sherigi kim ekanini bilmasdi. Balki qiziqmayotgandir ham. Ko‘p o‘tmay hamma joyini egalladi, hali ham qizning sherigi yo‘q edi. Endi yura boshlagan payt bir yuqori maktab o‘quvchisi yugurib kelib uni to‘xtatdi va chiptasi borligini ko‘rsatib atraksionga chiqdi.

Sulli atraksion yurib boshlaganini sezib, ko‘zlarini yumib olgandi. U oldiga kelgan sherigini sezmadi ham. Joyiga yaxshilab o‘tirgan yigit qizning ko‘zlari qattiq qisilganini ko‘rib kulib yubordi. U joylashib, kamarni taqdi va uni qattiq ushladi. Atraksion harakatga keldi, u tepaga chiqquncha Sullining ko‘zlari ochilmadi.

Eng yuqori balandlikka chiqqan atraksion bir zum to‘xtadi. Sulli ko‘zlarini ochdi. Yonidagi sherigiga nigohini qaratdi. Yigit qattiq hansirar, ko‘zlari qattiq yumilgan edi. Yigit boshini egib, chuqur-chuqur nafas olardi.

Sulli to‘xtab turgan vaqtdan foydalanib dedi:

— Mmm, savolim bor edi? Janob! — Sulli uni biroz turtdi.

— Janob emas, shunchaki V deyaver. Savoling nima? — yigit boshini ko‘tarmadi, ammo qizning yoqimli ovozidan biroz tinchidi.

— Qo‘rqar ekansiz, nega bunday balandlikka chiqdingiz? Hozir ishga tushsa qo‘rqmaysizmi? — Sulli unga g‘amxo‘rlik bilan boqdi.

— Men, men... — Atraksion ishga tushib, kuchli tezlikda harakatlandi va uning so‘zlarini bo‘g‘di.

Atraksion juda tez harakatlanar, Sulli esa qo‘rqmas, u faqat quvonchdan baqirar edi. Sulli bu atraksionga akasi bilan juda ko‘p kelgan, shuning uchun qo‘rqmas edi. Yonidagi yigit qo‘rquvini yashira olmas, hali ham boshini ko‘tarmagan edi. Yana bir balandlikka ko‘tarilgan chog‘i, yigit Sullining qo‘llarini ushlab baqirdi. Sulli uning qo‘rquvini tushunib gapirmadi, e’tiroz bildirmadi, ammo noqulay bo‘lardi.

Atraksion pastlayotgan payt, Sulli qo‘lini undan yulib olib, kamarini bo‘shatdi. Atraksion to‘xtadi. Hamma o‘rnida zo‘rg‘a turar, Sulli esa tezlik bilan undan tushib ketdi.

Yigit hayrat bilan ortidan tikilib qoldi. U qizning jasoratidan lol qolgandi. Sulli yigitning yuzini eslab qola olmadi, chunki boshi egilgan, ko‘zlari qisilgan odamni qanday eslab qolish mumkin?

Mina Sullining xotirjam bo‘lib kelayotganini ko‘rib hayron qoldi va Sullining qo‘llarini tutib gapira boshladi:

— Sulli, senga qoyil! U yerdan hali hech kim tushmadi. Ammo sen juda tetiksan. Nahot qo‘rqmading?

— Eee, bu atraksionga juda ko‘p chiqqanman, muammo emas! — Sulli o‘zidan faxrlanib gapirdi.

— Aytgancha, sheriging kim ekan? Men juda qiziqdim, ishonasanmi, oxirida bir ko‘rkam yigit chiqib ketdi. Exx, u kim bilan sherik bo‘lgan ekan-a? — u hayajon bilan gapirdi.

— Ko‘rkam yigit? Mening sherigim juda kech chiqdi! — u hayron bo‘lib dedi.

— Kech chiqdi demak, u sening sheriging ekan-da. U qanday ekan, jasurmikan? Qo‘rqmadimi? — Minaning savollari Sullini qisdi.

— Eee, qo‘ysangchi. Men uning na yuzini ko‘rdim, na jasurligini. Ishonasanmi, o‘ta qo‘rqoq ekan. Boshini eggancha umuman ko‘tarmadi. Yana qo‘rqqanida qo‘limni ushlab oldi, yosh bola! — Sulli kuldi.

— Birovning ustidan kulma! Endi ketdik, nimadir yeymiz. U yog‘ini o‘sha yerda gaplashamiz. — u Sullini yana sudradi.

Ular tamaddixonaga kirishdi va kimpap hamda ramen buyurtma qilishdi. Buyurtmani kutib zerikkan ikki qiz tamaddixona yonidagi suratga tushish apparatiga kirishdi. Ular juda ko‘p suratlarga tushishdi va ularni bo‘lib olishdi.

Apparat esa Sullining o‘sha yerda yolg‘iz tushgan rasmini yo‘qotib qo‘ydi. Ikki qiz rosa qidirdi, ammo ovqatlari tayyor bo‘lgani sabab u yerni tark etib yana tamaddixonaga kirishdi.

Ular tamaddixonaga kirishgan payt, o‘sha atraksiondagi yigit apparat yoniga keldi. U rasmga tushmoqchimidi? Yoki shunchaki keldimikan? Yigit apparatga qo‘lini qo‘yib asta esladi, u oldin shu yerda juda ko‘p suratga tushgan.

U sevgani bilan tushgan rasmini qo`lga olib turardi!

U apparat ichiga kirib xayol sura boshladi. Boshi apparat ichidagi devorga suyangan edi. Ko‘zlaridan yosh oqdi va pichirlab dedi:

— IU! Seni sog‘indim!

Ozgina o‘tirgandan keyin yigit asta o‘rnidan turdi va yerdagi suratga ko‘zi tushdi.

— Buu o‘sha qiz, atraksiondagi o‘shaku.

U qizning suratini cho‘ntagiga solib, asta gavdasini ko‘tardi va yo‘lidan davom etdi.

Ichkarida esa boshqa vaziyat. Mina Sullini savollar bilan ko‘mib yuborgandi. Sulli savollarni rad etib faqat ovqat yer edi, Mina esa ovqat yeyish barobarida uni tinch qo‘ymas edi. Ovqatlanib bo‘lib ular asta hisobni to‘lashdi va mashina tomon yurishdi. Soat allaqachon kechki 17:00 bo‘lgan, parkdagi odamlar siyraklashgan, hamma uylariga tomon ketishardi.

Haydovchi Han mashina eshigini ochib, ikki kichik xonimni ichkariga chorladi. Qizlar o‘tirishdi va o‘zaro suhbat boshlagan chog‘da, haydovchi Han ularga qo‘shildi.

— Kichik xonimlar, aylanish qalay o‘tdi? Rosa aylanib keldingiz shekilli? — haydovchi Han ularni so‘roqqa tutdi.

— Zo‘r o‘tdi, mazza qilib aylandik. To‘g‘rimi, Sulli? — Mina quvonch bilan dedi.

— Ha, mazza qildik! — Sulli biroz jilmaydi, u hozir biroz charchagan edi.

— Ha, unda hozir Sulli kichik xonimimizni uylariga tashlab, Minlar qo‘rg‘oniga yo‘l olamiz. — vazminlik bilan javob qildi haydovchi Han.

— Ha, ketdik! — quvnoq ovoz bilan so‘zladi Mina.

Quyosh o‘z qiniga kirib ketar ekan, ufq sarg‘ayib, osmon go‘zal tusga kirgan edi. Shahar odamlari muqaddas oila atalmish uylariga sokinlik topish uchun ketayotgan bir paytda, Sulli xayolida bitta o‘y: “Bugungi qarorim qanday qabul qilinarkin? Uyda meni qanday kutishyapti?” U har qancha o‘ylasa ham, javobi aynan o‘z uyida kutardi.

Mashina motori sokinlik bilan harakat qilarkan, haydovchi Hanning shoshmayotganini shundoq sezsa bo‘lardi.

Mashina Kimlar qo‘rg‘oniga yaqinlashgan sari, motor tovushi biroz tezlashdi. Qo‘rg‘on darvozasi shunchalar salobatliki, qo‘rg‘on haybatini yanada jonlantirib turardi. Janob Han mashinani to‘xtatib, asta Sullining eshigini ochdi.

— Qani, kichik xonim, yetib keldik! — haydovchi Han jilmaygancha turardi.

— Rahmat! Ha, Mina, yaxshi bor. Ertaga yangi maktabda ko‘rishguncha! — Sulli jilmaygancha Minaning qo‘lidan tutdi.

— Ho‘p, sen ham yaxshi qol. Ertaga yangi maktabda soat sakkizda! — Mina kuldi va Sullining qo‘lini qo‘yib yubordi.

Sulli qo‘l silkigancha Minani kuzatdi, keyin esa qo‘rg‘on tomon og‘ir qadamlar bilan yura boshladi. Bugun ancha aylanishdi, kulishdi, ammo negadir bu hislar oldin unga zavq bersa, endi u bundan charchagan edi.

Sulli eshik oldiga kelgan chog‘da, xizmatkor qo‘lidan sumkasini oldi.

— Kichik xonim, yaxshi keldingizmi? Xonim Sofi sizni kutib turgandi, kayfiyatlari biroz yomonga o‘xshaydi.

— Yaxshi keldim! Hozir qayerdalar?

— Xonalarida dam olyaptilar, keyinroq chiqsalar kerak. — xizmatkor biroz past ovozda gapirardi.

— Ha, unda men xonamga ketdim, ovqatlanish chog‘ida chiqaman. — Sulli biroz qadamini tezlatdi.

— Ho‘p mayli. — jilmaydi xizmatkor ayol.

Sulli zinalardan ildam qadam tashlarkan, o‘z xonasiga tomon oshiqardi. U yerda tinchlik va sokinlik hukmron, shovqin va musiqa ovozlari yo‘q edi. Sulli eshikni ochib xonaga otilib kirdida, o‘zini beixtiyor karavotga tashladi.

Astagina oyoqlarini yozib yengillagandek bo‘ldi va kiyimlarini asta-sekin almashtirishga tushdi.

Kiyimlarini almashtirib bo‘lib, Sulli astagina kompyuter oldiga o‘tirdi. Telefonini ochdi-da, undagi barcha suratlarni kompyuterga o‘tkazib, telefonni tozaladi. Ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarini muzlatib, telefonda faqat kontaktlarini qoldirdi. Kompyuterda ham arzirlik narsalarni qoldirib, hamma narsani tozaladi. U bu yo‘l bilan o‘ziga biroz taskin bermoqchi edi.

U ishlarini tugatar ekan, soat 18:00 bo‘lib bo‘lgandi. Bu payt qo‘rg‘onda hamma kechki ovqatga yig‘iladi. Sulli uchun bu kechki ovqatlar endi fayzsiz edi. Akasi yo‘q va ota-onasining mehri ham yo‘q.

Sulli bir oz tin oldi-da, yuzini yostiqqa bosib sekin dedi:

— Exx, charchab ketdim. Ertaga esa maktabga borish kerak! Uff! — u shunday deya o‘rnidan turib dushga kirdi.

Muzdek marmarga oyoq bosarkan, Sulli hushiga keldi. Astagina rakovina oldiga borib suvni yoqib, biroz qo‘llari bilan o‘ynadi. Keyin esa asta ikki kaftini birlashtirdi-da, unga suv yig‘ib yuzini yuvdi.

Bir marta, ikki marta, uch marta yuzini to‘liq yuvib, qo‘llarini yaxshilab sovunladi. Sekin oynaga yaqin kelib qo‘liga sochiqni oldi va asta-sekin yuzi va qo‘llarini artdi.

Sulli oyna oldida biroz qotib qoldi. U bu yuz va bu tanadan nimagadir nafrat his etdi. Xayollari esa faqat keyingi kun va kelajagi haqidagi o‘ylar bilan band edi.

U sekin qora triko kiyib, ustiga qora hudiysini kiyib oldi. Sochlarini yig‘gisi kelmadi, ularni o‘z holicha qoldirdi. Ko‘z ostlari charchoqdan biroz qoraygan, sochlari biroz to‘zg‘igan Sulli zinalardan asta-sekin pastga tusha boshladi.

Pastda xizmatkorlar va ota-onasining ovozi eshitila boshladi. U sekin oshxonaga kirdi va muloyim ovozi bilan salom berdi.

— Xayrli kech hammangizga! — u sekingina o‘tirdi.

Ota-onasi kechagi janjaldan so‘ng negadir jim edi. Balki hali yarashib ulgirmagandir. Sulli shunday o‘ylariga botib ketdi.

Janob Sohwe asta qo‘lidagi telefonini chetga surdi-da, Sulli tomon o‘girildi.

— Xayrli bo‘lsin, qizalog‘im! Bugun kuning yaxshi o‘tdimi? — uning ovozida qiziga nisbatan chuqur mehr sezilib turardi.

— Ha, bugun kun yaxshi o‘tdi. O‘zingiz ishlarda charchamayapsizmi? — Sulli sokin va mehrli javob qaytardi.

— Yo‘q, charchab bo‘larmidi, oddiy ishlarku. — Janob Sohwe kuldi.

Xonada kechagiga qaraganda o‘zgacha iliqlik bor edi, bu iliqlikni Sofi xonimning zaharli so‘zlari buzdi.

— Sulli, sening kuning yaxshi o‘tdi, ammo ahmoqona qaroring asabimni buzdi! — u jahl bilan so‘zladi.

— Qanaqa qaror, qizim? Maktab haqidagimi? — Janob Sohwe sokinlik bilan so‘radi.

Sullining ko‘zlari jovdirar, qay tarzda bu ishni izohlab berishni bilmasdi. Ichida ming savol: “Otamning jahli chiqsa-chi?” Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Onasi-chi? U shundog‘am g‘azablangan.

Sulli nima qilishi va nima deyishini bilmay qoldi. Vaziyatni yumshatish uchun iloji boricha sekin va asta javob qildi:

— Ha, men bugun maktab tanlagan edim, u qo‘rg‘ondan biroz uzoq. Shuning uchun...

Sulli gapini tugatmasdan onasi gapira ketdi:

— Nima “shuning uchun”? Boshqa maktabni tanla! Seulda yuqori maktablar ko‘p. Qo‘rg‘onga yaqiniga o‘tasan. Seningcha onang sifatida bunga ruxsat beramanmi? — Sofining ovozi juda baland chiqdi.

— To‘xta, Sofi. Nega qizga buncha baqirasan? Uni eshitaylik. Gapir, qizim! — Sohwe qiziga yuzlandi.

— Men... menga haydovchini gaplashib bersangiz, faqat janob Kwonni emas. Maktab uzoq bo‘lgani bilan, u yerda ta’lim saviyasi yaxshi ekan. Shuning uchun aynan o‘sha maktabni tanladim.

Sulli so‘zlarini tugatar ekan, ko‘zlariga kelgan yoshni arang to‘xtatdi.

Oshxonada endi na xizmatkorlar, na ota-onasi gapira olmay qoldi. Sofi endigina gapirishga shaylangan edi hamki, Janob Sohwe qiziga qarab faqat ikki og‘iz so‘z dedi:

— Xuddi aytganingdek bo‘ladi, faqat yaxshi o‘qisang menga shu kifoya! — u bu gaplarni tugatar ekan, sekin telefonni qo‘liga oldi.

— Rahmat, dadajon! — Sulli xursand va sho‘x ohangda dedi.

Vaziyat batamom o‘zgargan, Sulli endi mehrli sokinlikni topdi deguncha onasining fig‘oni falakka chiqdi.

Sofi g‘azabdan biroz qizargan, qo‘lidagi nikoh uzugini biroz aylantirdi-da, so‘zlay ketdi:

— Farzandimizni shunday qilib erka qilib qo‘yamiz, keyin esa boshimizga chiqadi. O‘g‘limiz SeokJin chet elda shuncha qiynalib o‘qiydi-yu, biz bu yerda bir qizimizni taltaytirib yuboramizmi?

So‘zlar havoda osilib qolgandek, xona ichi sukutga to‘ldi. Ammo jahl bilan aytilgan gap xona devorlaridan aks sado berib o‘tdi.

Sullining ko‘zlari yoshlandi. “Nahotki onasi akasini o‘ylaydi, ammo qizini emas?” Uning yanoqlaridan hech kim ko‘rmaydigan yoshlar oqdi.

Janob Sohwe dasturxon atrofidagi janjallarni yomon ko‘rgani sabab, boya ovoz ohangini pasaytirgan edi. Afsuski, endi chidab bo‘lmaydi.

Janob Sohwe qo‘lini stol ustiga urdi-da, qattiq so‘zlay ketdi:

— U o‘g‘ling bo‘lsa, bu qizing! Shunday ekan uni hurmat qilishing kerak. Bu oilada menmi xo‘jayin yoki senmi? Haddingdan oshyapsan, Sofi. Bir-ikki marta bu ovoz ohangingga chidab turdim. Lekin sabrimni sindirding. Shunchaki kechki ovqatni tinchgina yeylik. Bu yog‘ini keyin gaplashamiz, tushundingmi?

Uning ovozi avval biroz baland, keyin esa pastroq chiqdi. Janob Sohwe qizini yaxshi ko‘radi, uni bunday janjallarda jabr ko‘rishini istamaydi.

Hamma jim qoldi. Sukut jonlandi. Sofi indamadi, u biror gap bilan e’tiroz bildira olmas edi.

Sulli bu gaplardan biroz tinchlandi. U otasining mehribon ekanini yana bir bor his etdi.

Kechki ovqat tortiq qilindi, xonada shirin taomning hidi taraldi. Janob Sohwe qoshiqni oldi-da, taomdan bir qoshiq totdi. U boshlab bergandan so‘nggina qolganlar ovqatdan yeya boshlashdi.

Xona jimjit. Endi ovqat ustida so‘zlashuvlar-u, jilmayishlar yo‘q edi.

Sulliga bu yoqmadi. U ovqatni tezda yeb, astagina qo‘llari va lablarini artdi. U tartibli qiz edi. Idishlarni olib sekin xonadan chiqdi, ularni oshxonaga topshirib, xonasiga chiqib ketdi.

U xona atrofidagi otasiga ham, onasiga ham bir og‘iz indamadi. Chunki bu vaziyatda ularni shunday yolg‘iz qoldirish kerak ekanini bilardi.

Sulli zinalarni asta-sekin qoralab tepaga chiqarkan, pastda ota-onasining ovozlari hali ham kelmasdi. Sulli ota-onasining yarashib olishiga umidvor edi. U eshigi oldida biroz qotib qoldi, qo‘llari sekin eshik ruchkasini ushladi-da, sokinlik bilan uni ochdi. Xonadan o‘zining shirin atiri hidi dimog‘ini erkaladi, u yugurib divanga o‘zini otdi. Yuzini yostiqqa bosdi-da, oyoqlariga erkinlik berdi, so‘ng chalqancha yotib shiftga termuldi.

— Ertaga qanday kun bo‘larkin-a? Ich-ichimdan qiziqyapman, ammo bir tomoni bor. U yerda o‘quvchilar qanday ekan, qanday qabul qilishadi? Ha mayli, agar qabul qilishmasa, shunchaki o‘zim harakat qilaman. Axir yolg‘izlik ham yaxshi, dardlaringni kimgadir ishonib topshirgandan ko‘ra qalb tubida ko‘tarib yurgan afzal.

U shunday xayollar bilan asta o‘rnidan turdi, dars stoli yoniga bordi-da, darsliklarini ochdi. Soat 19:30, hali zamon qorong‘u tun keladi, uning eng og‘riqli tuyg‘ulari-yu, og‘riqli o‘tmishi aynan tunda uyg‘onadi. Telefonini qo‘lga oldi-da, akasining chet el raqamini terdi, qo‘llari biroz qaltiradi.

— Telefon qilsammikin? Yoki hozir bezovta qilamanmikin? — uni shu savollar qiynardi.

Va nihoyat u telefon qildi. Asta-sekin qo‘ng‘iroq ketar ekan, u nima deyishini miyasida tartiblab oldi. Birinchi qo‘ng‘iroq rad etildi, Sulli hayron tikildi va yana qo‘ng‘iroq qildi.

Ayni paytda Germaniya.

Telefon ovozidan Yoongi bezovtalanib qo‘zg‘aldi, ayni paytda soat 12:30 ni ko‘rsatar edi. Yoongi o‘rnidan turib telefonni qo‘liga oldi, ko‘zlari shira bosganidan telefon yozuvini o‘qiy olmadi. U sekin telefonni qo‘liga olib go‘shakni ko‘tardi.

— Alo!

— Alo, akajon, yaxshimisiz? Charchamayapsizmi? Sizni sog‘indim! — Sullining ovozi biroz titradi.

— Ha, singlim, yaxshiman, yaxshi yuribman. O‘zing yaxshimisan? — Yoongi Mina bilan gaplashyapman deb o‘ylardi. Uyqusiragan ovozini shundoq sezsa bo‘lardi.

— Men yaxshiman, aka. Uxlayotgan edingizmi? Kechirasiz, bezovta qildim. Ertaga gaplashamiz. Yaxshi yuring, sizni yaxshi ko‘raman. — Sulli darrov telefonni o‘chirmadi.

Bu shirali va sokin ovoz Sulli ekanini bilib, Yoongining uyqusi qochdi. Ko‘zlari katta ochilib, qo‘llari bilan yuzlarini ishqalagancha telefon ekraniga tikildi.

— «Sulliyim».

Ekrandagi yozuvni o‘qib Yoongi asta jilmaydi va sokin ovozda dedi:

— Ha, uxlayotgan edim. Boshqa payt gaplashamiz. Men ham seni yaxshi ko‘raman, yaxshi dam ol! — u sekin telefonni o‘chirdi.

Yoongi bugun o‘qishdan kelib rosa qattiq uxlagan edi.

Sulli telefon o‘chganini sezib uni stol chetiga qo‘ydi, kechagi matematik misollarni ochib ularni yecha boshladi. Qo‘llari daftar yuzidagi har burchakka aylanarkan, qandaydir arifmetik allambalolarni ishlab chiqardi. U charchagan bo‘lsa-da, darslarini bajarishi shart edi, bo‘lmasa onasi tekshirganda xato chiqarsa tamom desa ham bo‘ladi.

Janob Sohwe va Sofi xonimda mutlaqo boshqa vaziyat, ular na bir-biriga qarar, na gapirar edi. Janob Sohwe hujjatlar bilan ishlar, Sofi telefonida nimadirlar qilar edi. G‘urur o‘lgur shunaqa narsa, ikki inson urushganda, ikkisining ham g‘ururi kuchli bo‘lsa, yarashish qiyin bo‘ladi. Ha, aynan shunday. Janob Sohwening ham, Sofining ham g‘ururidan ajoyib qasr qursa arziydi.

Sofi xonim telefonida Sullining yangi maktabi haqida ma’lumot qidirar edi. Maktab va maktabdan keyingi to‘garaklar haqida yangi sinf rahbari bilan yozishayotgan ediki, uning qo‘lidan hujjatlarni tashlab kelgan Sohwe telefonni yulqib oldi.

— Kim bilan buncha yozishasan-a? Mening oldimda bunchalar telefonga kirib ketishingga kim sababchi bo‘lyapti? — uning ovozida biroz bo‘lsa-da iliqlik yo‘q edi, faqat rashk, faqat g‘azab.

— Sullining yangi sinf rahbari. Men u bilan yozishyapman, unga maktabdan keyingi to‘garaklar va yaxshi ustozlar biriktirilishi haqida gaplashyapman. E’tirozingiz bormi? Bor bo‘lsa ayting va telefonni qaytarib bering. — uning ovozida o‘zgacha qat’iyat va biroz sovuqlik bor edi.

— Qiziq, sinf rahbari erkak kishimikan yoki ayol kishi? Tezroq javob ber, sabrimni sinama. Senda faqat tuyg‘ular bormi? Faqat sen rashk qilasanmi? Aslida o‘shanda senga qattiqroq bo‘lishim kerak edi. Shunda hozir asabiylashib shubha qilmasdim. Hayf senga sarflagan asablarim.

Sukut. Ha, xona jim-jit. Sofi javob qilishni istamadi, u Sohwening gaplaridan ham hayron, ham g‘azablanar edi. Og‘ziga ikki og‘iz ham so‘z kelmas, talqon yutgandek turardi.

Ayolining bunday jim turishi unga yoqmadi, asabiylashib telefonni stolga qattiq qo‘yib so‘zlay boshladi:

— Nimaga indamaysan? Balki aytarsan biror gap. Axir men ham qizimning sinf rahbari haqida biror narsa bilishim kerak!

— Ayol kishi, ismi Luri. O‘sha maktabda anchadan beri ishlar ekan. Yetarlimi ma’lumot? Endi tinch qo‘yarsiz va asossiz ayblovlarni bas qiling. — uning ovozi titradi.

— Asossiz ayblov? O‘shanda sen Sonjenikiga juda ko‘p borar eding. Axir bu yolg‘on emasligini ikkimiz ham bilamiz, shundaymi, azizam?

Janob Sohwe Sofining yuzlaridan tutib o‘ziga qaratdi, unga shunchalar chuqur tikildiki, nigohlari teshib yuboradigandek edi.

— Aytganimdek, ayoli Sui bilan ko‘rishgani borganman, boshqa gap yo‘q. Yana nimani isbotlab beray? — u yuzlarini burdi.

— Ishonishim uchun vaqt kerak bo‘ladi shekilli. Chunki SeokJin uchun bazmga kelganingda sen Sonjening stolidan beri kelmagan eding. Indamadi degani sezmaydi degani emas. Hammasini astalik bilan ichimda yig‘ib kelyapman. Agar men portlasam, senga ham, menga ham oxiri xayr bilan tugamaydi, shuni bilib qo‘y.

Har bir so‘z Sofining quloqlari ostigacha jarangladi, uning yuragiga hanjardek sanchildi.

— Yaxshi, unda o‘sha vaqtni kutaman. Shunday ekan menga bosim bermang. — Sofi so‘zlarini tugatar ekan, sekin o‘rnidan turib xonadan keta boshladi.

– Sofi soʻzlarni tugatar ekan, sekin oʻrnidan turib xonadan keta boshladi.

– Mayli, kut. Agar mening rashkim va tuygʻularim bilan oʻynayman desang, shuni bil, oʻyinda oʻzing qoʻgʻirchoq boʻlib qolma. Buni tahdid emas, balki shunchaki ogohlantirish deb qabul qil, xotinjon! – u soʻzlarini tugatar ekan, ish stoliga joylashdi.

Bu soʻzlar Sofining qulogʻi ostida yangrar ekan, eshik oldida bir zum qotib qoldi. Sekin oʻzini qoʻlga olgancha Sullining xonasi tomon yoʻl oldi. Zinalardan sekin koʻtarilar ekan, hayolidagi erining gaplari biroz yuragini bezovta qildi. Ichida bir olov yonar, uning nomi gʻazab edi, uni qanday bosishni bilmasdi. Sekingina Sullining xonasiga kirdi-da, qizining dars qilayotganini koʻrib, gapirishga arzirli gap topa olmay, boyagi suhbatni yana ochdi.

– Sulli, sen aytganimni qilmayapsan umuman. Qanday qilib buncha uzoq maktab tanlaysan? Akang ketganiga shuncha oʻzgarib qoldingmi? – uning ovozi juda qoʻpol chiqardi, xuddi kimnidir juda nohaq ekanini isbotlash uchun gapirayotgandek.

– Nima, qachon keldingiz? Dars bilan sezmay qolibman. Uzr, oyijon, meni kechiring. Oʻsha maktab menga juda yoqdi, unda Mina bilan boʻlaman. U bilan bir sinfda oʻqiymiz, xavfsiz boʻlaman. Aytganingizni qilyapman-ku, qarang, darslarni ham qilyapman. Nima desangiz qilaman, faqat urishmang! – uning ovozi taskin beruvchi, ammo iltijoli chiqdi.

– Meni bunday avrama. Endi yaxshi oʻqimasang, sinf rahbaring menga aytib turadi. Ha, bilgan boʻlsang, ismi Luri ekan. Maktab manziling ertaga haydovchiga aytiladi. Asosiy fanlar toʻgaragiga seni yozdirib qoʻydim. Agar ogʻirlik qilmasa, oʻzing ham biror qiziqqan toʻgarakka yozilishing mumkin. – uning ovozida hech qanday mehr yoʻq edi, faqat ogohlantirishlar.

– Xoʻp boʻladi, oyijon!

Sulli onasining mehrini uygʻotish uchun qoʻlidan kelgancha harakat qildi. Qancha urinmasin, Sofi erimasdi, uning ichidagi olov oʻchishni istamas edi. Sulli asta koʻzlari jovdirab dars kitoblariga tikildi, Sofi esa eshikni asta ochdi.

– Yaxshi dam oling, oyijon! – Sulli juda iliq gapirdi, ammo javob boʻlmadi.

Sofi xona eshigini qattiq yopgancha xonadan chiqib ketdi. Sulli ruchkasini qisgancha yana misollarni yechishga kirishdi. Sulli misollarni bajarar ekan, koʻzlari harflarni anglay olmay qoldi. U koʻzlarini ishqalagancha stol ustiga boshini qoʻydi. Soat 00:00. Sulli ancha vaqt dars qilish bilan shugʻullangan edi, uning na qoʻllari harakat qilishni istardi, na oyoqlari. U koʻzlarini sekin yumdi va stol ustiga bosh qoʻygan holda uxlab qoldi.

Germaniya. 17:00.

Seokjin qoʻshimcha darslardan kelib, telefonini qoʻliga oldi.

– Sulli bilan qoʻngʻiroq 12:30 da, qiziq, – dedi u. – Yoongi, uygʻon, nega hali ham uxlayapsan? – u sekin Yongini turtkiladi.

– Eyy, tinch qoʻy, bugun oʻqishda juda charchadim! – Yoongi norozi ohangda gʻingshidi.

– Oʻqishdan 12 da kelgansan, hozir nechchi boʻldi bilasanmi? – Seokjin uni boshiga bir marta urdi, ammo unchalik qattiq emas.

– Nima qilyapsan? Nechchi boʻlibdi? – u oʻrnidan sekin turdi.

– Soat kechki besh, sen uxlab yotibsan, gʻaflat bosib. – Seokjinning ovozi endi qattiqroq chiqdi.

– Eh-he, uxlab qolibman-u! Hozir nechinchi yil? Nechchi yil uxladim? – u kuldi.

– Hazilni yigʻishtir, Yoongi. Undan koʻra ayt, singlim bilan sen gaplashdingmi? 12:30 da qoʻngʻiroq qilibdi-ku!

– Haa, men Mina qildi deb oʻylab, Sulli bilan gaplashibman. U sezmadi shekilli, yaxshi dam oling deb oʻchirib qoʻydi. – Yongi endi sekinroq va mayinroq gapirdi.

– Haa, yaxshimikan? Soʻradingmi? Ovozi yaxshi eshitildimi, gʻamgin emasmidi? – Seokjin bir dunyo xavotir bilan soʻzlardi.

– Yaxshi ekan, soʻradim, ammo u men bilan gaplashayotganini sezmadi. Qiziq-a? – Yongi kuldi.

– Yongi, kel, men ham Mina bilan gaplashay, balki sezmas? – Seokjin kulib yubordi.

– Eyy, Seokjin, asabimga tegma! – Yongining uyqusi tarqalib ketdi.

– Hazil qilish qalay boʻlar ekan-a? – Seokjin astagina kiyimlarini almashtirishga kirishdi.

– Ha mayli, kechga biror joyda ovqatlanib kelsak yaxshi boʻlardi? – Yongi biroz sekin gapirdi.

Seokjin uning ovozidan bu yerlarning ovqati unga yoqmaganini sezdi, sekingina telefonini olib mashina chaqirdi. Yongi buni sezmay ham qoldi. U sekin oʻrnidan turib yuvinish uchun dushga kirib ketdi. Muzdek suvda yuz yuvarkan, boyagi uyqusiragan koʻzlar ochildi. Sekingina yuzini sochiq bilan artar ekan, oynadagi aksiga qarab dedi:

– Albatta hammasini eplaymiz!

U jilmaygancha dushdan chiqdi. U Seokjinning juda yaxshi kiyinib olganiga hayron boʻlib soʻradi:

– Qayoqqa otlanding, menga bir ogʻiz aytmay?

Seokjin asta ortiga oʻgirildi-da, Yongining hali tayyor boʻlmaganini koʻrib qattiq kulib yubordi.

– Senga aytmadimmi, mashina kelyapti. Boshqa joyda ovqatlanib kelamiz. Oʻzing taklif berding-ku! – dedi kulgusini zoʻrgʻa tiyib.

Yongi biroz talmovsirab kiyimlarini yecha boshladi, ustiga qora koʻylak va pastiga qora shimini kiyib oldi.

– Darvoqe, oʻzim aytgan gapim oʻz esimdan chiqib qolibdi. – u kulib yubordi.

– Hechqisi yoʻq, uyqusirayapsan-da. Unda ketdik, – dedi Seokjin.

– Ketdik! – dedi Yongi jilmayib.

Ular mashinaga minishdi va yotoqxonaga yaqin birorta yaxshiroq tamaddixonaga borishdi. U yer juda katta va hashamdor bezatilgan, yoʻlaklarida zarhal gilam toʻshalgan edi. Ular ichkariga kirishdi-da, mol goʻshtidan steyk buyurtma qilishdi va kutib turishdi.

Ayni damda Sulli stol ustida uxlab qolganini sezib, asta koʻzlarini ochdi, sekingina boshini koʻtardi. Umurtqa qismi tortishib, boʻyin sohasiga qattiq ogʻriq berdi. Qoʻllari bilan boʻynini uqalagancha borib divanga quladi. Oyoqlarida ham, qoʻllarida ham kuch qolmagan, koʻzlarini yumgancha uxlab qoldi.

Steykni kutib oʻtirgan Yongi va Seokjin zerikkanlaridan telefon titkilab oʻtirishar edi. Yongi restorandan bir-ikki rasm oldi-da, Minaga joʻnatdi. Seokjin esa rasm oldi, ammo Sulliga tashlay olmadi, uning akkauntlari muzlatilgan edi.

Seokjin astagina telefonni qoʻyib, Yongiga yuzlandi:

– Yongi, meni rasmga olib Minaga yubora olasanmi? Sullining akkauntlari oʻchirilganmi, yuborilmayapti.

– Ha, mayli, kel, rasmga olaman. Chiroyli turib ol, – javob qildi Yongi.

Yongi uni suratga oldi va Minaga yubordi.

Mina hali uxlamagan edi. U telefoniga kelgan xabardan darrov hushyor tortdi va qoʻliga oldi. Akasidan kelgan xabar:

„Buni Sulliga koʻrsat, uning akkauntlari ishlamas ekan.“

Mina Seokjinning rasmini koʻrib juda hayron boʻldi. U oʻzida yoʻq xursand boʻlib, telefonga bir necha marta oʻpich qoʻyib, uni quchoqlagancha divanda agʻanadi. Ammo birozdan soʻng oʻzini yigʻishtirib, xabar yubordi:

„Xoʻp boʻladi, aka, koʻrsataman.“

Yongi xabarni koʻrib jilmaydi. Ularning buyurtmasi keldi va ular bir ogʻiz soʻzsiz tamaddi qilishga kirishib ketishdi.

Koreya. Minlar qoʻrgʻonidagi hali oʻchmagan yagona chiroq ham astagina oʻchdi. Mina divaniga oʻzini tashladi-da, telefonida Seokjinning rasmini ochdi va unga oʻpich berib, telefonni quchoqladi. U asta koʻzlarini yumdi va uxlab qoldi.

Germaniyada allaqachon shafaq qoraygan, tun kirib kelayotgan edi. Yoongi va Seokjin hisobni toʻlashdi-da, sekin mashinaga oʻtirishdi. Mashina motori sekin gʻizilladi-da, harakatga keldi. Shahar chiroqlari mashina oynasidan oʻzgacha jilvalanar, ular Yoongining xayolini olayotgan edi. Seokjin bir telefoniga, bir Yoongiga qarab jovdirab turardi. U Sulliga qoʻngʻiroq qilishni, ovozini eshitishni istar, ammo vaqt oraligʻi unga xalaqit berayotgan edi.

Yoongi derazaga sekin suyandi-da, qoʻllarini tashqariga chiqardi. Qoʻllari sovuq shamolda mayin holga keldi, u bu holatdan seskanmadi, aksincha oʻzgacha his oldi. Seokjinning xayolida esa faqat singlisi bor edi, u Sullini sogʻingan edi. Afsuski, u bilan endi ancha keyin koʻrishishadi. Ammo vaqt hamma narsani tubdan oʻzgartirishi mumkin.

Mashina asta-sekin yotoqxona yaqiniga borib toʻxtadi, ikki doʻst mamnun holda mashinadan tushdi. Seokjin taksi haqini toʻlab joʻnatdi, Yoongi esa xonaga kirib kiyim almashtira boshladi. Seokjin xonaga kirib, Yoongining kiyim almashtirib boʻlganiga hayron boʻlib qaradi.

– Hoy, sen kelganimizga hech qancha vaqt boʻlmadi, qanday qilib buncha tez kiyim almashtira olasan? – hayrat aralash dedi Seokjin.

– Senga oʻxshab sudralib yurishni yomon koʻraman! – dedi Yoongi kulib.

– Yaxshi, unda dars qilasanmi hozir? – Seokjin astagina soʻradi.

– Yoʻq, uxlayman, charchadim. Oʻzing darslaring boʻlsa bemalol. – Yoongi shunday deya joyiga yotdi.

Seokjin kiyimlarini almashtirib, sekin dars stoliga oʻtirdi. U Yoongi tomon burildi-da, sekin dedi:

– Hoy, Yoongi, menimcha darslarni eʼtiborsiz qoldirsang, oʻzingga yomon boʻladi! Otang oʻqishlaringni tekshiradi, bilasan. Agar darslaring joyida boʻlmasa, studiyangni sotib yuborishdan ham tap tortmaydi amakim.

– Menga farqi yoʻq, oʻqib yuribman. Bu yogʻi bilan ishlari boʻlmasin. – Yoongi koʻzlari shiftga tikilgan holda biroz xoʻrsinib javob berdi.

– Men shunchaki aytdim-da, yana aqllilik qilyapti deb oʻylama. Doʻstimning qarorlarini hurmat qilaman men ham, lekin shunchaki amakimning aytganini qilish ham kerak! – Seokjin biroz qatʼiyroq gapirdi.

– Bilaman, doʻstim, meni oʻylayapsan, buni qadrlayman. Rahmat! – Yoongi koʻzlarini yumdi. Aytayotgan gaplaridan uni parishonxotir deb oʻylash mumkin. Lekin uning xayollarida faqat studiya, otasi va akasi aylanib yurardi.

Soat 23:00 ga bong urdi. Seokjin sekin dars stolidan uzoqlashdi, koʻzoynagini yechdi-da, joyiga yura boshladi. Charchaganidan oyoqlari zoʻrgʻa yurar, koʻzlari uyqudan zoʻrgʻa ochilib turardi. U sekin yotoq ustiga oʻtirdi-da, oyoqlarini zoʻrgʻa koʻtarib chiqardi, boshini asta yostiqqa qoʻydi-da, koʻzlarini yumib uxlab qoldi.

Seokjin uxlab qolganini sezgan Yoongi asta oʻrnidan turib, oʻzi dars stoliga oʻtirdi. Xira yorugʻlikni yoqdi-da, darsliklarini ochdi, qoʻliga ruchkasini olib uyga berilgan vazifalarni bajara ketdi. Uning ruchka ushlagan qoʻllari daftar yuzasida sekin aylanar, ammo qatʼiyat bilan ishlarini bajarayotgan edi. U biznes frazalarini yechar, yana hisob-kitob ishlarini bosh qotirib bajarayotgan edi.

Soat 01:00 gacha Yoongi berilgan vazifalarni bajarib boʻldi. Koʻzlari qizargan, qoʻllari holsiz edi. Ammo uyqu yoʻq edi. U bu yerga kelganidan beri soat 03:00 da uxlay olayotgan edi. Bugun ham uning koʻzlarida uyqu yoʻq. Qoʻliga oppoq varoq oldi-da, ikki ogʻiz soʻz yozdi:

– Mayli, takrorlanuvchi argʻimchoq oʻyini,
Endigina buni yakunlamoqchiman.

U biroz tin oldi va qoʻlidagi ruchkani biroz qisdi, keyin esa soʻzlarni davom ettirdi:

– Mayli, takrorlanuvchi argʻimchoq oʻyini,
Endigina buni yakunlamoqchiman.
Mayli, jonga tekkan argʻimchoq oʻyini,
Kimdir bu yerdan tushishi kerak,
Qoʻlimizdan kelmasa ham...

Soʻzlarni tugatar ekan, ichidagi nimadir yengil tortgandek "uhh" tortdi. Sekin oʻrnidan turdi-da, qogʻozni papkaga solib qoʻydi. Ruchkasini stolga qoʻyib, polda yurganini ham bilintirmaslik uchun oyoq uchida yurib yotogʻiga yotdi. Oyoqlarini bir-biriga bogʻlab, qoʻllarini koʻkragiga chirmashtirdi. Qorongʻu xonada shiftga termulgancha xayollariga kirib ketdi. Uning xayollarida endi oilaviy muammolari emas, balki sevgilisi Sulli bor edi.

Minlar va Kimlar oilasi shunchalar yaqin ediki, oila farzandlari ham juda yaqin edi. Yoshlikdan Seokjin, Yoongi, Sulli va Mina birga katta boʻlishgan. Bir bogʻchaga borishgan, birga oʻynashgan, birga juda koʻp vaqt oʻtkazishgan. Oʻtgan yili yozgi taʼtilda ikki oila farzandlarini chet eldagi dam olish lageriga joʻnatishgan edi.

Flashback

Yoz oyi. Quyosh tanalarni qizdirar, shunchalar qizdirar ediki, go‘yo kuydirib yuboradigandek edi. Kimdir sohil bo‘ylab mazza qilib yugurar, yana kimdir esa suvda suzar edi. Atrof uncha gavjum emasdi. Bunday joylarga faqat boy oilalar kelardi. Shuningdek, Minlar va Kimlar oilasining farzandlari ham aynan shu yerga dam olishga kelishgandi.

— Menga oshir! Otaqolsangchi! — baqirdi Seokjin bor ovozi bilan.

— Ushla! — Yoongi qo‘lidagi to‘pni bor kuchi bilan otdi.

— Aka, iltimos qaytarib bering, iltimos! — Sulli yolvorgancha baqirdi, uning ovozi sohilda shamol kabi taraldi.

— Berma, Seokjin! Zo‘rg‘a oldim, tushundingmi? Bera ko‘rma! — Yoongi baqirdi.

Vaziyatni uzoqdan kuzatib turgan Mina yugurib keldi va jon holatda Seokjinga tashlandi. Mayin qum ustiga Seokjin quladi, Mina esa uning ustiga yiqildi.

To‘pning yerda yumalab ketganini ko‘rgan Sulli uni darrov olib qochdi. Buni ko‘rgan Yoongi esa uning ortidan quvlay ketdi. Yoongi juda tez yugurar, Sulli esa zo‘rg‘a qochayotgan edi.

— Kechirasiz, Seokjin aka, men bunday bo‘lishini istamagan edim! — Mina o‘rnidan turib, qizarib ketgan yuzini qo‘llari bilan to‘sdi.

— Hechqisi yo‘q, bo‘lib turadi. O‘zing yaxshimisan? — Seokjin o‘rnidan turib, ust-boshidagi qumni qoqdi.

— Yaxshiman! Keling, tozalab qo‘yaman! — Mina Seokjinning ustidagi qumlarni qoqishga tushdi.

Sulli esa juda uzoq yugurdi. Oyoqlari tolib, sohildagi mayin qumda sirg‘alib ketdi. Kuchli kelgan to‘lqin uni asta o‘ziga tortdi. Sulli suzishni bilmas edi.

Suvga sirg‘alib tushgan Sulli uncha sayoz bo‘lmagan joyga tushib qoldi. U asta-sekin suvga ko‘mila boshladi. Qo‘llari tipirchilar, bor ovozi bilan baqirardi.

Yoongi buni ko‘rdi va futbolkasini yechib suvga tushdi.

— Yordam! Yordam bering! — Sulli ovozini balandlatdi.

To‘lqin kuchli edi. U Sullini o‘ziga tortib ketdi. Sullining og‘zi-burniga suv to‘ldi. Endi u na baqirar, na harakat qilardi.

Buni ko‘rgan Yoongi tezroq harakat qildi.

Suv yuzida biroz qalqib turgan Sullini qo‘llari bilan ko‘tarib oldi. Uni sekin sohilga olib chiqib, qum ustiga yotqizdi.

— Yaxshimisan? Sulli, uyg‘on! Yaxshimisan? — Yoongi uning yuziga yengil urib ko‘rdi.

Ular Seokjin va Minadan ancha uzoqlashib ketishgandi. Yoongi Seokjinni chaqirdi, ammo u eshitmadi.

Yoongi Sullini chalqancha yotqizdi. Ichiga kirgan suv chiqdi, ammo qiz hali ham nafas olmayotgandi. U qizning ko‘krak qafasiga bosim berib ko‘rdi, ammo foydasi bo‘lmadi.

Keyin esa ilojsiz holda qizning yuziga egildi. Bir qo‘li bilan burnini yopib, ikkinchi qo‘li bilan iyagidan ushlab sun'iy nafas bera boshladi.

Bir marta — foydasi bo‘lmadi.

Ikki marta — o‘xshamadi.

Uchinchi marta berilgan nafasdan keyin Sulli hushiga keldi.

Yoongi yengil tortdi va qizni quchog‘iga oldi. Sulli uning quchog‘ida kichkina chaqaloqdek jim turardi.

Yoongi sekin qumga o‘tirdi va Sullining boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi.

— Chuqur nafas ol! Sal qolsa o‘lay deding. Suzishni bilmas ekansan, sohildan uzoqroqqa qochmasliging kerak edi, ahmoq qiz! — Yoongi asabiylashib gapirdi.

— Kechiring, endi bunday qilmayman. Rahmat, akajon! — Sulli sekin ko‘zlarini yumdi.

— Baqirganimga hafa bo‘lma. Havotir oldim! — Yoongi uning ho‘l sochlarini siladi.

Biroz vaqt o‘tib uzoqdan Seokjin va Minaning ovozlari eshitildi.

— Yoongiii! Qayerdasizlar? — Seokjin bor ovozi bilan baqirdi.

— Akaaa! Qayerdasiz? Akaaaa! — Mina ham baqirdi.

Yoongi boshini ko‘tarib Sulliga qaradi. U uxlab qolgan edi. Quyoshda sochlari biroz qurigan, uzun kipriklari esa bir zum qilt etmasdi.

Yoongi qo‘lini uning boshidan sekin oldi. Chap qo‘li bilan bosh tomonidan, o‘ng qo‘li bilan oyoqlari tomonidan ko‘tarib, uni bag‘riga oldi va Seokjinlar tomon yurdi.

Yoongining Sullini ko‘tarib kelayotganini ko‘rgan Seokjinning ko‘zlari katta ochildi.

— Nima bo‘ldi? U nega bu holda? — dedi u havotir bilan.

— Hech narsa. Suvga tushib ketdi, keyin olib chiqdim. Quyoshda sochlari qurisin deb yotgandik, uxlab qolibdi, — dedi Yoongi qiz uyg‘onib ketmasligi uchun past ovozda.

— Rahmat, Yoongi! Qani, endi menga ber. Xonasiga olib boraman.

— Yo‘q, o‘zim olib chiqaman. Sizlar ovqatlanishga boraveringlar.

— Xo‘p, ehtiyot bo‘l. Senga ham ovqat olib qo‘yamiz! — dedi Seokjin.

Seokjin va Mina oshxona tomon ketishdi.

Yotoqxonaga kirar ekan, Yoongi qizni sekin yotoqqa yotqizdi. Uning qo‘llari go‘yo nodir buyumni ushlab turgandek ehtiyotkor harakat qilardi.

Yoongi qizning sochlarini qulog‘i ortiga o‘tkazdi va yuziga bir muddat tikilib qoldi. Keyin esa yupqa ko‘rpani uning ustiga yopib qo‘ydi.

So‘ng qizni xonada yolg‘iz qoldirib, eshikni sekin yopgancha oshxona tomon yo‘l oldi.

Comeback

O‘sha yilgi ta'tilda Yoongining Sulliga nisbatan hislari uyg‘ongan edi. U bu voqeani hatto qo‘shiqlaridan birida ham eslab o‘tgandi.

— Eslasam ko‘nglim yengil tortadi. Tovba, inson shunchalik telba bo‘lishi mumkinmi? Exx, uni sog‘indim. Hozir uxlayotgandir yoki uyg‘onganmikin? Hozir Koreyada soat nechchi ekan? — dedi u.

Telefonini olib Koreya vaqtiga qaradi.

— Haa, u allaqachon uyg‘ongan. U yerda soat 08:00 bo‘libdi. Menimcha, maktabga ketgan bo‘lsa kerak.

Shu xayollar bilan ko‘zlarini yumib, sekin uyquga ketdi.

Balki yangi maktab, yangi hayot Sulliga o‘zgarish uchun imkon berar. Ammo haqiqiy o‘zgarish insonning ruhidan boshlanadi. Unutish uchun esa avval kechirish kerak. Agar o‘zgarishni istab, ruhimizni o‘zgartirmasak, qancha urinmaylik, natijaga erisha olmaymiz. Agar unutishni xohlasak-u, ammo kechira olmasak, o‘tmish bizni baribir ortga tortaveradi. Shu sababli har bir yangi qadam ortida qandaydir qurbonlik yotadi.

2-qism tugadi.